Sanʼat asari

Anton CHEXOV

 

Onasining yolgʻiz oʻgʻli Sasha Smirnov “Birja vedomostlari” gazetasining 223-soniga oʻralgan bir narsani qoʻltigʻiga qistirib, yuzi soʻlgʻin bir holda doktor Koshelkovning xonasiga kirdi.

– E-e, keling, yaxshi yigit! – deya kutib oldi doktor. – Xoʻsh, sogʻligingiz qalay? Qanday xushxabarlar keltirdingiz?

Sashaning koʻzlari pirpiradi, oʻng qoʻlini chap koʻkragiga bosib, hayajonlangan holda dedi:

– Oyim sizga salom yubordi va minnatdorlik bildirdi, Ivan Nikolayevich… Men oyimning yolgʻiz oʻgʻliman, siz meni oʻlimdan saqlab qoldingiz… Ogʻir darddan forigʻ qildingiz. Bu yaxshiligingizni aslo unutmaymiz.

– Bunday gaplarni qoʻying, yigit! – dedi doktor, bu soʻzlardan erib ketib. – Men qilgan ishni hamma qiloladi.

– Men oyimning yolgʻiz oʻgʻliman… Kambagʻal odammiz, xizmatingizga yarasha haq toʻlashga ojizmiz… Juda uyatga qoldik, doktor. Shuning uchun oyim va uning yolgʻiz oʻgʻli – men, sizga minnatdorlik sifatida mana bu narsani hadya qilishga ahd qildik. Oʻzi qimmat narsa, qadimgi bronzadan ishlangan. Kamyob sanʼat asari.

– Hech keragi yoʻq! – dedi doktor aftini burishtirib.

– Yoʻq demang endi, – dedi Sasha qogʻozni ocha turib. – Olmasangiz meni ham, oyimni ham xafa qilasiz. Juda asl buyum. Qadimgi bronzadan ishlangan. Marhum dadamdan qolgan, biz buni qimmatli yodgorlik deb saqlab kelardik. Dadam qadimgi bronzadan yasalgan buyumlarni olib ishqibozlarga sotardi. Hozir oyim ham, men ham shu ish bilan mashgʻulmiz.

Sasha qogʻozni ochdi-da, keltirgan narsasini tantanali suratda stolga qoʻydi. Bu buyum qadimgi bronzadan nafis ishlangan pastak qandil edi. Qandil bir toʻda odamlarni tasvir etardi: supachaga qaddi-qomati kelishgan bir nozanin va… kiyimlarini kiygan ikki xotinning figurasi oʻrnatilgan. Ular tannozlik bilan jilmayishar, shamdonni koʻtarib turish vazifasi boʻlmasa, supachadan sakrab tushib, uy ichini tasavvur etib boʻlmaydigan darajada ostin-ustin qiladigandek koʻrinardi.

Doktor sovgʻaga bir muddat tikilib turdi-da, qulogʻining orqasini qashladi, keyin bir yoʻtalib, burnini qoqdi.

– Haqiqatan, asl narsa ekan, – dedi u toʻngʻillab. – Ammo nima desam ekan… Hech kimga koʻrsatib boʻlmaydigan buyum ekan-da…

– Nega endi?

– Oʻtaketgan ustasi ham bundan battarini oʻylab topolmaydi. Bu narsani stolga qoʻyish – butun uyni harom qilish demakdir.

– Sanʼatga nega bunday koʻz bilan qaraysiz, doktor, – deb xafa boʻldi Sasha. – Axir, bu sanʼat asari, oʻzingiz bir qarang! Bundagi nafislik va goʻzallikdan kishining qalbi shodlikka, koʻzi yoshga toʻladi! Bunday goʻzallikni koʻrgan kishi butun dunyoni unutib yuboradi. Qarang, qanday malohat, qanday nafosat, orzu bor bunda!

– Buni oʻzim ham koʻrib turibman, azizim, – dedi doktor, Sashaning soʻzini boʻlib. – Ammo men oilali, bola-chaqali odamman, uyimga xonimlar kelib turadi…

– Albatta, agar nodon xalq nazari bilan qaralsa, bu yuksak sanʼat asari boshqacha boʻlib koʻrinadi, – dedi Sasha. – Ammo siz, doktor, oddiy xalqdan baland turmogʻingiz kerak. Bu buyumni olmasangiz, oyim ikkimizni qattiq xafa qilasiz. Men oyimning yolgʻiz oʻgʻliman… Siz meni oʻlimdan saqlab qoldingiz. Biz sizga eng qimmatbaho buyumimizni taqdim etayapmiz. Faqat shunga mos keladigan boshqa narsamiz yoʻqligi meni achintiryapti…

– Rahmat, rahmat, azizim, koʻp minnatdorman… Oyingizga salom ayting.

– Qandilni mana bu yerga, vazani yoniga qoʻying! Attang, jufti yoʻqda… Eh, attang! Xoʻp, xayr, doktor.

Sasha chiqib ketgandan keyin doktor ancha vaqtgacha qandilga tikilib qoldi, qulogʻining orqasini qashib, uzoq oʻyladi.

“Oʻzi yomon narsa emas, – deb oʻyladi u. – Uloqtirish uvol… Bu yerda qoldirib ham boʻlmaydi… Toza mushkul vaziyatda qoldim. Kimga hadya qilsam ekan?”

Uzoq oʻydan keyin Uxov degan oʻzining qalin oʻrtogʻi esiga tushdi. U advokat boʻlib, doktorning janjalli ishlarini boshqarardi.

– Juda soz-da, – dedi doktor oʻziga oʻzi. – Doʻstlik vajidan mendan sira pul olmaydi. Biron narsa hadya etsam, juda xursand boʻladi. Mana shuni bera qolaman.

Keyin doktor darrov kiyindi-da, qandilni koʻtarib, Uxovnikiga ketdi. Advokat uyida ekan.

– Yaxshimisan, ogʻayni! – dedi doktor. – Menga qilgan xizmatlaring uchun tashakkur bildirgani keldim. Pul bersam olmaysan, juda boʻlmasa, mana buni ol. Juda ajoyib bir narsa!

Buyumni koʻrgan advokat oʻzida yoʻq sevinib ketdi.

– Ana xolos! – dedi u qah-qah urib. – Odamlar nimalarni oʻylab topishmaydi-ya! Haqiqatan ham ajoyib narsa ekan.

Advokat ichidagi butun sevinchini izhor qilib boʻlgach, uyning eshigiga qoʻrqa-pisa koʻz tashladi-da:

– Yoʻq, birodar, buni olib ket, men olomayman, – dedi.

– Nega ololmaysan? – dedi doktor, qoʻrqib ketib.

– Ololmayman-da… Uyimga onam kelib turadi, mijozlar keladi… xizmatchi ayollar oldida ham uyat.

– Bu gaplaringni qoʻy, ogʻayni, – dedi doktor. – Oʻzi juda nafis buyum. Olmasang, xafa boʻlaman!

– Baʼzi joylari yopiq yoxud barg bilan berkitilgan boʻlsa ham mayli edi…

Doktor baribir sovgʻani qoldirdi-da, uyiga qarab ketdi.

“Oʻzi yomon narsa emas ekan, – dedi oʻziga oʻzi Uxov. – Tashlasang uvol boʻladi, u yerda qoldirish ham uyat. Yaxshisi, biron kishiga sovgʻa qilaman. Ha, topdim! Bu qandilni qiziqchi artist Shashkinga taqdim etaman… U bunday narsalarga oʻlgudek oʻch”.

Juda puxta oʻralgan qandilni Uxov kechqurun Shashkinga sovgʻa qildi. Yarim kechagacha Shashkinning pardozxonasi sovgʻani koʻrish uchun kelgan erkak artistlar bilan liq toʻla edi. U yerdan hadeb ot kishnashiga oʻxshash kulgi eshitilardi. Biron aktrisa eshik oldiga kelib: “Kirsam maylimi?” deb soʻrasa, qiziqchi darhol:

– Yoʻq, yoʻq, xonim, men kiyingan emasman! – degan ovoz eshitilardi.

Tomoshadan keyin artist kiftini qoqib:

– Bu matohni nima qilsam ekan? – dedi atrofidagilarga qarab. – Axir birovning uyida ijarada tursam, uyimga aktrisalar kelib turadi… Bu fotosurat emaski, darrov gʻaladonga yashirsam.

– Uni soting-qoʻying, – deb maslahat berdi sahna sartaroshi. – Bir joyda shunaqangi qadimgi bronzalarni olib sotuvchi bir kampir bor. Borib Smirnovdan soʻraysiz. Hamma taniydi.

Shashkin sartaroshning aytganini qildi…

Oradan ikki kun oʻtib, doktor Koshelkov oʻz kabinetida barmogʻini peshonasiga tirab, meʼda kislotalari haqida oʻylab oʻtirardi. Birdan eshik ochilib, kabinetga Sasha Smirnov kirib keldi. Uning ogʻzi qulogʻida, yuzida shodlik aks etardi. Qoʻlida gazetaga oʻralgan bir narsani koʻtarib olgandi.

– Doktor! – deya gap boshladi Sasha, nafasi boʻgʻilib. – Shu topda dunyoda mendek xursand odam boʻlmasa kerak. Baxtingizga qandilingizning juftini topishga muvaffaq boʻldik! Oyim ham juda xursandlar. Men oyimning yolgʻiz oʻgʻliman… Siz meni bir oʻlimdan olib qoldingiz…

Minnatdorligidan titroq bosgan Sasha qandilni doktorning stoli ustiga qoʻydi. Doktor qandilga tikilgancha gapirmoqchi boʻlib ogʻzini ochdi, ammo hech nima deyolmadi: uning tili tanglayiga yopishib qolgandi…

 

Odil Rahimiy tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/sanat-asari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x