Oʻzbek adabiyotida tarjima bilan shugʻullanmagan ijodkorning oʻzi yoʻq boʻlsa kerak. Birgina farqi, ayrim qalamkashlar faqat tarjima orqali tanilgan boʻlsa (Qodir Mirmuhamedov, Nizom Komilov), yana bir toifa ijodkorlar adabiy merosining yarmini tarjima tashkil etadi (Choʻlpon, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir). Va nihoyat, yana bir toifa adiblar borki, ularning qalamiga mansub asarlar orasida tarjimalar koʻp boʻlgani bilan, afkor omma ularni mutarjim deb emas, “sof milliy ijodkor” sifatida taniydi (Habibiy, Said Ahmad).
Gʻafur Gʻulomni uchinchi toifaga mansub ijodkorlardan desa boʻladi. Garchi tarjimalari ham anchagina boʻlsa-da, ular oʻtnafas shoir Gʻafur Gʻulomning sheʼr va poemalari, mashhur qissa va hikoyalari, otashin publitsistikasi soyasida qolib ketgani chin.
Gʻafur Gʻulom tarjima sohasiga oʻtgan asrning yigirmanchi yillari ikkinchi yarmidan kirib keldi. Bayroqdor shoir Vladimir Mayakovskiyning “Vo ves golos” poemasini “Hayqiriq” nomi bilan 1930 yilda oʻzbek tiliga oʻgirib chop ettirdi. Hodi Toqtoshning bevaqt vafoti munosabatidan dilgirlik shoirni 1932 yilda uning sheʼrlar kitobini tarjima qilib elga yetkazishga daʼvat etdi. Oʻsha yili atoqli venger shoiri Antal Gidashning “Qichqiringiz” sheʼrlar toʻplamining oʻzbekcha tarjimasi ham Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub.
Gʻafur Gʻulomning koʻpgina qahramonlari bilan gʻarb adiblari yaratgan qahramonlar oʻrtasida ajib bir uygʻunlik bor. Chunonchi, “Shum bola”da Mark Tvenning “Tom Soyerning sarguzashtlari” asaridagi lavhalarni eslatadigan manzaralar tasvirini kuzatish mumkin. Biroq bu lavhalar mutlaqo oʻzbekcha qiyofa, oʻzbekcha ruh bilan namoyon boʻlganki, kishi xayolini beixtiyor, jahon adabiyotining xuddi shu tarzda: biri-biridan oʻrganib, biri-biridan ibrat olib taraqqiy etgani haqidagi mulohazalar egallab oladi.
Gʻafur Gʻulom oʻzbek tilining imkoniyatlariga cheksiz ishongan, bu tilda ifodalab boʻlmaydigan fikr va tuygʻu yoʻq, deb hisoblagan. Atoqli sharqshunos olim, ulkan mutarjim Shoislom Shomuhamedovning xotirlashicha, u kishi Saʼdiyning “Guliston” asarini oʻgirayotganida har bir naql oxirida kelgan, Saʼdiyga xos quyma misralar, aforizmlarni tarjima qilishda qiynalgan va “mana buni tarjimada berib boʻlmasa kerak”, deya Gʻafur Gʻulomga maslahat solganida, ustoz adib Shoislom akaga qarab, “Oʻzbekmisan?” deb soʻrar ekan. “Ha…”, der ekan Sh. Shomuhamedov ajablanib. “Oʻzbek boʻlsang, topasan. Top!” derkan qatʼiy qilib Gʻafur Gʻulom.
Ammo shunday asarlar ham boʻladiki, boshqa tilga tarjima qilinganida uning faqat dastlabki, yuzada koʻrinib turgan maʼnosigina aks etadi. Chunki tillararo muvofiqliklarga qaraganda nomuvofiqliklar muqarrar suratda koʻp boʻladi, soʻzning obrazga aylanishi esa har bir tilda ayricha, faqat oʻziga xos tarzda kechadi. Asarga jilo berib turgan soʻz oʻyinlari tarjima asarlarda aksar hollarda tushib qoladi.
Mutafakkir shoir Mirzo Abdulqodir Bedil asarlariga purmaʼnolik ayniqsa xos. Gʻafur Gʻulom Sharq shoiri sifatida Bedildan koʻp taʼsirlangan, buni u oʻz asarlarida ham bir necha marta taʼkidlab koʻrsatgan, Bedil adabiyotga olib kirgan koʻpgina obrazli ifodalar uning asarlari matniga ham koʻchib oʻtgan. Chunonchi, yorugʻ dunyo, olam degan maʼnodagi “xonai xurshid” tashbehi uning sheʼriyatiga Bedildan koʻchib oʻtgan. Bedil oʻz davrida “malikush shuaro” boʻlib tanilgan va keyingi asrlarda “Abulmaoniy” – ‘‘maʼnolar otasi’’ deb ham eʼzozlangan shoirdir. Biroq Gʻafur Gʻulom Bedil asarlarini tarjima qilishga uncha ragʻbat koʻrsatmagan. Bedilga xos fikr teranligini, bir misrada bir necha maʼno qavatlanib kelishini yana toʻlaligicha qayta tiklash amri maholligini his etgani sababli, uni faqat asliyatda oʻqish lozim deb hisoblagan. Bu ham, shoir tarjimalariga oid tadqiqotlar olib borgan Abdulla Matyoqubov va Narzulla Joʻrayevlar toʻgʻri taʼkidlaganlariday, kitobxon oldidagi masʼuliyat, Bedilga samimiy ixlosning bir zuhuri edi.
Gʻafur Gʻulomning tarjimalari janr nuqtai nazaridan, uning original ijodi kabi, xilma-xil. Ular orasida ulkan roman (Mushfiq Kozimiyning “Qoʻrqinchli Tehron” asari)dan tortib, bir necha baytlik gʻazalgacha, oʻtkir siyosiy ahamiyatga molik sheʼrdan tortib, lirik dramagacha bor. Asarlari Gʻafur Gʻulom tarjimasida oʻzbek tilida bosilib chiqqan adiblarning nomi ellikka yaqin, ular dunyoning oʻnlab tillarida yaratilgan.
Gʻafur Gʻulomning oʻn ikki jildlik “Mukammal asarlar toʻplami”ning sakkizinchi, toʻqqizinchi va oʻninchi jildlari tarjimalardan tashkil topgan boʻlib, bu uch jildning umumiy hajmi 1600 sahifadan oshadi. Holbuki, ushbu “Mukammal asarlar toʻplami”ga “Qoʻrqinchli Tehron” romanining tarjimasi kabi yirik nashrlar kiritilmagan.
Badiiy tarjimaning “tabdil” deb atalgan bir turi bor. Tabdil – badal degan oʻzakdan olingan boʻlib, almashtirish, oʻrniga bir narsa qoʻyish demak. 1940 yilda, Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik qizgʻin ketayotgan bir paytda Gʻafur Gʻulom “Farhod va Shirin” dostinini hozirgi tilga tabdil qilib, chop ettirdi va mutafakkir shoir asarlarini xalqqa yanada yaqinlashtirishga katta hissa qoʻshdi. Chunki Alisher Navoiy asarlari tili oddiy kitobxon uchun birmuncha murakkab boʻlib, orada oʻtgan toʻrt yarim asrlik davrda tilimizda ancha-muncha oʻzgarishlar yuz bergan edi. Mana, dostondagi bir bob boshlanmasi:
Bu xoro uzra tez etkan qalamni
Yuziga buyla naqsh etti raqamni.
Ushbu bayt “Bu qattiq tosh ustida oʻz qalamini charxlab olgan kishi oʻsha tosh ustiga quyidagi gaplarni naqsh qildi” deya sodda, oʻquvchiga oson tushunarli til bilan taqdim etilgan. Albatta, oʻn ming misradan ortiq boʻlgan bu doston tabdili ustida Gʻafur Gʻulomning mehnati, uning talqini va umuman tarjimashunoslik ilmida tabdil hodisasi alohida tadqiq etilishi, oʻziga xos jihatlari batafsil oʻrganilib chiqilishi darkor.
Gʻafur Gʻulom Roʻdakiyning “Qarilikdan shikoyat”, Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisidagi pahlavon” dostonidan boblar, Saʼdiyning “Guliston” asarining sheʼriy qismini, Jomiy va Foniy gʻazallarini, Bedilning ikki ruboiysini, shuningdek I. Krilov masallarini, A. Griboyedovning “Aqllilik balosi”dan parchani, Pushkinning talay sheʼr va poemalarini, T. Shevchenko, A. Tolstoy, A. Fet, A. Maykov, N. Nekrasov, Jambul va Sulaymon Stalskiy, A. Surkov, Lohutiy, I. Bexer, V. Mayakovskiy, I. Frenkel, L. Xyuz, A. Tvardovskiy, M. Tursunzoda, A. Kuleshov, K. Simonov sheʼrlarini, oʻnlab turli xalqlarning qoʻshiqlarini oʻzbekchalashtirdi.
Vilyam Shekspirning “Otello” tragediyasi, Lope de Veganing “Qoʻzibuloq qishlogʻi”, Fridrix Shillerning “Vilhelm Tell” dramalari Gʻafur Gʻulom tarjimasida sahna yuzini koʻrgan. Shu bilan bir qatorda V. Katayevning “Soldat frontdan qaytarkan”, B. Lavryonovning “Dengizdagilar sharafiga”, Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi”, G. Mdivanining “Front boʻylab buyruq”, B. Slivkoning “Mushfiqiy” pyesalarini ham oʻzbekchalashtirgan. Ammo hali bu roʻyxatga qoʻshilmagan yana oʻnlab poemalar, teatr va radiopostanovkalar uchun turli yillarda tarjima qilingan drama asarlari ham behisob. Bularning barchasiga xos boʻlgan bir jihat, taʼbir joiz boʻlsa, Gʻafur Gʻulomning “oʻgirmachilik uslubi” shundayki, ushbu tarjimalar tili sodda, ifodasi jaydari va oʻzbekona. Gʻafur Gʻulom hech bir oʻrinda tarjima tilini zoʻriqtirmaydi, murakkab va gajakdor iboralar bilan oʻzbek oʻquvchisini qiynamaydi, fikrni erkin va sarbast turib taqdim etadi.
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gafur-gulom-tarjimalari/