Boybichcha

Kenja oʻgʻil omadsizroq chiqdi. Besh yil Toshkentda yurib, diplom ololmay qaytdi. Uydagilar qancha surishtirmasin, sababini aytmadi, oʻzi Toshkentga boshqa bormadi. Akalarining hammasi alohida uy-joy qilib, chiqib ketishgan edi. Gulnor kampir choli bilan borini bozor qilib, kenjasini uylantirib qoʻydi. Besh oʻgʻilni uyli-joyli qilgan cholu kampir nazarida bu toʻy eng oxirgi tashvishlari edi. Hayotlarining qolgan qismi rohat-farogʻat va toat-ibodat bilan oʻtishini umid qilgan edilar, ammo…

Diplomsiz oʻgʻil durustroq ish topib, roʻzgʻor xarajatlarini oʻz zimmasiga olgunicha ikki farzandli boʻldi. Bu orada chol oʻtib ketdi. Gulnor kampir kelin oldida qoʻli qisqa oʻgʻlining tili ham qisiq boʻlmasligi uchun tashvish chekar edi: nafaqasini roʻzgʻorga sarflar, hali u, hali bu tikib sotar, xullas, tinib-tinchimas edi.

Oʻgʻil ishga joylashgandan keyin ham birlari ikki boʻlmadi. Kelin “Dadasi un tugadi”, “Dadasi, yogʻ tugadi” deganda, Gulnor kampirning yuragi zirqirab ketardi: “Qoʻlida diplomi boʻlganda shuncha qiynalmasdi bolam”.

Keyingi paytlarda kenja bir oz tajangroq boʻlib qoldi. Besh bola, ona, xotin… Goʻsht-yogʻ nari tursin, non yetkazish ham kundan kunga qiyinlashib boryapti. Qoplab keltirsa ham bolalari pillaqurtday birpasda yeb bitirishadi. Akalari ota uyiga kelib, onasi bilan uch-toʻrt ogʻiz gurung qilib ketishi gʻashini keltiradigan boʻlib qoldi.

– Boyvachcha oʻgʻillaringiz onasini koʻrgani ikki qoʻlini burniga tiqib keladi. Ukam joʻjabirday jon, bolalaridan orttirib onamga nimayam olib beradi deb, bir kilogina olma koʻtarib kelisha olmaydi.

Gulnor kampir koʻpincha indamaydi. Bir hisobda kichik kelin haq edi. Baʼzan toʻngʻich oʻgʻli “Bozordan qaytayotgan edim” deb kiradi-yu, “Ona, koʻnglingiz ketganda yersiz”, deb qoʻliga biron narsa tutqazmaydi.

Tunov kuni kampir Olimjonning uyiga borgan edi. Kelini hovlidagi supada bir togʻora tovuq goʻshtini tozalab oʻtirgan ekan. Parrandachilik fermasi direktori joʻnatgan shekilli.

– Shuncha berarkansan, soʻymay ber. Xohlagan paytimiz ikkita-ikkitadan soʻyib-soʻyib yeyvurardik. Endi buncha narsani nima qilaman? – javrandi kelin.

Qozonda yogʻ qiziyotgandi, kelin oshning zirvagini qovurib keldi. Tovuq goʻshti rosa shirin ekan, chaynagan sayin mazasi chiqaveradi. Mazasi chiqqani sayin Gulnor kampir koʻz oldiga nevaralari kelaveradi.

Dasturxon yigʻishtirilgach, kampir “uyga ketaman, oʻgʻling olib borib qoʻysin” deb turib oldi. Oʻzicha kelin birorta tovuq oʻrab berar deb umid qildimi? Mashinaga oʻtirayotganda oʻng tomondagi chala bitgan oshxonaning ochiq eshigidan uyulib yotgan qovun-tarvuzlar, qat-qat taxlanib turgan yogʻoch qutilardagi uzumlarga koʻzi tushdi. Negadir alami keldi. Bir zamonlar kichkinasi bir narsa yeb, kattasi yutinib turganini koʻrsa, yegulikni darhol boʻlishtirib berar edi. Endi esa… bir narsa desa, “Ishlasin, ona, ishlagan tishlaydi. Men uning bola-chaqasini boqaman deb, yelib-yugurib yurganim yoʻq”, deb ogʻziga uradi. Kampir, “Shu kamxarj holiga bola-chaqasiga qoʻshib, meniyam boqib oʻtiribdi” desa, “Boqmasin. Biznikida yashang, oʻzim boqaman”, deb bidirlaydi.

Ehtimol, toʻngʻichlari boqsa-boqishar, hammasining topgani oʻziga yetib-ortadi. Ammo odamzod bir umr bir joyda yashab, shu yerda oʻrganib qolgan boʻlsa, ikkinchi bir joyga, hatto u bolasi uyi boʻlsa ham, oʻrganishi juda qiyin. Bundan tashqari kampir shu kamxarj oʻgʻil va uning bolalariga boshqacha mehr qoʻygan…

Kelin: “Oʻgʻlingiz kelsa, meni urishadi. Bir kecha yotib borardingiz-da!” – deb javrab qoldi.

– Onasini koʻrgisi kelsa, izlab borsin, – toʻngʻilladi kampir.

Olimjon rostdan ham soʻroqlab keldi.

– Ona, meni kutmay ketib qolibsiz?

– Meni nima qilasan, osh-nonning ofati boʻlsam. Tovuqlarni maza qilib yedilaringmi?

Olimjon xo-xolab kulib yubordi.

– Tovuqlarni Olapardan soʻraysiz. Keliningiz it bogʻlogʻliq deganmi, tovuqlarni supada ochiq qoldirib, sizni kuzatgani chiqqan. Koʻchadan qoʻshni yangi olgan mebelimni koʻring deb, uyiga yetaklab ketgan. Elakka chiqqan xotinning ellik ogʻiz gapi borligini yaxshi bilasiz. Bu yoqda bolalar televizorga yopishib yotgan, hammaning qorni toʻq, it ochdan oʻlsinmi, bir amallab boʻshalibdi-da, yeganini yeb yemaganini tuproq bilan bitta qilibdi…

Kampir qovogʻi uyulib oʻyladi: “Qizgʻonganing qizil itga yem boʻlsin!”

– Agar shu tovuqlarni mehnat qilib topganda edi, shunday ochiq-sochiq qoldirmasdi, – dedi keyin, qahrini oxirigacha yutib yubora olmay.

Kampir oʻzi roʻzgʻorga qoʻshimcha boʻlsin deb, bir umr elning xizmatini qildi: kigiz bosdi, gilam toʻqidi, kiyim tikdi.

Bashang kiyinib, katta pul sarflab, arzimas yumushlarni kimlargadir qildiradigan kishilarga qarab, “Nasib etsa, men ham bolalarimni oʻqitaman”, deb niyat qilardi.

Toʻgʻri, chol-kampir baʼzilar kabi bolalari ortidan chopishmadi. Ular maktabda yaxshi oʻqishardi. Soʻng birin-ketin oʻz bilimlari bilan institutga joylashib olishdi. Ayrim tengqurlariga oʻxshab ijara uylarida yashashgani yoʻq, yotoqxonada kun kechirib, stipendiyaga qanoat qilishdi.

Shunday degan bilan eru xotin ularni butunlay taqdir hukmiga tashlab qoʻyishmadi. Ikki-uch joyda ishlab, oylab yovgʻon ichgan vaqtlari koʻp boʻldi. Har neki yetolmagan orzu-niyatlarini bolalarining diplomli va ishli boʻladigan kunlariga asrab qoʻyishardi.

Ayniqsa, yoz oylari qiyin oʻtardi. Bir hovlidan uch qolip qazishardi-da, loy tepib, tandir qilib sotishardi.

Bir oʻgʻli iqlimi sovuq yurtlarda oʻqidi. Har doim sentyabrda pulning oʻrniga olma-anor olib ketardi. Aytishicha, u yoqqa borgach, bu narsalarni besh baravariga pullardi. Bir safar bogʻ qorovuli boʻlib ishlaydigan qoʻshnilari: “Ikki qop olma boʻlsa, oʻzim berib yuboraman. Kattalar qurultoyga ketishgan”, deb qoldi.

Gulnor kampir unda yosh va chayir edi. Kenjasini yetaklab boqqa bordi: “Bir qopni sen velosipedingga ortasan, bittasini men orqalayman”. Baland-baland daraxtlarga chiqib olma terish oson boʻlmadi. Ikkinchi qop toʻlay deb qolganda agronom kelib qoldi va oʻgʻlining yoqasidan tutib baqira ketdi:

– Hoy, muttaham! Nima qilyapsan?! Hozir milisa chaqirib, qamoqqa tiqtirib yuboraman, – tepada qaltirab oʻtirgan Gulnorga koʻzi tushib, battar baqirdi. – Pastga tush, xudbin! Odamlar bolasini toʻgʻri boʻl desa, sen birgalikda oʻgʻirlik qilyapsan.

Gulnor qaltirab-qaltirab daraxtdan tushar chogʻida shoxcha lozimini ilib yirtib yubordi.

– Opa, pulini toʻlaymiz. Oʻgʻlim Rossiyada oʻqiydi, shunga berib yuboraman degandim.

– Puling boshingdan qolsin, iflos! Sendaqalar dastidan xoʻjalik abgor!..

Gulnor har qancha yalinsa ham agronom ayol xovrini bosmadi. Baqirgancha ogʻir qoplarni yugurdagiga koʻtartirib joʻnadi. Gulnor esa boʻm-boʻsh qoʻl, koʻzlari toʻla yosh va rangi qumdek oqarib ketgan oʻgʻli bilan qoldi. Sal oʻtmay qoʻshni kelib uzr soʻradi:

– Xafa boʻlmang, hamsoya, oʻzi sal…

Gulnor hech narsa demadi.

– Sizlar boraveringlar. Kechga yaqin oʻzim picha eltib beraman.

– Yoʻq!..

Haqiqatdan hozir Gulnor uchun hech nima kerak emasdi. Tezroq yolgʻiz qolish va oʻkirib-oʻkirib yigʻlab olishni istar edi.

Ular qorongʻi tushguncha bogʻda qolib ketishdi. Gulnor pochasi yirtiq holda qishloq oralab yurishdan uyaldi.

Albatta, bu kunlarni kenjasidan boshqa hech kim eslamaydi.

Toʻngʻichlar osmondan oʻzlari shunday toparman-tutarman boʻlib tushganday yurishadi. Kelinlar esa ularni molu dunyosi bilan yaratib qoʻygandek muomala qilishadi. Ayniqsa, bosh kelin gaplariga chidab boʻlmaydi: “Tushimda deng, tandir-tandir non pishirayotgan emishman. Darrov sadaqa chiqardim. Uch kundan soʻng boshqarmaga koʻtarilib ketdi. Oʻgʻlingiz ham doim “sen bilasan, onasi” deb minnatdor boʻladi”. “Sendan emas, allohdan minnatdor boʻlsin” deb, yuz yirtadigan odam kerak. Gulnor kampir esa indamaydi. Dilxiralik nimaga kerak?

Gulnor kampir oxiri ahd qildi: “Oʻrgangan bovurim” deb shu kambagʻal oʻgʻlimga jabr qilib yotmay, navbat bilan boshqa oʻgʻillarnikida ham turayin. Ularni ham oq sut berib boqqanman, oʻqitganman, uylantirganman!..

Ertalab toʻngʻich oʻgʻliga qoʻngʻiroq qildi:

– Bolam, menga mashina yubor. Zerikdim.

– Yest, onajon!

Kelin qaynona ortidan kirgan latta tugunni koʻrib hayron boʻldi. Tili uchginasida qirgʻoqqa chiqib qolgan baliqday pitirlab turgan savolni bijildoq kichik qizi berib qoʻya qoldi:

– Momo, bu nima? Biznikiga koʻchib keldingizmi?

– Ha, bolam.

– Ur-r-yey! Endi biznikida yashaysizmi?

– Ha, shunday.

Qaynonasini koʻrib: “Endi butun kunim qosh-qovoqqa qarash bilan oʻtarkan-da”, deb ensasi qotib oʻtirgan kelinning bu gapdan soʻng tamom mazasi qochdi.

– Bor, bir roʻmol olib kel, boshim yeb borayapti, – darhol roʻmolni peshonasiga tangʻib oldi. – Voy, boshim!

Onasi buyrugʻi bilan bolalar dasturxon tuzashdi.

Oʻgʻil esa koʻrpachada yonboshlab, qoʻyniga kirgan qizchasini erkaladi. Buni koʻrib, xotini qahrlandi:

– Hey, menga qarang, ish kiyim bilan choʻzilib olmang, turing, ishingizga boring.

Oʻgʻil xotiniga hech narsa demay, qizini erkalay-erkalay qoʻzgʻaldi.

Kampir hayfi kelib oʻy surdi: “Ay-y, odamzod-a! Buncha tor boʻlmasang. Shu kampir tugʻilib oʻstirgan oʻgʻilning soyasida boybichcha boʻlib yuribsan. Necha yilda onasi tugun koʻtarib kelsa, birdan isitmalab qolasan”.

Kelin bosh ogʻrigʻi bir hafta tinmadi. Maqtanishdan jagʻi tinmasdi, kamgap boʻlib qoldi va nihoyat yorildi:

– Uyda biron gap boʻldimi?

– Yoʻq! Ularning qoʻli yupqaroq, boshi koʻp, bu oʻgʻillarda ham haqim bor, bir kenjanikiga yopishib yotavermay devdim-da.

– Kenjada bir siz emas, hammamizning haqimiz bor. U yashayotgan uyga biz ham sherikmiz, – necha kundan beri ichida buruqsab yotgan oʻt nihoyat ogʻzidan chiqib ketdi.

Kampir nadomat bilan bosh chayqadi:

– U uyga biroving bir gʻisht qoʻyganing yoʻq. U uyni cholim bilan men qurganman. Uyimni kimga berishni oʻzim hal qilaman.

Shu bilan qaynona-kelin oʻrtasida boʻlib turgan uzuq-yuluq soʻzlashuvlar butunlay barham topdi.

Ertasi kuni kechqurun oʻgʻliga dedi:

– Meni ukangnikiga olib borib qoʻy!

– Sodiqnikigami?

Kampir achchigʻi kelib gʻudrandi:

– Olimnikiga.

Oʻgʻil ham, kelin ham jilla qursa koʻngil uchun “Nega? Biznikida turaversangiz boʻladi-ku” demadi, deyolmadi.

Kampir Olimjon uyida bir oy yashadi. Eru xotin kun boʻyi ishda, kampir esa nevaralarini qoʻridi. Avvaliga eru xotin rosa xursand boʻldi: “Endi bogʻcha ham, eshik-darvozaga qulf ham kerak emas”. Ammo keyin-keyin oʻgʻli baʼzan jerkib tashlaydigan odat chiqardi. Oxiri kampir koʻnglidagini aytib soldi:

– Ha, oʻgʻilboy, toʻshagim sasidimi deyman? Ovozing baland-baland chiqyapti. Agar shunday boʻlsa, ayt, ketaveray!..

Olimjon koʻnglidagi ayon boʻlib qolganday xijolat tortib kuldi:

– Sizga birov keting deyaptimi? Onam deb baʼzan-baʼzan erkalik qilsak aybmi?

Bir oy deganda uchinchi oʻgʻil kelib, olib ketdi. Kampir oʻzicha “Oʻgʻlim meni sogʻinibdi-da” deb oʻyladi. Olimjon qoʻngʻiroq qilib “Momoyni olib ket, biznikida zerikib qoldi” deganini, Odil “Xoʻp aka, biznikida ham uch-toʻrt kun tursin” desa, “Senikida ham bir oy turadi, mana men bir oy qarab berdim”, deganini keyinroq kelinidan eshitdi.

– Boʻlmasa, men boray. Oʻgʻlim uch-toʻrt kun tursin degan boʻlsa, kelganimga haftadan oshib ketdi, – dedi kampir astoydil taraddudlanib.

– Qoʻying-e, – dedi kelin yolgʻondakam xijolat tortib. – Siz kelib uyimiz toʻlib qoldi. Qaynogʻalarim ham hech kelishmas edi, sizning bahonangizda…

Ammo kunlar oʻtgan sayin kampir sababli qora beradigan mehmonlarga zoʻr-bazoʻr dasturxon yozilib, til uchi mulozamat koʻrsatiladigan boʻlib qoldi.

Bir kun kampirni koʻrgani kenjasi qadam ranjida qildi. Ishdan horib qaytayotir shekilli, rangi oʻchib, lablari qotibroq turardi. Kelin ichkarida dam olayotganini bilsa ham chaqirtirdi. Kelin yuzini ham yuvmay ming malol bilan turib kelib, qaynisi bilan shunchaki soʻrashdi-da, kampirga xoʻmrayib qaradi.

– Ha, nima deysiz?

– Choy-poy qil.

Kelin indamay xonadan chiqib ketdi. Anchadan keyin dasturxon yozildi, arzon-garov qand-qurslar qoʻyildi. Ikki piyola bilan bir choynak choy paydo boʻldi.

– Ovqat yoʻqmi? – soʻradi kampir ogʻrinib.

– Qolmagan, – kelinning qoshi chimirildi.

– Ovqat nima kerak, – dedi Sodiq xijolat tortib.

Yolgʻon gapni mehmon ham sezgan edi. Boya kampir oshxonaga kirib, ochiq qolgan qozon ogʻzini yopmoqchi boʻlganda tagida ovqat borligini oʻz koʻzi bilan koʻrgan edi. “Hali katta oʻgʻli maktabdan qaytgani yoʻq. Ovqatni shunga olib qoʻygan. Bergisi kelmasa, muzlatkich toʻla tuxum, qovurib qoʻysa, dunyosi tugab qolmaydi-ku”.

Kampir ogʻir xoʻrsindi.

– Onajon, uyga yuring, – dedi Sodiq javdirab. – Bolalar juda sogʻinishgan.

– Xoʻp, bolam, – kampir koʻzlarini yumgan koʻyi bosh irgʻadi.

– Taraddudingizni koʻring, hozir olib ketay!

– Sen boraver, bolam, akang kelsin, mashinasi bilan eltib qoʻyadi.

Kechqurun Odilbek oldida ona oʻzini tutib tura olmadi:

– Oʻgʻlim, bu yerda ham izzatimiz bitdi shekilli.

– Tinchlikmi?

– Bugun ukang kelgan edi, xotining ikkita tuxumga arzitmadi!..

– Siz aytdingizu qovurib bermadimi?

– E-e! Aytishim shartmi? Koʻrib turibdi-ku, ishdan ochqab kelayapti.

Odilbek jahli chiqib sayradi:

– E-e, ona, shuningizni toʻq kuni bormi? Sizning koʻnglingizni deb hamisha qarashib kelaman. Lekin toʻymaydi, doim och. Bir umr shuni gʻamini yedingiz, nafaqangizni shunga berasiz, uyida yashab, choʻriligini qilasiz. Endi, hech boʻlmasa menikida yashayotganda shuni oʻylamang. Lapashangligi uchun biz aybdormi? Hadeb xafa boʻlasiz? Yana nima qilay? Uyimning toʻridan joy berib qoʻyibman, yeb-ichib oʻtiribsiz.

– Uyingning toʻri oʻzingga nasib qilsin, bolam, – kampirning rangi oqarib ketdi. – Mayli, hozir ishdan charchab qaytgansan chogʻi, lekin ertaga ertalab ola ketasan.

– E-e, ona!..

Kampir shu oqshom tuguvli turgan tugunini qayta tugdi. Samandarnikiga borishni istamadi. Bir ota-ona oʻn oʻgʻilni boqadi, oʻn oʻgʻil bir ota-onani boqolmaydi deganlari shumikin? Esiz, besh oʻgʻil tuqqan, besh oʻgʻilni oʻqitgan boybichcha-ya, “Koʻnglingizda nima gap bor?” degan mehrga yoʻgʻrilgan savolni eshitmaganiga necha-necha yillar boʻlib ketdi-ya. Esiz, alloh undan bir qiz farzandni ayagan ekan-a. Oʻgʻillar ham oʻz kuniga oʻlmasin, qiz ich kuylak boʻlardi-da. Ay, dunyo-ya!..

Kenja oʻgʻil uyda ekan. Odilbek mashinasi darvozaga roʻpara boʻlishi bilan yugurib peshvoz chiqdi. Oʻzicha xijolat chekib, bir qoʻli bilan onasining tirsagidan oldi, biri bilan tugunini koʻtardi. Qadrdon, sarishta xonaga kirgach, kechadan buyon kampirning yuragini siqimlab turgan narsa gʻoyib boʻldi va yumshoq karavot sari yurdi.

– Kechirasan bolam, bir oz choʻzilay.

– Mayli, bemalol.

– Ay, bolam-a! – Kampir koʻzlarini yumib oldi, shu yotishida oʻylayaptimi, uxlayaptimi anglash qiyin edi. Anchadan soʻng horgʻin pichirladi. – Mayli, shunisigayam shukur.

Kampir boshqa gapirmadi. Kechki ovqatga ham turmadi.

Sodiq akalariga bir-bir qoʻngʻiroq qildi.

– Onamizning tobi yoʻq, hech narsa yemayaptilar!

– Kecha Odilnikida soppa-sogʻ oʻtirgan edi-ku.

– Odilning xotini bir narsa degandir-da.

Har qaysisi har narsani roʻkach qildi. Biri ishdan charchab kelgan, birining mehmoni bor, yana biri choyxonaga chiqishi kerak ekan… Hammasi ertaga ertalab ishga ketishda bir yoʻla xabarlashib oʻtishini aytdi.

Tongga yaqin kampir uzildi. Dunyo birdan huvullab qolganday boʻldi.

Avval oqshom bir ogʻiz gap bilan yetib kelgan yolgʻiz singil faryodi olamni tutdi.

 

Besh oʻgʻilli boybichcham,

Suyunganim opam-ov,

Topolmayin bir dardkash,

Kuyunganim opam-ov.

 

Shunday kunda yuragim

Tilindi-ku, opam-ov,

Bir qizingni yoʻqligi,

Bilindi-ku, opam-ov…

 

Saldan keyin boybichcha yotgan xonada besh oʻgʻil baravar “Onam-ey!..” – deya uv torta boshladi…

 

Jamila ERGASHYeVA

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/nasr/boybichcha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x