Yurtimizda madaniy va tabiiy yodgorliklar bisyor. Turli davrlarda bunyod etilgan, ne-ne suronli davrlarning shohidi boʻlgan, har biri moziyning bir parchasi sifatida saqlanib qolgan madrasa, maqbara, macjid, xonaqoh va ziyoratgohlar tariximizning tilsiz tilsimidir. Birgina Qashqadaryo viloyatida 927 ta madaniy meros obʼyektlari mavjud boʻlib, ularning 163 tasini arxitektura inshootlari, 683 tasini arxeologik yodgorliklar, 61 tasini qadimiy sanʼat asarlari, 20 tasini esa ziyoratgohlar tashkil etadi. Shulardan biri viloyatning Chiroqchi tumani Langar ota qishlogʻida joylashgan Hazrati Langar ota ziyoratgohidir.
Langar ota qishlogʻining tarixi zardushtiylar davriga borib taqaladi. Shu yerda tugʻilib oʻsgan, farzandlari yordamida kichik muzey tashkil etib, uni qishloqdan topilgan qadimiy buyumlar, kitoblar bilan toʻldirib borib, ona qishlogʻi timsolida Qashqadaryo vohasi tarixini saqlab qolish va oʻsib kelayotgan avlodga yetkazishga ulkan hissasini qoʻshayotgan oʻozi ota Rahmonov bilan suhbatimiz qishloq va unda joylashgan tabiiy va madaniy yodgorliklar tarixiga yanada chuqurroq nazar tashlashimizga yordam berdi.
– Langar ota qishlogʻi mening kindik qonim toʻkilgan joy. Shu yerda 1947 yilda tugʻilib, oʻsib-ulgʻaydim. Qarshi pedagogika instituti til va adabiyot fakultetini 1968 yili bitirgach, qishloq maktabida ishlash bilan birgalikda ona qishlogʻimning tarixini ham oʻrganishga, uni oʻsib kelayotgan avlodga yetkazishga harakat qildim, – deydi oʻozi ota Rahmonov. – Allohga beadad shukur, men tygʻilib oʻsgan joy insoniyat rivoji tarixining ajralmas bir boʻlagidir. Qishloqning har bir qarich yeri oʻzida ilk neandertal davrdagi hayotdan boshlab, zardushtiylar, soʻngra islom dini tarixini ham aks ettiradi. Qashqadaryo vohasida uchta Langar ota qishlogʻi bor. Qamashidagi Katta Langar, bizdagi eski Langar deb ataladi. Oʻtgan asrgacha qishloqda madrasa boʻlgan. Unda diniy bilimlar bilan birgalikda dunyoviy ilmdan ham saboq berilgan.
Madrasaning boy kutubxonasini Shoʻrolar davrida yoʻq qilib yuborilishidan asrash maqsadida 1930, yaʼni qatagʻon yillarida Mulla Abdurahmon qori tashabbusi bilan tunda kitoblarni qabristonga koʻmishgan. Ammo hanuz ular topilmagan. Oʻtgan yili odamlarda saqlanib qolgan kitoblarni asrash maqsadida farzandlarim bilan ikki xonali uy qurib, uni Langar ota qishlogʻining tarixiy muzeyiga aylantirdim. Muzeyimiz asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, shu yerdan topilgan kitoblar, qadimgi maishiy buyumlar bilan boyimoqda. Langar ota chetida joylashgan Munchoqtepada zardushtiylarning qabristoni bor. Otashparastlar tabiat bilan uygʻunlikda yashab, odam tanasi yerni ifloslantirmasligi uchun avvalo murdani togʻ tepasiga olib chiqishgan. Jasadning suyagini yirtqichlar va qushlar tozalagach, tobutga solib, uyiga qoʻygan. Aynan shu yerda oʻtgan yillari yoʻl qurilishi boshlanganida zardushtiylar qabristoni topilgan edi. Qishloqlar tarixini qabristonlar belgilaydi. Qishlogʻimizda 20 gektarlik eng katta qabriston joylashgan. Qabristonga Kitobdan Qamashigacha yashagan barcha urugʻ boshliqlari alohida-alohida qoʻyilgan.
Qishloq boʻylab sayr qilar ekanmiz, uning asosiy yodgorligi Langar ota maqbarasiga chiqdik. XVI-XVII asrda bunyod etilgan Langar ota xonaqosi dengiz sathidan 700 metr yuqorida joylashgan. Bu yerdagi qabrtoshlar olimlar tomonidan oʻrganilib, xaritasi tuzilgan. 2014 yilda maqbara taʼmirlanib asl holatiga keltirildi. Hozir bu yer ziyoratgohga aylantirilgan. Qishloqning etagiga enar ekanmiz, soy boʻyida joylashgan, yoshi salkam ming yillar atrofida boʻlgan masjid eʼtiborimizni tortdi. Masjid hijriy 122 yili, yaʼni 800 yillarda qurilgan. Hanuz qishloqliklarga xizmat qilib kelayotgan masjidning ustunlari chinor va archa daraxtlari yogʻochlari yasalib, yuqori qismi naqshlar bilan bezatilgan. Shiftida har biri oʻz maʼnosiga ega boʻlgan rangdor naqshlar yorqinligini saqlab qolgan.
– Aslida masjid qishloqning tepasiga qurilib, bundan 800 yil ilgari mana shu joyga tushirilgan, – deya suhbatimizni davom ettirdi oʻozi ota. – Shoʻrolar davrida bu yerda doʻkon ochilib, soʻng omborxonaga aylantirildi. Mustaqillik esa unga oʻz mohiyatini qaytardi. Agar eʼtibor bersangiz, shiftdagi naqshlarning aksariyati svastika koʻrinishida, aslida esa bu otashparastlarning eʼtiqodiga koʻra dunyoning toʻrt tomonini anglatuvchi belgidir. Shiftga naqshlar matoga chizib, yopishtirilgan. Shuning uchun ham asrlar davomida ustidan suv oʻtsa ham naqshlar oʻchmagan. Har bir naqsh alohida maʼno kasb etadi. Ular inson hayotining mazmunini oʻzida aks ettiradi.
oʻozi ota bizga yana bir ajoyib, qadimiy yodgorlikni koʻrsatdi. Soy boʻyida joylashgan hovli devori yonidagi katta toshga 40 ta katak oʻyilgan edi. Tosh yonida oyoq qoʻyadigan joy ham bor.oʻozi otaning aytishicha, bu qadimgi qirchovul oʻyinining “taxtasi” boʻlib, u zardushtiylar davrida oʻylab topilgan. Bunday oʻyinlar asosan tegirmonlar oldida tashkil etilib, odamlar navbat kutganida qirchovul oʻynab, vaqt oʻtkazishgan.
Qishloqda tabiat yodgorliklari koʻp. Shulardan biri Sulton Vois bobo ekkan ming yillik chinordir. Yamoqli soy etagida qad rostlagan bu ulkan daraxt, aytishlaricha, bir marta yonib ketgach, oʻrnida qaytadan chinor oʻsib, bir metrdan soʻng yana bir chinor koʻkargan. Rivoyatlarga koʻra, Sulton Vois boboning volidalari boboning yoshligida qoʻliga kosov berib, “oʻchoqni kovla” desa, u yerga suqib xudoga nola qilgach, kosov koʻkargan. Qishloq chetidagi “Xukak”, yaʼni “Haqiqat toshi” nomini olgan teshik toshning tarixi ham Sulton Vois bobo bilan bogʻliq. U yurgan yoʻlida “hu haq” deb xitob qilgani bois, uning har bir soʻzi toshlarda aks-sado bergan. Keyinchalik bu tosh “Xukak” deb atalgan.
– Necha asrlar davomida odamlar Yamoqli soyidan tuproq olib, sopol idish va tobutlar yasashgan, – deydi oʻozi ota. – Chunki uning tuprogʻi nihoyatda toza. Oʻrtadagi oqayotgan daryoning nomi Langar boʻlib, qadimdan Chashmaob deb atalgan. Chunki Jomdan Samarqandgacha chashmalar serobdir. Daryolar ham boshini chashmadan oladi. Har bir chashmaning suvi shifobaxsh. Oʻz nomi bilan atalgan Qoʻtirbuloq suvidan ichib, unda choʻmilgan odam bir nechta darddan xalos boʻladi. Koʻrinib turgan Hasan ota choʻqqisida qadimgi odamlar makoni boʻlgan gʻor bor. Buni gʻor devorlariga oʻyilgan suratlardan bilsa boʻladi. Koʻrib turganingizdek, choʻqqining atrofidagina archalar saqlanib qolgan. Aytishlaricha, ilgari archalar togʻ etagigacha oʻsgan, keyin esa odamlar tomonidan ularning ayovsiz kesib tashlanishi natijasida togʻ yonbagʻirlari yalangʻochlanib qoldi. Afsus, bu hanuz davom etmoqda. Togʻimizda shuningdek tudana, bayroq nomini olgan daraxtlar oʻsadi. Ammo ular ham juda kam qolgan. Qishloqni Chaqirikalon tizmasi oʻragan. Ikkala tomonidan quyosh birday oʻtadi. Togʻning eng baland joyi dengiz sathidan 2200 metr balandda. Bu yerda dorivor oʻsimliklarning 100 dan ortiq turi oʻsadi.
Qishloqning shimoliy qismiga qarab yoʻl olamiz. Yalangʻoch qir bagʻirlari oʻrtasida toʻdalangan ulkan toshlar eʼtiborimizni oʻziga tortdi. Eng katta toshga ibtidoiy odamlarning ov jarayonlarining suratlari tushirilgan. Shu bois bu tosh mahalliy aholi tomonidan Qoʻchqortosh deb atala boshlangan. Afsus, tarixiy yodgorliklarimizga bepisand qaragan kimsalar tomonidan toshga ismlarning yozilishi, qurilish qilish uchun undan boʻlaklar kesib olinishi oqibatida bebaho qiymatga ega boʻlgan suratlar oʻchib ketmoqda.
Langar ota qishlogʻining hali ochilmagan sirlari koʻp. Uning tarixi, betakror goʻzallikka ega boʻlgan tabiatini asrash, tarixiy, tabiiy va madaniy yodgorliklarini davlat muhofazasiga olish lozim.
Nargis QOSIMOVA,
jurnalist
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/langar-ota-qishlogi-yodgorliklari/