Boʻlmagil
Har balo boʻl, mayli, lekin
toru mahdud boʻlmagil,
Oʻzgalarga masxara,
nodonu chulchit boʻlmagil.
Mayli, boʻztoʻrgʻay boʻlib,
koʻklarga parvoz et, vale,
Yerni koʻrmas koʻz ila
osmonda burgut boʻlmagil.
Ey koʻngil, xirmonda don boʻl,
boʻlma sargʻaygan somon,
Sovrilib yellarda bir kun
nestu nobud boʻlmagil.
Kamtarinlik bobida
tuproq boʻlishni qil havas,
Bazm aro zarrin kamarbandlarda
yoqut boʻlmagil.
Begʻubor oʻt boʻl jahonda,
ayla ravshanlik shior,
Ustuvor etma qarolikni,
qaro dud boʻlmagil.
Odamiydirsan shu olam
ichrakim, boʻl odamiy,
Ikki olamga razil
shaytoni mardud boʻlmagil.
Doʻstu ulfat boʻl mudom
farzonalarga, ey Jamol,
Yaxshilarning yonidin
bir lahza soqit boʻlmagil.
Tabassumingdin
(“Dugoh” yoʻlida)
Tabassumingdin gul ochib
fasli bahor bugun,
Olam koʻzimga boshdin-oyoq
lolazor bugun.
Hayrat ulashdi tabassuming
elga, ey nigor,
Bizdek gʻarib, bechoralar ham
baxtiyor bugun.
Zavqu safodin shu yorugʻ
olamda bor esa,
Har nechakim savtu sado,
bagʻrimda bor bugun.
Tabassuming koʻrgan kishida
bormi ixtiyor,
Yigʻlarmanam, kularmanam
beixtiyor bugun.
Tabassumingdanmi magar
taraldi shuʼlalar,
Koʻngil koʻzgusidek koʻk ham
begʻubor bugun.
Tabassuming koʻngillarni
beqaror aylasa,
Mening jonimdadir hama
azmu qaror bugun.
Azmu qaror ulki, seni
sevarman toabad,
Aytmoq Jamolga ishqini
iftixor bugun.
Soqiynoma
(“Dilxiroj” yoʻlida)
Soqiyo, tutgil qadahkim,
bori gulrangu safo,
Yorning shirin labi ermish
menga umri baqo.
Yor jamolini koʻrarda
zoru mushtoq boʻlmasa,
Tutganing gulgun qadah
oshiqqa boʻlgaymu ravo?
Ey koʻngil, oʻksinma, yoring
aylasa qahru itob,
Yordin mehru muruvvatdir
senga jabru jafo.
Yetmagay umrim, visoliga
etolmasman, dema,
Intiho yetganda umringga,
etishgay ibtido.
Oshiq ulkim, yor bedod etsa,
parvo aylamas,
“Boʻlgay ul jondin judo,
boʻlguncha jonondin judo”.
Ey bashar, yodingda tutgil,
ne emish husni sharaf,
Bandalik etsang, xudolikni
senga etgay xudo…
Soqiyo, tutgil qadahkim,
sipqorib joming Jamol,
Yor deb qoʻysin qadamni
vodiyi vahdat aro.
Behisob deb oʻylama
Sen savol berding amal aylab, javob boʻlgay senga,
Yo gunoh kelgay amaldin, yo savob boʻlgay senga,
Yo qoʻnar boshingga baxt, yo iztirob boʻlgay senga,
Behisob deb oʻylama, bir kun hisob boʻlgay senga,
Yoki zulmat boʻlgusi, yo oftob boʻlgay senga.
Kibru manmanlikni qoʻy, tarki jaholat aylagil,
Mehru shafqat shevasin tutgil, adolat aylagil,
Himmating birlan raqiblarni xijolat aylagil,
Behisob deb oʻylama, bir kun hisob boʻlgay senga,
Ul hisobing yeru koʻkdin mustajob boʻlgay senga.
Oqibat daryo emas, koʻlmakliging yodingda tut,
Jon berib, taslim boʻlib, oʻlmakliging yodingda tut,
Boʻl qaro tuproq desa, boʻlmakliging yodingda tut,
Behisob deb oʻylama, bir kun hisob boʻlgay senga,
Yo karam boʻlgay va yo qahru itob boʻlgay senga.
Soʻzlagan yolgʻon soʻzingga soʻzlaring isyon etar,
Toʻymagan och koʻzlaringga koʻzlaring isyon etar,
Atlasu kimxoblaringga boʻzlaring isyon etar,
Behisob deb oʻylama, bir kun hisob boʻlgay senga,
Qoʻzgʻalur ruhingda mahshar, inqilob boʻlgay senga.
Ey Jamol, nafsi baloyingdin baland maʼvoda boʻl,
Tan ila dunyoni siyla, jon ila uqboda boʻl,
Har qadam qoʻysang, hamisha hoziru omoda boʻl,
Behisob deb oʻylama, roʻzi hisob boʻlgay senga,
Oʻng taraf yo soʻl tarafdin bir kitob boʻlgay senga.
Navoiy gʻazaliga muxammas
Ey musulmonlar, diyonatni xudodin istangiz,
Yaxshilikni yaxshidin, xayri duodin istangiz,
Benavolik boisin makru riyodin istangiz,
Istaganlar bizni sahroyi balodin istangiz,
Vodiyi hijron ila dashti fanodin istangiz.
Oftob zolim, shamol bedodgar ul vodiy aro,
Oshiq ahli chun iqomat aylar ul vodiy aro,
Oʻtsangiz nogoh shitob aylab gar ul vodiy aro,
Vomiqu, Farhodu Majnundeklar ul vodiy aro,
Boʻlsalar paydo, meni ham ul arodin istangiz.
Men nechuk koʻnmay oʻshal baxtimga tushgan hissaga,
Men ishongum joni zorimga, ishonmam jussaga,
Ey birodarlar, tavajjuh aylangiz bu qissaga,
Yuz alarning ishqicha dardu balovu gʻussaga,
Tolib el boshiga kelgan mojarodin istangiz.
Uzmadim koʻngilni bir lahza falakning oyidin,
Ne mashaqqatlarda kechdim dahru dunyo soyidin,
Oqibat qoldim oyogʻimni uzolmay loyidin,
Eyki, istarsiz savodulvajh1 fiddoroyidin
Boxabar boʻlmoq, meni yuzi qarodin istangiz.
Men bugun soʻylay nechuk, ey yor, ishqim sharhini,
Soʻylasin olamga shu ashʼor ishqim sharhini,
Bogʻ aro bulbul etar takror ishqim sharhini,
Koʻnglim ul zulf ichradir, zinhor ishqim sharhini,
Istamang men telbadin, ul mubtalodin istangiz.
Demangiz, yolgʻiz navo uzra qilur kotib raqam,
Yo magar savtu sado uzra qilur kotib raqam,
Har safar jabru jafo uzra qilur kotib raqam,
Nuqta yangligʻkim, vafo uzra qilur kotib raqam,
Ishq oʻtining dogʻini ahli vafodin istangiz.
Oshigʻi devonalarkim oʻtdi, oni istar el,
Navbati davron Jamolga yetdi, oni istar el,
Yor jamoliga muxammas bitdi, oni istar el,
Ogʻzi shavqidin Navoiy yitti, oni istar el,
Yo adam dashtida, yo mulki fanodin istangiz.
Jamol KAMOL,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Sharq yulduzi”, 2012–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/mehru-shafqat-shevasin-tutgil/