Bugungi kunda bolalar adabiyotini keng planda: ham tarbiyaviy, ham yosh avlodga dastlabki fan asoslarini oʻrgatuvchi ilk saboq, ham badiiy mahorat masalasi nuqtai nazaridan chuqur va atroflicha oʻrganish vaqti yetdi. Ayrim adabiyotshunos va pedagog olimlarimizning bu boradagi dastlabki ishlarini olqishlash kerak.
Oʻtgan asr 70-yillarining oʻrtalariga kelib oʻzbek bolalar adabiyotida yosh, isteʼdodli shoir Anvar Obidjon nomining paydo boʻlishi bolalarga chinakamiga quvonch baxsh etdi. Shoirning “Yosh gvardiya” nashriyotida nashr etilgan (1980 yil) “Bahromning hikoyalari” nomli qirq toʻrtta sheʼr va bir ertakdan iborat toʻplami oʻsha paytdayoq koʻpgina oilalarning “arzanda” kitobiga aylanib qoldi va undagi aksariyat sheʼrlar oʻz egalari – bolalar tomonidan yod olinib boʻlindi. Buning sababi, yosh shoirning muvaffaqiyati sirlari nimada?
Eng avvalo shuni aytish lozimki, bolalarga atalgan sheʼriyatning oʻziga xos tomonlaridan biri – ixchamlikdir. Bola uzun sheʼrni yomon koʻradi, uni oʻqimaydi, eshitmaydi. Anvarning sheʼrlari qisqa, loʻnda, yaxlit.
Mana bu ixcham, yoqimtoy sheʼrlarni tinglang-a, oʻzingiz ham bola boʻlib ketasiz:
Garmon qoʻshigʻi
Nafas olsam chalinaman,
Gʻitta-gʻitta.
Qattiq choʻzmang, yalinaman,
Gʻitta-gʻitta.
Boʻyningizga meni osing,
Gʻitta-gʻitta.
Tugmalarni toʻgʻri bosing
Bitta-bitta.
Elak qoʻshigʻi
Oppoq unni supraga
Elagayman,
Tappa-tup.
Betingizni upaga
Belagayman,
Tappa-tup.
Qattiq urmang yuzimga,
Opajonim,
Tappa-tup.
Juda shirin oʻzimga
Mening jonim,
Tappa-tup.
Ha, qoʻrqmaysan-a!
– Nega yulding
Betimni?
Chaqiraymi
Itimni?
– Hafa boʻlma,
Sulaymon.
Hozir seni
Silayman.
Shu paytgacha koʻpincha bolalarga deb, aslida bolalar hayoti haqida kattalarga joʻn informatsiyalar beruvchi, bolalarning diqqatini tortmaydigan, umumiy gaplardan iborat, pand-nasihat, oʻgitlar xarakteridagi, konkret adressiz, zoʻrma-zoʻraki sheʼrlar koʻp yozildi va afsuski hozir ham bu yomon tendensiya toʻxtab qolgani yoʻq. Anvar Obidjon sheʼrlarida mana shu “fazilatlar” uchramaydi. Unda bolalarning tabiatan eng yaqin doʻstlari – turli hayvon-jonivorlarning hammaning ham nazari ilgʻab olavermaydigan katta, murakkab hayoti, qiliqlari, xatti-harakatlari bor va bu hayot odamlar va xususan bolalar dunyosini hamda jonzotlar dunyosini juda yaxshi bilgan, ularni butun qalb qoʻri bilan ilgʻay va seva olgan inson tomonidan soddagina qilib, badiiy tasvirlab berilgan.
Anvar Obidjon goh kattalarga oʻz kichkintoy qahramonlarining ichki olamini koʻz-koʻz qilsa, goh bolalarning oʻzlarini oʻzlariga koʻrsatadi. Bolalar bilan zerikarli va samarasiz “tarbiyaviy soat” olib bormaydi, balki sheʼrning mazmunidan silqib chiqqan sodda, tushunarli maʼno va mantiq bolaga, uning xarakteriga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Yaʼni shoir material haqida axborot bermay, materialning oʻzini koʻrsata oladi. Mana, eshiting, “Bezori” degan sheʼr:
Qargʻa kirdi
Kinoga,
Oʻxshab
Buratinoga.
Hamma joylar
Edi band.
Borib dedi
Nopisand:
– Menga qara,
Vey, Laylak,
Yeganmisan
Hech kaltak?
Qani,
Tur-chi oʻrningdan.
He, oʻrgildim
Burningdan!
Bu kartinada shoir bolalarga pand-nasihat ham, oʻgit ham aytmadi, holatning oʻzini mahorat bilan koʻrsatib berdi, xolos. Demak, hammaning tinchini buzgan bezori Qargʻaning xatti-harakati, manmanligi odobsizlikdan boshqa narsa emas. Uning qiligʻidan kulamizmi, demak, undan oʻrnak olmasligimiz kerak!
Anvar Obidjon sheʼriyatining yana bir muhim xarakterli jihati – bu sheʼrlar garchi asosan kichik yoshdagi bolalarga bagʻishlangan boʻlishiga qaramay, hayvon va jonivorlar misolida hayotning faqat yorugʻ tomonlarinigina emas, balki uning qorongʻi lahzalarini ham haqqoniy ifodalash bilan (bolaning aqli va shuuriga singadigan darajada) kichkintoy oʻquvchi qalbida hayotning negativ kartinasini koʻrish vositasida mehr-shafqat, nafrat, gumanizm, vatanparvarlik tuygʻularini ilk bor tarkib toptirib beradi. Yaxshi sheʼrlar orasida ham yaxshisi hisoblangan “Onaning jasorati” sheʼrida shoir ona Sichqonning olti bolasi bilan shod va baxtiyor umr kechirishi, uning shirin orzu-xayollarini tasvirlaydi. Ammo bu baxtiyor turmush uzoqqa choʻzilmaydi. Omborda shum Mushuk paydo boʻladi. Olti bola endi och-nahor. Ona nima qilishi kerak? Chiqsa – Mushukning yemi boʻladi. Chiqmasa – olti bola ochdan oʻladi. Buyogʻiga sheʼrning oʻzini tinglang:
… Ona nochor qoʻzgʻaldi
Oziq topmoq koʻyida.
Umidvor boqib qoldi
Huvillagan uyida
Uning olti bolasi.
… Oʻlja boʻlib Mushukka,
Ona ingrar, qaltirar.
Asta boqar teshikka,
Olti juft koʻz moʻltirar –
Uning olti bolasi.
Anvarning sheʼrlarida nafaqat mazmunda, balki shaklda ham originallik mavjud. Uning har bir sheʼri, turkum sheʼrlari oʻziga xos formada boʻlib, ularda ohang va vazn tovlanishlari, mazmun qatʼiy talab qilgan naqorat, takroriy misra yoki qofiya-radiflar, lozim topilgan takror soʻzlar beriladiki, bu hol bolaning sheʼrni oson hazm qilishini, hatto uni yodlab olishini taʼminlaydi.
“Bolalar uchun yozilgan asarlar tarbiyaviy maqsadga boʻysundirilishi kerak”, degan edi V. G. Belinskiy oʻz davrida. A. Obidjon sheʼrlarining muhim ijtimoiy ahamiyati uning chuqur tarbiyaviyligida hamdir. Toʻplamdagi har bir sheʼrda biror hayvon yoki parrandaning, yo boʻlmasa, ularning eng yaqin, jonkuyar doʻsti – Bolaning yaxshi yoki yomon feʼl-atvori, odati, xatti-harakati koʻrsatiladi. Tasvir qahramon faoliyatining xoh pozitiv, xoh negativ formasida boʻlsin, bola bu xatti-harakatni yo tasdiqlaydi, yo inkor qiladi. Demak, sheʼr mazmuni bola xarakterining ilk shakllanish protsessida muhim tarbiyaviy faktor sifatida xizmat qiladi.
Masalan, shoirning toʻplamiga kirgan eng yaxshi sheʼrlardan biri “Oʻrmonda ziyofat”da Sherning oʻrmonda oshxona ochgani-yu, unda hayvonlarning xizmat qilishi hamda oʻziga yoqqan taomlarni yayrab yeb, hordiq chiqarishining tasviri keltiriladi. Bu yerda birinchi navbatda bolalar tarbiyasi uchun muhim boʻlgan kollektivizm tuygʻusini shakllantirish va oʻzaro doʻstona hamkorlik, tartib-intizom (“Eshikka xat yozilgan: “Tuyogʻingni art! ”) haqida gap boradi, ayni paytda, bolalar turli hayvonlar hayoti, ularning xarakterli xislatlari bilan tanishtiriladi:
… Mushuk dedi: “Keltiring –
Sutga toʻgʻrab non.
Yoʻqmi sizda mabodo,
Yangiroq sichqon? ”
Tulkivoy der: “Bugun sal
Tashqari sovuq.
Menga – qaynoq kakao
Va tirik tovuq! ”
“Menga hang… ham qarang”, deb
Baqirdi Eshak.
Sekingina dedi Fil:
“Bir tonna xashak! ”
Shoirning toʻplamdagi yagona ertagi – “Boʻrining doktor boʻlgani haqidagi ertak” oʻtkir hajvi bilan ajralib turadi. Oʻrmonda hayvonlar doktori boʻlib qolgan shum shifokor – Boʻrining oʻz kasbini “suvdek bilishi”, hayvonlarni davolash oʻrniga, yoʻlini qilib, ularni yeyish payidan boʻlishi qattiq satira ostiga olinadi. Bemor Tulki bilan shifokor Boʻri orasida shunday voqea boʻlib oʻtadi:
… Mana senga tabletka,
Beri kel-chi, jon ini…
Shunday qilib
Bir chetda
Boʻri yedi Tulkini.
Soʻngra ochib “Bemorni –
Qabul qilish daftari”n,
Silab-siypab qornini,
Yozdi ushbu gaplarni:
“Qoʻlin tirnab boʻztikan,
Tulki keldi notetik.
Ahvoli ogʻir ekan,
Chora topmadik…
Yedik! ”
Shifoxonaga oʻrmon shohi – Sher kirib keladi. Uning shikoyaticha, keyingi paytlarda ishtahasining mazasi yoʻq. Boʻri darrov xushomadgoʻylik bilan shoh atrofida parvona boʻladi. Unga vitamin isteʼmol qilish zarurligini uqtirib:
“Tabibdir yetti pushtim,
Shunday uqtirar ular:
Semiz hayvonning goʻshti
Vitaminga boy boʻlar”. –
deya maslahat beradi va shu bilan firibgar, shum shifokor oʻz tumshugʻidan ilinadi. Sher semizlikda hech qanday hayvondan qolishmaydigan tayyorxoʻr Boʻrining oʻzini vitamin oʻrnida yeydi.
Maʼlumki, bolalar, ayniqsa kichik yoshdagi bolalar adolatsizlikka chidashmaydi. Ular xoh multfilm koʻrishsin, xoh qoʻgʻirchoq teatri spektaklini koʻrishsin, xoh ertak tinglashsin, sevimli qahramonlariga jabr-zulm qilganlarning oʻzi ham pirovard natijada jabr tortishini juda istaydilar. Voqealar zanjirini sinchkovlik bilan kuzata borib, yomonning jazolanishini orziqib kutadilar. Bu niyatlari amalga oshgandan keyin esa terilariga sigʻmay, chapak chalib, qichqirib xursand boʻladilar.
Anvar Obidjon oʻz muxlislarining xarakterini, ularning maʼnaviy ehtiyoj va talablarini yaxshi biladi hamda oʻz ertagini xuddi bolalar istaganiday adolat tantanasi bilan yakunlaydi. Hammaga yoqqan, epchil, chaqqon Quyon doktorlikka oʻqishga yuboriladi.
***
Anvar Obidjon bolalar uchun faqat yaxshi sheʼrlargina yozib qolmasdan, prozaik sifatida ham hikoyalar mashq qilib yurdi. Avtor sheʼrlarida turli hayvon-jonivorlar obrazini yaratgan, ularning oʻziga xos hayot tarzini bolalarga poetik hikoya qilib bergan edi. “Yosh gvardiya” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Olovjon va uning doʻstlari” (1983) deb nomlangan nasriy toʻplamida ham avtor xuddi shu yoʻsinda davom etadi. U bolalarimizga oʻzlari koʻrgan va koʻrmagan turli jonivorlar hayoti haqida qiziqarli hikoyalar aytib beradi.
Biz va bolalarimiz, avvalo Gulxaniy, Maxmur kabi klassiklarimiz ijodi, keyin rus adabiyotining mashhur vakillari Marshak, Barto, Mixalkov va boshqalarning asarlari vositasida turli hayvonlar, hasharotlar, parrandalarning inson hamrohi va doʻsti sifatidagi yorqin obrazlari bilan tanishganmiz. Anvar Obidjon ana shu yaxshi anʼanani davom ettiradi. Uning “Jonzotlar tilidan” (“Atrofimizdagi qiziqchilar”) turkum hikoyalarining qahramonlari boʻlgan har xil jonivorlar oʻz monologlarida (har bir hikoya bir jonzotning monologi tarzida yozilgan) shaxsiy feʼl-atvori, yashash manbai, turmush tarzi haqida soʻylab beradilar. Hikoya soʻngida ular oʻz doʻstlari – inson bolasiga murojaat qilib, undan maslahat yoki yordam soʻraydilar. Bu asarning, bizningcha, foydali, yutuq tomoni shundaki, ular bolalarning atrof-muhit, ayniqsa, hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishuviga yordam beradi. Bolaning tabiatga boʻlgan mehrini oshiradi. Bu asarlarning juzʼiy nuqsoni shuki, ularning barchasi bir xil formada yozilgan, shaklbozlikka berilib ketish hollari seziladi. Dialektizm, shevachilik elementlari bor.
Avtorning “Olovjon va uning doʻstlari” ertak-hikoyasi kompozitsion puxta, syujeti qiziqarli. Asar kichkintoylarni doimo aql-farosat bilan ish koʻrishga, aqlli boʻlish uchun kitob ila doʻstlashishga chaqiradi. Qumursqavoyning tadbirkorligi bolalarni qoyil qoldiradi, hayajonga soladi. Faqat, bizningcha, surbet chumolilar bilan “jang” tasviriga oid manzarada konfliktni yanada kuchaytirish – murakkablashtirish kerak edi.
“0099 nomerli yolgʻonchi” nomli ertak-qissa muallif asarlari orasida eng yaxshisidir. Ertak-qissada oʻzboshimchalik bilan ish koʻrib, koʻpchilikni aldagan maqtanchoq Uloqchaning ajoyib-gʻaroyib sarguzashtlari haqida qiziqarli hikoya qilingan. Asarda hayoti Uloqchaning sarguzashtlari bilan bogʻliq boʻlgan har bir hayvonning oʻziga xos tomonlari, xulqi, qiyofasi keng ochib beriladi. Masalan, Hoʻkiz – kuchli, farosatli, ammo ehtiyotkor, sermulohaza. Eshak – fahmi kalta, bir oz mansabparast, ayni paytda, soddadil. Qoʻzichoq – hammaga barobar, yaxshining ham, yomonning ham gapini “toʻgʻri” deb tasdiqlaydigan jonivor. Quyon – quv, qoʻrqoq, lekin kezi kelganda doʻstga sadoqatini isbotlay oladigan tadbirkor hayvon.
Qarama-qarshi qutb, dushman kuchlar vakillari boʻlgan Boʻrichalar Ashqal bilan Dashqal (Boʻrichalarning nomlari yaxshi tanlanmagan) yovvoyilarcha vahshiyligi, shafqatsizligi va qabihligi bilan ajralib turadi.
Bu ertak-qissaning muvaffaqiyatli tomoni shundaki, unda hayvonlar vositasida muhim ijtimoiy problemalar koʻtarib chiqiladi hamda bolalarga oson tushuniladigan, ular ongiga tez yetib singadigan darajada sodda va tabiiy usulda hikoya qilib beriladi.
***
1983 yilda Gʻafur Gʻulom nomidaga Adabiyot va sanʼat nashriyotida yosh adibning “Ey, Yorugʻ dunyo… ” (“Alamazon va uning piyodalari”) fantastik-sarguzasht qissasi bosilib chiqdi.
Bir qarashda “Ey, Yorugʻ dunyo” qissasining syujet va fabulasi bizga eskidan maʼlum boʻlgan qandaydir sxematik – tush koʻrish, hushdan ketish, oʻzini bilmay qolish darajasidagi holat vositasida turli fantastik va sarguzasht vaziyatlarga tushishlar tasviriga olib borgandek tuyuladi. Ammo yosh adibning bu taʼnani inkor qiladigan yutugʻi shundaki, haqiqatan bolalarning (Alamazon va Eshmat-Frensis) xayolot dunyosidaga, yaʼni tushdagi tasvirlari hayot haqiqatiga toʻla mos keladi. Ularning sarxushlik davridagi “faoliyatlari” mantiqan adib tasviriga juda yaqin turadi. Bu yosh yozuvchining badiiy-psixologik tahlildagi muvaffaqiyatidan dalolatdir. Syujetning sarguzashtliligi va qiziqarliligi shu darajadaki, qissani oʻqigan bolalar ham, va hatto kattalar ham Alamazon va Eshmatning yorugʻ dunyodagi (haqiqiy hayotdagi) sarguzashtlari qayerda tugab, xayolotdagi (Yulduzistondagi) kechinmalari qayerdan boshlanganini ham bilmay qolishadi.
Shunday qilib, davlatga boqimanda boʻlib oʻtirmay, el-yurtga mustaqil foyda keltirishga ahd qilgan bolalar “yorugʻ dunyo”dagi, yaʼni oʻz qishloqlaridagi hayotni yanada yaxshilash, farovonlashtirish uchun xazina izlab Jandagʻor sari safarga otlanishadi. Maqsad ham aniq-ravshan: topilgan boylik evaziga ulkan stadion, qishloq aholisi uchun bir necha koʻpqavatli uylar qurish, qariyalarga marmar devorli kattakon choyxona ochib berish, hamma koʻchalarga asfalt yotqizish, Qoʻchqorsoy ustidagi koʻprikni yangilash, yaqinda vafot etgan veteran oʻqituvchi – boshlangʻich sinf muallimi Ahmadali ota xotirasiga terak boʻyi haykal oʻrnatish va hokazolar. Bolalar gʻorga kirib ketgach, Oʻrta asr timsolidagi oʻzga bir dunyoga borib qoladilar…
Yosh adib Yulduzistondagi saltanat aholisi oʻrtasidagi poklik va nopoklik, adolat va nohaqlik, erk va istibdod, sadoqat va maʼnaviy puchlik oʻrtasidagi katta, ogʻir kurashga asoslangan konfliktni koʻrsatarkan, irkitlar hukmron boʻlgan podsholik xalq taqdirida, ayniqsa, uning maʼnaviy hayotida nechogʻlik ogʻir fojialar qoldirganligini katta mahorat bilan tasvirlaydi. Shu oʻrinda, garchi bu asarlar deyarli bir vaqtda yozilgan esa-da, beixtiyor mashhur sanʼatkor Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanidagi oʻz tuqqan onasini nafaqat taniy olmagan, balki “boshimni ochib koʻrmoqchi” degan shubha bilan uni oʻldirgan tuygʻusiz, avtomat miyali manqurt yodingizga tushadi.
Adib Yulduzistondagi maʼnaviy zulmatdan ona xalqini qutqazib qolish uchun uzoq yillar mobaynida kurash olib borayotgan vatanparvarlar obrazlarini berarkan, donishmand chol Xazrat Humo va Sagʻir piyodalar xarakterlarini yaratadi. Alamazonning “yoʻlboshchilik” va “sarkardalik” sifatlari, undagi katta qobiliyatlar mana shu kurash jarayonida ochiladi.
Bizning yurtimiz farzandi boʻlgan Alamazon Yulduziston shahanshohligida ham oʻzining aql-idroki, tadbirkorligi, epchil-chaqqonligi, favqulodda qiyin sharoitlardagi topqirligi va uddaburonligi bilan bu kurashga bosh boʻlib, katta qahramonliklar koʻrsatadi. Pirovardida zulmat bagʻrini yorib oʻtib, Yulduziston aholisini yorugʻlikka – adolat dunyosiga, maʼnaviy poklik va yuksaklikka, insoniy choʻqqiga olib chiqadi.
Maʼlumki, jahonga mashhur bolalar yozuvchilari oʻz asarlarini hamisha ikki-uch planda, yaʼni bolalar uchun ham, kattalar uchun ham badiiy-estetik oziq beradigan yoʻsinda yaratadilar. Bunda ijodkorning birinchi vazifasi turli sarguzasht, hangoma, oʻtkir syujet, gʻaroyib voqea va hodisalar yordamida asarning bolalar uchun qiziqarliligini taʼminlash boʻlsa, ikkinchidan, zamonlar, podsholiklar, odamlar va ularning taqdirlarini koʻrsatishda podtekst, yaʼni kattalar uchun ham muhim ijtimoiy problemalarni oʻrtaga tashlab, ularni ijobiy hal qilib berish, xalqqa yoʻl koʻrsatishdan iboratdir. Uchinchidan, ayni paytda, mazkur asar vositasida bolalarni, kelajak egalarini gumanist, vatanparvar, fidoyi kishilar qilib tarbiyalash ham koʻzda tutiladi.
Anvar Obidjonning ushbu ilk yirik prozaik asarida bu xususiyatlarning barchasi mavjud. Bolalar oʻz tengdoshlari – Alamazon sarguzashtlaridan hayajonga tushish bilan birga undan koʻp ijobiy xislatlarni beixtiyor oʻzlariga yuqtiradilar. Ezgulik tantanasi uchun kurashishga, olijanoblik va insoniylikka oʻrganadilar.
Anvar Obidjon qissada badiiy ijodning turli komponent va vositalaridan unumli va oʻrinli foydalangan. Xususan, hayotbaxsh yumor, oʻtkir mubolagʻalar, groteks, oʻrni bilan nozik lirik tasvir va hokazolar shular jumlasidandir. Ayniqsa, avtorning badiiy ijodning shartlilik prinsipidan yaxshi foydalanganligini taʼkidlab oʻtish kerak. Alamazonning barcha yutuqlariga bosh boʻlgan xislati, avvalo, uning haqiqat fidoyisi boʻlishi, odamlar uchun yaxshilik, farovon hayot istashidir. Ayni paytda, u isqirtlar sulolasiga qarshi katta kurashga otlanarkan, yana bir shartlilik – vositadan oʻrinli foydalanadi. Bu Alamazon va uning Sagʻir piyodalariga ularning oʻzidan ham kattaroq kuch-qudrat, gʻalaba keltirgan Madumar avliyoning arvohi rolidir. Shu yoʻsinda yosh adib fantaziya ichida fantaziya, shartlilik ichida shartlilik vositasida asarining badiiy qimmatini va mantiqiy izchilligini taʼminlab boradi.
Nihoyat, asar soʻngida maʼlum boʻlishicha, bu katta kurash va taqdirlar yoʻli Alamazon va oʻrtogʻi Eshmatning uxlatuvchi dori taʼsirida boshidan kechirgan sarguzashtlari boʻlib chiqadi. Alamazonning togʻasi professor Ogʻabek Turkoniy Hindistonga oʻtayotib, opasi va jiyanlarini koʻrgani oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqqa tushganida bolalar u opkelgan noyob dorini ichib qoʻyib (arxeologlar topgan bu dorining qutichasi ustiga “ichgilu maqsadga yetgil” degan soʻzlar bitilgan), mana shu “koʻrgilik”larga duchor boʻladilar. Bu ham sarguzasht-fantastik asarning texnik uslublaridan biridir.
Yana shuni aytish kerakki, bu qissadagi uyquning boshqa ayrim fantastik asarlardagi uyqudan farqi shundaki, oʻquvchi qissa oxirida Alamazon va Eshmat sarguzashtlari tushmi yo haqiqat ekaniga ikkilanib qoladi. Boshqa dorilarni avvalda ichib koʻrgan arxeolog va arxitektorlar toʻgʻrisidagi gaplar voqealarga reallik kasb etadi.
Pirovard natijada boylik, xazina, oltin-kumush izlab safarga otlangan bolalar katta hayotiy tajriba orttirib, boshdan turli turmush urinishlarini kechirib, oltinu javohirlar togʻ-togʻ boʻlib uyulib yotgan yurtdan, nonu osh tayyor tosh-oʻchoqlarda pishadigan mamlakatdan oʻzlari yashab turgan “yorugʻ dunyo”ning – insoniyat dunyosining afzalligini yurakdan anglab qaytadilar. Muhimi ham mana shunda. Vatan tuygʻusi, uni hamisha mustaqil va obod koʻrish, buning uchun kurashish lozimligi hissi yosh avlodga singdirilar ekan, ijodkorning muvaffaqiyati shubhasizdir.
Mahmud SATTOROV,
filologiya fanlari nomzodi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bolalarning-bayrami/