“Xattotlik qadim Sharq sanʼatining behad kamol topgan turlaridan biri hisoblanadi. Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼatining esa boy tarixi bor. XIV–XV asrlarda oʻlkamiz kitobatchiligining ravnaqi beqiyos boʻldi. Bu davrlarda dunyoda kitob chop etadigan bosmaxonalar yoʻq edi. Shuning uchun ham, ayniqsa, Sharqda xattotlik sanʼatiga qiziqish hamda xattotlarga ehtiyoj nihoyatda katta boʻlgan.
Adabiyot va ilm ahli yaratgan bebaho asarlar kotiblar mehnatining sharofati bilan bizgacha yetib keldi. Bu qoʻlyozma asarlar oʻzbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi uchun tadqiqot manbai boʻlib xizmat qiladi.
Maʼlumki, bunday qoʻlyozma asarlar Movarounnahr va Xurosonda, ilm-fan rivoj topgan deyarli hamma shaharlarda mashhur xattotlar tomonidan koʻp nusxada kitobat qilingan”. Z. Hamidovning “Navoiy xattotlari” nomli maqolasida shunday deyilgan. Unda qayd etilishicha, qadim Sharq qoʻlyozmalari orasida Mir Alisher Navoiy asarlari salmoqli oʻrin egallaydi. Navoiy ijodini oʻrganish, asarlarini oqqa koʻchirish uning oʻz zamonasidayoq boshlangan. Uning asarlari oʻzi yashab turgan yurtdagina emas, balki bir qancha xorijiy mamlakatlarda ham dastxat sifatida keng tarqalgan edi. Jumladan, shoir “Xamsa” ustida ishlaganda uning yozib tugatilgan qismini mashhur xattot Abdujamil kotib peshma-pesh oqqa koʻchirgandi. Shoir oʻzining yirik tazkirasi “Majolis un-nafois” asarida xattotlik sanʼatiga yuqori baho berib, uni puxta egallagan Sulton Ali Mashhadiy, Mavlono Soyimiy, Mavlono Sayfiy, Mavlono Sher Ali, Shayxzoda Puroniy, Mavlono Voysiy, Mavlono Kotibiy va Abdujamil kotib Hirotiy kabi mashhur kotiblarni faxr bilan tilga oladi. Shunisi diqqatga sazovorki, bizgacha yetib kelgan Alisher Navoiy asarlari qoʻlyozmalarining juda koʻpchiligi qadimiy ilm-fan maskanlari Buxoro va Shahrisabzda kitobat qilingan. Qavomiddin Munirov va Abdulla Nosirov kabi sharqshunoslar tartib bergan “Alisher Navoiy qoʻlyozma asarlari katalogi”(Toshkent, 1970)dagi roʻyxat ana shundan dalolat beradi.
XIV–XIX asrlar Buxoroda sanʼatning barcha turlari keng rivoj topgan davr boʻldi. Bu yerda xattotlik sanʼatining maktabi vujudga keldi. Pirmuhammad Soʻfi Buxoriy (XV asr). Miraz Buxoriy (XV asr), Sulton Muhammad Buxoriy (XV asr), Abdurahmon Barqiy Munshiy (XV asr), Mirali Hiraviy (XVI asr), Said Abdullo Buxoriy (XVI asr), xattotlik nazariyasi toʻgʻrisida kitob yozgan olim va xattot Darvish Muhammad ibn Doʻstmuhammad Buxoriy (XVI asr), Mavlono Inoyatillo kotib (XVII asr), Mirza Abdurahmon (XVIII asr), Fozil Devona (XIX asr), maʼrifatparvar adib va olim Ahmad Donish va boshqalar Movarounnahrning mashhur xushxat xattotlari sifatida Buxoroda qalam surdilar.
Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharq qoʻlyozmalari markazida Alisher Navoiy asarlarining 500 dan ortiq qoʻlyozma nusxalari saqlanayotir. Shundan 120 nusxa buxorolik mashhur xattotlar dastxatiga mansub. Jumladan, “Xazoyin ul-maoniy” asarining qirqqa yaqin nusxasi, “Xamsa”ning yigirma yetti nusxasi Buxoroda koʻchirilgan. Bulardan tashqari, “Xamsa”dagi “Hayrat ul-abror” dostoni 1838–1839 yillarda Sayyid Nafas tomonidan koʻchirilgan. “Layli va Majnun” dostoni 1829–1830 yili Muhammad Rajab ibn Abduvali tomonidan, “Sabʼai sayyor” dostoni Muhammad Latif ibn Muhammad Sharif tomonidan XIX asrda Buxoroda alohida kitobat qilingan.
Alisher Navoiy umrining soʻnggi yillarida yozgan “Lison ut-tayr” asarining oʻndan ortiq nusxasi Buxoroda kitob holiga keltirilgan. U “Majolis un-nafois”, “Mezon ul-avzon”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Xamsat ul-mutaxayyirin”, “Vaqfiya”, “Tarixi muluki Ajam”, “Arbain”, “Risolai muammo” kabi asarlari koʻplab nusxada koʻchirilgan.
Xususan, Shahrisabzda “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “Tarixi muluki Ajam” kabi asarlari xushxat dastxat bilan oqqa koʻchirilgan. Hozir Navoiyning Shahrisabzda koʻchirilgan oʻttizga yaqin noyob nusxalari saqlanmoqda. Masalan, 1874–1875 yillarda mullo Muhammad Sheralibek Shahrisabiziy tomonidan shoirning “Xazoyin ul-maoniy” asari nastaʼliq xatida qora tushda koʻchirilgan. “Xamsa” esa 1833–1834 yillarda Abdulqayum kotib va Muhammad Yunusxoʻja ibn Boboxoʻja Shahrisabiziy tomonidan oqqa koʻchirilgan. Bu nusxa Alisher Navoiy “Xamsa”sining XIX asrda koʻchirilgan nusxalaridan ancha toʻliq va mukammalligi bilan ajralib turadi. “Lison ut-tayr” 1823–1824 yillarda Yormuhammad qori Shahrisabiziy tomonidan nastaʼliq xatida qora siyohda koʻchirilgan.
Xulosa oʻrnida shuni alohida taʼkidlash kerakki, Sharqning buyuk shoiri Alisher Navoiy asarlarining jahoniy shuhratida buxorolik va shahrisabzlik adabiyot muxlislari – mashhur xattotlarning munosib hissasi bor. Bu qoʻlyozmalar oʻquvchiga rang-barang maʼlumotlar berish bilan birga Navoiy asarlarini mukammal oʻrganishda ijobiy rol oʻynab kelmoqda. Aslida Alisher Navoiy xattotlari mahorati alohida tadqiqot mavzuidir.
L. RAHIMJONOVA tayyorladi.
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/navoiy-xattotlari/