Simurgʻga yetolmagan qushlar

Falsafiy traktat

 

…Qushlar majlisda oʻzaro joy talashib, murosaga kelolmaganlaridan soʻng, maydonga Hudhud chiqdi. U qushlarni murosaga keltiruvchi zot – ularning podshohi borligini, u qushlarga yaqin, qushlar esa undan juda olisda ekanliklarini, uning visoli jondan aziz ekanligini-yu, biroq unga yetkazguvchi yoʻl juda olis ekanligini aytdi. Keyin qushlar Hudhudning otashin nutqidan ilhomlangan holda, oʻsha podshohga – Simurgʻga tomon kuchli hayajon bilan intilishdi. Biroq Simurgʻ visoli juda ozchilikka – yuz tuman ming qushdan oʻttiztasigagina nasib etdi. Nahotki, faqat oʻttiztasigagina? Qolgan qushlar-chi? Ular qayoqqa ketishdi? Qayoqqa gʻoyib boʻlishdi? Nahotki, ularning umri abadiyan arosatda oʻtsa? Nahotki, ularga toabad visol nasib etmasa? Nahotki, ular endi faqat savol berishsa-yu, javobini topisholmasa? Nimaga? Nima uchun? Nima sababdan?

Axir, har bir qushda “bilquvva mavjud” ekan, ular ham yaxshi niyat bilan yoʻlga chiqishgan ekan, ularning ham boshqalar singari qanotlari bor ekan, baski, manzilga eson-omon yetishlari joiz emasmidi? Yoʻlda qolishlariga oʻzlari aybdormilar, yoki?.. Unda kim aybdor? Yo hammaga oldindan hukm bildiradigan taqdirmi? Erta qiyomatda bu qushlar Simurgʻning yoqasidan olishmasmikin?

 

Simurgʻga yetolmagan qushlar

 

Ne hikmat, yo gunoh, keldi bu yonga,

Dunyo sahrosida men koʻrgan tushlar –

Qayga ketdi, javob ber, ey komil, Hudhud,

Simurgʻga yetolmagan qushlar?

Qiyomatda ular qanday tirilar,

Besh kun umrin, hayhot, gunohmi hushlar?

Toyib talab, maʼrifat yoʻlidan,

Qayga ketdi,

Simurgʻga yetolmagan qushlar?

Oyogʻiga kufr kishan soldimi,

Qanotin qirqdimi, yonish, sovushlar?

Qaysi sinovlardan oʻtolmadiykin,

Simurgʻga yetolmagan qushlar?

Har lahza, har on, oh, qaydan keladi,

Bu navo-mung toʻla “chirq-chirq” tovushlar?

Nahot, nola qilar, mening koʻksimda,

Simurgʻga yetolmagan qushlar?!

 

…Bu qushlar Talab vodiysiga yetolmaganlaridan soʻng, quyi tushib boraverdilar. Quyilashning birinchi bosqichi – isyon sahrosi edi. Unda savollar bor edi. Cheksiz-chegarasiz savollar. Savollarki, Simurgʻdan boshqasi, hattoki, Hudhuddayin komil yoʻlboshchi ham javobini bilmaydigan savollar. Bu savollar ularni Simurgʻga yaqinlashtirish oʻrniga, quyiga tortardi. Qushlar bu savollarga oʻzlaricha javob topishga intilib, intilganlari sari pastga qulashardi. Savollar quyidagicha edi: Dunyoning bunyod boʻlishiga sabab ne edi? Odamzot nega yaratildi? Nega u jannatdan mosuvo etildi? Uning qilgan gunohida taqdirning qanday oʻrni bor? Nega shunday goʻzal qalb sohibi boʻlgan odamzot bu qadar jirkanch ishlarni amalga oshiradi? Nima uchun dunyoda adolatsizlik hukmron? Nega yomonlarning oshigʻi olchi-yu, yaxshilarning koʻzida yosh? Nega shunday buyuk qalb egasi, isteʼdod sohibi boʻlgan inson oʻz taqdirini ozgina boʻlsa ham oʻzgartirolmaydi? Nega va qachongacha taqdir bu buyuk zotning hayotini chirpirak qilib oʻynaydi? Unda ulugʻ odamzot bilan chumolining farqi nimada? Nega unda, shunday chumoli kabi ojiz odamzot buyuklikka daʼvo qiladi? Osmonoʻpar binolar quradi? Osmonlarga chiqadi? Jonining omonatligini bilib turib, boshqalarning jonini olishga kuchli ishtiyoq va ilhom bilan intiladi? Ertaga vafoti muqarraligini va uni bir lahza boʻlsin orqaga surolmasligini bilib, dunyoga hukmronlik qilishni daʼvo qiladi? Goh minglab qoʻshinga bosh boʻlib, oʻzgalar qonini daryo kabi oqizsa, goh umrning bir martagina berilgan omonatligini bilgani holda, jahongirlar qoʻlida oʻyinchoq boʻlib, zabt etilmagan qalʼa ostonasida joni uziladi? Nega? Nega? Nega?

Qushlar bu savollarga javob berib, aniqrogʻi javob berishga harakat qilib, bu harakat asnosida, toʻgʻrirogʻi javob topa olmaganlaridan, tobora quyilab borishardi. Bu quyilash navbatdagi sahroga keldi. U sahro – gunohi kabiralar sahrosi edi. Bizga Simurgʻ oʻzi kabi qanot ato etibdimi, baski, hamma joyga uchib borish, barcha narsani koʻrishi kerak, deb oʻylardi ular Hudhud bergan taʼlimning elas-elas yodlarida qolgan qismlarini takrorlasharkan. Dunyo biz uchun yaratilgan. Baski, uning hamma lazzati biz uchun… Balki, mana shu yoʻl Simurgʻga olib borar. Shunday deya ular gunohi kabiralar sahrosini kesib oʻta boshladilar. Unda zino boʻroni, qotillik, tajovuzkorlik quyunlari qarshi chiqdi va qushlarni har tomonga chirpirak qilib ota boshladi. Ular ham mana shu quyunu boʻronlar aro Simurgʻni izlash asnosida, zinoning yuz turini, qotillikning ming bir usulini, talonchilikning undan-da koʻp yoʻllarini kashf etishar, bir-birlarining qonlarini ichib toʻyishmas, oʻzlarining qilgan bu jinoyatlarini turli xil qonuni qoidalar, nizomlaru bayonnomalar bilan muqaddaslashtirishga urinishar edi. Lekin ular hali Simurgʻni unutishmagan edi. Ular oʻzlarining bu yoʻllarini Simurgʻni izlash deb atashar, hatto, oʻzlaricha Simurgʻ toʻgʻrisida nimadir kashf etishgan boʻlishar, hayhotki, bu kashfiyotlari ularni faqat va yana faqat quyiga tortardi.

Navbatdagi sahro – kufr sahrosi edi. Bu sahroda ular Simurgʻga yetolmaganlarini anglab qoldilar. Baski, endi hech qachon yetolmaymiz, deb oʻyladilar. Bu anglam alam qilib, qushlar oʻzlariga soxta podshohlar – maʼbudlar yasab ola boshladilar. Ularning ichidan chiqqan bu soxta podshohlar Zevs va Mars nomi bilan, Amon, Brahma, Sheva nomlari bilan, uch boshli Podshoh nomi bilan bosh koʻtardi. Ular qahrli qoʻllarida goh panshaxa, goh chaqmoq tutishar, goh qoʻchqorsifat shoxi bilan, goh toʻrt burchakli xochni koʻrsatib, tahdid etishar, goh qush, goh hayvon qiyofasidagi basharalari bilan oʻzlarining soxta ekanligini, hech qachon oʻzlarining ijodkorlari boʻlgan qushlar kabi ucholmasliklarini, fikrlay olmasliklarini… va hech narsa qila olmasliklarini, hech narsaga yaramasliklarini yashirish uchun ularga qoʻrquv sola boshladilar. Natijada, qushlar oʻzlari oʻylab chiqargan soxta podshohlardan oʻzlari qoʻrqa boshladilar. Natijada, ular oʻzlariga Simurgʻ tomonidan inʼom etilgan jamiki sara narsalarni – tuygʻularini, aqllarini, ijodlarini mana shu soxta podshohlarga qurbon qila boshladilar. Biroq, hatto, mana shu qurbonlik asnosida, yaʼni, navbatdagi mahshargohda qurbonlik qilinayotgan jinsdoshining orqasida yashirinib olgan qush mana shu soxta podshohga qoʻrquv va muhabbat ila madhiya oʻqidi. Uning sehrli va gʻayritabiiy quch-quvvatga ega deb tasavvur qilingan siymosini toshga muhrladi. Bu qurbonlikdan qocha-qocha ularga atab mahobatli ibodatxonalar qurdi. Ibodatxona devorlariga oʻzining azaliy orzularini ularning siymolariga uygʻunlashtirib, muhrladi. Ularning soxta va, aslida, yoʻq boʻlgan va ijodkorining, sohibining qalbida guyo aks etgan chehralarini, viqorli qiyofalarini mangulikka muhrladi. Unga goʻzallik, sirlilik, ulugʻvorlik baxsh etdi. Keyin mana shu ijodi – yoʻqlikdan paydo boʻlgan yovuz va qahri qattiq, sovuq va jallod, lekin hech narsaga qodir boʻlmagan soxta podshohlar deb, bir-birlarining ustiga bostirib bordilar. Bir-birlarining eʼtiqodlarini, boyliklarini, unga qoʻshib, sanʼatlarini, jami goʻzalliklarini, bola-chaqalarigacha rahm qilmay qirdilar, bosib-yanchib, kunfayakun etdilar. Biroq, mana shu buyuk muhorabadan omon chiqqan qushlarning oʻzlari ham alal-oqibat ana oʻsha oʻzlari oʻylab chiqargan soxta podshohlarining qurbonlariga aylandilar. Hayhotki, bu qurbonlikni hatto mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Bu qurbonlik navbatdagi manzil boʻlib, u – tanazzul sahrosi edi. Lekin qushlar bu sahroni bilmaymi, yo bilib turib, alam qilibmi, taraqqiyot vodiysi deb atay boshladi. Va, avvalgi soxta podshohlarini bitta qoʻymay yiqitib, oʻrniga oʻzlariga haykal qoʻydilar. Haykal shunday mahobatli va savlatli ediki, unga avvalgi soxta podshohlarning barchasini haykali-yu, ularga atalgan ibodatxonalar birlashtirilgan taqdirda ham yetib boʻlmas, yetish ne, uning poyiga qadar koʻtarilishning imkoni yoʻq edi. Soxta podshohlardan jabr koʻrgan qushlar, qayda koʻrmang, oʻzlariga oʻzlari sigʻinib, oʻzlarini ilohiylashtirdilar. Va, olisga, juda olisga ketgan, shu ketganicha qaytmagan, qorasi-da koʻrinmagan jinsdoshlariga – Simurgʻga intilgan va yetgan qushlarga… achina boshladilar.

– Ahmoqlar, – deb oʻyladi ular.

Podshoh deb, allaqayerlarda izgʻib yurishibdi. Baski, Simurgʻ bizni esidan chiqargan ekan, biz ham uni eslamaymiz! Uni deb yoʻl bosib, qanot qoqib, uchib yurish – gʻirt nodonlik! Mana – bizning oʻzimiz podshoh, bizning oʻzimiz Simurgʻ! Bizdan boshqa hech qanday Simurgʻ yoʻq! Oʻzga Simurgʻga bizning ehtiyojimiz-da yoʻq! Oʻzimiz oʻzimizning oramizda tartib-qoida oʻrnatamiz! Oʻzimiz oʻzimizni muqaddaslashtiramiz! Yashasin oʻzimiz! Shundan keyin, har bir qush oʻzini Simurgʻ deb daʼvo qila boshladi. Hamma hukmron boʻlishga harakat qildi, hech kim bir-biriga boʻysunishni istamadi. Hamma oʻzinining ulugʻligini anglab qolgan edi.

Boʻlmadi. Ular ayni avj bilan chirqillashib, oʻzlariga sigʻinishayotganlarida, birdan… oʻzlarining foniy ekanliklarini anglab qoldilar va… oʻzlaridan oʻzlarining koʻngillari qoldi. Biroq ular qancha uzoq ketishganiga qaramasdan, hamon Simurgʻ ularga yaqin edi. Ular Simurgʻ inʼom etgan bemisl aqlu zakovat tufayli temir-tersakka jon kirgizdilar. Ulardan oʻzlariga oʻxshagan va oʻzlarining fikri boʻyicha oʻzlaridan-da aqlliroq, komilroq va… boqiy jonzotlarni yaratdilar. Biz oʻlib ketsak, ular bizning oʻrnimizga qoladi, deyishdilar. Oʻz ijodlariga oʻzlari maftun boʻlib, uning imkoniyatlariga qoyil qolishdi. Oʻz ijodlariga oʻzlarining aqllari yetmay qoldi. Alal-oqibat oʻzlarining ijodlariga oʻzlari yana sigʻina boshladilar. Biroq bu safargi soxta podshohlar, haqiqatan ham, ancha aqlli edi. Ular qushlardan qurbonlik talab qilishmadi. Ular qushlarga sadoqatli xizmatkorlar boʻldi, xolos. Xizmatkor boʻla-boʻla podshohlik maqomiga koʻtarildilar. Qurbonlik talab qilmay, qurbonlik oldilar. Natijada, qushlar ularsiz bir daqiqa yasholmaydigan, nafas ololmaydigan boʻlib qoldilar. Biroq hali ham Simurgʻ ularga yaqin, juda yaqin edi. Faqat Hudhud yoʻq edi, endi. Hudhud oʻsha oʻzi boshlagan toʻda bilan yetti vodiy osha Simurgʻ diydoriga intilganicha qaytmagandi… Biroq qushlar isyon sahrosida azaliy savollarga javob izlab yurganlarida ham, gunohi kabiralar sahrosi ichra zino va yo qotillik quyuni aro chirpirak boʻlib, sarsari-sargardon quyilayotgan lahzalarida ham, podshoh izlab toshu taxtalarga sigʻinib, ulardan najot izlab, qoʻrqib, oʻzlari oʻylab topgan mana shu bemaʼniliklarga qurbon boʻlayotganlirida ham, ularga Simurgʻ baxsh etgan bemisl iqtidor – yaratuvchanlik qobiliyatlarini mana shu soxta podshohlar yoʻliga sarflab, ularga bagʻishlab, madhiyalar yozayotgan, bir parcha toshga, bir boʻlak matoga guyo jon kirgizib, ulkan isteʼdodu tasavvurlari ila ularni goh qahrli, goh mehribon etib tasvirlayotgan daqiqalarda ham, mana shu soxta podshohlarni deb, tunu kun bir-birlari bilan olishib, birodarlarining qonlarini toʻkib, jonlarini zoye etayotgan onlarda ham, yoʻq narsaga katta, viqorli ibodatxonalar barpo etib, uning boʻm-boʻsh bagʻri aro yoʻqlikka topinib, boʻshlikka ibodat qilayotgan pallalarida ham, uni “yoʻq” deb ayyuhannos solib, uning oʻrniga oʻzlarining koʻrimsiz, foniy haykallarini mangulikka muhrlamoqchi boʻlgan soniyalarda ham, bundan-da, koʻngillari toʻlmay, qaytadan oʻzlarining ijodlari boʻlmish temir-tersakka mehr qoʻyib, muhabbat koʻrsatib, uni oʻzlaridan komil atab, ularga guyo bu dunyoni meros qilib topshirayotgan, oʻzlarini esa manguga yoʻqlikka hukm qilayotgan vaqtlarida ham Simurgʻga intilayotgan edilar-ku. Ha, Hudhudning toʻdasidan ajralgan bu qushlarning barcha sayu harakatlari faqat va faqat Simurgʻni izlash, unga intilish, uni topish borasida edi. Shunday ekan, nahotki bu harakatlar zoye ketsa? Nahotki, bu intilishlar quyilash boʻlsa?! Nahotki, ularga Simurgʻ diydori toabad nasib boʻlmasa? Axir, bu adashishlar, yoʻqotishlar, yoʻqolishlarning hammasi uning yoʻlida boʻlayapti-ku! Axir, iblis ham bu dunyo aro sargardon boʻlib, odam bolalarini yoʻldan ozdirish asnosida, uni izlab yuribdi-ku. Baski, bu isyon bagʻrida ibodat, bu shirk bagʻrida vahdatni anglashga intilish, bu kufr va inkor qoʻynida moʻminlik va itoat, bu tanazzul bagʻrida ham kamolot bor emasmikin? Bu yoʻl yana qancha, qachongacha, ne taxlitda davom etarkin?

Yoki yana bir boshqa Hudhud chiqib, ularni toʻgʻri yoʻlga – Simurgʻga borar manzilga chorlab, yoʻlboshchilik qilarmikin?

 

Zuhra MAMADALIYEVA

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/hayot/nigoh/simurgga-yetolmagan-qushlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x