Abdulla Qodiriy ijodini oʻrganish oʻtgan asrning 20-yillaridayoq boshlangan edi. Oʻtgan salkam bir asr davomida adib ijodi haqida turlicha tahlil va talqinlar oʻrtaga tashlandi. Binobarin, bu jarayon adabiyot ilmida Oybek, H. Yoqubov, I. Sulton, M. Qoʻshjonov kabi oʻnlab nomlarni tanitdi, ular isteʼdodining yangi qirralarini koʻrsatdi. Adabiyotshunos Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” monografiyasi ana shu tahlil va talqinlarga bagʻishlangan. Muallif adib ijodini oʻrganishda germenevtik tafakkur nazariyasini qoʻllab, toʻgʻri metodologik asos tanlagan. Shuningdek, monografiyada psixologik va biografik metod imkoniyatlaridan ham samarali foydalanilganligi bois yozuvchi ijodi shu paytgacha amalga oshirilgan tadqiqotlardan oʻzgacha, yangicha talqinlarga tortilgan, adibning estetik olamini tushunishda uning hayotiga, ruhiy psixologik holatiga doir manbalar, maktublar, xotiralar, kundaliklar hoshiyasidagi bitiklar, kirish va soʻnggi soʻzlar, xullas, bir qarashda arzimasdek tuyuladigan, yozuvchining “qalb biografiyasi”ga daxldor barcha manbalar qamrab olingan.
Bahodir Karim ushbu monografiyasida qodiriyshunoslikni uch davrga boʻlib oʻrganadi. XX asrning 20-30-yillari, 60-80-yillari hamda istiqlol arafasi va undan keyingi davr.
Maʼlumki, XX asr shoʻro adabiyotshunosligi, jumladan, oʻzbek adabiyotshunosligida ham badiiy asarga davr siyosati va mafkurasi nuqtai nazaridan yondashish ustuvorlik qiladi. Qodiriyshunoslikning birinchi avlod vakillari Ayn, Miyon Buzruk, Sotti Husayn, Jalil Boyboʻlatov, Abdurahmon Saʼdiy, Otajon Hoshim kabilarning vulgar sotsiologik talqinlarini koʻrish mumkin. Sinfiylik va sinfiy kurash vulgar sotsiologizmning asosini tashkil etadi, shundan kelib chiqib, badiiy asar siyqa, biryoqlama talqin qilinadi. Shunday boʻlsa-da, bu davr qodiriyshunoslari talqinida adib asarlarining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari poetika masalalari, ijodkor tili va mahorati, qahramon va sharoit, syujeti va kompozitsion butunligiga oid bir qator muhim muammolar boʻyicha kuzatishlar ham olib borilganligi xolisona oʻrganilgan.
Kitob muallifi yozganidek, “Dalil shuki, 1960 yillarda badiiy asarni talqin qilish tamoyillarida ham siyosiylashgan qoliplar mavjud edi. Agar oʻz davrida eng toʻgʻri deya eʼtirof etilgan oʻsha qoliplar bugunga kelib, gʻayritabiiy koʻrinayotgan boʻlsa, buni ham tabiiy qabul etmoq lozim. Inson tomonidan yozilgan hech bir taʼlimot mutlaq haqiqat boʻlolmaydi.
Ilm olamida olimlar oʻzlarini koʻndirib olishi shart boʻlgan bir haqiqat bor. Bu inson fikrining nisbiyligi, maʼlum bir vazifani ado etgach, yangilikning eskirishi va tarix sahifasidan, fikrlar zanjiridan bir halqa oʻlaroq joy olishidir”.
Kompartiyaning XX sʼyezdidan soʻng rasman oqlangan Fitrat, Choʻlpon, Qodiriylar asarlarini oʻrganishga qayta kirishildi. 1960–1970-yillarda adabiy tanqid Fitrat va Choʻlponni avval adashgan, soʻng “sekin-asta sovet pozitsiyasiga” oʻtgan ijodkorlar sifatida talqin eta boshladi. Biroq bu adiblarning ijodi xususida shunga oʻxshash va yaqin fikrlar bildirilsa-da, asarlarini chop etish va jiddiy oʻrganishga oʻttiz yillardan soʻng kirishildi. Abdulla Qodiriy ijodiga munosabat ham oʻsha davr ijtimoiy-siyosiy qarashlari qarichida kechganligi monografiyada ilmiy va ishonchli tasdigʻini topgan.
Monografiyaning “Obrazli tafakkur qismati”, “Ziddiyatlar girdobi”, “Ruhiy evrilish mashaqqati”, “Satirik talqin sirlari”, “Ijodiy metod va badiiyat bahsi”, “Adabiy tafakkurning yangilanishi” boblari qodiriyshunoslik tarixining alohida-alohida sahifalari tahlili va talqiniga bagʻishlangan boʻlib, eng koʻp bahs-munozaralar manbai boʻlgan “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kalvak mahzumning xotira daftari”, “Toshpoʻlat tajang”, “Obid ketmon” kabi asarlari hamda hikoyalari poetikasiga bugungi adabiy qarashlar nuqtai nazaridan munosabat bildiriladi va ilmiy-nazariy xulosalarga kelinadi.
Badiiy asarni har kim har xil tushunadi, degan gap bor. Bu gapda keng kitobxonlar ommasining turli darajadagi saviyalari nazarda tutilgan. Adabiyotshunoslar, mutaxassislar, umuman, adabiyotga yaqin kishilar badiiy asar bilan tanishgach, yozuvchining badiiy-estetik olamini anglashlari, unga yaqin kelishlari, muallif ifodalamoqchi boʻlgan poetik gʻoyaga yaqin xulosalarga kelishlari zarur. Ammo “Bu asarni men shundoq tushundim”, degan nuqtai nazardagi talqinlar ham borki, bu ehtiyotkorlik, jurʼatsizlik natijasidir.
Mavzuni ilmiy asoslashda monografiyada, badiiy va ilmiy asarlardan tashqari koʻplab tarixiy va publitsistik hujjatlar ham qamrab olingan. Fakt, detal, sud hukmlari, koʻrsatmalar, qarorlar, gazeta xabarlari, arxiv maʼlumotlari, adabiy va ijtimoiy muhit bilan aloqadorlik jarayonlari, xotiralar, kundaliklar, xatlar, yon daftardagi qaydlar, biografik maʼlumotlar shular jumlasidandir. Bularsiz ijodkor shaxsi va matn birligini tushunish va tushuntirish qiyin.
M. Baxtin eʼtirof etganidek, zamonaviy romanga baho berishda adabiyot nazariyasidagi taʼrif-tavsiflar oʻzini oqlamayapti. Roman janriga xos oʻzgarish, yangilanish, V. Dneprov taʼbiri bilan aytganda, unga alohida tur sifatida qarashga ham undaydi. Umuman olganda, romanga “tarixiy solnoma” yo “hayotning oʻrinbosari” sifatida qarash notoʻgʻri. Xudo dunyoni yaratib, unga hayot baxsh etganidek, badiiy asarning yaratuvchisi yozuvchi. Taʼbir oʻrinli boʻlsa, aytish joizki, yuksak sanʼat namunasi hech qanday “izm”larga sigʻmaydi. Oʻtgan asrning 60-70-yillarida A. Qodiriy romanlarining qaysi ijodiy metodga mansubligi borasida kechgan bahs-munozaralar unchalik ilmiy-nazariy qimmatga ega boʻlmadi. Bu bahslarda, asosan, ijodiy metod tabiatidan kelib chiqib, adib romanlaridagi obrazlar tizimiga, tasviriy va tavsifiy oʻrinlarga baho berildi.
B. Karim taʼkidlaganidek “… badiiy asarning ilmiy-nazariy talqini xoh u poetik, psixologik, xoh muayyan nazariy-metodologik masala boʻlsin – asl mohiyatni oydinlashtirgan taqdirdagina adabiyotshunoslik tarixida oʻz ilmiy qiymatini yoʻqotmaydi”.
Monografiyaning “Adabiy tafakkurning yangilanishi”, “Badiiy asar va biografik taʼlimot” boblarida A. Qodiriy ijodi yangicha yondashuv asosida oʻrganiladi. Qodiriy asarlarida xronotop masalasi, roman matniga kirmagan izoh va sharhlar tahlili, muayyan xarakterlarning, epizodlarning islomiy aqidalar nuqtai nazaridan oʻrganilishi, toponimika va til xususiyatlariga bagʻishlangan fasllar, adib romanlarida bot-bot uchraydigan “taqdiri azal”, “azon”, “namoz” kabi tushunchalarning falsafiy talqini, yozuvchi ijodiga biografik metod tamoyillari asosida yondashuv ana shunday yangicha talqinlar jumlasidandir.
Mustaqillik davrida qodiriyshunoslikda tub burilish yillari boʻldi. Monografiya muallifi tahlil etgan M. Qoʻshjonov, N. Karimov, U. Normatov, N. Boqiy, D. Quronov va boshqalarning maqola va risolalarida adib dardini anglash, tushunish va tushuntirish, yozuvchi ijodini jahon adabiyoti namunalari bilan qiyoslash, poetik olam va badiiy soʻz qudratini kashf etish kabi masalalar talqini oʻzbek romanchiligining umrboqiylik asoslarini izlash davom etayotganligini koʻrsatadi.
Oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishning tayanch markazi – Oʻzbekiston. Biroq xorijlik olimlarning bu boradagi ishlari ham hamisha qiziqish uygʻotib kelgan. Oʻzbek adabiyoti namunalarining chet tillariga tarjimalari, ularga munosabat va talqinlar bugun ham dolzarb masalalardan. Tadqiqotda A. Qodiriy ijodi boʻyicha xorijda amalga oshirilgan ilmiy ishlar tahlili uchun alohida bob ajratilgan. Bu bobda qamrab olingan materiallar tahlilining teranligi va ilmiy yangiligi bilan eʼtiborni tortadi, xorijdagi qodiriyshunoslikning tarixi, bugungi holati toʻgʻrisida yaxlit tasavvur hosil qiladi.
Badiiy matn tahlilida yakranglikdan chekinish, asar mohiyati va ijodkor dunyoqarishini anglash, badiiy asar hayotning shunchaki aksi emasligini his qilish, jahon adabiyotshunosligining yangi metod va metodologiyalariga tayanish kabilar mazkur kitobda tatbiq etilgan va ilgari surilgan ilmiy tezislardandir.
Bahodir Karimning Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Davlat mukofoti tanloviga qoʻyilgan “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” asari keyingi yillarda yozilgan eng yaxshi ilmiy tadqiqotlardan biri sifatida bunday ragʻbatga loyiqdir. Mazkur asarda adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi, zamonaviy adabiyot tarixi va buguni bilan bogʻliq muammolarning oʻrganilishi va salmoqli xulosalar shunday deyishimizga imkon beradi.
Hotam UMUROV,
Muslihiddin MUHIDDINOV,
Shavkat HASANOV,
filologiya fanlari doktorlari, professorlar
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qodiriyshunoslikning-yangi-sahifasi/