Hakimlardan biri demishki: “Hikmatdan qirq daftar yozdim, ammo undan naf koʻrmadim. Undan qirq kalimasin ixtiyor qildim, ammo na manfaatu na foydasin bilmadim. Undan toʻrt soʻz tanlab oldim va qidirgan narsamni topib koʻngilga soldim:
Avvali shuki, ayollarga ham erkaklar kabi eʼtimod qoʻyma… Ikkinchisi shuki, boylikka magʻrur boʻlma, boylik qanchalik farovon boʻlmasin, uni zamon oxiri paymol etadi.
Boylikdan kerilmoq – aqldan nari,
Chunki u oʻtkinchi bulut singari.
Oʻtkinchi bulutda javhar boʻlsa-da,
Subutiga yoʻqdir aqling bovari.
Uchinchisi ulkim, oʻz yashirin siringni doʻstingga ham aytma, chunki doʻstlikka xalal yetib, dushmanlikka aylangani hayotda koʻp uchraydi.
Ey oʻgʻil, dushmanlaringdan yoshirin boʻlsa siring,
Yaxshisi doʻstlar aro ham soʻzlama, qolsin nihon.
Bu falak kaj aylanib dushman kishi doʻst boʻlganin,
Doʻst dushman boʻlganin ham koʻrganim bor koʻp zamon.
Toʻrtinchi ulkim, faqat foydasi tegadigan ilmni olish kerak, foydasiz fazilatdan qochmoq va faqat zarur narsaga quloq ochmoq lozim.
Eng zarur bilimni qunt bilan oʻrgan,
Zarur boʻlmaganin axtarib yurma.
Zarurini hosil qilgandan keyin,
Unga amal qilmay umr oʻtkurma.
Abdurahmon Jomiy
“Bahoriston” dan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/hakimlardan-biri-demishki/