Margʻilon hofizlik anʼanalari

Margʻilon hofizlar yurti… Bu maskan oʻzining boy tarixi, ajoyib va nozik taʼb odamlari, sanʼatkorlari bilan dovrugʻ topib kelayotgan obod va soʻlim shaharlardan biri hisoblanadi.

Hofizlik anʼanalari oʻz ildizlari bilan uzoq oʻtmishga borib taqalishining asosiy sabablaridan biri – sanʼatkorlar, xonandalar va sozandalar faoliyati bilan bogʻliqdir.

Oʻtmishda yashab, ijod etgan aksariyat allomalar va ijodkorlarning musiqiy risolalari hamda adabiy merosida hofizlikning alohida eʼtibor bilan yoritilganligining guvohi boʻlamiz. Xususan, hofizlikning oddiy kasbiylik mahoratlaridan, toki falsafiy maʼnolar kasb etuvchi mohirlik darajasigacha boʻlgan mezonlarini oʻziga xos tarzda bayon etilganligini uchtarish mumkin. Bu xususda, Alisher Navoiy qalamiga mansub gʻazalda ham hofizlikning nechogʻliq badiiy obrazlari kuylanganligiga guvoh boʻlamiz:

 

Chekti bulbul kebi ming ila doston hofiz,

Yoʻq aningdek yana bu davrda xushxon hofiz.

 

Hofiz bulbul kabi ming usulu lahn (kuy) bilan doston chekdi-kuyladi, bunday xushxon hofiz bu davrda boshqa yoʻq.

 

Ey Navoiy, dema lahnigʻa nedin boʻlding sayd,

Xalq saydiga qoni uyla xush alhon hofiz.

 

Ey Navoiy, hofizning lahniga – kuylash va nafas olish sanʼatiga nedin asir (sayd) boʻlding dema, xush alhon (kuylar) hofizi xalqni oʻziga doim xuddi shunday asir ayladi.

Bu gʻazal hofizlarning kishilar qalbiga qanchalik katta ruhiy taʼsir koʻrsata olishi va, umuman olganda, har qanday matnni tabiiy ovoz vositasida ilohiy qiroat etish sanʼatidan hayratlanishi haqidagi asardir.

Ijrochilik amaliyotida xonandalar koʻp, lekin, aynan, hofizlik anʼanalari talablariga mos keladiganlari sanoqlidir. Darhaqiqat, ular oʻzbek musiqa tarixi va nazariyasidan xabardor, ijroda mohir, bilimdon hamda oʻziga xos munosib talqinga ega boʻlgan sanʼatkorlardir.

Fargʻona vodiysi xonandalik sanʼatida ham ana shunday xususiyatlar bilan shakllangan va ustozlik darajasiga erishgan namoyandalar koʻp. Aynan, Margʻilon maskaniga tegishli, qolaversa, ularni biz bilgan manbalar va ustozlar taʼriflashlaricha quyidagi tartibda keltirish oʻrinlidir: Ashurali (Mahram), Usta Masaid, Qoʻziboy (dutor), Gʻulomxon eshon, Madali hofiz, Sulaymon (buqoq), Yusufjon qiziq, Bolta hofiz, Mamatbuva Sattorov, Xudoyberdi hofiz (qirgʻiz-yozyovon) va ulardan keyin bevosita maktab davomchilari sifatida: Joʻraxon Sultonov, Axror qori, Akbarali Haydarov, Hojimurod hofiz, Maʼmurjon Uzoqov; keyingi avlod vakillaridan: Xolmatjon Qurbonov, Isoqjon Husanov, Musojon Oripov, Ibrohimjon Isoqov, Mamasiddiq Madaliyev va, ayni paytda: Iskandar Qalandarov, Turdali Sharipov, Qoraboy Qodirov, Nuriddinjon Mamajonov, Rustamjon Otaboyevlardir.

Yuqorida takidlaganimizdek, ijro maktablarining shakllanishida ham ijro talqini nuqtai-nazaridan ikki ijroviy omil muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning birinchisi, makon bilan bogʻliq ijro maktabi boʻlsa; ikkinchisi, shu ijro maktabida tarbiyalanib, shakllangan va keyinchalik alohida ijroviy jihatlar bilan sugʻorilgan shaxsiy uslublar hisoblanadi. Odatga koʻra, mumtozlik darajasiga erishgan ijro uslubi, makon bilan maktabni tashkil etadi. Shaxsiy uslublar esa, mumtoz yoʻllarga mansub va undan yengilroq boʻlgan musiqiy yoʻllar asosida yuzaga keladi. Bu borada, Fargʻona vodiysi – juda koʻp hofizlarga boy makon hisoblanadi. Oʻz vaqtida hofizlarning oʻzaro munosabatlari va bir-birlariga oʻtkazgan taʼsirlari, taqlidlari, shaxsiy uslubning takomillashishiga yoki makon maktablari mukammallashishiga asos boʻlgan.

Maʼlumki, bir xonandani, yaʼni, hofizni talab darajasida yetuk qilib tarbiyalash, ustozdan juda nozik va mashaqqatli uzoq mehnatni talab etadi. Qolaversa, ushbu maktablarda tarbiyalanib, voyaga yetgan hofizu sanʼatkorlar ham juda koʻp.

Biz tasavvur etib, bilgan davrlardan boshlab, oʻzining shaxsiy ijrosi bilan muayyan maktab asoschilaridan boʻlgan: Bolta hofiz, Madali hofiz, Mamadbuva Sattorov boʻlsalar; Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Hojimurod Muhammedov va boshqa oʻnlab hofizlar bu maktabda tarbiyalanib, ularning ijro yoʻllarini davom ettirganlar. Yuqorida qayd etganimizdek hofizlik maktabida xonandani tarbiyalash ustozdan katta mehnatni talab etadi. Hamma qilinayotgan mehnat yoki bajarilishi niyat etib qoʻyilgan vazifalar, xonandaning ijro imkoniyatlari darajasini kengaytirish va mahoratini oshirishdan iboratdir. Bunda, asosan, ovoz imkoniyatlarini oʻstirish (eng avvalo, ovoz tarannumidagi malaka boʻlsa, uning tarkibiga ovoz diapazoni, uning tembri, yaʼni, tus, uning jarangdorligi, yaʼni, oʻsuvchanligi, talaffuzning ravonligi, nafas olish tartibi, nafasni ishlatishda nagʻmaning tiniqligi, nafasning uzunligi va tayanchining chuqurligi) nazarda tutilgan. Albatta, bu jarayon ashulaning ogʻir va yengilligiga qarab, nafas hajmi, xonanda ovozining pastki registr va yuqori pardalarda kuylashdagi imkoniyat hajmi va hokazo ijroviy unsurlarni qamrab oladi.

Har bir hofiz uchun oʻz fikrlarini ashula soʻzlarining maʼnosiga qarab ifodalay olishi juda muhim omil hisoblanadi. Bunda, hajm qancha keng boʻlsa, imkoniyat ham shunga yarasha oshib boradi. Margʻilon xonandalik maktabi namoyandalarida ovoz imkoniyatlari va diapozoni juda keng boʻlib, pastki kichik oktava sol(g) notasidan uchinchi oktava mi(e), fa(f) pardalarigacha yetib boradi. Yaʼni, har qanday mumtoz ashulani maqomiga mos holda ijro etish uchun yetarli imkoniyatlarni qamrab olgan. Eng muhimi shundaki, anʼanaviy mumtoz musiqa ijrochiligi sanʼatida, ustoz-shogird qabilida voyaga yetgan har qanday sanʼatkorning ovoz imkoniyatlari va uni ijroda qoʻllash mahorati professional qoidalarga mos holda kamol topganligidir. Chunki, xonishda ijro madaniyati, ijro texnikasi, ijro mahorati kabi ovoz talqini bilan bogʻliq umumbashariy qoidalarning barcha millat xonandalariga xosligini qayd etib oʻtish joizdir. Bu amaliyotda koʻpchilik xonandalarimizning dunyo boʻylab oʻzbek musiqa merosini targʻib etishlari jarayonida namoyon etilgan. Jumladan, 1976–1982 yillarda Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasida Yevropa klassik vokal maktabidan taʼlim bergan taniqli sanʼat arbobi G. A. Xramov shunday bir xotirasini aytgan edi: “Bizlarni, hamda koʻp ashulachilarni oʻsha davrda Moskvaga malaka oshirish uchun yuborishgan. Oramizda Maʼmurjon Uzoqov ham bor edi. Hammamizning ovozlarimizni navbatma-navbat tekshirib, gal Maʼmurjon Uzoqovga kelganda, ular: “sening ovozing mukammal ekan, bu yerda shugʻullanishing majburiy emas, agar xohlasang, hozir senga malaka oshirdi deb hujjat berishimiz mumkin, ovozingga ehtiyot boʻl, bunday ovoz kamdan-kam uchraydi”.

Mutaxassisning ushbu fikridan anglash lozimki, Margʻilon hofizlik maktabi, jahon vokal ijrochiligi, yaʼni, “Belcanto”[1] ijrochilik maktabi darajasiga, shubhasiz mos. Bizga maʼlum boʻlmagan qadimiy vaqtlardan boshlab, bu maktabga asos solingan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, biz musiqashunos oʻqituvchilarning oldimizdagi vazifamiz, yetishib kelayotgan yosh xonanda – talabalarga nafaqat Margʻilon hofizlik sanʼati maktabi toʻgʻrisida, balki, mamlakatimizdagi boshqa hofizlik sanʼati maktablari haqida ham atroflicha maʼlumot berib, bu maktablar uslublaridan hozirgi zamon talablariga mos unumli foydalanishni oʻrgatishdir.

Istiqlol tufayli milliy meros va milliy madaniyatga boʻlgan munosabatlar tubdan oʻzgardi. Asrlar mobaynida yaratilgan milliy qadriyatlarimiz qaytadan tiklanib, zamonaviy turmush tarzimizda oʻzining munosib oʻrnini egallab, oʻzligimizni anglashga katta xizmat qilmoqda. Zotan, Yurtboshimiz toʻgʻri taʼkidlaganidek: “Oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi”. Zero, hofizlik sanʼati xalq maʼnaviyatining koʻzgusi, hayotining inʼikosi va ruhiyatining asosidir. Shuning uchun ham ajdodlar anʼanasini anglash, tarixni yaxshi bilish va uni puxta oʻrganib, kelajak avlodga qoldirish har bir shaxsning muqaddas burchidir.

 

Aziz ZOKIROV,

Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi katta oʻqituvchisi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3


 

[1] “Belcanto”- italyancha soʻz boʻlib, vel canto – goʻzal kuylash demakdir. Italiya xonandaligi maktabi, yengil va nafis kuylash uslubi. Keng maʼnoda, vokal ijrochiligining ravonligi, mukammalligi, ijrochidan bekamu koʻst mahoratni va virtuoz jilvalarni talab etadi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/margilon-hofizlik-ananalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x