Tolstoyga

Mustafo al-MANFALUTIY

 

Uzlatni koʻngling tusab, bu olamdan uzoqlashishni ixtiyor etgan ekansan, bir oz sabr qil, sen bilan vidolashib olaylik. Garchi bizning ota-onalarimiz boshqa boʻlsa-da, garchi bizni ulkan masofa ajratib turgan boʻlsa-da, axir biz ham sening farzandlaring emasmidik?! Seni va xalqingni koʻrish bizlarga nasib etmagan boʻlsa-da, uzoq yillar mobaynida biz sening doʻstlaring edik. Qadrdon doʻstlar orasida boʻlganidek, chin yurakdan koʻz yosh toʻkmay turib sendan ayrilish bizga juda ogʻir.

Aytishlaricha, sen jamiyatni har xil illatu qusurlardan xalos etib, uni oʻzgartirmoqchi boʻlgansan-u, bu orzularing ushalmagach, odamlardan bezgansan, ular orasida yashash joningga tekkan va baridan baravariga qoʻl siltab yuz oʻgirgansan, hatto oʻz oilangdan ham; sen yirtqichlarning oʻkirigidan boshqasi eshitilmaydigan yerlarga yoki qoʻngʻirogʻining ovozi sening birdan-bir yupanchingga aylanguvchi monastirga bosh olib ketding; sen odamlar orasiga boshqa qaytmaslikka va ular bilan har qanday aloqani uzishga qaror qilding. Biz seni kechirdik va bu ishing uchun seni koyimoqchi ham emasmiz, seni qoʻrqoqqa chiqarib, oʻz eʼtiqodidan qaytgan inson deb ham oʻylamaymiz aslo; axir sen hali qiliching qinidaligida, yelkangdan nayzang tushmagan paytlarda va oʻqdoningdagi oʻqing arimaguncha fidokorona jang qilding. Biroq dushmanlaring behisob va, ustiga-ustak, oʻlgudek oʻjar ham edilar, huda-behuda mardlik esa tentaklik boʻlurdi va qaysarlikdan tugʻilgan, sindirish mahol boʻlgan sendagi orqaga qaytmaslik esa dushman bilan sakson yil davom etadigan jangu jadaldan ham oshib tushgandi. Agar sen ham jang maydonini umringning oxirigacha tark etmaganingda, balki sening ham qismating, oʻlim oldidan kishiga madad boʻlgʻuvsi odamlar orasida ezgulik va adolatni koʻrishni orzu etib, orzusiga yetolmay oʻlib ketgan buyuk faylasuflarning qismatiga oʻxshab ketgan boʻlarmidi?

Bu puch hayot senga nima berdi va qanday xulosaga kela olding? Shak-shubhasiz, gunohga botgan odam bolasi, uning bagʻritoshligiyu nohaqdan-nohaq mulohazalarini, amallarini isbotlab beruvchi qani sendagi oʻsha fazilatu ilm, oʻz tiling, qalaming, oʻsha soʻzamolligingning kuchi qayerga ketdi?

Sen shohga murojaat etib shunday deding: xalq unga xizmat qilishing uchun seni taxtga oʻtqazdi; uning koʻngil orzusiga aylanishing uchun emas; taxtga egalik qilish, garchand senga nasib etgan boʻlsa-da, yerning jonini kirgazayotgan dehqondan, yoki fabrikada mehnat qilayotgan ishchidan sening hech bir farqing yoʻq: kaltak oxir-oqibat boshingda sinmasidan burun har qaysingiz oʻz vazifangizni sidqidildan bajarishga majbursiz. Fabrika sohibi mukofot berishdan avval tuzukroq mehnat qilishni ishchidan talab qilganidek, xalqing huquqini himoya etyapsanmi, mavjud qonunlarni buzmay unga rioya qilyapsanmi, u sendan javob kutadi! Odamlarning kuchligiyu ojiziga ham, boyu faqiriga ham birday odil munosabatda boʻla oldingmi? Muhabbating yoki nafrating xolisligingga putur yetkazib, sendan ustun kelishiga izn berib qoʻymadingmi? Haddan tashqari xushomadu maqtovlarga eʼtiborsiz boʻlishni eplay oldingmi? Odamlarning gʻururini toptab, sening oldingda qoʻrqib-qaqshab turishga majburlab, ularni yoʻldan urmadingmi? Sendagi qahr-gʻazabni jilovlash ilinjida oxir-oqibat oʻzlarini tahqirlab, isnodga qoʻyuvchi har xil yolgʻon-yashiq va boʻhtonlarga, chaqimchilikka yoʻl qoʻyib, nopok ishlarga qoʻl urib qoʻymadilarmikan? Agar bergan vaʼdangga sodiq qolishingga xalqing astoydil ishonganida edi, oʻzi bergan oʻsha toju taxt va hokimiyatni u sendan soʻrab ham oʻtirmasdi va bu xayr-saxovatingga mehr ila javob qaytarib, barini oʻzingga qoldirgan boʻlurdi.

Biroq sendan bunday soʻzlarni eshitgan shoh, bularning barini qoʻpollik va surbetlikdan oʻzga narsa emas deya hisoblaydi, negaki, uning yaqin kishilari orasida bunday soʻzlarga ogʻiz juftlashga bironta odamning jurʼati yetmagan; shu bois ham, xuddi oʻylaganimizdek, sen uning gʻazabini keltirgansan. Seni taʼqib etishda ham u, uning zulmidan qalblari shikastlangan va u qaram qilishga erisha olgan, endi esa unga qarshi chiqib, adolat uchun kurashmoqqa layoqatlari allaqachonoq soʻnib boʻlgan odamlargagina tayanardi.

Rus asilzodasiga sen shunday deding: farovon turmushing huzuridan mast bogʻu rogʻlaring bagʻrida, daraxtlaringning soya-salqiniyu, koʻlning boʻylarida yayrab yurgan bir paytingda, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, izgʻirinu jaziramada peshonasiga bir qarich ham yer bitmagan qanchadan-qancha mehnatkashlarning yakka oʻzinggagina qarashli million fed[1]dan iborat salmoqli yer maydonlarini obod qilish uchun yer maydonlarini haydab, unga ishlov berib, ekin ekib, mevali daraxtlarni parvarishlab, mol-hol boqib yurishlari, seningcha, insofdanmi? Bunda ularning ham haqlari borligini tan ol-da, sening huzur-halovating uchun ularning qiynalayotganlarini yoki faqat sening joning omon boʻlishi uchun ularning nobud boʻlayotganini koʻrib, yuraging oʻrtanmasligi uchun adolat yuzasidan bu tuproqda yetishtirilgan hosilni ular bilan baham koʻr. Shuni yodda tutki, bu zaminning egasi Olloh va unga egalik qilmoqqa ham yolgʻiz Ugina qodir.

Yoʻq, sen asilzodaga biror narsani oʻrgatish yoki unga pand-nasihat qilishning oʻzi bilangina kifoyalanib qolmading; yerda ishlash uchun oʻz yeringni dehqonlarga taqsimlab berib, oʻzing ibrat koʻrsata olding; bu bilan ham koʻngling tinchimadi: ketmoningni, mol-holingni olding-da, oʻzingbop choqqina yerni topib, hamma bilan bab-baravar ishlash uchun u yerga ketding! Oʻzingdagi bu ulkan ibrat ila soʻzlaringga quloq solmagan oʻsha bagʻritoshni ishontirishga umid qilding. Biroq u faqat sening va odamlarga boʻlgan rahmdilliging ustidan kuldi; odam zerikkanda yoki ranjigan kezlari qiziqarli kitob oʻqishga qanday ehtiyoj sezsa, u bilan boʻlgan sening suhbatingga ham u shunday koʻz bilan qaradi.

Sen ruhoniyga shunday soʻzlarni aytding: Iso Masih ne-ne qiyinchilik va quvgʻinlarga uchrab, mashaqqatli hayot yoʻlini bosib oʻtdi, chunki u baʼzi bir bandalarning boshqalari ustidan jabr-zulm oʻtkazishiga koʻnikolmadi; u qoʻlida yonib turgan chiroqni yashirmadi, uni yopinchigʻi bilan toʻsib ham oʻtirmadi, oʻzidagi illatlarni chiroqning yaraqlagan nurlaridan berkitishga erisholmagan podshohning gʻazabidan ham qoʻrqmadi, chiroqni boshi uzra dadil koʻtardi. Nega endi sen, oʻzingni uning izdoshi, vazifasining davomchisi va taʼlimotining tarafdori deya fahmlab, zolim hukmdorlikni qoʻllab-quvvatlaysan? Sening noming va hozir sen ushlab turgan muqaddas diniy kitobning panohiga yashirinib, jazo olmasdan istagan payt xohlaganni talab, koʻngling tusagancha jabr-zulm oʻtkazish uchun xuddi orangizda shartnoma tuzilgandek, oʻz sadoqatingu roziligingni namoyish etib, nega bu qadar unga yukinmoqdasan? Seni jannatga doxil etib, koʻnglingga xush kelmaydiganni u yerdan quvib chiqarishga izn beradigan sendagi qanday vakolat boʻldi ekan? Bu hashamatli uy-joylar, kimxob ust-boshlar qayerdan keldi? Nega sen maqsadsiz yashaysan? Axir sen Parvardigori olamga xizmat qilish uchun dunyoning barcha huzur-halovatlaridan voz kechgan taqvodor, rohib boʻlsang.

Ruhoniyda bunday huquq borligini sen tan olmasligingni garchi ruhoniy fahmlasa-da, unga aytgan gaplaringga javoban u seni cherkovdan haydashni buyurdi; seni qoralashga, senga tuhmat qilishga urinib, gʻururingni tahqirlab, xalqni senga qarshi oyoqlantirsa-da, sen unga gʻiring etib gap qaytarolmading. Mehribonliging va xayrli pandu nasihatlaring uchun bu sening haqing.

Seni yigʻlatgan Sibirga surgun qilinganlarning ayanchli ahvoli, haddan ziyod azoblari va chidab boʻlmas mashaqqatli hayotlari boʻldi; va sen shunday dod soldingki, ovozingni asilzodalar ham, avom ham birday eshitdi. “Ey, odamlar! – deb hayqirding sen. – Yovuzlikka yovuzlik bilan barham berib boʻlmaydi, axir jinoyatchilar – bu nosogʻlom kishilar-ku, shuning uchun ulardan oʻch olish emas, ularning dardiga malham darkor. Oqilona tarbiya jinoyatchilikning ildizini quritadi va ayni paytda intiqom singari yana u tomonga undaydi. Qamoqxonalar oʻrniga maktablar bunyod eting, turma nazoratchilarining oʻrniga oʻqituvchilarni yuboring”. Biroq bu dod-faryodingni hech bir zogʻ eshitmadi va hech kim senga qoʻshilib koʻz yosh ham toʻkmadi. Sudlar oʻsha-oʻsha hukm chiqarishda, mirshablar oʻzboshimchalik qilishda, turma nazoratchilari xoʻrlashu tahqirlashda, mahbuslar esa azob-uqubatda kun kechirishda davom etyaptilar.

Jang maydonida jonlarini nima uchun fido qilayotganlarini ham bilmay qurbon boʻlayotgan erlariga, oʻgʻillariga yoki aka-ukalariga aza ochgan ayollarni koʻrganda, shafqatsiz xunrezlik bilan sodir boʻlayotgan bu bemaʼni urushga nisbatan gʻazabingni tiyolmasding. Nafrat va adovatning zoʻridan dushmanlar bir-birinini koʻzini oʻyishga tayyor ekaniga yagona sabab – shafqat bilmas siyosatdonlarning yolgʻiz oʻzlarigagina eʼtiqod qilishga daʼvat etuvchi tuygʻuni ularning yuraklariga singdirib, xatoga yoʻl qoʻyilgani boʻlgandi. Odamlar oʻz liboslarini tashlab, vahshiy hayvon terisini yopinib olardilar-da, bir-birlarining yuraklarini sugʻurishni moʻljallab, unga chang solardilar va shu zayl oʻz insoniy qiyofalarini yoʻqotib borardilar. Agar odamlar oʻzlarining buzuq niyatlaridan voz kechib, rahmsiz siyosatdonlarga quloq osmaganlarida, qanchadan-qancha yuraklar omon qolib, muhabbat ila urishda davom etgan boʻlurdi. Biroq koʻz yoshlaringning bari behuda edi, na arz-dodlar yordam berdi va na oh-vohlar: urushlar barham topmadi, na faqat yerda, koʻkda ham jangni davom ettirish uchun ajal fabrikasi qurol-yarogʻ ishlab chiqarishda bir zum ham oʻz faoliyatini toʻxtatmadi…

Ey buyuk zot, baxtli boʻl, bu hayotdan qutulishga urinib tanlagan yolgʻizlikdagi tinch va bexavotir turmushing hafsalangni pir qilmasin. Bunday paytda mulohazali inson qanday yoʻl tutgan boʻlardi? Gʻazabini yengib, faqat sukut saqlaydi yoki musibatdan oʻlar holatga yetib tilga kiradi!

Bilimsizlikni maʼrifatga aylantirish va jaholatdan qutulib, roʻshnolikka yuz tutish, qorani esa oqqa oʻzgartirish, ehtimol, bironta oqil kishining qoʻlidan kelar; balki dengiz bilan yerning oʻrnini almashtirib, u yerdan lahm kavlash yoki osmoni falakka yetgulik zinapoya bunyod etishning ham kimdir uddasidan chiqar, biroq odamlar orasida sodir boʻlayotgan qabihliklarni oliyjanoblikka, yovuzliklarni ezgulikka aylantirish esa hech kimning qoʻlidan kelmaydi.

Oʻz kuch-qudratiga bino qoʻygan bu odam bolasi oʻzi kabilarga azob berishda hali davom etar ekan, oʻz yon-veridagilarga mehr-oqibat koʻrsatishni oʻrganmas ekan, xudbinlik balosi yosh demay, qari demay har bir odamning boshida tegirmon toshini yurgizishda davom etar ekan, – ’ bugungi inson oʻrmon va chakalakzorlarda kun koʻruvchi oʻsha-oʻsha kechagi inson boʻlib qolaveradi. Mavjud tafovut esa shundan iboratki, shu bugunning odami, oʻzidagi bor qahr-gʻazab, nuqsonu kamchiliklar bilan oynavand uylarda yashaydi. Nahot mana shu shaffof shisha oynalar oʻzini uning panasiga olganlarning axloqsizliklarini yashirib qololsa?!

 

Rus tilidan Dildorxon ALIYEVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7


 

[1] Fed – Yarim gektar atrofidagi yer maydoni oʻlchovi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/tolstoyga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x