Taniqli bolalar shoiri Anvar Obidjon ijodi tasvir uslubining oʻziga xosligi, obrazlarining hayotiyligi, yengil yumori, maʼrifiy xarakterga egaligi hamda badiiy tasvirning ochiq ifodalanishi bilan oʻz kitobxonlariga ega boʻlib kelmoqda.
Shoir ijodiy faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, uning serqirra mavzularda qalam tebratganligini payqash qiyin emas. Anvar Obidjon ijodida, asosan, tashbeh sanʼati yetakchilik qiladi. „Tashbeh sanʼati sharq adabiyotida keng tarqalgan sanʼatlardan biri boʻlib, lugʻatda „oʻxshatish“maʼnosini ifodalaydi. Tashbeh ikki narsa yoki tushuncha orasidagi haqiqiy yoki majoziy, moddiy yoxud maʼnaviy oʻxshashliklar va munosabatlar asosida yuzaga keladi[1].
Shoir oʻzining Abdulla Oripovga bagʻishlangan, yoʻqolib qolgan kuchukchasini izlayotgan bola holatini tasvirlovchi „Sahroyi bola“sheʼrida tashbeh sanʼatidan unumli foydalangan:
“Beh, Olapar,
Olapa-a-r!!!” – deya
Izillaydi jovdirab har yon.
Dovul misli quturgan tuya,
Och sorlardek yoprilar toʻzon.
Boʻzlar ekan sahroyi bola
Ogʻzi shoʻrtak qumlarga toʻlib,
Har bir yantoq qilardi nola
Tahqirlangan kuchukcha boʻlib[2].
Sheʼrda tasvirlanayotgan murgʻak bola timsoli sahroyi bolaga qiyoslanadi. Uning ruhiy holati va koʻrinishini samimiy jonlantirishda oʻxshatish sanʼati muhim vazifa bajargan. Asardagi deyarli barcha tabiat hodisalarini tasvirlashda tashbeh sanʼatidan mohirona foydalanilgan. Xususan, dovulning „quturgan tuya“, toʻzonning „och sorlar“ga oʻxshatilishi, yantoqning „tahqirlangan kuchukcha“shaklida nola qilishi sheʼrning oʻqimishliligini taʼminlagan. Tasvirlar kitobxon koʻz oʻngida jonli manzara hosil qiladi.
Maʼlumki, XX asr adabiyotida Erkin Vohidov aruzni himoya qilib chiqqan va ushbu vaznda yangi oʻzbek adabiyotini ajoyib gʻazallari bilan bezagan edi. Anvar Obidjon ijodini kuzatar ekanmiz, uning ham mana shu yoʻldan borib, bir-biridan goʻzal gʻazallar yaratganligiga guvoh boʻlamiz.
Shoirning “Ketmagil” kitobidagi kattalarga atalgan gʻazallarida tanosub, talmeh va boshqa bir qator mumtoz badiiy soʻz sanʼatining ajoyib koʻrinishlariga duch kelamiz:
Kalom izlar esang, Anvar, madad soʻrgil Navoiydan,
Gʻazal bitsam – gahi Mashrab, gahi Hofiz yalintirgay[3].
Sheʼrda talmeh sanʼati yaqqol koʻzga tashlanadi. Albatta, har bir ijodkor ijodiy faoliyati davomida oʻzidan oldin oʻtgan mumtoz shoirlarimiz yoki ustoz adiblar merosiga, uning ijodiy salohiyatiga suyanadi, undan oʻrnak va saboq oladi. Ushbu parcha orqali Anvar Obidjon ham ajdodlar madadiga suyanishi, Navoiy, Mashrab-u Hofizlarga murojaat qilishini kamtarona aytib oʻtmoqda.
Ushbu toʻplamidan joy olgan „Abadiydir nur va haqiqat“, „Muqaddas tuygʻular“kabi ijod namunalarida ham yuqoridagi kabi badiiy soʻz sanʼatlarining ajoyib koʻrinishlariga guvoh boʻlamiz.
Anvar Obidjon sheʼrlarida, asosan, qisqa boʻgʻinli soʻzlardan foydalaniladi. Mazkur jihat shoir sheʼrlarining tez va oson oʻqilishini taʼminlagan. Fikrlar loʻnda, oddiy va samimiy ifodalangan:
Omon qoldi magʻrur bosh,
Tanda – chayir jonimiz.
Aynimasa bas, doʻstim,
Kelajakda qonimiz[4].
„Qirgʻiz doʻstimga“nomli sheʼridan oʻrin olgan ushbu parchada tanosub sanʼati orqali soʻzlar bogʻlanmasi yaratilgan. Oʻzaro bir-biriga yaqin tushunchalarni bildiruvchi bosh, tan, jon va qon soʻzlaridan shoir yangi va original sheʼriy satrlarni yaratadi.
Umuman olganda, Anvar Obidjon sheʼriyati betakror hajviy mahorati, mumtoz va zamonaviy ijodning uygʻunlashib ketganligi bilan ham oʻziga xoslik kasb etadi. Oʻzbek adabiyotshunosligi oldidagi muhim vazifalardan biri ham ushbu ijod namunalarini yanada chuqurroq tahlil qilish, keng kitobxonlar ommasiga yetkazishdan iboratdir.
Shahnoza SAFARBOYEVA,
talaba (NukusDPI)
[1] Salayev F., Qurboniyozov G. Adabiyotshunoslik atamalarining izohli soʻzligi. T.: „Yangi asr avlodi“, 2010. 255–bet.
[2] Anvar Obidjon. Ketmagil. T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot, 1985. 17-bet.
[3] Oʻsha manba. 43–bet.
[4] Oʻsha manba. 9–bet.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjon-sherlarida-badiiy-sanatlardan-foydalanish-mahorati/