Mumtoz sheʼriyatimizda soqiynoma yoʻnalishidagi sheʼrlarning oʻziga xos namunalari nomalar tarkibida uchraydi. Ular har bir nomadan soʻng keltirilgan masnaviylar tarkibidan oʻrin olgan. Xorazmiy “Muhabbatnoma”sidagi 12 ta masnaviy sheʼrning 10 tasida 3 baytdan jami 30 bayt, Xoʻjandiyning “Latofatnoma” asarida har bir nomaning soʻngida 1 baytdan jami 18 bayt, Said Ahmad qalamiga mansub “Taashshuqnoma”ning “Soʻznung xulosasi” qismlarida 3-5 baytdan jami 30 bayt soqiynoma mazmunini ifodalaydi. Ularning barchasi soqiyga murojaat bilan (“Kel, ey soqiy”) boshlanadi. Chunonchi:
Kel, ey soqiy, keturgil bodai nob,
Kula oʻynayu ichsunlar bu asʼhob… (Oʻzbek mumtoz adabiyoti namunalari. Ikki jildlik. Ikkinchi jild. Toshkent. “Fan” nashriyoti. 168-bet. Bundan keyin mazkur nashrga murojaat qilinganda, sahifasi qavs ichida koʻrsatiladi. M. A.)
Soqiynoma xarakteridagi sheʼr va baytlar mazmuni nomalarda ifodalanayotgan voqea-hodisa, fikr-kechinma, his-tuygʻular bilan ham bogʻliq. Shu sababli, adabiyotshunoslikda bu sheʼrlar, koʻpincha, poetik xulosalarning ifodasi deb, baholanadi. Ammo ular faqat xulosaviy baytlar boʻlib qolmay, tasvirlanayotgan hayotiy manzara va ifodalanayotgan fikr-qarashlariga koʻra, nomalarda keltirilgan gʻazal, qitʼa va fardlar kabi mustaqil sheʼrlar hamdir.
Bu jihatdan, ayniqsa, “Muhabbatnoma” va “Taashshuqnoma”dagi soqiyga murojaat bilan boshlangan sheʼrlar eʼtiborlidir. Toʻgʻri, bu sheʼrlar soqiynoma janri talablariga toʻla mos kelmaydi. Ammo ular mavzuning qoʻyilishi, ijtimoiy-hayotiy, axloqiy-didaktik, ishqiy-falsafiy, qolaversa, maʼrifiy-irfoniy fikr-tuygʻularning ifodalanishi, qofiyalanish tarzi, obraz va timsollari, oʻziga xos badiiy vositalari kabi bir qator xususiyatlari bilan ham soqiynomalarni yodga soladi. “Taashshuqnoma”da soqiynoma sheʼrlarga “Soʻznung xulosasi” deb sarlavha qoʻyilgan boʻlsa, “Muhabbatnoma” muallifi ularni “Masnaviy” deb nomlagan. Chunonchi, asarning quyidagi “Masnaviy”sini olib koʻraylik. Baytda qoʻllanilgan talmeh sanʼati lirik qahramon – oshiqning kayfiyati va maqsadini ham aniq-ravshan tushunishga imkon bergan:
Kel, ey soqiy, keturgil jomi Jamni,
Kishi koʻngludin may yuvur gʻamni. (108-bet.)
Jam, yaʼni, Jamshid – qadimgi Eronning afsonaviy podshohi. U jomi jahonnamo – jahonni koʻrsatadigan jom ixtiro qilgan boʻlib, unda dunyodagi nafaqat hozirgi, balki oʻtmishda yuz bergan va kelajakda sodir boʻladigan voqea-hodisalar ham aks etar ekan. Mumtoz sheʼriyatda may qadahi va komil inson qalbini ham ilohiy sirlarni oʻzida saqlashi jihatidan oyinai jahonnamoga tenglashtiriladi. Lirik qahramonning soqiydan aynan nima uchun “jomi Jam” keltirishini soʻrayotganligi ikkinchi bayt mazmunida yanada ochiqroq ayon boʻladi:
Kim oshti koʻkka ohim ihtiroqi,
Kuyurdi koʻnglumi dilbar firoqi. (114-bet.)
Yaʼni, hijron va ayriliq azobidan qiynalgan, koʻnglini yor sogʻinchi band etgan oshiq “jomi Jam” yordamida yor jamolini koʻrib, visol lazzatidan bahramand boʻlishni istaydi. Baytda may goʻzal maʼshuqa xayoli, yor sogʻinchi, ishq-muhabbat kabi maʼnolarni ifoda etgan. “Taashshuqnoma”dagi soqiynoma sheʼrlarda ham, asosan, bu olamning oʻtkinchiligi, uning goʻzalliklariyu baxtu quvonchi abadiy emasligi, oʻtayotgan fursatlarni ortga qaytarish inson farzandining qoʻlidan kelmasligi, shu boisdan, hamisha nekbinlikka, yaxshilik va ezgulikka intilib yashash lozimligi kabi fikr-tuygʻularga eʼtibor qaratilgan. Chunonchi, mana bu parchada ham shoir soqiyga murojaat qilib, undan oʻzini boqiylikka yetishtiradigan may berishini soʻraydi:
Kel, ey soqiy, keturgil may zi boqi(y),
Ki, qolmas dunyoda hech kishi boqi(y). (176-bet.)
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, soqiynoma sheʼrlarning mazmuni, koʻpincha, noma va gʻazallardagi fikr-tuygʻular bilan ham uzviy bogʻliq. Masalan, “Muhabbatnoma”ning uchinchi nomasida shoir maʼshuqaning aqlni hayratga soluvchi goʻzalligini madh etadi. Mumtoz adabiyotda ishqni mayga nisbat berish anʼanaga aylangan. May ichuvchini mast qilganidek, ishq ham oshiqni sarxush aylaydi. Mayni qancha koʻp ichgan sari oʻz xatti-harakatingni shuncha nazorat qilolmaganingdek, muhabbat ham qancha kuchli boʻlsa, oshiq shuncha oʻzining nima qilayotganini bilmay qoladi: butun fikri-zikri sevgilisiga qaratilib, uning ishqida oʻzini ham, atrofidagi odamlarni ham, hatto dunyoni ham unutadi. Mana bu masnaviyda “gul yuzli soqiy”dan oʻzini “hayrat maqomi”ga yetkazishni soʻrayotgan lirik qahramon – oshiqning ahvoli ham shunday tasvirlangan:
Kel, ey gulchehra soqiy, may keturgil,
Meni hayrat maqomiga yeturgil. (109-bet.)
Yana bir nomada shoir yor jamolini bir bor koʻrish uchun oʻzining boru yoʻgʻidan kechishga ham tayyor boʻlgan oshiq holatini tasvirlar ekan, xulosa oʻrnida kelgan soqiynoma sheʼrda mana bunday yozadi:
Kel, ey soqiy, keturgil lolagun may,
Kim ul qildi koʻpni Hotami Tay.
Surohi toʻlsa koʻp, ogʻzin ocholing,
Bu kun mayxonada yarmoq socholing. (110-bet.)
Mumtoz adabiyotda Hotami toy oʻz saxiyligi, qoʻli ochiqligi bilan mashhur. Bu oʻrinda, shoir mayxonada bor pulini may ichib tugatgan – mayxoʻrni Hotami toyga oʻxshatmoqda. Bunday tasvirlarni Xorazmiyning izdoshlari ijodida ham koʻrish mumkin.
Xorazmiyning lirik qahramoni bir oʻrinda yaqin ulfatlar, suhbatdoshlar bilan may ichish lozimligini aytsa, yana bir baytda “gul yuzli dilbar”ga murojaat qilib, undan hushdan ayiruvchi qadah berishini soʻraydi:
Kel, ey oy yuzlu dilbar, tut biror kesh,
Biror kesh birla qilgʻil bizni madhush. (114-bet.)
“Taashshuqnoma”da esa, “buti ayyor” – ayyor sanam yoki goʻzal maʼshuqa bilan birga mayxoʻrlik kayfiyati goʻzal badiiy ifodasini topgan:
Kel, ey soqiy, ketur jomi bir oz may,
Ki gʻamlarni koʻngullardan qilur tay.
Icholi ul buti ayyor birla,
Qaroqlari qaroqchi yor birla. (174-bet.)
Taʼkidlash kerakki, nomalarda oʻziga xos mayxoʻrlik kechalari, ulardagi urf-odat va tartib qoidalar tasviriga ham keng oʻrin berilgan. Jumladan, “Taashshuqnoma”da may bazmlarida may yoki sharobning qadahlarga qanday quyilishi va may quyuvchi – soqiyning oʻziga xos madaniyati toʻgʻrisida ham yozilgan. Chunonchi, lirik qahramon soqiyga murojaat qilarkan, undan may toʻlatib quyilgan qadah soʻraydi:
Kel, ey soqiy, ketur jomi labolab,
Qoʻbiz qoʻbsab ichaylik kulub oʻynab. (168-bet.)
Nomalarda soqiyning ham koʻplab taʼrifu tavsiflari keltirilgan boʻlsa-da, qoʻllarini nozik beliga qoʻyib mayxoʻrga sharob quyayotgan soqiyning oʻziga xos taʼrifi faqat “Taashshuqnoma”da uchraydi:
Kel, ey soqiy, xumor ashkin olib kel,
Qoʻlingni belsanib yengni solib kel. (180-bet.)
“Taashshuqnoma”ning sakkizinchi nomasidan soʻng keltirilgan gʻazalda goʻzallik shohi boʻlgan maʼshuqa taʼrifu tavsif etiladi. Shuningdek, lirik qahramon uning “ehsonu karamlar”ini unutganligidan, “muhtasham saltanat”idan “faqir” oshigʻiga joy ham bermasligidan shikoyat qiladi. “Soʻznung xulosasi” deb nomlangan soqiynoma sheʼrda ham shoir soqiyga murojaat qilib, “miri majlis” – majlis rahbari, yaʼni, may keltirishini soʻrarkan, u koʻpgina saxovatli beklarni xasis qilganligini aytib, bunday yozadi:
Kel, ey soqiy, ketur ul miri majlis,
Ki qildi koʻp gʻani beglarni muflis. (156-bet.)
Nomalarning asosida, soqiynoma janriga xos boʻlgan visol onlarini gʻanimat bilish, koʻngulni hamisha yor muhabbati, uning fikru xayoli bilan bogʻlash, bu dunyoning betakror manzaralaridan zavqlanish, inson umrining boqiy emasligi, shu sababli, uni shodu xurramlikda, xursandchilikda oʻtkazish kabi mazmunlar yotadi. Shu boisdan, ularda mumtoz sheʼriyatda hayot quvonchining sababi boʻlgan may obrazi oʻziga xos koʻtarinki ruh, joʻshqin hissiyot va kuchli ehtiros bilan taʼrifu tavsif etilgan. Bir oʻrinda, Xorazmiy soqiyga murojaat etarkan, undan oʻzini “nazar”dan chetga qoʻymasligini, oshiq uchun “sayqal” boʻlgan ishq mayidan berishini soʻraydi:
Kel, ey soqiy, nazardin solmogʻil gal,
Ketur ul mayki boʻlgʻay bizga sayqal. (123-bet.)
Bu kabi hayyomona fikr-tuygʻularning taʼsiri Said Ahmadning “Taashshuqnoma” asarida ham seziladi:
Kel, ey soqiy, ketur jomi dilfiruz,
Ki ishrat chogʻidur ham fasli Navroʻz. (164-bet.)
Misralarda shoir hayot lazzatlaridan bahramand boʻlish, umrning har damini xush oʻtkazish uchun Navroʻzni eng yaxshi fursat deb koʻrsatadi.
Xoʻjandiyning lirik qahramoni esa, uni xursandchilik va zavqu shavq bilan bezash lozimligini aytib, bunday deydi:
Kel, ey soqiy, bu kun majlis quroli,
Zamone aysh etib xush oʻltiroli. (140-bet.)
Yusuf Amiriy “Dahnoma”da qoʻbizning zavqbaxsh kuyi, nayning mayin sadosi, barbatning jarangdor navosi va tanburning oʻtli nolasi mayxoʻrlik kechasiga fayz kiritganligini tasvirlarkan, ayniqsa, mugʻanniyning qoʻshiqlari va soqiyning goʻzal odobi ham mayxoʻrlikning taʼsirini oshirganligini aytib bunday deydi:
Mugʻanniylar cholib majlisda xoʻshlar,
Yurub soqiy tutub sarkoʻcha qoʻshlar.
Ulandi kecha tegru el yigʻini,
Chiqardi el chogʻirdin achchigʻini. (195-bet.)
Asarda may bazmi ishtirokchilarining holati, kayfiyati, ularning bir-biriga boʻlgan munosabatlari: bu davrada soqiyning oʻrni, may taʼsirida suhbatdoshlarning mulohazasiz soʻzlari, xushchaqchaqlik va xursandchilik tuygʻulari ham juda hayotiy aks ettirilgan:
Oʻpib soqiy ayogʻin dam-badam el,
Koʻngul ochilmogʻiga bogʻlabon bel…
Tarab ishrat xatidin tortmay bosh,
Koʻngul chini surohidin boʻlub fosh.
Hikoyatlar uloshib bir-biriga,
Quloq solmay yiravchilar yiriga… (196-bet.)
Shu tariqa, nomalarda soqiy, mayxoʻrlik, may bazmi, undagi urf-odatlar, bazm ishtirokchilari, shuningdek, may idishlari haqida ham oʻziga xos talqinlar oʻrin olgan. Bu orqali, ijodkorning ishq-muhabbat kechinmalari, ijtimoiy-hayotiy xulosalari, tabiat va inson taqdiri haqidagi chuqur hayotiy-falsafiy mushohadalari oʻz ifodasini topgan. Bu esa, nomalarda keltirilgan soqiynoma sheʼrlarni mazkur janrning dastlabki koʻrinishi sifatida baholashga toʻla imkon beradi.
Maqsud ASADOV
“Sharq yulduzi”, 2012–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/noma-va-soqiynoma/