Toleimda umid boʻlib joylashgan olam

Jiyanboy IZBOSKANOV,
Qoraqalpogʻiston xalq shoiri

 

Tugʻilgan qishlogʻim taʼrifi

 

Menga aziz kindik qonim tomgan yer,

Mamiy bilan Munchoqlining orasi.

Sogʻinchimsan, bolaligim qolgan yer,

Koʻzimga toʻtiyo Oqyop yoqasi.

 

Elat eding menday bola tugʻilgan,

Yer tanobin tortib, changlab yugurgan,

Oʻrpong yoʻllar tuprogʻini sugʻirgan,

Koʻzimga toʻtiyo Oqyop yoqasi.

 

Qoʻl silkiydi uzoq-yaqin oraliq,

Koʻz oʻynatar kevrek bilan qoramiq,

Atroflaring ot choptirim dalalik,

Koʻzimga toʻtiyo Oqyop yoqasi.

 

Koʻngil koʻrki – eh, ovulning bogʻlari,

Dil sogʻinar yodga tushgan chogʻlari,

Quvontirar, koʻzni tuni, tonglari,

Koʻzimga toʻtiyo Oqyop yoqasi.

 

Kuz oylari… ochilishib ketarsan,

Shunda, meni battar oshiq etarsan,

Taʼrifingga soʻz topilmas, netarsan?

Shunchalar goʻzalsan, Oqyop yoqasi.

Koʻllarda muz, qorli-boʻron qishda ham,

Gurlab oʻtar maʼrakayu toʻy, bayram,

Bir tomon – sen, bir tomonda – bor olam,

Koʻzimga toʻtiyo Oqyop yoqasi.

 

Rost, ulgʻayib sendan yiroq ketganim,

Har qadamda xayolda ming kutganim,

Sen tufayli bul kunlarga yetganim,

Koʻzimga toʻtiyo Oqyop yoqasi.

 

* * *

Tilimni tiymabman – dil ozorlandi,

Dilimni qiynabman – zil ozorlandi,

Dildagi nafis bir gul ozorlandi…

Avf et meni,

Avf et meni, haq tangrim!

 

Gumon itlari goho shoshilib,

Goho oʻysizlikdan, goho mast qilib,

Talay marta boshdan oʻtdi osiylik…

Avf et meni,

Avf et meni, haq tangrim!

 

* * *

Bu dunyoga kelib, men ham dunyolar topdim,

Fasllari olti oyda almashgan olam.

Sarhadi yoʻq quchoqlarin bul bir elatning

Yoz yomgʻiri yuvib, qishda qor bosgan olam.

 

Bolalik payt… armon boʻlib qolgan yillarda,

Ne bir urgun, sellar bilan bahslashgan olam.

Mazmun-koʻrki – kengliklarda esgan qumlarda,

Koʻkragimga siqqanicha joylashgan olam.

 

Men liramda kuylar boʻlsam – oʻsar gʻamlarim,

Gʻamlar oʻsar – suvga qonmay qolganday olam.

Sevadirman unda oʻtgan umrim damlarin,

Tuproq – oltin, toshlar – olmos, xazina biram.

 

Koʻnglimizning kimyosi shul – tugʻilgan tuproq,

Toleimda umid boʻlib joylashgan olam.

Umrim boʻyi, oh, avaylab-asrayman mutloq,

U bor ekan, aslo, unutilmasman, men ham.

 

* * *

Aql aytdi dema sen,

Bilmaysan-da hadisin:

Yaqin degan joʻrangning

Ikki yuzli boʻlarin.

 

Undaylardan qochib yur,

Ham orani ochib yur.

Yutqazsang ham, yonsang ham,

Yolgʻiz oʻzing qolsang ham…

 

* * *

Koʻzdan yiroq, olis yoqlarda,

Huv, oldinda kulgan tong boʻlib,

Bir nozanin erta vaqtlarda

Meni oʻtda yoqdi mangulik.

 

Unutmoq yoʻq, unutmoq ogʻir,

Oʻsha qizni yoʻqotib es-hush,

Seni qandoq unutay, axir,

Koʻkragimdan uchib chiqqan qush?!.

 

* * *

Bul umr oʻtar boʻldi

Biz bilan yoqalashib,

Ranglari oʻchar boʻldi

Qaygʻular aralashib.

 

Oʻylandim, aqllandim,

Sabogʻi boshga tegib,

Baʼzida, gʻofil qoldim,

Manglayim toshga tegib.

 

Baxt boʻlsin, tole boʻlsin,

Koʻp odam menday emas.

Men kabi qanday boʻlsin,

Beshbarmoq tengday emas?!.

 

Qoraqalpoqchadan Muzaffar AHMAD tarjimalari

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/toleimda-umid-bolib-joylashgan-olam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x