KOLCHAK Aleksandr Vasilyevich (1873, Sankt-Peterburg — 1920, Irkutsk) — Rossiya harbiy arbobi, qutb tadqiqotchisi, gidrolog, Rossiyadagi Fukarolar urushida oqlar harakatining bosh rahbarlaridan biri, admiral (1918). Qutbga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda (1900-02, 1903, 1908-11) qatnashgan. Birinchi jahon urushi davrida Qora dengiz floti qoʻmondoni (1916—17). Bolsheviklar hokimiyati va sovet rejimiga qarshi kurashgan. 1918-y. okt. da inglizlar yordamida Omskiy egalladi. 4 noyab. da Ufa direktoriyasi (Butun Rossiya muvaqqat hukumati) tarkibiga harbiy va dengiz vaziri qilib kiritildi. 18 noyab. da Omskda harbiy toʻntarish qilib, Ufa direktoriyasini tarqatib yubordi va Butun Rossiya Omsk hukumatini tuzdi (rais — Vologodskiy P.), oʻzini «Rossiya davlatining oliy hukmdori» deb atadi. K. Sibir, Ural, Uzoq Sharqda qattiqqoʻllik bilan tartib oʻrnatdi. U Rossiyaning quruqlik va dengizdagi butun qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni unvoniga sazovor boʻlgan. K. Turkistondagi shoʻrolarga qarshilik harakati rahbarlaridan Madaminbek, Katta Ergash, Junaidxon bilan aloqalar oʻrnatib, ularni oʻz rahbarligida «Yagona Rossiya uchun sovet rejimiga qarshi kurash»ga daʼvat qildi. Biroq, uning bu daʼvatlarini milliy yetakchilar qatʼiy rad qilib, Turkiston mustaqilligi uchun kurashdilar. Kolchak 1919-y. noyab. da qizil armiya qoʻshinlaridan magʻlubiyatga uchrab, Omskdan Irkutskka chekingan. 1920-y. 4 yanv. da Oliy bosh qoʻmondonlik vakolatini sirtdan Denikinga topshirdi. 15 yanv. da Irkutskda oq chexlar tomonidan asir olinib, bolsheviklarga berildi, 7 fev. da Irkutsk Favqulodda komissiyasi (CHK) tomonidan otib oʻldirildi.
Ad.: Grajdanskaya voyna v Rossii: perekrestok mneniy, M., 1994.