Odil Yoqubovni qachon eslamay, uning bir falsafasi yodimga tushadi.
Odil gina bilmasdi, u mayda gaplardan, yuzaki fikrlashdan uzoq odam edi.
Odilning oʻziga xos yuksak fazilati shunda ediki, oʻziga yomonlik qilgan odamga ham yomonlik qilishni xayoliga keltirmas, aksincha, hech narsa roʻy bermagandek doʻstona munosabatda boʻlib ketaverardi.
Kunlardan bir kun bir sabab bilan unga dedim: – Odiljon, betayin odam boʻlib qopsizmi!..
– Ha, Shukrullo aka, nima qilibman?
– Nima qilibman, deysiz-a! Anavi hasadgoʻy bilan bemalol xa-xalashib, ulfatchilik qilib yuribsizku!
Odil gapimga xafa boʻlish, hayron boʻlish oʻrniga baralla kulib:
– Hoy, Shukrullo aka, siz qiziq odamsiz-da! Buni nimasi yomon! Axir, buni hayot deydilar! Hayot oʻzi shu-ku! – dedi.
Yomonlik qilganga yomonlik qilish, balki, aybmasdir. Ammo Odilning oliyjanobligi shunda ediki, u yomonlik qilgan odamga ham oʻrni kelsa yaxshilik qilib ketaverardi.
U gʻarazgoʻy, hasadgoʻy kimsalar bilan olishishni xayoliga ham keltirmagan, bunga fursati ham boʻlmagan olijanob shaxs edi. Germaniya, Xitoy, Turkiya kabi buyuk davlatlarda asarlari mashhur boʻlib, dunyoga tanilgan, Chingiz Aytmatovdek buyuk yozuvchilarning eʼtirofini qozongan boʻlsa-da, kamtarin va azaliy chapani soddaligicha qolgandi u.
Odilning buyuk fazilati, donoligi shunda ediki, “buni hayot deydilar” deganda u yomonlikni, riyoni emas, odamlarga yaxshilik qilishni tushunardi. Butun umr riyoga, adolatsizlikka qarshi boʻldi. Butun ijodida ezgulikni, xalq dardini yozdi. Butun umri mehnatda oʻtdi.
U faqat yozuvchi sifatida emas, bir oddiy odam – mamlakat fuqarosi sifatida qilgan mehnatlarining oʻziyoq hayratomuz desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Odil faqat ijod bilan cheklanmadi. Markaziy vaqtli nashrlar bosh muharriri, nashriyot rahbarlaridan biri, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi vazifalarida ishladi. Sobiq Itiffoq Oliy kengashining Oʻzbekistondan saylagan deputati boʻldi. Vaholanki, “Literaturnaya gazeta”ning maxsus muxbiri boʻlib ishlashining oʻzi oʻsha vaqtda bir odam uchun yetarli obroʻ edi. Yana… Xullas Odilni biror yil emas, biror kun ishlamasdan, hamma qatori dam olib oʻtkazgan kunini bilmayman. Na kurortu, sanatoriylarda, na chet ellarga sayohatga borib hordiq olib qaytishni oʻyladi.
Beixtiyor oʻyga tolaman: shuncha ish-faoliyat bilan band boʻla turib, qator-qator romanu qissalar yozishga qanday ulgurdi ekan?..
Odil Yoqubov hayotda koʻp qiyinchiliklar, uqubutlar koʻrgan. Juda yoshligidan otasidan ayrilgan, otasi shoʻro qatagʻoni qurboni boʻlib ketgan, oʻzi “xalq dushmani farzandi” tamgʻasi ostida yashagan boʻlsa-da, u qoʻrs, bagʻritosh, alamzada boʻlib, yoki boʻlmasa soyasidan qoʻrqadigan, xushomadgoʻyga aylanib qolmadi. Shoʻrolarga yoqish, davlatning ishonchini “oqlash” uchun laganbardorlik qilish, tuzumni maqtab asarlar yozishga intilmadi. Dadil maqolalar, asarlar yozdiki, ular bugun ham eskirmaydigan, erta ham oʻqiladigan kitoblardir.
Dard odamni tinch qoʻymaydi. Dard chekib orzuga yetish istagida yashashdan afzalroq kishiga qudrat bagʻishlaydigan omil yoʻq. Odil yozuvchi sifatida dard bilan yashadi. Asarlar yozib xumordan chiqishdan boshqa yoʻl topolmadi. Uning boshqacha yozish imkoni ham yoʻq edi. U faqat koʻrgan, eshitganlarini emas, oʻzi boshidan kechirib, guvoh boʻlganlarini yozdi.
Haqiqiy talant, bu – siyosat tazyiqi bilan aytish mumkin boʻlmagan haqiqatni yoʻl topib ayta olishda koʻrinadi. Bunday noyob qobiliyat Odilda shakllangan edi. U dastavval yozgan asarlarida, maqolalaridayoq nima yozishni, qanday yozishni qatʼiy aniqlab olgan edi. Ana shu eʼtiqodi uni dunyoga tanitdi. Uni buyuk yozuvchilar qatoriga qoʻshdi.
Ha, u bunga partiya qarorlariga xush keladigan mavzularda emas, xalqqa xush keladigan, koʻngli taskin topadigan asarlar yozish bilan erishdi. Romanlari dunyo xalqlari tillariga tarjima qilindi.
Haqiqatni yozish, xalqning manfaati bilan yashash uning eʼtiqodiga aylangan edi. U xalq noibi sifatida Kremlning majlislar zali minbarida turib, dalalarga sepilayotgan zaharli dorilar, ximikatlar mehnatkash xalq sogʻligʻiga halokatli taʼsir koʻrsatayotganligini, xalqning umriga zavol boʻlayotganini aytib butun zalni (nainki zalni, butun mamlakatni) hayratga solgani hali hanuz hammaning yodida boʻlsa kerak. Albatta, paxta yetishtirish hamma narsadan ustun qoʻyilgan oʻsha davrlarda paxtakorlarning haqiqiy ahvoli haqida bunday haq gaplarni aytish juda xatarli edi.
Odilning nutqini eshitib, telefonda tabrikladim. Toshkentga kelganda uni bagʻrimga bosib qayta tabriklar ekanman, oʻz xavotirimni ham bildirdim. Lekin, gapim unga yoqmadi.
– Hoy, Shukrullo aka, nega qoʻrqasiz, “axir buni hayot deydilar-ku!” – dedi.
“Buni hayot deydilar!..”
Bu – buyuk soʻz sanʼatkori, xalqimizning fidoyi farzandi, mening dildosh, sirdosh doʻstim Odil Yoqubovning bosh shiori, hayotiy aqidasi edi…
ShUKRULLO
“Sharq yulduzi”, 2012–1
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/buni-hayot-deydilar/