Hur fikr tarannumi

XX asr va istiqlol davri oʻzbek bolalar adabiyotini Anvar Obidjon ijodisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. U har qanday mavzuni yoritishda bola qalbiga mos ohang topadigan, davr ruhini aks ettirib, ayni paytda asariga qiziqarli uslub, oʻziga xos jilo bera oladigan shoir, adib va dramaturgdir. Ayniqsa, zamon bilan hamnafaslik, jahon adabiyoti anʼanalarini oʻzbek bolalar adabiyotiga singdirish, jumladan, bolalar nasrida ham modernistik obraz va detallar yaratishda milliy ohanglarni uygʻunlashtirib talqin etish ham uning ijodiga xos tamoyildir.

Adibning “Dahshatli Meshpolvon”, “Oltin yurakli Avtobola” asarlari yoki “Alamazon va uning piyodalari”, “Yaltiroq tugma” dilogik qissalari shu jihatdan oʻzbek bolalar adabiyotida yangi voqelik boʻldi. Bu asarlardagi obrazlar ham shu kunning qahramonlari. Va ular oddiy bola emas: dahshatli Meshpolvon, gʻaroyib, olovqalb Alamazon yoki temirtan Avtoboladir. Ular tinib-tinchimasgina emas, ozodlik va haqiqat uchun, oʻz erki va haq-huquqi uchun kurashuvchan, jasur hamda erkparvar bolalar. Adib shu sababli “Alamazon” turkumidagi qissalarini yosh avlodga, aniqrogʻi “ona yurtning jasur farzandlariga” bagʻishlagan.

“Alamazon va uning piyodalari” qissasining bosh qahramoni – Alamazon. U toshtaqaliklar shevasida gurkirab yonayotgan gulxanni anglatadi. Alamazon yoshligidanoq kitobga mehr qoʻyib, jahon bolalar adabiyotidagi tengdoshlari Chippolino, Buratino, Tom Soyer, Gek Finni, oʻzbek xalq dostonlaridan Ravshanbek, Alpomish kabi qahramonlarni savodi chiqqandan buyon taniydi, shuningdek, oʻzbek va jahon mumtoz adabiyoti durdonalaridan bahramandligi ayonlashadi. Alamazon bu kitoblarni shunchaki oʻqish bilan cheklanmay, ulardan taʼsirlanib, doʻsti Eshmat bilan xazina qidirib topish, topganda uni nimalarga sarflash haqida reja tuzadi. Avvalo, yaylov etagida oʻn ming oʻrindiqli stadion, koʻp qavatli uylar, marmar devorli kattakon choyxona qurish, koʻchalarga asfalt yotqizib, koʻprikni yangilash, umuman, qishloqlarida zamonaviy inshootlar barpo etishni oʻylaydi, hatto butun umri boshlangʻich sinflarga dars berish bilan oʻtgan Ahmadali otaga atab terak boʻyi haykal oʻrnatmoqchi boʻladi.

Yozuvchi bu asarni 1976–78 yillarda yozganiga eʼtibor berilsa, uning dolzarbligi va kelajakni yorqin tasvirlay olish mahorati yanada oydinlashadi. Ayniqsa, bolalar kitobxonligida hikmat koʻpligi Alamazonning uygʻoq tafakkuri bilan koʻrsatib berilgan. Qissadagi voqealar ertaklarga xos sayohat, tush koʻrish, tilsimlanish motivlari yordamida tasvirlanadi. Goh ilmiy-fantastik, goh realistik boʻyoqlarda badiiy talqin etilgan hikoyalar zaminida hayot haqiqati yotadi, albatta. Alamazon togʻasi professor Ogʻabek Turkoniy olib kelgan antiqa dori – uni tatib koʻrganda kishi xuddi ertaklardagidek murod-maqsadga yetishiga qiziqib qoladi: buni oʻzi va oʻrtogʻi Eshmatda sinab koʻradi. U Jek Londonning “Uch qalb” kitobidagi qahramonlar, ularning gʻordan topgan behisob xazinalari haqida xayol surib yurganidan, oʻzlarining Jandagʻorida ham “xazina bijib yotgan”iga ishonganidan, dori taʼsirida uxlagach, tushida Zimistonsaroy orqali Yulduzistonga kelib qoladi. U yerda Humo Xartum, Qoʻtirlar sulolasi, Isqirtlar mamlakati va ular boshqargan tuzum hamda odamlarga duch keladi. Tirtiq, Shilpiq, Qoʻtir Beshinchi, Malika Maston, Idrik Ibrohim, Barri Baraka, Fisqiddin Makru Maraz, Isom Ittu Iskabtopar, Hoshim Heziddin Xum kabi ismlariyoq ularning tashqi koʻrinishi, kasb-kori va feʼl-atvorini bildirib turuvchi kishilar bilan tanishadi. Bu yurtda Qoʻtirlar sulolasi tugab, Isqirt Birinchining taxtga oʻtirish marosimi jarchi tilidan shunday bayon qilinadi:

“ – He-he, he-e-e-ey! Eslilaru nodonlar, xafalaru shodonlar, goʻng hidlagan choʻponlar, gul hidlagan juvonlar, eshitmadim demanglaro-o-ov! Isqirt Birinchi padari oliylari mamlakat aholisiga katta gʻamxoʻr-lik koʻrsatib, bugundan eʼtiboran ularni yuvinish va choʻmilishdek mushkulotdan butunlay ozod qiladilar… Qasddan yuvinayotgan yoki choʻmilayotgan paytda qoʻlga tushirilgan baliqpadarlar esa xavfli gʻalayonchi sifatida achigan zindonga tashlanadilar”.

Bolalar adabiyotining oʻziga xos xususiyatlari tasnif qilinganda uning ikki yoʻnalishli ekani, bolalar uchun asar syujeti, kattalarga esa gʻoyasi muhimligi taʼkidlanadi. Mazkur asar kattayu kichik kitobxonga birdek xizmat qila olishi shundan. Kitobxon bolalar asar qahramonlarining ismlaridan, xoqon Isqirt Birinchi yuvinishni yomon koʻrgani uchun butun mamlakat isqirtlikka yuz tutishidan, unga xizmat qiladigan Dutoriy singari shoirlarning “Yuvilmagan betingiz muncha chiroyli, Mogʻor bosgan etingiz buncha chiroyli, U yoningiz kir erur, bu yoningiz kir…” qabilidagi sheʼrlar bitib, irkitlikni ommalashtirishga hissa qoʻshishidan miriqib kulsa, yetuk tafakkurli insonlar bu kinoyalar ostida zil-zimbil dardning majoziy tasviri aks etganini yaqqol anglaydi. Shu maʼnoda asardagi Yulduziston, Ajdarobod, Yelkantogʻ, Tandir, Jandagʻor, Issiqgʻor, Qoʻchqorsoy kabi joy nomlari ham ramziy tamsillardir.

Asardagi joy nomlari biror geografik xaritada uchramaydi. Bularning koʻpchiligi muallif topilmasi. Har bir ifoda va obraz talqinida ramziylik ustuvor. Qahramonlar oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloq, yurti tarixini, ulugʻ mutafakkirlar qoldirgan maʼnaviy merosdan bahramand boʻlishni juda-juda xohlaydi, dinini chala-chulpa biladigan, oʻtmishidan xabarsiz, soxta, isqirt dohiylar boshqarishi tufayli nopoklikka yuz tutgan mamlakat qachondir yorugʻlikka chiqishiga ishonishadi. Bunda Humo Xartum alohida oʻrnak boʻladi. Zotan, Alamazon uyqudan uygʻonsa ham gʻordagi odamlarni Yorugʻ dunyoga boshlab borishga vaʼda beradi:

“ – Azizlarim, menga ishoning, men baribir sizlarni yolgʻiz qoldirmayman. Sizlarni, siz bilan birga Yulduzistondagi hamma odamlarni qorongʻi gʻordan yetaklab chiqaman…”.

Asarning bosh gʻoyasi – Yorugʻ dunyoga chiqish. Bu soʻz zamirida nima yotgani endi barchamizga maʼlum. Ammo asar yozilgan vaqtda chindan ham oʻsha “Qora tuynuk” qachon ochilishi nomaʼlum edi. Istiqlol tufayli Humo qushi xalq boshiga qoʻndi. Natijada, avlod-ajdodini tanimay ulgʻayayotgan Yulduziston farzandlari nihoyat “Zimiston saroy”dan qutulganiga amin boʻlamiz. Yorugʻ dunyo nafaqat bugungi kunimiz, balki keng dunyoga intilish, tanilish timsoli hamdir.

“Oltin yurakli Avtobola” (1985) ertak-qissasi ham davr nafasini oʻzida yorqin aks ettirgan asarlardan biri. Ertak-qissa sobiq mustabid tuzum davri bolalar adabiyotining mavjud “qolip”lariga chek qoʻyib, jahon ilmiy-fantastikasi, oʻzbek mumtoz abiyotida kuzatilgan noanʼanaviy fantastik obraz yaratish, tafakkuri yangilanayotgan zamon ruhini bolalar adabiyotida namoyon boʻlishi dalilidir.

Ertak-qissadagi yetakchi obraz – Avtobola, oddiy emas, oltin yurakli robot bola. U ayyorlikni mutlaqo bilmaydigan, toʻgʻrisoʻz, soddadillik, mehribonlik va pokizalik timsoli. Muxbirlardan birining shov-shuvli hodisa haqidagi savoliga professor Kamtariy javobidan bu robot fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola ekani, mustaqil fikr-lash qobiliyati cheklangani, unga muntazam yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turish joizligi anglashiladi.

Anvar Obidjon asarda ezgulikka yoʻgʻrilgan bolalik olamini oʻz manfaati yoʻlida yovuzlikka boshlagan jamiyat munosabatini ifodalaydi. Bekxoʻjaning otasi bir vaqtlar paxtachi boy boʻlgan. Hokimiyat “qizil”larga oʻtgach, u bor bisotini tuyalarga ortib, toʻngʻich xotini va bolalarini ergashtirib, uzoq yurtga bosh olib ketadi. Kenja xotini qattiq shamollab yotgani sababli olti oylik oʻgʻli Bekxoʻja bilan shaharda qoladi. Boyning paxta zavodi, dangʻillama uylari, qolgan-qutgan mol-mulki davlat tomonidan musodara qilingach, faqat shahar chetidagi kichik chorbogʻ kenja xotiniga xatlab beriladi. Bekxoʻjaning onasi Otin bibi savodxon boʻlib, oʻgʻlini bilimdon, tadbirkor, soʻzamol qilib tarbiyalaydi. Bekxoʻja maktabga borgach, dunyoviy ilmlarni egallashga ham zoʻr ishtiyoqi borligini koʻrsatadi.

Bekxoʻja nomida beklik, xoʻjayinlik boʻlsa-da, uning oʻtmishi “qorongʻi”. Bolaligida uni “sarqit”, “paxtachi boy”ning zurriyodi sifatida tahqirlashgan. Maktabda zehni oʻtkir boʻlishiga qaramay, armoni koʻp. “Olamda shunaqa narsalar borki, – deydi Bekxoʻja Kamol Kamtariyga, – ularni laboratoriyalarda yasab boʻlmaydi. Koʻz oʻngimda qanchadan-qancha jahonshumul kashfiyotlar qilindi, lekin biron-bir kashfiyotchi menga ota yasab berolmadi. Bolalik, oʻspirinlik davrim mungʻayish, farzandini erkalab turgan otalarga ichikib termulish bilan oʻtdi. Sen buni tushunasanmi, olim?”. Ertak-qissada Bekxoʻjaning yoshligida tarixni sevishi, ajdodlarimiz qahramonliklaridan faxrlanishi, tarix darsini oʻqimagan, tushunmagan tengdoshlaridan gʻazablanishi tilga olinadi. Xususan. Muqannani Torobiy bilan adashtirgan Kamolni “kallavaram” derdi.

Ammo Bekxoʻja oʻn toʻrt yoshga yetganida toʻsatdan shol boʻlib qoladi. Shundan keyin oʻani zargar degan togʻasi uni “tarbiyasi”ga olib, oʻz kasbini ham oʻrgata boshlaydi. Bekxoʻjaning butun taqdiri, tafakkuri va hayotga boʻlgan munosabati shundan keyin keskin oʻzgaradi. U toʻrt-besh yilda zargarlik sirlarini puxta oʻzlashtiradi. Uning shahar chetidagi osoyishta chorbogʻi Koʻrshapalak laqabli mashhur qulfbuzar toʻdasining bosh maslahatxonasiga aylanadi. Bekxoʻja qismati endi shu toʻda bilan bogʻliq kechadi. Paxtachi boy qurdirgan sirli yertoʻlalar oʻgʻirlangan mol saqlanadigan ombor boʻlib qoladi.oʻani zargar yashirincha tilla sotayotib, qoʻlga tushib, qamaladi. Bekxoʻja togʻasini qutqarish chorasini izlab, bir paytlar maktabda birga oʻqigan, endilikda texnika fanlari nomzodi ilmiy unvoniga ega Kamol Kamtariyga maktub yozadi…

Kamtariy maʼrifatga intilgan olim. U fan-texnikaga qiziqadi, kashfiyotlar orqali xalqning ogʻirini yengil qilmoqchi boʻladi. Ammo jamiyatda kechayotgan jarayonlar, inson taqdiri, millat tarixi uni qiziqtirmaydi.

Shu tariqa ertak-qissada zargar, qallob, oʻgʻriboshi Bekxoʻja bilan ilm-fan olamida obroʻ-eʼtibor topgan Kamol Kamtariyning hayot falsafasi toʻqnashadi. Bolaligida bir xil maqsad – aʼlo oʻqish, yetuk inson boʻlishga ishtiyoqmand doʻstlar, turlicha tarbiya taʼsirida qasoskor raqibga aylanadi.

Bekxoʻja pulning qudratini isbotlash uchun, barcha pastkashliklarga qoʻl uradi: Kamtariyni xotinidan judo qiladi, bolasi Xoldorni chaqaloqligidayoq oʻgʻirlaydi, ezgu maqsadlar yoʻlida yaratayotgan Avtobolasini ham tortib olib, yovuz rejalari boʻyicha “tarbiyalaydi”. Pulga munosabat masalasida usta zargar hamda halol va kamtarin olim oʻrtasida ayovsiz jang boradi. Kamol: “Pul guldor qogʻoz, xolos. Ilmu fan oʻtdayam kuymaydi” desa, Bekxoʻja: “Ilmu fan yaratgan moʻjizalar pulga sotib olinadi. Pul kuchli” deydi.

Yozuvchi asarni shu tariqa real hayot muammolari bilan toʻyintirib boradi.

Qissadagi Avtobola, Pufak momo, Xoldor kabi obrazlar timsolida esa erk va ozodlik, hur fikrlilik, maʼnaviy farovonlik, ezgulik gʻoyalari ulugʻlangan. Pufak momo va uning paxmoq sochli nevarasi eshak minib, koʻchama-koʻcha tomosha koʻrsatib yurishidagi erkinlik har qanday tilla buyumlaru saroydan afzalligini qafasdagi qush singari qamab qoʻyilgan Avtobola va Xoldor beixtiyor anglab yetadi. Oʻzlarining tutqun ekanligini Koʻrshapalak va Supersur suhbatidan yashirincha bilib olgan bolalar xoʻjayinlaridan ozodlik talab qilib, oshkora tahdid boshlaydi. Bekxoʻja esa “aldagani bola yaxshi” qabilida ish tutadi. Bolalarni tilla buyumlar koʻrgazmasidan oltin dubulgʻani oʻgʻirlab kelgach, ozodlikka chiqarishga vaʼda beradi. Ammo Avtobola bu topshiriqni bajarishi bilan “oʻlim”ga – temir-tersakka aylanishga hukm etiladi. Odamlardan qattiq ranjigan Avtobola “oʻlgan”da ham koʻzlari ochiq qolib: “Erkimni himoya qilolmas ekansan, nega meni yaratding?” degan savolni tinimsiz takrorlayotganga oʻxshardi.

Ha, roppa-rosa bir asr ilgari el-yurt ozodligi, erki uchun shunday aldam-qaldam vaʼdalar berilgani, ezgu-maqsad yoʻlida tinimsiz saʼy-harakat qilgan yosh jadidlarning qatagʻonga duchor boʻlgani va bu qatagʻon turli koʻrinishda yana uzoq yillar davom etgani zamondosh oʻquvchiga tarixdan maʼlum. Zero, ertak-qissa yozilgan davr ham buni “aytsa til kuyadi”gan zamonlar edi. Shunga qaramay, Anvar Obidjon oʻzbek bolalar adabiyotida birinchilar qatorida temirtan bola timsolida oʻz tutqunligini anglab yetgan avlod qismatini hikoya qildi.

Avtobola temir-tersakka aylanishida yozuvchining gʻoyaviy maqsadi ayon: erksiz va tutqunlikda yashash endi mumkin emas. Ayni paytda, Avtobolaning nidosi ota-onalarga ham qaratilgandek goʻyo. Har bir bolaning kelajagiga ularni dunyoga keltirgan ota-ona masʼul.

Ushbu tushunchalarning mohiyati hamon dolzarbdir.

 

Bashorat JAMILOVA,

Buxoro davlat universiteti dotsenti

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hur-fikr-tarannumi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x