Adib dramaturgiyasi

Oʻtkir Hoshimov ijodiga nazar

 

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov nafaqat nasrda, balki dramaturgiya yoʻnalishida ham oʻziga xos qirralarni namoyon etgan ijodkorlardan biridir.

Ijodkorning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida barcha qalamkashlarga namuna boʻladigan shunday fikr bor: “Xudo koʻngliga solmaguncha, haqiqiy yozuvchi qoʻliga qalam olmaydi”. Oʻtkir Hoshimovning qariyb yarim asrlik ijodini kuzatgan ixlosmand bir narsani payqaydi. Ijodkor deyarli barcha asarlarida, avvalo, odamzodning buyukligi va ojizligi, muhabbati va nafrati, sadoqati va xiyonati, xullas, insonni diqqat markazida tutadi.

Oʻtkir Hoshimovning “Inson sadoqati” ruhiy dramasida bir qarashda keskin tashqi dinamika, harakatlar, yelib-yugurishlar, yoʻq. Voqea bir joyda, kasalxonaning torgina palatasida boʻlib oʻtadi. Ammo, bu asarda dramatizm yoʻq, degani emas. Undagi ichki teranlik, ikki qutbning murosasiz ziddiyati tomoshabinni (engil-yelpi emas, esli-hushli tomoshabinni) muttasil hayajonda ushlab turadi. Asardagi poklik va nopoklik, fidoiylik va xudbinlik oʻrtasidagi kurash nihoyatda jiddiy va keskin.

Ijodkor asarlariga xos boʻlgan teran falsafa, taʼsirchan til mazkur dramada ham koʻrinadi. Asarning bosh qahramoni, bolalik chogʻida ham otadan, ham onadan tirik yetim boʻlib qolgan, ammo xudbinlik emas, fidoiylik yoʻlini tanlagan yosh olim Elyorning onasi bilan alamli suhbatdagi bir gapini eslang. Goʻdak bolani tashlab ketib, “erkin muhabbat” gashtini surgan va oʻgʻli elga taniqli olim boʻlgach, “ona” ekani esiga tushib qolgan ayolga Elyor koʻzida yosh bilan murojaat qiladi: “Onajon, aytingchi, mabodo, men tugʻilishimdan oldin siz toshga boshqorongʻi boʻlmaganmidingiz?… Men chindan ham tosh boʻldim. Otam olib sizga otadi. Sizga tegib, sizga ozor beraman, oʻzim ozor chekaman. Siz olib, otamga otasiz. Otamga tegib, otamga ozor beraman, oʻzim ozor chekaman!” Dildan otilib chiqqan bu faryodni his etgan oʻquvchi larzaga tushmay qolmaydi.

Oʻtkir Hoshimovning “Sizdan ugina” (“Vijdon dorisi”) satirik komediyasida jiddiy mavzu va yaxshi topilma mavjud. Yosh olim farmatsevtika sohasida yangilik boʻlgan vijdon dorisini kashf etadi. Uni ichgan odam oʻzi bilmagan holda dilida borini toʻkib soladi. Olim oʻz dorisini sinab koʻrganida “gʻalati”, aytish mumkinki, dahshatli manzaraga duch keladi. Oʻziga yaqin olgan, oʻzi ishongan odamlar sirasida naqadar gʻarazgoʻy, tili boshqa, dili boshqa kimsalar bor ekan. Va, aksincha, oʻzi unchalik yoqtirmaganlar orasida qanchadan-qancha sofdil, samimiy odamlar bor ekan.

Odatda, yozuvchi va dramaturg ijod yoʻnalishiga qarab maʼlum “toifa”ga boʻlinishi mumkin. Birov nuqul jiddiy asarlar yozadi, boshqa adib yoki dramaturg hajvga moyil. Bir yoʻla oʻquvchi yoki tomoshabinni “yigʻlatish”ga ham, “kuldirish”ga ham qodir qalamkashlar koʻp emas. Adabiyot tarixiga nazar tashlasak shunday koʻpqirrali ijodkorlarni koʻrish mumkin. Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Erkin Vohidov asarlarida, aynan, shu xususiyatlarni koʻramiz.

Oʻtkir Hoshimov ham shu sirasiga mansub ijodkorlardan. Uning “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” kabi qissalari va romanlari, shuningdek, qator hikoyalarida jiddiy fojiali holatlar tasvirini koʻrasiz.

Ijodkorning yana bir asari – “Qatagʻon” tragediyasi haqida bir qadar batafsilroq toʻxtalishga toʻgʻri keladi.

Shoʻro adabiyotida tragediya yozish mumkin emas, degan tushuncha, aniqrogʻi, “ichki buyruq” bor edi. Mayli, xohlagan odam xohlagan tragediyasini yozaversin, ammo, bu janrdagi asar oʻtgan zamon yoki boshqa mamlakatlar haqida boʻlishi shart edi.

“Qatagʻon” tragediyasi shoʻro zamoni haqidagi birinchi oʻzbek tragediyasi deyish mumkin. Tragediya markaziga oʻtgan asrning saksoninchi yillarida oʻzbek xalqi boshiga tushgan ogʻir kulfat – olisdagi markaz tomonidan uyushtirilgan va minglarcha begunoh insonlarning qismatini qora qilgan “oʻzbek ishi”, “paxta ishi” kompaniyasi, mustabid tuzumning soʻnggi jinoiy hamlasi asos qilib olingan.

Oʻz vaqtida “Qatagʻon” tragediyasi haqida matbuotda ayrim maqolalar eʼlon qilingan. Biroq, ularda asar chuqur tahlil etilgan deyish qiyin. Asarda shunday tagmaʼnoli, “yashirin” nuqtalar borki, ularni anglash uchun oʻylaydigan tomoshabin kerak. Masalan, asar boshidan sahnaga Loʻli chiqib keladi va oʻz odatiga binoan, “uyingda amal boo-o-r”, deb bosh qahramon Panji Jumanovning xotini Hanifaga “fol ocha boshlaydi”. Bir qarashda jiddiy tragediyada atigi bir necha daqiqa koʻrinadigan Loʻlining nima keragi bor? Gap shundaki, dramaturg mana shu “keraksiz” obrazga ham katta “yumush” yuklagan. Loʻlini tergovchi Myasnikov ermak qilib, “Loʻli boʻlsang, bir fol ochib koʻr-chi”, deb kaftini tutadi. Shunda Loʻli unga qarab. “Qoʻlingdan qon hidi kelopti, sen yomon odamsan!” deydi va bu gapi bilan tomoshabinni asarda roʻy beradigan fojialardan ogoh qilgandek boʻladi. Hanifaga “bularni nega uyingga kiritding, bular yomon odam, uyingda amal bor”, deb tagʻin bir bor taʼkidlaydi. U aytgan “amal” nima ekanligi soʻnggi pardalarda ayon boʻladi. Miyasnikov bu xonadonning hojatxonasiga narkotik modda yashirib ketadi va shu bahonada birinchidan, Panji Jumanovning tilini qisiq qilmoqchi, ikkinchidan, Hanifani ham hibsga olmoqchi boʻladi.

Tragediyada yana bir sahna bor. Myasnikov Hanifaga ering yashirgan pulni topasan, deb zugʻum qilavergach, ayol shoʻrlik dod ustiga dod solib, qoʻshnilarni yordamga chaqiradi. Afsuski, bironta qoʻshnisi xoling nima kechdi, deb yoniga yaqin kelmaydi. Bu bilan dramaturg olisdagi markaz qatagʻon uchun boshqa xalqni emas, aynan, oʻzbeklarni tanlagani bejiz emasligi, bizning odamlar harchand mehnatkash, bagʻri keng boʻlmasin, vaqtini qovushish, bir-birini himoya qilish masalasida loqayd ekaniga ishora qiladi.

Shunday ogʻir pallada faqat bir kishi Panji Jumanovning akasi Valentin Jumanovgina kelinini himoya qiladi, Myasnikov bilan uning mahalliy gumashtasi Berdiyevni haydab chiqaradi. Valentinning millati rus. Uni Jumanovlar oilasi goʻdakligida Leningrad qamalidan chiqib kelganida asrab olgan. Valentin kallakesar tergovchi Myasnikov bilan dangal olishadi. Myasnikov navbatdagi hiylani ishga solib, Valentinni “millatdosh” sifatida oʻziga yordam qilishga, yaʼni, ukasi Panji Jumanov ustidan yolgʻon guvohlik berishga undaganida, Valentin gʻoyat mantiqli javob qiladi: “Voy, ifloslar-yey! Endi, mening boshimni axlatpaqiriga tiqmoqchimisan? Leningrad blokadasidan chiqib kelganimda, sen onangni qornida ham yoʻq eding! Shu odamlar meni bagʻriga oldi. Ochlikdan sillam qurib oʻlim toʻshagiga yotganimda, shular mening jonimga oro kirdi. Shular mening boshimni siladi. Endi, men shu xalqqa nonkoʻrlik qilaymi, nomard?!”

Myasnikov Panji Jumanovni “sindira olmagach”, “butun xalqing qoʻy, eshak”, deb haqorat qildi. “Xotiningni uchta retsidevistga baravar zoʻrlataman”, deydi. Oxiri, Panji Jumanov uning boshiga tergovchining oʻzi ichib oʻtirgan araq shishasi bilan urib, oʻldiradi. Panji Jumanovni esa otib tashlaydilar.

Qizigʻi shundaki, Valentin Jumanov vijdonli inson boʻlsa, shu yurtning oʻzidan chiqqan “mahalliy huquqshunos” Berdiyev gdlyanchilarning yugurdagi. Hanifaning unga qarata aytgan soʻzlarida achchiq haqiqat bor: “Bular-ku, qay goʻrdan kelgan! Sen-chi? Sen shu qishloqning suvini ichib katta boʻlgansan-ku! Oʻz xeshlaringga tuhmat qilgani uyalmaysanmi, yuzsiz? Panji akang kimligini bilarding-ku, vijdonsiz?! Bular qilgʻiliqni qilib, yurtiga joʻnab ketadi, sen qandoq bosh koʻtarib yurasan, bu yurtda, imonsiz!” Quruq tuhmatga uchragan ayolning faryodida cheksiz alam bor.

Tergovchilarning boshligʻi Myasnikovning gapini eshitaylik: “Ming kishini chaqirib toʻy qilishga pul kerakmi?… Xotini kalamushga oʻxshab har yili bolalaydimi?… Shuncha bolani boqishga pul kerakmi? Qayerdan oladi shuncha pulni?… Qoʻshib yozadi! Pora oladi! Oʻgʻirlik qiladi…”

Asardagi Myasnikovning jirkanch faoliyatini kuzatsak, Gdlyan bilan Ivanovlar koʻz oldimizga keladi.

Tragediyada shunchaki kezi kelganda, aytilgandek, bir luqma bor. Tergovchi Myasnikov Hanifaning uyiga bostirib kirib, uni soʻroq qilyapti. Avvalo, birovning uyiga maxsus ruxsatnoma – ordersiz bostirib kirish mumkin emas. Qolaversa, “tergov” tergovchi xohlagan tilda emas, soʻroq beruvchi xohlagan tilda olib borilishi shart. Bu xalqaro meʼyor. Biroq, gdlyanchilarga “cheklanmagan huquq” berilgan. Myachsnikov Hanifaga: “Odam tushunadigan tilda gapir!” deb dagʻdagʻa qiladi. Hanifa esa: “Sening tiling odam tili boʻlganda, meniki hayvon tilimi? Men sening uyingga bostirib borganim yoʻq, sen mening uyimga bostirib kelding. Kerak boʻlsa, sen mening tilimda gaplash”, deydi. Bu holat bir qaraganda, oddiy tortishuvdek tuyulishi mumkin. Biroq, uning zamirida katta maʼno bor. Shoʻro zamonida oʻzbek tili koʻp yillar kamsitib kelindi.

Oʻtkir Hoshimov asarga Hanifa tilidan bu ogʻriqli xitobni bejiz kiritgan emas. Hanifa oddiy uy bekasi. Biroq, u tuhmat va hoʻrliklar koʻraverib, jonidan toʻyib ketgan. Eri, farzandlarining otasi mutlaqo nohaq qamalganini bildi. Olisdan kelgan zoʻravonlar tuhmat qilayotgani yetmagandek, ona tilini ham kamsitayotganiga chidolmaydi. Nima boʻlganda ham bu luqmalar tagida chuqur maʼno yotibdi.

Tragediyani diqqat bilan koʻrgan tomoshabin dramaturg biron jumla yoki detalni bejiz ishlatmaganini anglaydi. Tergovchilarning kattasi Myasnikov oʻtaketgan maraz kimsa. U oʻzbek hayotini mutlaqo bilmaydi. Bular hammasi tekinxoʻr, boqimanda, deb oʻylaydi. Panji Jumanovning chala qolgan, xom gʻishtdan qurilgan imorati uning koʻziga qasr boʻlib koʻrinadi. Bu esa, bir gal uning oʻziga pand beradi. U Panji Jumanovga falonchidan olgan falon ming soʻm porani polingni tagiga yashirgansan, deganda gʻirt tuhmat qilayotgani aniq boʻladi. “Pol deysanmi, – deydi Panji kulib, – mening uyimda polning oʻzi yoʻq va boʻlgan ham emas”. Myasnikov Berdiyevga oʻxshash “oʻzimizdan chiqqan balolar”ni yugurdak qilib, xalqning boshiga ming xil kulfat yogʻdiradi. Avval, oila boshligʻini hibsga oladi. Soʻng, Berdiyevni ishga solib, uning uyiga “elchi” qilib yuboradi. “Falon ming bersang, eringni (akangni yoki ukangni) chiqarib yuboramiz”, deydi-da, mol-holini, hatto buvisidan meros boʻlib qolgan tilla bilakuzukkacha tortib oladi. Valentin Jumanov: “Boʻriga ergashib yurgan shoqol”, deb taʼriflagan berdiyevlar ham bir nimalik boʻlib qoladi.

Panji Jumanovning qand kasali borligini bilib, uni ataylab bir necha kunlab suvsiz qoldiradi. “Falonchiga qarshi hujjatga qoʻl qoʻysang qizingni kasalxonaga yotqizamiz”, deb (Jumanovning qizi paxtada ishlab sariq kasaliga yoʻliqqan) aldaydi. Panji Jumanov bu “qamoqqa” ilinmagach, Myasnikovning haqiqiy basharasi ochiladi. “Menga desa, qizingni jigarlari ezilib ketsin. Qizing oʻlgan! Oʻlar chogʻi seni chaqirgan”, deb “tantana” qiladi.

Panji Jumanov – tajribali dehqon. Katta xoʻjalikka rahbarlik qilgan. Biroq, u oddiy xizmatchigina emas, iqtisodchi olim ham. Bu jihatdan ham u roʻy berayotgan fojialarning tub mohiyatini teran anglaydi. Undan biron “kerakli” maʼlumot (yaʼni, boshqalarga tuhmat) undirolmagan Myasnikov gʻazabga minib oʻzbeklarni “fosh qiladi”. “Sen haromxoʻrlar tufayli nimalar boʻlgannini bilasanmi? Markaziy tumanlarga tola oʻrniga xashak borgan, xa-shak! Keyin esa, oʻsha xashak ham bormay qolgan! Vagonlarda havo borgan! Samolyotlarda esa diplomat toʻla pul borgan! Pora borgan!” Panji Jumanov bunday poʻpisalarga afsuslanib emas, iztehzoli kulib javob beradi: “Buyoqdan tola oʻrniga vagonlarda havo, samolyotda pul borgan ekan, u yoqdagilar nega indamabdi? Nega bizga pul kerakmas, tolaning oʻzini beringlar, demabdi?!”

Asar qahramonining bu gapida jiddiy haqiqat bor. Panji Jumanov poraxoʻrlikni senlarning oʻzing boshlagansan, “qoʻshib yozishga senlarning oʻzing majbur qilgansan”, demoqchi!

Panji Jumanov bilan Hanifaning xayoliy uchrashuv manzarasi juda taʼsirli. Hanifa goʻdagining beshigini quchoqlab oʻtiribdi. Panji Jumanov paydo boʻlib, uning yoniga kelib oʻtiradi. Ahvoli harchand ogʻir boʻlmasin, ayoliga tasalli beradi. Ular sururli kunlarni eslaydilar. Er-xotin orasida shunday dialog boʻlib oʻtadi.

“Hanifa: – Odamlargayam hayronman. Boshimizga qora kun tushdiyu hammasi yuz oʻgirib ketdi. Mullakamdan boshqa hech kim qolmadi! (Valentinni aytmoqchi). Axir, siz shuncha odamga yaxshilik qildingiz.

Jumanov: – Menam shunga hayronman. Yurtimizni vabo bosdi. Qamoqxonalar begunohlarga toʻlib ketgan. Odamlar nega buncha loqayd?!

Hanifa: – Anavilarning niyati nima oʻzi?

Jumanov: – Niyatimi? Niyati – xalqni parokanda qilish. Qulga aylantirish!”

Oʻtkir Hoshimov dramaturgiyasi haqida gap ketganda, “Qatagʻon” tragediyasi xususida koʻproq toʻxtalganim bejiz emas. Ijodkorning qator romanlari va qissalari, sahna asarlari qatori bu fojiada ham tirik insonlar qismati qalamga olingan. Harchand, achchiq boʻlmasin, bor haqiqat yozilgan. Muhimi shundaki, onggi mustaqillik yillarida shakllangan avlod istiqlol biz uchun oson kelmaganini, bu yoʻlda qanday kurashlar boʻlganini, qancha qurbonlar berilganini yaxshi bilmasligi mumkin. Holbuki, adib yozganidek, kechani unutmagan bugunni qadrlaydi.

Soʻzimizning boshidagi fikrga qaytadigan boʻlsak, Oʻtkir Hoshimovning ijodida dramatik asarlar salmoqli oʻrin tutadi.

 

Hafiz ABDUSAMATOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adib-dramaturgiyasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x