Bir toychoqning xuni

Galatepada Gʻuchchi chol quturarmish, degan gap oralab qoldi. Hammaning ogʻzida shu: Gʻuchchini besar it qopganmish, Gʻuchchi quturarmish.

Jami ulus gapirganicha bor edi, negakim, Galatepa Galatepa boʻlib birorta odam zoti quturmagan. Qishloq shoʻrosining keksa kotibi Qosimov domla bayram kunlarida, kolxozning yillik hisobot yigʻinlarida quturgan odamlar haqida gapirgani rost, lekin u sanagan odamlarning bittasini ham quturgan it qopmagan, ularning koʻpi bosmachi, boy va yana bir balo boʻlib oʻtgan yot unsurlar, keyin, Qosimov domlaning oʻzi, avomroq kishilar chalkash tushunmasligi uchun: “Men buni ramziy maʼnoda gapiryapman, oʻrtoqlar!”, deb aytadi.

Abduvohid Odam ikkinchi xotini ham ketib qolganida rosa bir hafta bagʻrini zaxga berib yotuvdi. Uydan koʻchaga chiqmagan, yemagan, ichmagan, gapirsang gapirmagan – misoli karaxt ilonday boʻlib yotgan. Uniyam dastlab quturibdi-da, deb oʻylashgan. Yaqinroq bir qarindoshi (otini aytishmaydi), rosti bilan quturgan boʻlsa, koʻp azob chekib oʻtirmasin, degan chogʻi boyaqishning ustida elak tutib, bir chelak suv elagan ekan, lekin Abduvohid Odamga hech kori hol boʻlmagan, qaytaga, sovuq suvdan tani junjikib, oʻrnidan sapchib turgan. Turayotgan mahali tirsagi ilkisroq tegib ketgan ekanmi, Abduvohid Odamning oʻrniga haligi jonachir qarindoshining oʻzi yiqilib tushgan. Uniyam betiga suv sepib hushiga keltirishgan. Keyin bir gal Sattorchaning quturgan itining ustidan ham shu taxlit suv elashgan. Lekin it oʻrnidan qaytib turmagan. Sattorchaning oʻzi itim quturgan ekan, ustidan suv elovdik, tinchgina yotib oʻlib qoldi, deb rosa ikki yil gapirib yurdi.

Xullas, Galatepada quturgan odamlar haqida uncha-muncha gap boʻlgani bilan, ularni hech kim oʻz koʻzi bilan koʻrmagan. Quturgan itlarni koʻrishgan, quturgan xoʻtiklarni koʻrishgan. Manzar polvonniig sariq novvoschasi quturgan edi – uni koʻrishgan. Manzar polvon novvoschani halollab qolishga ulgurdi, lekin bozorga olib chiqmadi, insof qildi, yerga koʻmib qoʻya qoldi. Keyin bir vaqtlar Galatepada mast nortuyalar ham boʻlardi. Nortuyalar quturmagan boʻlsayam, quturgandan kam emasdi. Qirq birinchi yil ekan, Jonuzoq arab Galatepaga koʻchib kelib, oʻttizta tuyasi bilan kolxozning pillasini Kattaqoʻrgʻonga tashigan. Galatepa asli oʻtroq saroylardan emasmi, karvon qishloqni oralab oʻtganida ismi jon bor – hammasi koʻchaga tomosha qilgani chiqardi. Karvonning boshida boʻyniga qoʻngʻiroq taqqan maydaqadam bir eshak yurguvchi edi, uning ortida – bosh tuya, ustida Jonuzoq yeru koʻkka ishonmaydigan chuvakkina arab xotin bilan, keyin yana yigirma toʻqqiz tuya, barisi yukli, barisi zoʻr, har yonda uch-toʻrttadan boʻtaloq, pishqirib, atrofga ogʻzidan koʻpiklar sochib, oyoq ostidagi zaminning changini naq samoga koʻtarib… bu gʻaroyib tomosha uzoqdagi Kattaqoʻrgʻon tarafga yoʻl tortguvchi edi. Jonuzoq arabning oʻzi, ostida oq boʻz oti, oʻychan, qiyaga qoʻngan qirgʻiyday tik, karvon yonida ketardi. Jonuzoqning eshagi koʻp karvonchi eshak edi. Galatepadan chiqquncha karvonni sal sekin, maromida tortardi, keyin, qishloqning sarhadidan oʻtib, eshakkinaning oʻzi qadamini ildamroq bosardi, uning ortidan karvon ham, choʻlning yolgʻizoyoq zarang yoʻliga marjonday tizilib olib, yurimini tezlatardi. Koʻrmagan odamning tushunishi qiyin: bir yoqda qoʻngʻiroqlar jiringlaydi, bir yoqda tuyalarning oʻrkachi chayqaladi, bir yoqda Jonuzoqning qoragina xotini, dunyo bilan ishi yoʻq, sekin mudraydi… E, koʻp qiziq tomosha edi! Qishloqdan chiqib boʻlgach, Jonuzoq karvondan sal orqaroqda qolardi, orqada qolardi-yu, olisdagi qirlarga qarab yakkayu yagona ashulasini boshlardi:

Ey sorbon, ohista ron, ki oromijonam meravad,

On dil ki bo xud doshtam, bo dilistonam meravad…

Shu qoʻshigʻini aytganda, Jonuzoq arab koʻp gʻam tortguvchi edi. Tarziga qarab turib, bechora arab, garchi forsida qoʻshiq aytsayam, oʻzining arabiy sahrosini, atrofini xurmo oʻragan vohalarini cogʻinibdi-da, deb oʻylarding. Lekin shuncha arabiy maʼyusligi boʻlsa ham, Jonuzoq birorta arabcha soʻzni bilmasdi. Gapirganda oʻzbekchaga tojikchani aralashtiribroq gapirardi.

Galatepada u haqida har xil gaplar yurardi. Birovlar uni urushdan qochib yuribdi, deb ham oʻylagan. Lekin Jonuzoq qoʻli-koʻngli ochiq, koʻp yaxshi arab edi. Keyin oʻttizta tuyasining sharofatidan kolxozga nafi tegardi. Shu sabab hech kim sen urushdan qochib yuribsan-ku, deb yuziga solmagan. Boshqa joyga ham xabar qilishmagan. Shoʻroning kotibi Qosimov domla, xabarkashroq odamlarga: Jonuzoqning aft-basharasiga durustroq qaranglar, bu bir yurgan boshi ochiq arab, turgan-bitgani moʻy, shuncha moʻyi bor odamning dum-pumi boʻlsayam ajabmas. Agar uni askarlikka olsa, keyin bu palakat Xudo urib girmonga asir tushsa, ular muning dumini koʻrsa, padarlaʼnati bir enlik dumining dastidan butun boshli qizil qoʻshinni beobroʻ qiladi-da, deb aytgan. Qosimovga hamma ishongan. Ishonmaslik gunoh edi. Negaki, Qosimov domla koʻp rostgoʻy, farishtali odam boʻlib, umrimda bor-yoʻgʻi uch marta, undayam uqubatli amir zamonasida yolgʻon gapirganman, deb naql qilguvchi edi.

Lekin biz salgina “oʻtlab” ketdik. Maqsadimiz sari – oʻsha tuyalarning oʻziga qaytamiz. Ular koʻklam chiqishi bilan gʻirt mast boʻlib qolardi. Bir xillari borki, koʻchaga gʻov boʻlib olib, odam oʻtkazmasdi. Jonuzoq arab Galatepada olti yil yashagan boʻlsa, olti bor koʻklamda Jomning choʻliga koʻchib, oʻsha yoqda tuyalarning masti tarqashini kutgan.

Gʻuchchi cholni it qopganidan keyin galatepaliklar Barot Qiyshiqning choyxonasiga yigʻilib, allamahalgacha Jonuzoq arabning tuyalaridan gap-gashtak qilib oʻtirishdi. Rahmatli Salim chinoqni eslashdi. Jonuzoqning nortuyasi chap qulogʻini uzib oluvdi, bechora Salim shu bitta quloqsiz oʻlib ketdi-ya, deb eslashdi. Keyin gap quturgan xoʻtiklarga, ulardan sekin-sekin quturgan itlarga oʻtdi. Lekin Gʻuchchi cholga yetmadi, shart uzilib qoldi. Endi hammaning oʻyi Gʻuchchi cholda edi. Faqat birovi gapirgani ham jurʼat qilmadi. Nihoyat, mulla Sunnatning oʻgʻli Nazar Maxsum chidab turolmadi, koʻnglidagini aytdi: “Tamom! – dedi u. – Endi Gʻuchchining bolasi zanjir izlasin!..”

Shu gapni yetkazishganda Gʻuchchi chol avval begʻarazgina kuldi, keyin jiddiy tortdi, Nazar Maxsumni “yagʻir xoʻtikcha”, deb atadi, keyin yana bir marta, bu gal sal ogʻrinibroq kuldi.

Nazar Maxsumning bashoratidan keyin odamlar Gʻuchchi cholning uyiga serqatnov boʻlib qolishdi. Kimsa borki, kelib, undan hol soʻraydi. Shundan Gʻuchchi chol sal sergak tortdi. Avval u itning qopganini oʻziga oʻy qilib oʻtirmagan edi: endi bu bir it, it boʻlgandan keyin itligini qiladi, huradi, qopadi… Yarasi ham arzimas edi, bitib ketar, dedi-yu, doʻxtirga ham bormadi. Endi qarasa, yoʻq, hech boʻlmaydigan, hamma uni koʻrgali kelyapti, keladi-yu, biror sinoati bormikin, rostdan ham quturganmikin, deb koʻzlaringga qarab turadi. Ular gap soʻraydi, sen boʻlsang, xuddi aybdorday, tiling kalimaga kelmaydi, goʻyo seni rostdan quturgan it qopgan-u, lekin sen nomardlik qilib shuncha kelgan musulmonni aldab oʻtiribsan! E, munaqada quturgan it qopmasayam quturib ketasan!..

Gʻuchchi chol oshnasi Ibodullo Maxsumga gap soldi; “Siz yonimda oʻtirsangiz, Maxsum, – dedi u. – Siz boʻlsangiz, kelgan birov menga oshirib gapirolmaydi…” Ibodulla Maxsumning tomorqada oz-moz ishlari bor edi, lekin joʻrasining sazasini oʻldirolmadi. Xotini bilan andak gʻijillashib olgach, Gʻuchchi cholning uyiga joʻnadi.

Mana, toʻrt kundirki, doʻstining uyida kunni kech qiladi. U kelgandan keyin mehmonlar ham juda ozayib qoldi. Kelgani ham itdan emas, boshqa chet-chaqadagi narsalardan gapiradi. Birovlari mutlaqo gapirmaydi, tiliga tushov tushib, Ibodulla Maxsumning rivoyatlarini eshitadi, keyin hech gap-soʻzsiz, koʻngillari qisir boʻlib qaytib ketadi.

Payshanba kuni odamlarning qadami uzildi. Kechgacha behuda mehmon kutdilar, keyin, shom mahali, Ibodullo Maxsum aytdi: “Mening mehmonligim choʻzilib ketdiyov, aka?” Gʻuchchi chol yurak oldirib qoʻygan ekan, koʻnmadi: “Yana ikki kun mehmon boʻp keting, Maxsum”, deb yalindi. Ibodullo Maxsum oʻylab qarasa, oshnasi haq, hozircha hol soʻrab kelganlarning hammasi qiziqqanidan kelgan, qasd qilganidan emas. Gʻuchchi quturganmish degan mish-mishni eshitganu ichiga sigʻdirib oʻtirolmagan. Ibodullo Maxsum bu gapni kim tarqatganini bilolmay garang edi. Uzunquloq gap kimningdir ogʻzidan chiqqandirki, ulusning orasiga tushibdi? Tarqatgan odam boʻlmasa mish-mishni Xudo tarqatadimi? Yoʻq, u hali keladi. Kelmasdan, Gʻuchchi cholning ahvoliga maza qilib tomosha qilmoqdan boshqa iloji yoʻq – ichi qarolarning taomili shu.

Ibodullo Maxsum kutgan odam shanba kuni choshgohda keldi. Bu zamon ikki oshna bogʻning toʻridagi chorpoyada qiroat qilib oʻtirardi. Gʻuchchi chol kelgan odamni sezmadi, lekin Ibodullo Maxsum sergakroq edi, darchaning ochilganini eshitdiyu oʻqiyotgan kitobidan boshini koʻtardi. “Keldi, aka, – deb shivirladi u. – Kelarini biluvdim, aka”. Gʻuchchi chol darcha tarafga qaradi, qaradiyu Toʻraboyni koʻrdi. “Ketmang, Maxsum, – dedi u oshnasiga. – Bu dayus yomon, menga zoʻrlik qiladi…”

Darchadan kirgan odam, yaʼnikim Toʻraboy jussasi kichik, dumaloqqina bir odam edi. Yuzi qora, soqoli oppoq, soqoli oqligidan yuzi battar qora boʻlib tuyuladi. Mulla Doniyorning aytishicha, bu odamning ichidagi qorasi yuziga tepgan ekan. Keyin u ikki dunyodan ham umidini uzgan bir doʻzaxi ekan, oxirati yoʻqligini oʻzi ham bilarkan, shu barobar, musharrafi jannat musulmon bandalarning koʻzlariga oʻzgacha bir qabohat bilan, yaʼnikim, ilon avrash qilib tikilarkan… Qabohati bormi, yoʻqmi va magar boʻlsa, nechogʻliq va ne turfa, bunisini Xudo biladi, lekin Toʻraboy tikilishning hadisini olgan – ixlos bilan tikilsa, oʻtirgan joyingga mixlab qoʻyganday boʻladi. Oʻziyam qarashining zoʻrligini biladi, chini bilan tikilsam, toshni yoraman, deb oʻylaydi.

Xullas, shanba kuni choshgohda Toʻraboy keldi. Gʻuchchi chol bilan Ibodullo Maxsum uning istiqboliga chiqmadi. Uchovi ham iyaklarini silkitib, soqolsalom qilgan boʻlishdi. Toʻraboy xashaki olmalar ostidagi yoʻlchadan mayda qadam bosib keldi. Chorpoya yonida turgan oftobadan suv quyib, belbogʻiga artindi. Peshvozning sovuqligidan koʻngli lat yedi, lekin sezdirmadi, qaytaga oʻziga oʻzi suv quya turib jilmaygan boʻldi. Keyin qoʻl artgan qiyiqchasini chap yelkaga tashlab, chorpoyaga chiqdi. Ibodullo Maxsum andek surilib, boʻshatgan joyda chordana qurib, yuziga fotiha tortdi-da, biqiniga bolish oldi… Bir muddat jim oʻtirishdi. Keyin Gʻuchchi chol sekin gap ochdi:

– Keling, Toʻraboy, – dedi u sekin.

– Keldik, – dedi Toʻraboy.

– Nega keldingiz? – deb soʻradi Ibodullo Maxsum.

Bu xil navozishdan soʻng Gʻuchchi chol oʻzining mezbonligini esladi. Oʻng tarafga qoʻzgʻalgan boʻlib Ibodullo Maxsumning oʻngiridan sekin pastga bosdi. Toʻraboy buni koʻrib turdi, lekin koʻrmaganga olish oʻngʻayroq edi – koʻrmaganga oldi. Bir koʻngli Ibodullo Maxsumga bosibroq tikilmoqchi boʻldi, lekin uning ters oʻgirilib oʻtirganini koʻrib, dogʻda qoldi.

– Keldik, – dedi u sal turib.

– Hech koʻrinmaysiz, Toʻraboy? – deb soʻradi Gʻuchchi chol. – Kecha bozorda ham koʻrinmadingiz. Kasal boʻp qoldimi, deb oʻyladik.

– Men kasal boʻlmayman, – dedi Toʻraboy.

– Sogʻ odamning hammasi bozorga boradi, – dedi Gʻuchchi chol.

– Ish koʻp, – Toʻraboyning javobi muxtasar boʻldi.

– Ishlayapman deng?.. – gapga qoʻshildi Ibodullo Maxsum. – Hech bir tinmadingiz-da, Toʻraboy! Mana biz, akam bilan qiladigan ishimiz yoʻq, oʻtgan-ketgandan gaplashib oʻtiribmiz.

– Oʻtgan-ketgandan gapirgan yaxshi, – dedi Toʻraboy, keyin Gʻuchchi cholning chopon tagiga yashirilgan qoʻliga tikilibroq qaradi. – Machitdan kelyapman. Machitda bir xil gaplar boʻldi.

Ibodullo Maxsum Toʻraboyning quturgan itdan gap ochishi tayinligini sezdi-yu, gapni boshqa tomonga burdi:

– Machitda odamlar gaplashmaydi, Toʻraboy, machitda namoz oʻqishadi.

– Yoʻlda gaplashdik, – dedi Toʻraboy. – Machitda namoz oʻqidik, gapni yoʻlda gaplashdik.

– Munisi boshqa gap, – dedi Ibodullo Maxsum. – Magar gaplashgan boʻlsangiz, yolgʻiz emas ekansiz. Yana kimlar bor edi?

– Hammasi bamaʼni odamlar, – dedi Toʻraboy.

– Kim ekan? – qiziqsindi Ibodullo Maxsum.

– Mulla Nishon, – dedi Toʻraboy, – keyin Nazar Maxsum bor edi.

– Mulla Nishon savodsiz odam, – dedi Ibodullo Maxsum. – Haftiyakni bitirmay madrasadan qochib kelgan. Nazar Maxsum yolgʻonni koʻp gapiradi, muning ustiga toʻngʻiz goʻshti yegan.

– Yoʻgʻ-e, u toʻngʻiz goʻshti yemagandir, Maxsum, – Gʻuchchi chol oshnasining niyatini anglamadi chogʻi, sekin eʼtiroz qildi. – Toʻngʻizning goʻshti harom-ku, Maxsum!..

– Nazar Maxsum toʻngʻiz goʻshti yegan, – oʻjarlik bilan takrorladi Ibodullo Maxsum.

Toʻra Qora yengilganini payqab talvasaga tushdi.

– Mulla Doniyor bor edi, mulla Doniyor bamaʼni odam-ku! – dedi u figʻoni chiqquday boʻlib.

– Mulla Doniyor bamaʼni odam, – dedi Ibodullo Maxsum. – Lekin u indamay oʻtirgan. Mulla Doniyor ahmoq odamlarning gapiga qoʻshilmaydi. Oʻzingiz ayting, u sizga gap qoʻshdimi?

– Men gapirganim yoʻq, – dedi Toʻraboy.

– Balli! – dedi Ibodullo Maxsum. – Odamlarga gap boʻlsa bas, yoʻqdan yoʻndirishadi. Gʻuchchi akamni moʻltonidan adashib qolgan bir tozi andak tirnaganday boʻluvdi, shuniyam gap qilishgan chiqar?..

– Gap qilishdi, – Toʻraboyning tan olishidan oʻzga chorasi qolmagan edi. – Har kim har xil gapiradi, Maxsum. Lekin men gap qoʻshmadim.

– Maʼqul, bu ishingiz maʼqul, Toʻrabey!.. – Ibodullo Maxsum uni maqtab qoʻydi.

Maqtov Toʻraboyga koʻp yoqmadi. Ichida, meni goʻdakka oʻxshatib laqillatdi, degan xayolga bordi, jahli qoʻzgʻadi. Ibodullo Maxsum uning tek qolganini koʻrib, endi xavf oʻtdi, degandek, oshnasiga qarab iljaydi. Gʻuchchi chol buni ragʻbat tushunib, yarador qoʻlini chopon chokidan chiqardi. Toʻraboy uning salla yirtigʻi bilan oʻralgan qoʻlini koʻrdi. Koʻzlarida bir nima yilt etganday boʻldi-yu, tagʻin oʻchdi. Gʻuchchi chol oʻzining sal shoshganini payqadi. Lekin endi qoʻlni qaytadan yashirish foydasiz edi…

 

* * *

Gʻuchchi chol quturmaganini koʻrsatmoq istab, oʻzicha bamaʼni gaplardan gapirmoqchi boʻldi. Lekin bamaʼni gap deganlari hadeganda tiliga kelavermadi. Shunda u yarasi arzimasligini namoyish qilmoq boʻlib, chap qoʻli bilan koʻrpachaga tayandi. Qoʻli qattiq ogʻridi. Shunday ogʻridiki, manglayiga sovuq ter chiqib ketdi. Toʻraboy uning ahvolidan ogoh boʻlib, mamnun iljaydi, soʻng, tagʻin jiddiy tortdi, kishi bilmas quvonch bilan hol soʻradi:

– Yomon tishladimi, akam? Tishiyam ancha botgandir?..

Gʻuchchi chol bezovtalandi.

– Itning nasli yomon koʻrinmovdi, – dedi Gʻuchchi chol, – ayb bizning oʻzimizdan oʻtdi.

– Nima balo, siz oʻzingiz tishlagin, deb aytdingizmi?

– Yoʻq, – dedi Gʻuchchi chol. – Tishlagin, deb aytganim yoʻq, lekin tishladi.

– Quturgan it gapni bilarmidi!.. Gʻuchchi chol bu gapni javobsiz qoldirdi.

– It quturmagan, yaxshi it, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Boʻlmasa, nega tishlaydi? – Toʻraboy baralla kulib soʻradi. – Mana, Gʻuchchi aka, qarang, qoʻlingizni boylab olibsiz. Itning qopgani rostdirki, siz qoʻlingizni boylabsiz?..

– Maxsumning sallasi… – dedi Gʻuchchi chol. Ibodullo Maxsum oʻngʻaysizlandi. Gʻuchchi choldan sal norozi boʻldi. Uning boshiga oʻraganidan boʻlak, uyda yana uchta sallasi bor edi. Oshnasini tozi qopgan kuni buxori sallasidan bir boʻlak yirtib boylagan, lekin buxori sallamdan yirtib boylayapman, deb hech oʻylamagandi.

– Gap salladami, aka? – dedi u sekingina. Gʻuchchi chol indamadi. Maxsumga qarab maʼyus jilmaydi. Koʻzlari ozgina yoshlanganday boʻldi. “Koʻngli boʻsh odamman”, deb oʻyladi u, lekin koʻngli boʻshligidan uyalmadi, qaytaga ichi yorishib ketganday boʻldi.

– Siz koʻp kuyunavermang, Toʻraboy, – dedi Ibodullo Maxsum. – Har kim oʻz aravasini oʻzi tortadi.

– Oq qoʻyniyam, qorasiniyam oʻz oyogʻidan osishadi, – dedi Toʻraboy.

– Yaxshi gap bilan ilon inidan, yomon gap bilan musulmon dinidan chiqarmish, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Ilonni yomon koʻraman, – dedi Toʻraboy.

– Men koʻrgan yerimda boshini tosh bilan urib, yanchaman, – Ibodullo Maxsum sal qizishdi.

– Ayamang, Maxsum!.. Lekin ilon deganingiz ham Xudoning yaratgan maxluqi.

– Xudo ilondan kechgan, – Ibodullo Maxsum boʻsh kelmadi. – Shayton uning ogʻzidan kirib, dumidan chiqib ketgan.

– Qayerda? – Toʻraboy isbot talab qildi. – Ayting, qayerda?

– Jannatning darbozasida, – dedi Ibodullo Maxsum. – Ilon bilan tovus qorovul turgan joyda.

– Bari bir ilon Xudoning maxluqi, – dedi Toʻraboy.

– Toʻraboy, asli sovuq odamsiz-da!.. – dedi Gʻuchchi chol. – Ilonni himoya qilganingiz nimasi!..

Gʻuchchi chol asli soddaroq odam edi, umrida birorta zarbulmasal yozmagan, zarbulmasal qilib gapirishlarini ham koʻp anglamasdi. Bu gal u nimanidir anglaganday boʻldi, anglaganday boʻldi-ku, lekin ichiga sigʻdirib turolmadi. Koʻngliga kelganini aytdi. Aytib boʻlgach, sal oshirib yubormadimmikin, deb oʻylanib qoldi. Keyin, agar sal oshirgan boʻlsam, Toʻraboyni ozgina silab-siypashim kerak, degan niyatga bordi.

– Otangiz yaxshi odam edi, – dedi u biroz turib. – Men u kishini yaxshi bilaman, bugungiday esimda turibdi…

– Sizning otangiz ham zoʻr odam edi. – Toʻraboy, garchi u Gʻuchchi cholning otasini koʻrmagan ersa-da, tantilik qildi. – U kishini zoʻr sakboz deyishardi.

– Xudo bir uloqni yaratmish, unga atab bir tup shuvoqni, – dedi Ibodullo Maxsum.

Gʻuchchi chol oshnasi oʻzini uloqqa mengzaganidan ogʻrinmadi, aksincha uning gaplarini maʼqullab bosh irgʻadi.

– Mening birovga ziyonim tegmagan, – dedi u. – Uyda bitta kafanligim bilan tablada bitta otim bor.

– Otingiz yugurikroq, shunisidan qoʻrqaman, – dedi Toʻraboy.

– Yaxshi ot egasini ranjitmaydi, – dedi Gʻuchchi chol. – Mening otim yuvvosh, ustini xuddi taxtiravon deysiz!..

– Toʻraboy otni bilmaydi, – dedi Ibodullo Maxsum, – siz bu yoqdan buqalarni soʻrang, bostirmasida uchtasi boylogʻliq turibdi.

– Bari bir, ehtiyot boʻling, Gʻuchchi aka, – dedi Toʻraboy. – Yiqitib ketsa chatoq boʻladi, qariganda suyakning bitishi qiyin…

– Goʻrga piyoda bormasman, – dedi Gʻuchchi chol. Keyin u chorpoya ustida gʻoz turib, hovlining narigi burjiga ovoz berdi. Zum oʻtmay, Ergashning ikkita qizalogʻi choy keltirdi. Gʻuchchi chol Ibodullo Maxsumning piyolasini oʻzi taraf olib, choynakning ikkinchisini Toʻraboyning oldiga surib qoʻydi.

– Oʻzingiz bir maydalaysiz…

Toʻraboy choyni qaytardi. Bir-ikki hoʻplam ichib, Gʻuchchi cholga yuzlandi.

– Kampiringiz koʻrinmaydi?

– Bizning kampir sal pastroq, – dedi Gʻuchchi chol. – Bir hafta burun hovlidan chiqib ketgan. Shu, mening oʻzimga qolsa…

– Nevaralarimdan tagʻin ranjibdi-da, aka? – Ibodullo Maxsum sal chaqqonlik qildi.

– Men Gʻuchchi aka bilan gʻijillashibdimi, deb oʻylabman, – dedi Toʻraboy.

– Yoʻq, nevaralar bilan, – dedi Gʻuchchi chol. – Menga gap qaytarib koʻrsinchi!..

Aytgan yolgʻonidan oʻzi ham qizardi. Koʻrpacha chetida yotgan sochiqni olib, bir-ikki yelpingan boʻldi.

– Kun sal dim keldi, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Ha, Maxsum, kun dim keldi, – Gʻuchchi chol uning gapini tasdiqladi.

– Mening mijozim sovuqroq, – dedi Toʻraboy. – Men dimligini sezmadim.

– Siz hali yoshsiz, Toʻraboy, – dedi Ibodullo Maxsum. – Siz hali muni sezmaysiz.

Toʻraboy piyolasini yerga qoʻydi-yu, Gʻuchchi cholga tikildi. Unisi ikkita qargʻashoyi gulli piyolani yonma-yon tizib, quygali choynakni koʻtardi, lekin shu tobda koʻzlari Toʻraboyning sinchkov nazariga duch kelib, bezovtalandi, choynak tutgan qoʻliga titroq kirdi. Choy choynakning joʻmragidan dasturxon ustiga toʻkilaverdi.

– It quturgan emasdi, – dedi u titrab-qaqshab. – Tozi edi, biz oʻzimiz unga ozor berdik, boylab olmoqchi boʻldik…

– Choydan bosibroq iching, yengil tortasiz!..

– Ichaman, Toʻraboy, mana, ichyapman-ku!..

Gʻuchchi chol sal garangsidi. Ibodullo Maxsum oʻtirgan joyida bir-ikki gʻimirladi, lekin biron narsa demadi. Toʻraboy – mehmon, uning oʻziyam mehmon, Gʻuchchi chol boʻlsa – mezbon edi.

Gʻuchchi chol oshnasining piyolasini toʻldirishni unutib, faqat oʻziga qoʻydi va atay xoʻrillatib icha boshladi.

– Men choyga koʻp oʻrganmaganman, – dedi u. – Yilqining ortidan koʻp yurganmiz, koʻzani suviga oʻrganib qolganmiz.

– Yilqidan gapirmang, Gʻuchchi aka, – dedi Toʻraboy. – Bitta toy kamomad qilgansiz.

– Yoʻq, – deb eʼtiroz bildirdi Gʻuchchi chol. – Men umrimda kamomad qilmaganman. Uyurim doim tus-tugal boʻlardi.

Toʻraboy aytayotgan boʻz toyning tarixi uzun edi. Uni Gʻuchchi chol Payshanbaning bozoridan sotib olgan. Odamlar uyuridan oʻmaribdi-da, deb oʻylamasligi uchun, boʻz toyga qoʻshib, yana bitta qari baytalni ham ikki barobar qimmatiga savdo qilganu yetaklab kelavergan. Soʻng biror oylar chamasi shu yagʻir baytalni minib guzar aylangan, guzarda duch kelgan ismi mardumga: “Yaxshi baytal, zotli, zotli-ku, lekin yoshdan qolgan, chanochqoqda quluni tablada turibdi”, deb gap uqtirgan. Gapiga birov ishonmagan. Boʻz toy oʻsha qirchangʻi baytalga oʻxshamasdi – hurkak, tolmaboʻyin bir toychoq edi…

– Xudo begunoh qulunning payini qirqqanga hech roʻshnolik bermasin!.. – dedi Ibodullo Maxsum.

Ikki oshna baravar yuzlariga fotiha tortishdi. Toʻraboy ularga qoʻshilmadi, maʼyuslandi… Aslida uning gunohi koʻp emasdi. Aksiga olib, oʻshanda yoʻngʻichqa ayni gulga kirgan mahali edi. Agar toychoq shu gulga kirgan yoʻngʻichqani payhon kilmaganida balki payi ham qirqilmagan boʻlardi. Buning ustiga, gulga kirgan yoʻngʻichqa payhon qilingan kecha sutday oydin edi, agar kecha sutday oydin boʻlmaganida, balkim, boʻztoyni birov koʻrmagan ham boʻlardi… Toʻraboy keyinchalik payi kesilgan toychoqqa koʻp achindi. Lekin boʻlar ish boʻlgandi; boʻztoy yoʻngʻichqani poymol qilgandi, yoʻngʻichqa esa, endi gulga kirgan edi, buning ustiga, kecha oydin edi, bedapoya uvatida yotgan chalgʻining oʻtkir tigʻi ham shu oydinda oʻzgacha bir yaltirab koʻringan edi…

– Maxsumga balli, – dedi Gʻuchchi chol. – Shu toyni odam qildi. Payini yamagani qurbi yetmadi, lekin…

– Qoʻying, aka, – dedi Ibodullo Maxsum. – Qoʻying, gapirmang…

– Gapiraman, dedi Gʻuchchi chol. – Axir, siz uni aqalli bir marta minmagandirsiz!..

Uning gapida biror xilof joyi yoʻq edi. U oʻsha boʻz toy toki ot boʻlib, keyin oʻz ajali bilan ketganiga qadar biror marta ustiga egar bosmagan edi. Boʻz toy, keyinchalik xomsemizroq (u chopmaslikdan semirib ketgandi) ot, bir umrga oqsab qoldi. Ibodullo Maxsum shu oqsoq otni yetaklab yurishni yaxshi koʻrardi. Ayniqsa, Toʻraboyning koʻk temir darvozasi yonidan oʻtishni yaxshi koʻrardi. Odamlar uning choʻloq otga boʻlgan mehrini koʻp tushunmadi, birovlar hatto gʻalatiga chiqardi, savdoyi atadi…

Ibodullo Maxsum birovdan ortiqcha gumon ham qilgani yoʻq. Bor-yoʻgʻi ikki marta guzardan toy yetaklab oʻtdi, xolos. Keyin… yakshanba kuni boʻz toyni yetaklab bozordan qaytayotgan Toʻraboy bilan yonma-yon biror yuz qadamcha yurib koʻrdi, uning rang-roʻyiga, oyoq olishiga razm soldiyu hamma gapni payqadi. Mana, biror oʻttiz yildirki, u bilan Toʻraboyning orasida bittagina sir botin yashaydi. Toʻraboy tashvishi koʻp odam, – baʼzida haligi sirni unutib qoʻyadi, qoʻliga erk beradi, tiliga erk beradi. Lekin Ibodullo Maxsum Xudoligʻni unutmagan, insofni biladi, olijanoblik qilib, eski, unutilib ketay degan sirni qaytadan Toʻraboyning esiga soladi.

– Men mudirligimda ikki tonna arpa kamomad qiluvdim, – Toʻraboy birdan pastgʻa tushdi. – Munaqasi boʻp turadi, aka…

– Bilmadim, – dedi Gʻuchchi chol. – Men umrimda kamomad qilmaganman.

– Mening aybim kamomadim, sizniki shu bitta – toy…

– Balkim, meningam aybimni aytarsiz? – deb soʻradi Ibodullo Maxsum.

Toʻraboy kalovlanib qoldi. Uning baxtidan boʻlib hovli darvozasidan Gʻuchchi cholning oʻgʻli Ergash kirib keldi. Chorpoyadagilar bilan uzoqdan bosh irgʻab salomlashdi. Soʻng, astoydil tikilib, Toʻraboyni tanidiyu qiziqishi ortdi. Lekin u chorpoyaga kelib ulgurmadi. Ochiq qolgan darvozadan jikkakina bir gʻunajin kirib, soʻramay-netmay, oʻzini kampir oʻtqazgan kichkina gulzorga urdi. Gʻunajinning shahdi baland edi – qoʻyib bersa, kampirning gulzorini shipshiydam qiladigan. Gʻuchchi chol avvaliga hayhaylashga chogʻlandi, lekin sal turib, fikridan qaytdi. “Battar boʻlsin! – deb oʻyladi. – Qariganda gul ekishni unga kim qoʻyibdi, chalpakka oʻrab otsang it yemaydi-ku, yana xina bilan rayxon ekkaniga oʻlaymi!..”

Ergash shart ortiga qayrilib, qoʻliga tayoq oldi va yugurib kelishda gʻunajinning quymichiga kaltak soldi. Ibodullo Maxsum jonivorning kaltak yeganini koʻrmayin deb, koʻzini chirt yumdi. Gʻuchchi chol indamadi, ichida Ergashni soʻkdi. “Sadqai mol ket!” Toʻraboy boʻlsa, chorpoyada choʻkkalab oldi-da, Ergashga pishang bera boshladi:

– Ha, domullo, uring! Padarlaʼnatini yaxshilab uring!.. Urib oyogʻini sindiring, domullo! Shoxiga, shoxiga uring! Qaytib birovning tomorqasiga kirmaydigan boʻladi… Biqiniga, och biqiniga uring! Ogʻrimaydigan joyiga uring!.. Oʻroq-poʻroqdan yoʻqmi, domullo? Olib, biqiniga sanchimaysizmi, axir?! Boʻshashmang, domullo, uring, savilni uring!..

Ergash Toʻraboyning baqirigʻidan bezor boʻldimi yoki oʻzining ham rahmi keldimi, gʻunajinga qaytib tayoq koʻtarmadi. Bir-ikki poʻpisayu doʻq bilan gʻunajinni darvozaga qaratib haydadi. Gʻunajin darvozadan beriroqda oʻsgan bir tup semiz supurgini tomir pomiri bilan qoʻporib, koʻchaga qochib chiqdi…

– Yaxshi gʻunajin, – dedi Toʻraboy qaytib oʻtirgach. – Mamasolining gʻunajini. Sal ovchiligi bor, birov urib oʻldirmasa, yaxshi sigir boʻladi.

– Qisir qolgan, – dedi Ibodullo Maxsum. – Yanagi yili yana qisir qoladi. Oyoq olishi yomon muning…

– Toʻraboyda uchta buqa bor, shunga oborsa boʻlarkan, – dedi Gʻuchchi chol.

– Opkeluvdi, – dedi Toʻraboy. – Lekin buqaning haqini bermadi.

– Siz sigir boshiga necha puldan olasiz? – deb soʻradi Ibodullo Maxsum.

– Uch soʻmdan, – dedi Toʻraboy. – Buqalarning yemishiga kerak.

– Buqa asrab savob ish qilasiz, – dedi Gʻuchchi chol.

– Har kimning koʻngli tusagani, – dedi Toʻraboy. – Mana, akam, siz ot asraysiz, men buqa asrayman.

– Akam otni koʻngil uchun asraydi, – dedi Ibodullo Maxsum. – Siz buqani boʻrdoqiga asraysiz. Gʻuchchi akam otini oʻzi boqadi, siz buqalarni hech boqmaysiz. Boqasiz-ku, lekin oʻzlarining topgan puli hisobiga boqasiz.

– Har kimning taʼbi, – dedi Toʻraboy. – Gʻuchchi akam ot asraydi, men buqa asrayman.

– Buqani minib boʻlmaydi, – dedi Ibodullo Maxsum. U negadir shu topda Toʻraboyni kamsitishni istab qolgandi.

Toʻraboy bu gapga eʼtiroz bildirolmadi.

– Hindular hoʻkiz minarmish… – sekin gap qoʻshdi Gʻuchchi chol.

– Bari bir, hoʻkiz otday chopolmaydi, – dedi Ibodullo Maxsum, soʻng oshnasiga ranjibroq qaradi. – Shu, aka, hindu bilan tuyaning farqi oʻzi kam, qilgan ishining hammasi teskari boʻladi…

 

* * *

Gʻuchchi chol darvozani bekitib kelayotgan Ergashni koʻrib, chorpoyadan turdi, keyin ota-bola uzoqroqqa, bogʻning toʻridagi xashaki olmalar tagiga oʻtishdi.

– Xoʻsh, ota?.. – deb soʻradi Ergash.

U muallim edi – soʻroq soʻraganida chap qoshi xiyolgina koʻtarilib tushardi.

Gʻuchchi chol indamadi. Ergash boshqa gap soʻrashdan iymandi, koʻzlarini chang yuqqan poyabzaliga bir muddat qadab turdi, soʻng yerda yotgan eski boltani olib, olmaning ayrisiga qistirdi.

– Sen menga munday gapirma, – dedi Gʻuchchi chol. – Hali yoshsan. Men gapirsam yarashadi… Qachon manavi olmalarni qirqib tashlaysan?! – kutilmaganda baqirdi u. Ayriga qistirilgan boltani olib, daraxt tanasiga soldi. Bolta oʻtmas edi, lekin Gʻuchchi chol andogʻ urdikim, zarbning kuchidan olmaning oq-sargʻish tanidan bir parchasi ochilib qoldi. – Nima, boltaniyam oʻzim charxlab beraymi?

– Oʻzim charxlab olaman, – dedi Ergash.

Ota-bola ozroq tumtayib turishdi. Keyin Ergash gap qotdi:

– Menga bir gapingiz bormidi, ota?

Gʻuchchi chol unga oʻqrayib qaradi. Oʻgʻli hozir oʻy oʻylashga xalal berardi.

– Salomingni ayamasang boʻldi, bolam, – deb achitdi u.

– Mehmoningiz bor ekan… – Ergash mojaroning bemavridligini eslatishga urindi.

Gʻuchchi cholga uning pisandasi hech yoqmadi.

– Hm… – dedi u.

– Charchadim, ota, – dedi Ergash.

– Charchabsan-da? – oʻsmoqchiladi Gʻuchchi chol. – Nima, laylak haydadingmi, oʻgʻlim?

– Kuchuk axtaladim!.. – Ergash oʻzini tutib turolmadi, portlab ketdi. – Nima qilasiz tergab?

– Men seni tergadimmi hali?.. – Gʻuchchi chol miyigʻida iljaydi.

– Boʻlmasa nima? – Ergashning chap qoshi yana xiyol koʻtarildi.

– Qoshingni kerma, – dedi Gʻuchchi chol. – Nega qoshingni kerasan? Xotinga yarashadi! Erkakmisan oʻzi? Enang oʻgʻil tugʻdim deganday boʻluvdi-ku?..

Ergash ogʻrindi. Bir xayoli shart burilib ketish ham boʻldi, lekin chol… “Chol xafa boʻladi, – deb oʻyladi u. – Keyin ikki dunyodayam qutulolmaysan…”

– Baxudo, – dedi Ergash, – Baxudo, ota soʻkinmang!..

– Tojikcha gapirma, – dedi Gʻuchchi chol. – Besh yil shaharda oʻqib, menga topib kelgan gaping shu boʻldimi?

– Ota!.. – dedi Ergash. – Mening sizga tili jagʻim tegmadi.

– Enangga oʻxshaysan, – dedi Gʻuchchi chol. – Uyam tili jagʻidan gapiradi.

– Meni tinch qoʻying, ota, – yalindi Ergash. – Men sizga yosh bola emasman.

– Battarsan!.. – dedi Gʻuchchi chol. – Sen bilan gaplashib boʻlmaydi.

– Boʻlmasa gaplashmang!

– Oq qilaman!.. – doʻq urdi Gʻuchchi chol.

– Bilganingizni qiling!..

Gʻuchchi chol Ergashning jahldan boʻgʻriqqan yuziga bir muddat zavqlanib tikildi. “Oʻzimga oʻxshaydi, – deb oʻyladi. – Dagʻalroq boʻlgani maʼqul, halimday eshilib tursa, muning erkakligi qoladimi…”

– Menga koʻp aql oʻrgatma, – dedi u. – Xohlagan paytimda hovlidan quvib solaman.

Bunisi endi lalmi doʻq edi, lekin Ergash cholning yumshaganini tushunmadi.

– Mayli, mayli, – dedi u. – Shu yerdan ketganim maʼqul. Meni sharmanda qildingiz, ota!

– Ota, dema meni!.. – baqirdi Gʻuchchi chol, soʻng chorpoyada oʻtirgan mehmonlarni oʻylab, birdan past tushdi. – Sen hali burningni terlatib non topib berganing yoʻq… Bor, bitta uloqni soʻy!.. – bexosdan buyruq berdi u. – Xotiningga ayt, barini qozonga tashlasin!..

Ergash bu gapni hech kutmagan edi – angrayib turaverdi.

– Yo, men oʻzim soʻyaymi? – deb soʻradi Gʻuchchi chol. – Soʻyardim-ku, lekin ilojim yoʻq, qoʻl yaramaydi.

– Uyda goʻsht bor.

– Uydagi goʻsht ozlik qiladi.

– Toʻraboyga shuncha izzatmi? – deb soʻradi Ergash.

– Toʻraboyga boʻlmay, Maxsumgami? – dedi Gʻuchchi. – Maxsum menga doʻst odam, bir burda nonimgayam qanoat qiladi.

– Tuzuk, – dedi Ergash.

– Nimasi tuzuk?

– Tuzuk, – dedi Ergash tagʻin. Boyagi jahlidan asar ham qolmadi. Otasining chinoqligini oʻylab, sal iljaydi ham. – Lekin uloqqa enam pul bergan-ku, ota?

– Enangning mahrini men berganman, – dedi Gʻuchchi chol. – Bor endi, mening aytganimni qil!..

 

* * *

Biror uch soatlardan keyin, chollar oʻtirgan chorpoyaga bir lagan serpiyoz qovurdoq keltirishdi. Taomni Ibodullo Maxsum boshladi. Keyin Toʻraboy bilan Gʻuchchi chol ham yenglarini shimarib, laganga yaqinroq surildilar.

– Serpiyoz boʻpti, – dedi Toʻraboy katta bir luqmani qoʻliga olib. – Men piyozni yaxshi koʻraman Maxsum…

– Men piyozni yaxshi koʻrmayman, lekin Bari bir yeyman, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Men ertalab uyda shoʻrva ichuvdim, – dedi Toʻraboy. – Lekin uloq goʻshti shirin, koʻngil tortadigan boʻpti. Shu bir zamon boʻlsa-da, oyoqni uzatib yotib faqat uloq goʻshti yesang!

– Hadeb uloq goʻshti yegan maza qilmaydi, – dedi Gʻuchchi chol. – Jonga tegadi. Mana, men oshniyam yaxshi koʻraman.

– Bari bir, oshning tagiga uloq goʻshtidan bosasiz, – deb eʼtiroz bildirdi Toʻraboy.

– Molning goʻshtiyam boʻlaveradi, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Manzar polvon guruchli taom yemaydi, – dedi Gʻuchchi chol. – Yesa, tomogʻiga tiqilib qoladi. Birovlar osh yeganda yetimchaday qarab oʻtiraveradi. Keyin lagan boʻshagandan keyin tagida qolgan yogʻning yuqi bilan maxsisini moylaydi.

– Bari bir moylarkan-ku, – dedi Toʻraboy. – Har na nafi borku!.. Lekin menga qolsa, doimo uloq goʻshti yerdim.

– Kunora yeng, Toʻraboy, – Ibodullo Maxsum Toʻraboyning oʻjarligini koʻp yoqtirmadi. – Boʻlmasam, boʻkib qolasiz. Uyingiz doʻxtirdan olis. Doʻxtirga opketsa, buqalarga kim qaraydi?

Toʻraboy qaltisroq gapirmoq boʻlib, qoʻlini dasturxondan tortdi. Lekin qovurdoqni koʻzi qiymadi. Chimirilgan oʻsiq qoshlari tagʻin yoyildi, bir qultum yaxna choydan simirib, laganga yaqinroq surildi.

– Oʻldirsa, uloqning goʻshti oʻldirsin! – dedi u xushhollik bilan.

– Ora-sira boshqa taomdan ham yeng, – dedi Ibodullo Maxsum. – Kelinga ayting, yalpizdan koʻproq qoʻshsin. Yurakkayam, miyagayam foydasi bor.

– Mening yuragim tuzuk, Maxsum.

– Miyangizchi? – deb soʻradi Ibodullo Maxsum. Toʻraboy bu gapni eshitmadi.

– Yalpizning endi ikki quloq chiqargani durust, – dedi u.

– Yoʻq, Toʻraboy, – dedi Gʻuchchi chol. – Yalpizning miyaga ziyoni bor. Bizning ola mushuk shu yalpizdoridan ichib xarob boʻldi.

Toʻraboy quvonib ketdi. Gʻuchchi cholni xuddi telbani tomosha qilgandek, alohida bir diqqat bilan koʻzdan oʻtkazdi.

– Oʻldirdingizmi, ishqilib?

– Juda berahm odamsiz-da. Toʻraboy!.. – dedi Gʻuchchi chol ranjib.

Toʻraboy gapni oʻziga yuqtirmadi. Kuldi. Kulganida ustki labi jiyrilib, sargʻaygan milklari koʻrindi.

– Kulmang, Toʻraboy, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Men kulmadim, Maxsum, oʻlay agar, kulmadim, – Toʻraboy kulganini tan olmadi. – Akamning mushugi qiziq ekan-da oʻzi!..

– Uyam Xudoning yaratgani, – dedi Ibodullo Maxsum. – Bizning mushuk haftasiga bittadan ilon oʻldiradi. Poylab turib, panjasi bilan bitta uradi – tamom, oʻladi-qoladi!

– Bijjiki pashtroqidi, Maxshum, – dedi Gʻuchchi chol gʻoʻldirab. – Men shuni yebboʻvay, keyin…

– Yeng, aka osh boʻlsin! Yeb boʻlgandan keyin aytasiz.

Gʻuchchi chol ogʻzidagi luqmani yeb boʻlib, Ibodullo Maxsumga qaradi:

– Yeb boʻldim, Maxsum.

– Endi gapiring, aka, – ruxsat berdi Ibodullo Maxsum.

– Bizning mushuk piyonista edi, Maxsum, – dedi Gʻuchchi chol. – Kampir yuragiga deb yalpizdori ichadi deng… Qayoqdanam mushugi tushmagur shunga oʻrgandi. Kampir dorisini ichib yurganida tuzuk edi, bechora qolgan-qutgan yuqini yalab kun oʻtkazardi. Lekin kasofat qurumsoqlik qilib dorisiniyam ichmay qoʻydi. Keyin mushukning miyovlab behuzur boʻlganini koʻring!..

– Ih!.. – dedi Ibodullo Maxsum. – Men mushukni munchalar boʻlar deb oʻylamovdim!

– Boʻlarkan-da, Maxsum, – dedi Gʻuchchi chol. – Bahor payti ariq labiga tushib, balchiqdan endi bodrab chiqqan yalpizni panjasi bilan oʻziga qayirib oladi, keyin tepadagi ikki quloqchasini kurt-kurt qilib yeydi. Necha marta ariqqa tushib ketdiyamki yana qaytib boradi!.. Boʻlmasam mushuk deganingiz suvdan qoʻrqadi.

– Quturgan odam ham suvdan qoʻrqadi, – dedi Toʻraboy.

Jim qolishdi. Gʻuchchi chol hikoya bilan ovora, tuzukroq ovqat ham yeyolmadi, battar ochiqqanini sezdi, lekin shuncha gapdan keyin maosh qilishni oʻziga ep koʻrmay, qoʻlini dasturxon chetiga artdi. Ibodullo Maxsum ham oʻzini tiydi.

Toʻraboy laganning koʻp buzilmagan chetini oʻziga qaratib, ishtaha bilan yeya boshladi. Yegandayam chapillatib yedi. Boya gap ustida koʻp sezilmagan ekan, hozir eshitib, Ibodullo Maxsumning gʻashi keldi.

– Chapillatmang, Toʻraboy! – dedi u toqati toq boʻlib.

Toʻraboy bunisini kutmagandi – ogʻzidagi ogʻzida, boʻgʻzidagi boʻgʻzida qoldi. Qaytarib tashlay desa – oldida dasturxon, chaynab yutay desa, bunisiyam ogʻir. Bechora bir muddat baqrayib qoldi. Oʻzigayam koʻp taʼsir qildi. Nihoyat, ogʻzidagi luqmani chaynamay-netmay, bir amallab yutdi. Ustidan bir piyola yaxna choyni koʻtarib, Ibodullo Maxsumga sanchibroq tikildi. Lekin Ibodullo Maxsum Gʻuchchi cholga oʻxshagan bechidam emasdi, Toʻraboyning koʻzlariga kulib qaradi.

– Men sizga aytsam, Maxsum – deya gap boshladi Toʻraboy.

– Ayting, Toʻraboy, armoningiz qolmasin, – dedi Ibodullo Maxsum.

– Ovqatdan keyin aytsa nima boʻladi, Maxsum? – deb soʻradi Gʻuchchi chol. U oʻzining mezbonligini unutolmay garang edi. – Xoʻp deng, Maxsum, shuni ovqatdan keyin aytsin.

– Mayli, hozir aytaversin.

– Men yoshroq boʻlganimda, sizni bir urardim, Maxsum, – dedi Toʻraboy.

– Menga Gʻuchchi akam yordam berardi, – Ibodullo Maxsum gapni hazilga burmoqchi boʻldi.

– Toʻgʻri, – dedi Gʻuchchi chol. – Meni Juman gʻalcha oʻgʻillari bilan qoʻshilishib urgan. U paytda Maxsum Buxoroda oʻqib yurardi.

– Ming oʻqigani bilan, Bari bir mullalik qilolmadi, – dedi Toʻraboy.

– Qilolmadim emas, qilmadim.

– Bari bir, Maxsum, men sizni urardim…

– Menga bir qarang, Toʻraboy, – dedi Ibodullo Maxsum jahllanib. – Avliyoga atalgan uloqday holingiz bor, bir mushtimdan ortmaysiz. Yoshlik paytimda bir ursam, sizni Sigirtepaning ortidan topib kelishardi!

– Uzoqmasmikin? – deb soʻradi Toʻraboy. – Siz asl nokas odamsiz, Maxsum. Menga hasad qilasiz!

– Hoy, Toʻraboy, siz kimsizki Maxsum sizga hasad qilsa!.. – dedi Gʻuchchi chol gʻazabidan boʻzarib. – Siz Maxsumga koʻp taʼna qilmang!

– Qoʻying, aka, – dedi Ibodullo Maxsum. – Muning gapiga koʻp eʼtibor bermang, bu kishi birovning payini qirqib turmasa boʻlmaydi.

Toʻraboy birdan pusib qoldi. Ne qilsa ham, payi kesilgan boʻz toy uning zaif joyi edi. Baʼzida Toʻraboyning oʻzi ham shunga ajablanardi: endi odam deganing borki, dunyoga kelib gunohdan forigʻ boʻlmaydi. Sutday oq boʻlishning hech iloji yoʻq. Boʻlmasam, Xudoga shukr, shu boʻz toydan boshqa ayblari ham oz emas. Lekin ularni hamma biladi. Ularni deb allaqachon sharmanda qilishgan. Qaytaga sharmanda boʻlganing ham durust, sharmandalik bir kun, bir oy, boringki, bir yil choʻzilar, keyin borib unut boʻlib ketadi. Ibodullo Maxsum shu bitta boʻz toyning gapini gap qilib olgan, istasa eslatadi, istamasa – yoʻq… Lekin haligi oshiqcha. Tilini sugʻurib olgan kamlik qilar!.. Bir toychoqning xuni oʻzi qancha, kesilsa, payi kesilibdi, shuni yashirding nimayu yashirmading nima? Oʻzi-ku, shuni aytsang, tinchishing tayin. Maxsumning shamalariga chidab yurgandan koʻra, bir yoʻla sharmanda boʻlda, qoʻy!..

Toʻraboy sharmanda boʻlishga ahd qildi.

– Birovning payini qirqqan yomonmi, Maxsum? – deb soʻradi u.

– Bilmadim, qassob boʻp koʻrmaganman, – dedi Ibodullo Maxsum. U Toʻraboyning shum niyatini allaqachon payqagan edi.

– Aytaylik, Gʻuchchi akamning otining payini qirqsam nima boʻladi? – deb talmovsiradi Toʻraboy.

Gʻuchchi chol eshitgan gapiga ishonmay, oʻrnidan sapchib turdi.

– Ogʻzingizga qarab gapiring, Toʻraboy! – dedi u. – Men otimni siz bilan qoʻshib bitta tablaga bogʻlamasman!

Toʻraboy tagʻin amalga yetmadi. Dogʻda qoldi. Ichida Gʻuchchi cholni soʻkdi: “Galvars! Bilishniyam istamaydi!..” Keyin koʻzlarini Gʻuchchi cholning salla bilan chirmalgan yarador qoʻliga tikdi:

– Qoʻl endi koʻpkariga yaramaydi-ku, yurt ogʻasi! Gʻuchchi chol besaranjom boʻldi. Qoʻlini chopon ostiga yashirmoqchi edi, boʻlmadi, oshnasi “qoʻyaver!” degandek ishora qildi.

– Quturmagan boʻlsayam, qopganini qarang! – dedi Toʻraboy. – Birovning zanjirdagi iti boʻlsayam bir gap edi, lekin u moʻltonidan qolgan ekan. Moʻltoni xalqi ahmoq emas, shaytonga dars beradi, sogʻ itni hech mahal tashlab ketmaydi, oʻzi bilan opketadi!..

Gʻuchchi cholning yuragiga vahima tushdi.

– Men hech belgisini sezmadim, Toʻraboy, – dedi u.

– Birdaniga belgi nima qiladi! – Gʻuchchi cholning soddaligidan kuldi. – Sal turib belgi beradi-da, axir!.. Ishtahangiz ham yoʻqolgan koʻrinadi. Bilsangiz, Gʻuchchi akam, quturgan itning ustidan gʻalvirda suv elashadi.

– Men suvdan qoʻrqmayman, Toʻraboy, – dedi Gʻuchchi chol. – Oʻzingiz koʻrdingiz, bemalol choy ichib oʻtiribman.

– Endi bu bir misol-da, Gʻuchchi akam… – dedi Toʻraboy. – Agar yana bir misol opqarasak, mana, siz… biror kimsaga tish solarmidingiz?

– E, men itmidimki, birovni tishlasam! – ajablandi Gʻuchchi chol.

– Men sizni itga mengzamadim, – dedi Toʻraboy. – Endi bir misol qilib gapirdim. Men birovni toʻsatdan tishlab olgingiz kelmaydimi, deb soʻrayapman.

– Itga mengzamadim deysiz-ku, lekin tishlaging kelmaydimi, deb soʻraysiz. Endi itga mengzaganingiz shu-da, Toʻraboy?

– Yoʻq, bu gaplardan Xudo asrasin! – dedi Toʻraboy. – Minbaʼd munday gapirmang!

– Boʻlmasa nima? – Gʻuchchi cholning dafʼatan qahri keldi. – Men sizga boʻyinsa boʻlmasam, yoshim biror oʻn yosh katta boʻlsa, nega menga munday hazil qilasiz?

– Men sizga hazil qilmadim.

– Boʻlmasa, chiningizmi bu? – deb soʻradi Gʻuchchi chol.

Toʻraboy javob oʻrniga qiqirlab kuldi. Shu paytgacha hurpayib oʻtirgan Ibodullo Maxsum boshini koʻtardi.

– Siz akamning quturmaganiga hafasiz chogʻi, Toʻraboy? – deb soʻradi u.

– Xudo ursin! – Toʻraboy qoʻshqoʻllab yoqasini ushladi. – Agar shunday oʻylagan boʻlsam, tongga yetmay oʻlay!..

– Sizning akam qutursa suyunishingiz tayin, – dedi Ibodullo Maxsum. – Juman gʻalcha akamni oʻgʻillariga qoʻshilib urgan. Siz shu odamning jiyanisiz. Sizning suyunishingiz tayin.

Toʻraboy bunday keskin daʼvoni kutmagan ekan, koʻzlari pir-pir ucha boshladi. Gʻuchchi cholga madad soʻrab tikildi.

– Juman gʻalcha meni urgan, – dedi Gʻuchchi chol.

– Ursa u uribdi, mening aybim nima? – deb soʻradi Toʻraboy.

– Juman gʻalcha jonday togʻangiz edi, – Gʻuchchi chol unga aybini eslatdi.

Toʻraboy koʻp mulzam boʻldi. Gʻuchchi chol haq edi. Yaxshimi, yomonmi, Juman gʻalcha uning togʻasi.

– Alam qilyaptimi, Toʻraboy? – surishtirdi Ibodullo Maxsum.

– Alam qilyapti, – deya tan oldi Toʻraboy.

– Alam qilgan joyiga tuz seping, – dedi Ibodullo Maxsum.

Toʻraboy avval boʻzardi, keyin qizardi, oʻzini har ne tutgali urindi-ku, ilojini topmadi, xunuk bir tirjayib, bori yoʻq zahrini toʻkib soldi:

– Sizam quturibsiz, Maxsum!

Oradagi ilinibgina turgan ip chirs etib uzildi. Gʻuchchi chol Ibodullo Maxsumga yalt etib qaradi. Lekin Ibodullo Maxsumning yuzi qilt etmadi.

– Bir oyoqning chigilini yozsak, Toʻraboy, – deb taklif qildi u. – Yuring, bir oyoqning chigilini yozaylik.

Toʻraboy uni oʻzicha tushundi.

– Yoshingiz bir joyga borib qolgan, Maxsum, – dedi u. – Sizni urish menga uyat…

– Boshqa gap bor, Toʻraboy, – dedi Ibodullo Maxsum. Toʻraboy unga ishonqiramay qaradi.

– Shuni ertaga gaplashsak boʻlmaydimi, Maxsum?..

Ibodullo Maxsum tahqirli sukut bilan javob qildi. Toʻraboy noiloj chorpoyadan tushdi.

– Oʻzingizni kalishingizni kiying, – dedi Ibodullo Maxsum. – Meniki hali yangi, toʻyga kiyib boradigan…

Toʻraboy battar kalovlandi, Ibodullo Maxsumning kalishini yechib, oʻzining uvadaroq juftini oyoqlariga ildi. Soʻng Ibodullo Maxsumga ergashib, boyagina Gʻuchchi chol bilan oʻgʻli Ergash gaplashgan joyga – qari xashaki olmaning tagiga bordi. Toʻxtadilar. Ibodullo Maxsum choponining barlarini qayirib, belbogʻiga qistirdi, soʻng Toʻraboy tarafga bir qadam bosdi. Toʻraboy ortga tislandi.

– Hazillashmang, Maxsum, oxiri yomon boʻladi, – dedi u, soʻng gapining isboti uchun ikki-uch marta yer depsindi.

– Quturgan it meniyam qopgan, – dedi Ibodullo Maxsum. – Sizam men bilan ehtiyotroq boʻp gaplashing.

– Hazillashmang, Maxsum, jahlim chiqsa, aqlim ketadi, – dedi Toʻraboy. – Joningizga rahmingiz kelsin, Maxsum!

– Boʻgʻzingizdan bir tishlaymi, Toʻraboy? – deb soʻradi Ibodullo Maxsum, soʻng rostdan tishlamoqchi boʻlganday, tishlarini takillatdi. – Xoʻp deng, kekirdagingizdan bir tishlam uzib olay, Toʻraboy?

Toʻraboy choʻchidi. Yana ikki qadam ortga tislandi, tislanish asnosida darvoza tarafga oʻgʻrincha qarab oldi. Negadir koʻngliga maʼyuslik choʻkdi. Ibodullo Maxsumdan azbaroyi hafa boʻldi chogʻi, ikki marta chuqur xoʻrsindi. Keyin uni chetlab oʻtib, darvozaga yoʻnaldi. Ibodullo Maxsum uning ortidan yurdi. Toʻraboy ildamladi. Ibodullo Maxsum ham qadamini tezlatdi. Toʻraboyning oʻzi toʻlagina, choponi taniga ham xiyol tor edi. Tezroq yurganidan keti chopon tagida qalpanglab borardi. Ibodullo Maxsumning xayoliga nogahon bir shum fikr keldi, iljaydi, bir-ikki bor oʻzining oʻng oyogʻiga, keyin Toʻraboyning ortiga qarab oldi. Lekin har qalay oyoq koʻtarmadi – insof qildi. Garchi Toʻraboyning ortiga tegmagan boʻlsa-da, shu oʻyning oʻzidanoq zavqlandi. Xatto, shu oʻy barobarida koʻnglidagi ozmi-koʻp xusumatni ham unutganday boʻldi. Goʻyoki tepki bilan xusumat orasida hech bir aloqa yoʻqday edi… Tepging keldi, tepmoqchi ham boʻlding, lekin tepmading… Bari bir, deb oʻyladi Ibodullo Maxsum. Tepmoqchi boʻlganingning oʻziyam yaxshi. Odamning miyasiga shunday xayolning kelganiga qarang… Kekirdagingni uzib olaman deding-ku, lekin uzib olmoqchi emasding, lekin tepaman, deb aytmasang ham – tepging keldi…

Ibodullo Maxsum ilgari hech bunday tarzda oʻylamagan edi. Shu sabab oʻyning zavqini tuyish oʻzgacha boʻldi. Mabodo, Toʻraboy aqalli bir bora ortiga qayrilganda edi, balkim, Ibodullo Maxsumning quvonchini koʻrib, rosa ajablangan boʻlardi. Haytovur, u ortiga qayrilmadi. Ibodullo Maxsum uning qayrilmogʻini oʻylab, oʻzini yigʻishga, sal-pal qovoq uyishga urindi. Lekin ilojini topmadi. Keyin u oshkora iljaydi. Ibodullo Maxsum darvoza oldida toʻxtadi. Toʻraboy esa koʻchaga chiqqandan keyingina qadamini sekinlatdi. Ortiga hadik aralash boqdi. Soʻng taʼqibchisining ichkarida qolganini koʻrib, toʻxtadi, dadillashdi va etagini qoqdi: endi bu yerni yelkamning chuquri koʻrsin!

Oʻsha kuni kechasi Gʻuchchi chol Galatepadan bosh olib ketishga ahd qildi.

Yozning dim, issiq tunida uzoq oʻylab yotdi. Qazogacha yoru doʻstning oldida qolgan maʼqul edi, deb oʻyladi. Lekin taqdir deganing teskari keldi, mundayroq oʻlim bilan oʻlsam bir gap, lekin quturib oʻlish… Hech kim seni ayab oʻtirmas, tinch oʻlsang – oʻlganing, boʻlmasa, shartta ushlab, daraxtning tanasiga zanjirband qilishadi, vassalom!..

Xullas, u bosh olib ketgali ahd qildi: uydagilarga shaharga ketdim, deb aytadi, keyin bir pana-pastqam joyni topib… kutadi. Oʻtsa, oʻtib ketgani – kuning uzoq ekan, magarkim, oʻtmasa… E, shuniyam oʻy qilib oʻtirasanmi!.. Odam deganing bir marta dunyoga keladi. Bir boshda bir oʻlim, beshikka tekkan yelka tobutga tegmay qolarmidi!..

Ertasi kuni tong mahali Gʻuchchi chol kunchiqarga qarab yoʻl tutdi. Birov koʻrmasin deb, soyu soya joylarni tanlab yurdi. Choshgohda togʻning etagiga yetib bordi, lekin oʻrlamadi, kuchini ayadi, archazorni oralab oʻtgan tekisgina soʻqmoqdan ketaverdi. Togʻning narigi belida bu soʻqmoq birdaniga tik oldi, Choʻnqaymishga ketadigan dovonga qarab burildi. Gʻuchchi chol janubroqqa, sargʻish oʻt-oʻlan qoplangan choʻlga tomon tushib bordi. Galatepa uzoqda, archazor kumush boʻlib yaltiragan togʻ tumshugʻi ortida qolib ketdi. Gʻuchchi chol xiyla charchadi, terga botdi. Uyqusiz tun uni azoblab qoʻygan ekan, aʼzoyibadani zirqirab ogʻriy boshladi. Bekorga ot minmabman, deb oʻyladi u, hech kim gumondor boʻlmasdi, toqqa ketyapti, deb oʻylashardi, xolos… Kimning mening quturib oʻlganim bilan bir pullik ishi bor?.. Otni ayadim, zavol boʻlmasin, dedim. Sirasini aytsa, otning oʻzi nimaga keragi bor? Azroilni piyoda yurib ham topib olarman!..

Birdan u qoʻngʻiroq tovushini eshitdi. Avvaliga qoʻy-qoʻzini ergashtirgan serka boʻlsa kerak, deb xayol qildi, lekin harchand tikilmasin, yaqin-atrofda qoʻy zotini koʻrmadi. Qoʻngʻiroq tovushi ham goh kuchayib, goh susayib, togʻ bagʻridagi yaylovdan emas, butkul ters tarafdan – roʻparadagi toshloq qirlar ortidan kelardi. Yarim soatlar oʻtgach, qarshisidagi qir oʻrkachida bitta otliq paydo boʻldi, uning ortidan uchta tuya bodrab chiqdi. Gʻuchchi chol koʻzlariga ishonmay, bir zum tek qotib qoldi.

Kichkina karvon tobora yaqinlashib kelaverdi. Nihoyat, Gʻuchchi chol karvonboshini tanidi: bu oʻsha maʼlum va mashhur Jonuzoq arab edi. Karvonboshi ham uni tanidi chogʻi, otining jilovini tortdi.

– Assalomu alayhum, Gʻuchchi aka, – dedi Jonuzoq arab horgʻin bir ovozda. – Bu dunyoda tirik bormisiz, aka, joningiz tinchmi?..

– Birnav, – dedi Gʻuchchi chol.

– Kattaqoʻrgʻonga ketyapman, – dedi Jonuzoq arab. – Qarib qoldim. Kattaqoʻrgʻonning tuzi tortdi… Juda qaridim, Gʻuchchi aka…

Gʻuchchi chol uning qariganini oʻzi ham koʻrib turardi: soch-soqolidan tortib, to gardanidan chiqib turgan moʻylarigacha oppoq, yuzlari choʻtir, battar qoraygan…

– Koʻp kasal boʻldim, – dedi Jonuzoq arab. – Chechakka chalindim.

– Men esa uloqib kelyapman, – dedi Gʻuchchi chol. – Besar it qopti. Quturgan, deb aytishyapti. Tozi edi, menga oʻrgansa, moʻltonini esdan chiqarar, devdim… Moʻltonining iti itlik qilmas ekan, Uzoqboy. Bilasiz, bitta qoʻshquvur miltigʻim bor, endi tozi asrasam, deb oʻylovdim. Oʻzingiz oʻylang, umrim uyur ortida oʻtdi, bir yoqqa chiqolmadim, chiqarga vaqt boʻlmadi. Endi qarigan chogʻimda otga minib, miltiqni olib, keyin bitta tozini ortimdan olib, bir joylarga ovga chiqaman degan niyatim bor edi. Yoshligimdan shuni oʻylardim Uzoqboy, faqat burgutim yoʻq. Bir kuni Choʻnqaymishdan burgutning joʻjasini sotib oldim. Oʻn soʻm berdim, tumshugʻi qoraysa ovga opchiqarman, dedim, lekin burgutning bolasi quzgʻun boʻp chiqdi…

– Yomon boʻpti, – dedi Jonuzoq arab. – Burgutning quzgʻun boʻp chiqqani yomon, Gʻuchchi aka. Quzgʻun ovga yaramaydi.

– Bilaman, – dedi Gʻuchchi chol. – Lekin bechora qush quzgʻun boʻlarga ham ulgurmadi. Men Payshanbaga ketuvdim, uydagilar tuzlangan goʻsht berib oʻldirib qoʻyibdi… Balkim, ular qasddan qilmagandir, lekin quzgʻun Bari bir oʻldi. Burgut boʻlmasayam, bechora qushga ichim achidi. Uydagilar mening otimniyam yomon koʻradi, Uzoqboy, sotgin deb aytadi, boʻlmasam, seni bir jar-parga tashlab ketadi, deyishadi…

– Ular otni bilmas ekan, Gʻuchchi aka! – ajablandi Jonuzoq arab. – Bilsa, muncha yomon xayolga bormasdi. Yoʻq, Gʻuchchi aka, otni birovga sotmang!

– Kimgayam sotardim, – dedi Gʻuchchi chol. – Jonivor oʻzimga bosh qoʻyib qolgan. Sotsam, sayisligini kim qiladi? Yaqinda kasal boʻluvdi, bir pudcha sabzi yedirdim, qoni tozalandi. Yoʻq, Uzoqboy, boshqa birov otni xarob qiladi. Uydagilar hammasi mendan xafa. Bir hafta boʻldi, kampir singlisini koʻrgani ketgan. Ozroq xafalashgan edik, shu paytda ketgani yomon boʻldi, odamlar uni arazlab ketdi, deb oʻylayapti. Omadim yoʻq ekan, Uzoqboy.

– Mening xotinim uyda oʻtiradi, – dedi Jonuzaq arab. – Avval karvon bilan yurardi, endi uyam qaridi… Boradigan qarindoshiyam yoʻq, oʻzimga oʻxshagan yetim. Sizam biror yetim qizga uylansangiz boʻlarkan, Gʻuchchi aka.

– Menam shuni oʻylovdim, – dedi Gʻuchchi chol. – Lekin buyam yomonmas, insofi bor. Boshqasini olsam, balkim, yomon boʻlarmidi, oʻzingiz oʻylang, men yilqi ortida yursam, uyga haftada bir kelamanmi, yoʻqmi…

– Endi biz qarib qoldik, Gʻuchchi aka, – dedi Jonuzoq arab. – Endi tinchroq oʻtirsak boʻlarmidi.

– Hech iloji yoʻq, Uzoqboy…

– Toʻgʻri, iloji yoʻq. Siz, Gʻuchchi aka, shu moʻltonidan qolgan toziga tegmasangiz boʻlarkan.

– Tozi yomon emasdi… Oʻrgatib olgim keldi. Maxsum aytdi, qoʻying, aka dedi, bu bir besar it, tishlab-netib yurmasin… Yoʻq, quloq solmadim, endi eshitsam, quturgan tozi ekan. Men kutib oʻtirmadim, Uzoqboy.

– Kutmaganingiz yaxshi, – dedi Jonuzoq arab. – Mana, men shuncha yil yana Kattaqoʻrgʻonga boray dedim, qarasam, endi qartayib qolibman. Boshqa oʻtirolmadim… Nega piyoda ketyapsiz, Gʻuchchi aka? Esimda, bitta saman otingiz boʻlardi, zoʻr edi, Sigirtepaning tagida poyga boʻlsa, oʻzingiz birinchi boʻp kelardingiz. Hoziram oʻsha yerda uloq boʻladimi?

– Endi koʻp uloq chopishmaydi, Uzoqboy, – dedi Gʻuchchi chol gʻamgin turib. – Oʻsha saman otim ham endi yoʻq, endi mening boshqa otim bor – qizil qashqa ot… Koʻrib turibsiz, Uzoqboy, bosh olib ketyapman. Boʻlmasam, meni daraxtga bogʻlab qoʻyishadi. Oʻzingiz oʻylang, Uzoqboy, men daraxtni shu niyat bilan oʻtqazibmidim? Yoʻq, munga chidashim qiyin. Mundan koʻra, biror choʻli biyobonda oʻlib ketganim maʼqul…

– Siz Qiziltoshga boring, – deb maslahat berdi Jonuzoq arab. – Suvi yaxshi joy. Hamma yoqda qizil tosh, zarra qumigacha qizil…

– Menga suvning keragi kam, – dedi Gʻuchchi chol.

– Bari bir Qiziltoshga borganingiz maʼqul. Men u yoqda doim qizil oʻtov tikardim. Qiziltoshning toshiyam qizil, mening oʻtovim ham qizil boʻlardi. Borib yana oʻtov tikardim-u, lekin yosh oʻtib qoldi. Ular oldidan Kattaqoʻrgʻonga borib kelsam, shuyam katta gap. Uyda tinch oʻtirolmayman, Gʻuchchi aka. Oʻtgan kuni hech chidayolmadim, uch tuyani yetaklab yoʻlga tushdim. Indin choshgohda Kattaqoʻrgʻonga yetaman, ertaroq yetishim qiyin, tuyalar qarib qolgan.

– Tuyani nima qilasiz, Uzoqboy? – deb soʻradi Gʻuchchi chol. – Hammasi salt ekan-ku?

– E, tuyasiz boʻlarkanmi, Gʻuchchi aka!.. – ajablandi Jonuzoq arab. – Tuyasiz yoʻl yoʻlga oʻxsharmidi!.. Axir men… Kattaqoʻrgʻonga tuya tortardim-ku, esingizdan chiqdimi, Gʻuchchi aka?

– Kattaqoʻrgʻon yaxshi shahar, – dedi Gʻuchchi chol. – Odamlariyam yaxshi.

– Qiziltosh ham yaxshi, – dedi Jonuzoq arab. – Siz xoʻp deng, Gʻuchchi aka, Qiziltoshga boring. Siz u tarafda necha yil yilqi boqqansiz!

– Unga koʻp boʻldi, Uzoqboy! Eh-he, juda koʻp boʻldi!..

– Haliyam kech emas. Siz Qiziltoshga boring. Piyoda yurganga uzoq, yaxshisi, mening baytalimni oling. Xurjunniyam oling, men tuyada bir amallab yetib borarman.

Gʻuchchi chol yoʻq deyolmadi. Jonuzoq arab unga baytalining jilovini tutqazib, oʻzi tuyalardan biriga amr qildi:

– Choʻk, choʻk, jonivor!

Tuya choʻkkaladi. Jonuzoq arab uning oʻrkachiga chiqib oʻtirgach, tuya oʻrnidan turdi. Har kim oʻz yoʻliga keta boshladi. Biror yuz qadam bosib, Jonuzoq arab Gʻuchchi cholni chaqirdi:

– Sal boʻlmasa, esimdan chiqay debdi, Gʻuchchi aka! Oti Sanobar!

– Kimning oti? – tushunmay soʻradi Gʻuchchi chol.

– Baytalingizning oti!..

Shu soʻzlarni aytib, Jonuzoq arab qir ortida koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Gʻuchchi chol ertasi yarim tunda Qiziltoshga borib tushdi. Baytalini eski rabot burjidagi yulgʻun tupiga bogʻlab, xurjunini nuragan paxsa devor tagiga oldi. Rabotning usti oʻpirilib tushgan, darbozaxonasida sayrayotgan boyqush odam isini sezib jim boʻlib qoldi, keyin yana boshladi. Soʻng xas-xashak ostidagi chigirtkalar, kavaklardan sudralib chiqqan ilonlar… Basma-bas sayrashga tushdilar.

Atrof sutdek oydin. Oydinda rabotning xarobasi ulkan koʻrinadi. Vaqt ham negadir sustlashib qolgan.

Gʻuchchi chol yolgʻizlikdan endi choʻchidi. Koʻngliga choʻkkan vahimadan qutulmoq istab, baytalining yoniga bordi, boʻynidan mahkam quchoqladi, yuzini uning toʻs-dagʻal yollariga bosdi. Baytalga hojisining qiligʻi xush yoqdi, boʻynini tagʻin ham quyi egdi, soʻng yuganini bir-ikki silkitib, nozli kishnadi. Gʻuchchi chol baytalning ogʻzidan soʻligʻini chiqarib, oʻtlagani qoʻydi. Oʻzi kamzulini yerga tashlab, xurjunni yostiq qildiyu oyni, xira yulduzlarni kuzatib yotdi…

Sal oʻtib, yuragi siqildi. Nariroqqa oʻtlab ketgan baytalni chaqirdi:

– Beh-beh, jonivor, beri kel!

Baytal sezindi. Oʻtdan bosh uzib, Gʻuchchi cholning yoniga keldi. Uning yuzlarini hidladi. Baytalning ogʻzidan achchiq kakra hidi ufurdi. Gʻuchchi cholning koʻngli buzildi.

– Hammamiz oʻlamiz, Sanobar, – dedi u baytalga. – Menam, meni gapga qoʻygan Toʻraboyyam, hammamiz… Bir-birimizning dilimizni bekorga ogʻritganimiz qoladi. Hech kim dunyoga ustun boʻlolmaydy. Eshityapsanmi, jonivor?

Baytal ikki marta bosh siltab tashladi.

– Xudoyam bir kun borib oʻtib ketadi, – dedi Gʻuchchi chol. – Odamlar boʻlmagandan keyin Xudoning nima keragi bor?

– Biz-chi? – deb soʻradi baytal. – Bizlar qolamiz-ku?

– E!.. – deb qoʻl siltadi Gʻuchchi chol. – Barisi bir emasmi? Nima, ot odammidiki…

U birdan jimib qoldi. Baytalning koʻnglini ogʻritganini sezdi.

– Sen boshqa gapirmagin, jonivor, – dedi u sal turib. – Bari bir seni tushunolmayman. Otmisan, odammisan ishqilib, dunyoga bir kunlik mehmonsan. Endi shuniyam gap qilib yuramizmi?

Baytal oʻsal boʻldi. Boshini bir silkitib, yuganini chiqarib tashladiyu boshi oqqan tarafga yoʻrtib ketdi. Gʻuchchi chol oʻzining vahmi bilan ovora boʻlib yolgʻiz qolganini payqamadi ham.

“Yaxshi boʻlmadi, – deb oʻyladi u. – Xudoga shak keltirdim! Xudo boʻlmasa… boʻlmaydi-ku, axir?!” Nazarida xudo yoʻqolib, dunyo yetim qolganday edi.

 

* * *

Alqissa, Gʻuchchi chol ancha kundan soʻng Galatepaga sogʻ-omon qaytib keldi. Kelgan kuni kechqurun guzarga chiqdi, odamlarni toʻplab ularga Jonuzoq arab, uning baytali haqida naql qildi. Lekin ishongan odam kam boʻldi.

– Jonuzoq har qadamda bittadan ot hadya qiladigan ahmoq emas, – dedi choyxonachi Barot Qiyshiq. – Galatepaning tuzini totgan edi, qadrdonligimiz bor edi. Nega oʻzi kelmadi?

– Kattaqoʻrgʻonga ketayotgan ekan, – dedi Gʻuchchi chol. – Men piyoda ketayotuvdim, ot bilan bir xurjun yegulik berdi.

– Yegulik qani, Gʻuchchibek? – deb soʻradi Nazar Maxsum.

– Yegulikni yedim.

– Xurjuningiz qani?

– Xurjun eskiroq edi, rabotda qoldirdim.

– Tuzuk, tuzuk, – deb salmoqladi Barot Qiyshiq. – Mayli, xurjunni nari qoʻyaylik, siz ayting, Gʻuchchi buva, Jonuzoq arab hadya qilgan otning oʻzi qani?

– Ot ketib qoldi, – Gʻuchchi chol rostini aytishga majbur boʻldi. – Mendan arazlab ketdi.

Gurung ahli uning gaplaridan kulgan boʻldi.

– Siz bir qiziq odamsiz, – dedi choyxonachi. – Hamma sizdan xafa boʻladi, arazlaydi, ketib qoladi. Avval kampiringiz ketuvdi, endi baytal ketibdi…

– Kampir kelgan, – dedi Gʻuchchi chol. – Singlisini koʻrib keldi.

– Ketib qolganda hafa boʻlgandirsiz? – gapini qoʻymadi choyxonachi.

– Nega xafa boʻlaman, u qochib ketgani yoʻq-ku?..

– Moʻltonining tozisi-chi, tozi qochib ketgani rost-ku?

Gʻuchchi chol kalovlanib qoldi. Xayriyat, mulla Doniyor uning joniga ora kirdi.

– Siz choy opkelsangiz boʻlardi, Barotboy, – dedi u choyxonachiga qarab, soʻng, Barot Qiyshiq oʻchoq boshiga ketgach, yana Gʻuchchi cholga murojaat qildi.

– Qaytganingiz tuzuk boʻpti, Gʻuchchi. Bular bekorini aytibdi, men Jonuzoqning ot hadya qilariga ishonaman. Xudoga shukr, tirik ekan, men avvalroq bir rahmatli boʻp ketgan, deb eshituvdim.

– Hali tirik ekan, – dedi Gʻuchchi chol. – Ancha choʻkib qopti. Kattaqoʻrgʻonga borgisi kep yoʻlga chiqibdi.

– Biz sizni yoʻqolib ketdi, deb oʻylovdik, Gʻuchchibek, – deb gap qoʻshdi Nazar Maxsum. – Men bir shahar borsammi ham dedim, harne, oʻgʻlimiz Sanobek hukumatning odami, sizni izlagani birovni qoʻyarmidi…

– Yoʻqolganim yoʻq. Qiziltoshga boruvdim. Jonuzoqboy otini berdi. Koʻp aqlli baytal edi, odamga oʻxshab gapirardi.

Mulla Doniyor bilan Ibodullo Maxsumdan boʻlak hamma uning gapidan kuldi.

– Yaxshi baytal edi, – davom etdi Gʻuchchi chol. – Musulmon baytal edi. Shayton yoʻldan urib, xudoga shak keltiruvdim, shunga xafa boʻldi.

Bu gal undan oshkora xoxolab kulishdi. Gʻuchchi chol nima deyarini bilmay, tek qoldi. Shuncha gap yetmagandek, mulla Nishon uni kofirlikda aybladi:

– Siz Xudoga ishonmaysiz, Gʻuchchi, – dedi u. – Shu sababkim, shaytoni alayhilaʼna baytalingizning taniga kirib olibdi. Tilga kiribdimi, uning taniga shayton oralagan. Siz kofirsiz, Gʻuchchi, gʻirt kofirsiz! Faqat kofirning boshiga shundayin kasofat savdolar tushadi!

Gʻuchchi chol gapirolmay qoldi. Baxtiga, Ibodullo Maxsum gapga aralashdi:

– Esingizda boʻlsin, Nishonboy, shayton odamning tanidan oʻzga joyni oʻziga makon qilmaydi, – dedi u. – Siz tuzuk odamsiz-ku, lekin mullalikdan mazangiz yoʻqroq. Baytal jonivorning biror fisqu fasodi, bizga oʻxshab gʻayirligi boʻlmasa, nega siz unga munday tuhmat qilasiz? Xudoning koʻrsatgan karomati deng, ajabmaski, shu baytal keyin odamga aylangan boʻlsa…

– Maxsum hindu ekan!.. – deb qichqirdi mulla Nishon mulla Doniyorni guvohlikka chaqirib. – Eshityapsizmi, Maxsum hinduning mullasiga oʻxshab gapiryapti. Bitta kofir kamlik qiluvdi, endi, manavi Maxsum ham kofir chiqdi!.. Oʻzingiz ayting, Doniyor aka, baytal ham hech zamonda odamga aylanadimi?

– Munisi tadriji xudoga bogʻliq, – dedi mulla Doniyor mujmalroq qilib.

– Yoʻq, Doniyor aka, baytal odamga aylanmaydi. Sizam baytalning odamzoddan boʻlmish farqiga bormaysiz ekan!

– Boʻlmasa, nega Murod juvozkashning xotinchasi baytalga oʻxshab kishnaydi? – deb soʻradi mulla Doniyor.

Qolgan mardumlar ham uning gapini bir ogʻizdan tasdiqlashdi. “Murod juvozkashning xotini rostdan ham ikki yashar baytalchaga oʻxshab kishnaydi”, deb aytishdi.

Mulla Nishon koʻp mulzam boʻldi. Chandon oʻyladi hamki, munosib javob topolmadi. Qeyinroq borib, xayolida gʻalati-gʻalati gumonlar tugʻiladigan boʻldi. Deylik, xotini Hanifa kulsa, “Nega kishnayapsan, baytalcha?”, deb soʻraydi. Shu-shu, bechora Hanifa kulishni ham bas qildi. Endi uni qitiqlab ham kuldirolmaysan. Zavqi oshib-toshib ketganida, labining bir burchini koʻtarib iljayadi, xolos. Keyin birdan xoʻrligi keladi. Lekin tuzukroq xoʻrsinishi ham qiyin. Mulla Nishon uning xoʻrsinganini eshitsa boʻldi, “Nega pishqiryapsan, baytalcha?”, deb soʻraydi.

Mashoyixlar aytganidek, yurt ayvoni keng, bu ayvonda ming alvonda odam, ming alvon odamning ming turfa tashvishi bor. Mulla nishonning tashvishi – gumon qilmoq. Hanifaning tashvishi – kishnamaslik, bizniki… Kim bilsin, bizning nima tashvishimiz bor?.. Munday qarasa, tashvishimiz qolmadi hisob. Burchimiz roviylik edi, boʻyin tovlamadik va manzilga yetdik. Manzilga yetgan kimsaning bitta niyati boʻladi:

Tanimiz sogʻ, jonimiz tinch boʻlsin!

 

Murod Muhammad Doʻst

 

“Ijod olami”, 2017–3

https://saviya.uz/ijod/nasr/bir-toychoqning-xuni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x