Yil qissalariga bir nazar

Adabiyot anglamlar haqidagi oʻzgacha olam. Anglamlar, ochilgan va ochilmagan tagqatlam, koʻpovoz, maʼnoning tovlanishi, tuslanishi, turlanishini ilgʻay olish va buni tajribada akslantirish adabiyotning asosiy vazifasidir. Keyingi paytda qissalar asnosida kitobxonlarga har xil mavzu va saviyasi turlicha asarlar namoyish etilmoqda.

Birgina 2011 yilda “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida hamda kitob shaklida nashr etilgan qissalarga nazar tashlar ekanmiz, maqsadni oydinlashtirish yoʻlida, oʻz oldimizga quyidagi savollarni qoʻyib, tahlil davomida unga javob berishni maʼqul topdik.

Avvalo, yutuqlar va kamchiliklar nimalardan iborat, mazkur qissalarni umumlashtiruvchi va farqlovchi jihatlari qaysi oʻrinlarda koʻrinadi? Hozirgi oʻzbek nasrining yetakchi tendensiya va tamoyillari bu qissalarda qanday namoyon boʻlmoqda?

Savollarga javob berishdan avval qisqacha maʼlumot. Yil davomida jurnallarda chop etilgan sakkizta va kitoblarga kirgan toʻrtta qissa tahlil obʼyekti boʻlmoqda.

Ularni sirtdan shartli ikki guruhga ajratish mumkin.

Birinchisi, anʼanaviy uslubdagi mavzu va uslub jihatdan bir-biriga yaqin qissalar. Bularga: Nilufarning “Beoshyon yaralgan ayol”, A. Aʼzamning “Hali hayot bor”, A. Ayizovning “Polvon yigʻlagan tun”, Z. Xudoyshukurning “Polvonning ori”, J. Ergashevaning “Zulfizar”, A. Namozovning “Notanish”, X. Karimiyning “Hurliqo”, B. Qobulning “Ena shamol”, “Oqdala”, “Oʻspirinlik” qissalarini kiritish mumkin. Ularni umumiy holda ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-maishiy mavzudagi asarlar desa ham boʻladi. A. Abdullayevning “Hazrati Attor” maʼrifiy, F. Salayevning “Uzro” fantastik qissasi ham ushbu siraga mansub.

Noanʼanaviy uslubda yozilgan Sh. Turdimovning “Mezon” qissasi yuqorida sanalgan qissalardan uslub va bayon usuliga koʻra farqlanadi.

Qissa janri talablariga koʻra oʻlcham olsak, nafaqat qissalar soni ortdi, balki mazmun salmogʻ jihatidan yangilanib, ifoda diapozoni kengaydi.

Anʼanaviy yoʻnalishdagi A. Ayizovning “Polvon yigʻlagan tun”, Z. Xudoyshukurning “Polvoning ori” qissalarida insonning nomusi, ori masalasi markazga chiqarilgan. Polvon uchun or hayot-mamot masalasi desak, adashmaymiz. Katta davralarda kurashga tushgan polvon oʻz orini yurti, elati origa tenglagan, or talashgan. Har ikki qissada ham polvonlar obrazi timsolida millatning qadriyati, ori, tantiligi, olijanobligi kabi umuminsoniy, umumabadiy fazilatlar tasvirlangan. Har ikki muallifning topilmalari, tanlagan syujeti, milliy mentalitetga xos xususiyatlarni aks ettirish istagi, yoʻqolib ketayotgan ohanglarni berishga intilishi yaxshi, ammo bu jihatlar asar badiiyatini taʼminlashga garov boʻlolmaydi. Har ikki qissada voqelik muallif tilidan hikoya qilingan. Mualliflarning tajriba va mahorat asrorini egallash yoʻlida izlanayotgani, ularning keyingi yozuvlariga umid uygʻotadi.

Nilufarning “Beoshyon yaralgan ayol”, J. Ergashevaning “Zulfizar” qissalarida anglangan va anglanmagan oʻzlik, ayol uchun baxt va baxtsizlikning ayricha maʼnolari qahramonlar ruhiyati va kechinmalari tasvirida akslangan. J. Ergashevaning “Zulfizar” qissasida ayolning hayotida oila, farzand tarbiyasi nechogʻliq muhim ahamiyatga ega ekanligi, uning millat, xalq oldidagi qarzdorlik maʼsuliyatining umumlashmasi Zulfizar obrazida tajassum topgan. Muallif Zulfizar obrazining xarakterli jihatlariga davr fojiasi nuqtai nazaridan yondashadi. Zulfizar juda aqlli, ilmli, ichi butun ayol. Afsuski, davr, muhit uning kuchini, aqlini oʻzga yoʻlda sarflashga mahkum etdi. U soxta gʻoyaga aldanadi, umrini, borini, eʼtiqodini “qurbonlik” qiladi, xiyonat koʻradi, ammo hech bir oʻrinda ayollik shaʼnini, nomusini sotmaydi, axloq eteketi nuqtai nazaridan chetga chiqmaydi. Orini unutgan: sevgisidan indamay voz kechgan jurʼatsiz oshiq, juhudga tekkanda ham singlisiga ogʻiz ocha olmagan aka, landavur er – hammasi bir boʻlib Zulfizarning fojiasini yanayam kuchaytiradi. Nilufarning “Beoshyon yaralgan ayol” nomli qissasida Nigoraning asl fojiasi uning notavonligida, oʻzini inson deb anglamaslikda, haddan ziyod muteligida. Qissada bir qancha syujet yoʻnalishi harakatlanadi. Ayrimlari syujet talabi bilan uchrashsa, ayrimlari umuman yuzlashmaydi. Saida obrazi muallif maqsadini boʻrttirishda zarurdir, ammo mantiqan nooʻrin. Rustam obraziga chuqurroq razm solinsa, u na Nigorani, na Umidani yaxshi koʻradi. Asardagi oʻrni kabi, ichi boʻm-boʻsh. “Ayolga xohlaganini bering boʻlmasa uni oʻzi oladi”, “hijronning uyida doimo qish” niyat ifodasi uchun munosib jumladan zavqlansangiz, “ayol boʻlish oson emas”,”ongi uni tark qilgandek”, “achchigʻlanish iztiroblari koʻtarilganini sezdi” kabi jumlalardan dilgir boʻlasiz. Obrazlarning ruhiyati, koʻngil kechinmalarining oddiy shtrixlari ham yoʻq. Asarning dinamikasi juda zaif, badiiy dalillanmagan epizodlar, mantiqiy bogʻlanmagan lavhalar talaygina. Obraz ruhiyatining adoqsiz kechinmalardan, koʻngildagi gʻalayonlardan, syujetdagi dramatik intrigalarga boy sahnalardan adiba yetarlicha foydalanmagan. Rustam uchun bir necha yildan beri ermakka aylangan, hayotda boridan ajragan baxtsiz Umidaning isyoni ongsiz, hali oʻzligini anglab yetmagan. Tortinchoq Umidadan andishasiz shallaqiga aylangan Umidagacha boʻlgan oraliqdagi obrazning ruhiy zoʻriqish, tarangligini tasvirlash badiiy obʼyekt sifatida muallif uchun eng muhim topildiq edi, ammo adibaning beeʼtiborligi natijasida, bu topilma asarda yoʻqotilgan. Natijada, asar badiiyati yutqazadi. Nigoraning hayotiga, fikrlariga impuls beruvchi: “Ayolning burchi naslni davom ettirish”, ekanligini aytishdan charchamagan operator (taʼkid bizniki – S. T.) buvining juda joʻn “foydali” nasihatlari qahramonga darrov taʼsir qiladi, oʻzgaradi-qoʻyadi, adiba xohlasa boʻldi, obrazning oʻzi bunga tayyormi, yoʻqmi bu eʼtibordan chetda qolgan. Ayolning naslni davom ettirishi biologik vazifasi emasmi? Inson koʻnglining qorongʻi koʻchalarining sirtini emas, ichkarisini koʻra olishga intilish, muammoni toʻgʻri va aniq qoʻya bilish, badiiy tasvirlay olish chinakam ijodkorlik mahoratining belgisidir.

Jamiyatdagi nomuvofiqliklar bilan qahramon “ichki meni” oʻrtasidagi ziddiyatlarni yoritishda ijodkor hayotiy tajribasi, mahorati evaziga tafakkur tarzi, tasvir diapozonining kengayishi A. Aʼzamning”Hali hayot bor…” nomli qissasida oʻziga xos usulda badiiy yechimini topgan. Oddiy voqea orqali bir toʻda munofiq odamlarning asl basharasini ochib tashlash asarning yadrosi sanaladi. Boʻlak bilan yaxlit bir butunlik nishonga olingan. Jamiyat hayotidagi ikkiyuzlamachilikning avj olishi, odamlarning yolgʻon bilan bitim tuzishi, murosasozlik yozuvchi tomonidan fosh qilinadi. Qissada katalizator vazifasini oʻtagan telefon qoʻngʻirogʻidan soʻng voqealar boʻhroni boshlanadi. Nashriyot rahbari Abduzafarov Turdiali, Sojida, Surayyo, Umarovlar mustaqil fikri yoʻq, qoʻrqoq, ikkiyuzlamachilikning, savodsizlikning, munofiqlikning turfa koʻrinishlaridir. Ular uchun xoinlikning narxi – qoladigan foydasi bilan oʻlchanadi. Aʼlam savodli, vijdonli, oʻz qarashlariga ega, gʻujurli yigit. Yozuvchi maʼnoni qissa tagmatnlariga shunday joylay olganki, uni darrov anglab ololmaysiz. Muallif nutqidagi kinoyani, kesatiqni sezish qiyin emas. Umarov “oʻzi toʻqim tabiat yigit” taʼrifi uning asardagi oʻrniga ishora. Yozuvchining tili ravon. Asarda ishlatilgan tinish belgilar ham badiiy yukka ega: uch nuqtalar, soʻrovlar syujetdagi mazmunni toʻldirishga, oydinlashtirishga xizmat qilgan. Qissaning nomlanishi ham ertangi kun umidi bilan undirilgan.

A. Namozovning “Notanish” qissasi ijtimoiy falsafiy mavzuda. Asarni oʻqishingiz bilan duch keladigan birinchi savol Gʻaybarov familiyasi boʻladi. Yozuvchi familiyani ustozlaridan qarz olganmi yoki u Gʻaybarovning mohiyatan davomchisimi? Balki, yozuvchi gapni shundan boshlaganda, vaziyat oʻzgacharoq tus olarmidi? Asar syujeti – poydevori, tayanchi mustahkam emasdek. Voqealar qadam olgan joydan mantiqiy asos sunʼiylashtirilgan. Asar boshida Notanish daydi Gʻaybarovni necha kunlab kutib, unga seni halokat kutayapti, deb aytadi. Notanish oʻzini unga tanitishga urinsa-da, “koʻziga” qarasa-da, Gʻaybarov hech narsani eslay olmaydi. Qiziq, Notanish nima uchun Gʻaybarovni qidirgani, u oʻzini qayta-qayta eslatsa-da, u hech nimani eslay olmaydi, guyoki u xotirasidan ayrilgan. Asarning struktur qatlami anchayin yupqa, sirpanchiq. Omadsizlik yaqin ulfatiga aylangan Gʻaybarovning koʻngil kechmishlari, uning alamzadaga aylanishining ruhiy asoslariga chuqurroq qaralsa, yozuvchi qahramonni tushunish tomon bir odim siljigan boʻlardi. Ablahlikning barcha koʻchalarini kezib chiqqan Gʻaybarov asar soʻnggida Notanishni yana uchratadi. U eng yaqin doʻsti boʻlib chiqadi. (Qarang-a.) Asarda qahramonlar munofiqlikda, xoinlikda bir-biridan oʻzgʻir. Birorta maʼnaviy qiyofasi butun odamni topa olmaysiz. Yozuvchi bu biqiq muhitdan Gʻaybarovning xarakterini ochuvchi vosita oʻrnida foydalangan. Asarda badiiy yukning salmogʻi mavhum, adashib kirib qolgan obrazlar ham bor. Yozuvchi, avvalambor, nimani va qanday yozish kerakligini bilishi lozim. Yozish niyatining oʻzi chinakam asar yaratishga kamlik qiladi.

B. Qobulning “Ena shamol” toʻplamiga “Oqdala”, “Oʻspirinlik” qissalari kiritilgan. Birinchi qissada bola soʻzlovchi, keyingi qissada u tinglovchi. Farqli jihati keyingi qissalarda asosiy sahnaga Mergan va Ovchi obrazlari koʻtariladi. Bu qissalar mazmunan bir-birini toʻldirib, tadrijan bolaning yoshiga mos tuzilgan. Qissalar romanning sochmalari yoʻsinida tartiblangan. Uning “Ena shamol” qissasi yangicha maʼno tovlanishlari va oʻziga xos tili, uslubi bilan eʼtiborni tortadi. Yozuvchi insonni borliqning boʻlagi sifatida koʻradi. Qahramonlar xarakterida togʻlarga xos yuksaklik, ulugʻvorlik, bagʻrikenglik, tantilik xislatlariga alohida urgʻu berilgan. Qissadagi har bir personaj oʻzida yozuvchining estetik idealini u yoki bu darajada tajassum etadi. Keyingi qissaning qahramonlaridan biri Mardon tentak haqparvar, u tentaklikni oʻziga niqob qilib olgan. Shuning uchun unga hech kim ayta olmaydigan gaplarni aytish vakolati berilgan. Hayotning sinovlari tufayli donishmandga aylangan Ovchining oʻz-oʻzini anglab yetishi ham yozuvchining obraz yaratishdagi muvaffaqiyatlaridan biridir. Bola har bir obraz tagmatnidagi mohiyatga ochqich, kalit. Yozuvchi Folknerga xos uslubda Samarqandga turli rakurslardan nazar tashlaydi, bola, katta ena, bolaning otasining tilidan bayon qilishning yangicha modelini yaratishga umidlangan. Bu umid, bizningcha, oʻzini oqlay olgan. Har bir obrazning oʻz xarakter mantigʻi, yelkasida badiiy yuki, asar syujetida oʻz oʻrni mavjud. Baʼzi bir takrorlar uchraydi. “Oʻspirinlik” qissasidagi “Kunga mahtal kampirlar” parchasi yana mazkur kitob soʻnggida shu nom ostida alohida hikoya deb berilgan. Bu esa hali yozuvchining asar kompozitsiyasi qurilmasidagi tajribasizligidan dalolat. Voqelikning takrorlanishi uning badiiy qiymatiga taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi.

X. Karimiyning “Hurliqo” qissasi mavzu va muammosiga koʻra: “Men kimman, tiriklikning mohiyati nima?” savollarga yechim izlagan qahramonning koʻnglida kechgan toʻlgʻoqlar tasviriga bagʻishlangan. Yozuvchi syujet dinamikasini virtual-gʻayritabiiy holatning “tanlangan” qahramon ruhiyatiga taʼsiri bilan bogʻlaydi. Qahramon oromidan ayrilgan, ruhi, koʻngli oʻziga taskin istaydi, u odamlardan bezor. Muallif voqealarni uyushtirishda, maqsad sari yoʻnaltirishda, tasvirda bayonchilikka, tafsilotlarga koʻproq oʻrin berganday. Hurliqo kim? U tushmi, ruyomi? Yechilmay qolgan tugunlar, javobsiz savollar asarning badiyatiga putur yetkazadi. Muallif qahramon ruhiyati ogʻriqlarining, bezovtalikning sababi, mohiyatiga teranroq, chuqurroq nazar solganda qissa koʻproq topilmalarga egalik qilardi.

Adabiyotda tarixiy voqelikning badiiy talqinini yaratishda tajribaning oʻziga xos anʼanalari shakllangan. Bunday mavzuda asar yaratish yozuvchidan mahorat va masʼuliyat talab qiladi. Ijodkorning tarixiy voqelikni badiiy haqiqat darajasiga olib chiqishi metodning birinchi sharti boʻlsa, tarixni takrorlamasdan, mazmunni yangilab toʻldirishi, portretdagi yangi bir izni topa olishi ikkinchi sharti hisoblanadi. A. Abdullayevning “Hazrati Attor” maʼrifiy qissasi biografik tarixiy asar boʻlib, muallif Attorning maʼnaviy qiyofasini toʻldirishga, mazmunan boyitishga harakat qilgan. Muallif faylasufning olamni anglash tarzi, uning oʻziga yetish yoʻlidagi tafakkurning maʼnaviy bosqichlariga birma-bir toʻxtaladi. Qissa dialog asosiga qurilgan. Afsuski, muallif toʻplagan materiallar orasida oʻralashib Attor shaxsining soyasida qolib ketgandek. “Nasihat dinning ustuni” hikmati asarning tub magʻziga, kontekstiga singdirilgan. Qissadagi personajlar tilidagi baʼzi gʻaliz jumlalar kitobxon gʻashini keltiradi. (”Fariddin koʻcha koʻrgan yigit edi”. “Valadning yosh bolasi Jaloliddin.”) Tarixiy mavzudagi asarlarning bugun va ertani, kelajak avlodlarni bir-biri bilan bogʻlashda maʼnaviy koʻprik boʻlishini unutmasligimiz lozim.

Badiiy anʼanalar zamirida milliy oʻzlikni saqlash, qadriyatlarni asrab-avaylash F. Salayevning “Uzro” nomli fantastik qissasida asosiy motivga aylangan. Insoniyatni halokatdan nima saqlab qola oladi, savoliga javob qissaning oʻzak masalasidir. Insoniy mehr-oqibatni, maʼnaviyatni, milliy urf-odatni hech qanday rivojlangan texnologiya-moddiyat bosa olmasligini koʻrsatib berish asarning bosh muammosi. Muallif fantastik turning imkoniyatlaridan unumli foydalanib, niyatini, badiiy unsurlarni bir nuqta markaziga uyushtira olgan.

Sh. Turdimovning “Mezon” deb nomlangan kinoqissasi folklor, mumtoz yozma adabiyot, zamonaviy adabiyot sintezining hosilasi oʻlaroq yuzaga kelgan. Majnun-kanonik obraz. U bizning ongimizda maʼlum sxema asosida avvaldan mavjud. Muallif ilmi, ijodiy tajribasi vositasida anglangan mohiyatni anglatishga umidlangan. Asar yaralishdagi muallif koʻnglidan kechgan ikkilanishlar baʼzi oʻrinlarda yiltillaydi. “Majnunning oʻlchovini majnunlargina anglaydi”. Xulosa hukm oʻrnida. Sharq adabiyoti metaforik xaraterga ega, azaldan fikrni, niyatni majoz yoʻlida ifodalashni maʼqul bilgan. “Mezon”da ham voqelik timsollarda, ramzlarda berilgan. Qissa kodlashtirilgan tizimni eslatadi. Qismat Qaysga Majnunlikni ravo koʻrdi. Pifagorning: “Har bir odam dunyoga oʻlchovdir”, degan gapi yozuvchi konsepsiyasi bilan hamohang. Yozuvchi oʻngsoʻzlardan unumli foydalangan. Oʻngsoʻz – mohiyatga kalit, oʻquvchini asl maʼno tomon imlaydi, oʻnglaydi. Tanlangan oʻngsoʻzlarning semantik, logik mohiyati muallif zakovatining qiymatiga teng. Asarda ochiq mazmunda aytilganlardan, aytilmaganlari ortiqroq. Maʼno va mazmundagi zichlik qissa ichki strukturasining bosh belgisi. Qissada his-tuygʻudan koʻra, aql ustuvorlik qilganga oʻxshaydi. Bizningcha, qissadagi ramzlarning ranglari quyulib, boʻyoqlar koʻpayib ketganday. Majnunning har ikki pallani yigʻishtirib, ikkalasini bir-biriga kiyishtirishi, bu dunyoning hamma oʻlchovlaridan kechishiga ishora. Usulning ichidan usul qidirish, hech kim yurmagan yoʻlni tanlash, hech kim aytmagan gapni aytishga jurʼatlanish bu eng muhimi. Yozuvchining niyati ham mana shu jurʼatlarda jam boʻlgan.

Xullas, oʻtgan yil qissalarida uslubiy, shakliy rang-barangliklar, mavzu va muammo qamrovida yangiliklarga intilish janrning yetakchi xususiyatiga aylandi.

Bir ogʻiz soʻz kamchiliklar toʻgʻrisida. Oʻtgan yil qissalaridagi, umuman, bugungi oʻzbek nasriy asarlarimizdagi “tilsizlik” juda achinarli hol, oʻquvchini oʻzidan bezdiradi. Xalqning urf-odatlarini, millatning sheva lahjalarini yaxshi bilmaslik, zoʻrma-zoʻrakilik, oʻzi ishonmagan holatlarga boshqalarni ishontirishga urinishlar, oʻzbek nasrining bir joyda depsinib qolishiga sabab boʻlmoqda.

Janr imkoniyatlari bilan hisoblashmaslik, bir hikoya boʻladigan voqelikni qissaga aylantirish yoʻlidagi zoʻriqishlar, syujetni juda oddiy va joʻn tarzda qurish, oʻzi ishonmagan lavhaga boshqani ishontirishga intilish, adabiyotning eng ogʻriqli nuqtalaridan biridir. Sariq matbuoatda ketma-ket sahifalarni toʻldirib tashlayotgan: A. Qorjovov, X. Safarov, Aziz Ali Hayratning shishirilgan, quruq voqeanavislikka qurilgan, mantiqiy va ruhiy asoslari zaif, olaquroq yaratiqlari va eng alam qiladigani “qissaning davomi qachon chiqadi” deb ularga xat yozayotgan “oʻquvchilarning” maktublarini oʻqib hayron qolasiz.

Yangicha izlanishlar qatorida, kamchiliklar boʻlishi, harakatlanayotgan, fikrlayotgan adabiy jarayon uchun tabiiy hol hisoblanadi. Topildigʻu yutqiziqlari bilan bu adabiyot oʻzimizniki. Ular orasida haroratli nafaslarning borligi, ertangi kun oʻzbek nasrida yangicha yoʻllar, ayricha izlar shakllanayotganidan darak beradi.

 

Sanobar TOʻLAGANOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yil-qissalariga-bir-nazar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x