XIX asr Fargʻonasi oʻzbek shoiralarining badiiy salohiyati juda yuqori boʻlganligi bilan ajralib turadi. Bu asr oʻzbek adabiyotiga Uvaysiy, Nodira, Mahzuna va Samar Bonu kabi zabardast shoiralarni tuhfa etdi. Bonu (asl ismi Samar Bonu Sirojiddin qizi) 1837 yilda Oʻsh shahrida ulugʻ faylasuf shoir Huvaydo meros qilib qoldirgan yuqori darajadagi adabiyot muhitiga ega boʻlgan, oʻz davrining kuchli adabiy-falsafiy doirasining markazi boʻlgan oilada tavallud topgan. Samar Bonu tarbiyani, avval, oqila, fozila ayol boʻlgan onasidan, keyinchalik otasi – shoir va olim Mavlaviy Sirojiydan olgan. Samar Bonu 1855 yili otasining shogirdi Andijonning Mingtepa qishlogʻi (hozirgi Marhamat tumani)da yashovchi Sharifjon ismli yigitga turmushga chiqqan. Oʻn oy turmush qurgan Samar Bonu eri fojiali oʻldirilganidan soʻng, 19 yoshida yangi tugʻilgan oʻgʻli Zahiriddin bilan beva qolgan. Uning “Bonu gʻarib” sheʼri bu ogʻir judolik va musibatdan, oʻzi kabi ayollar qismatidan, zamonasidagi haqsizliklardan zorlanib bitilgan.
Samar Bonu 1891 yili 54 yoshida Mingtepada vafot etgan.
Samar Bonu pokligi, maʼnaviy kamoloti, sheʼriy isteʼdodi jihatidan Nodira, Uvaysiylar darajasida boʻlsa ham, jasorati va mustahkam irodasi bilan eʼtiborni yanada koʻproq jalb etadi.
Kamina Bonuning oddiy muxlisi. Shu bois Bonu sheʼriyati bilan bogʻliq maʼnaviy merosimizni chuqurroq va toʻliqroq oʻrganish adabiyotshunoslarimizning, ayniqsa, yosh olimlarimizning muqaddas burchi, deb hisoblayman.
Bonu maʼnaviy bulogʻidan olingan bir hovuch zilol suv sheʼriyat shaydolariga manzur boʻladi, degan umiddaman.
Ortiqali HUSANOV,
“Turon” oʻquv markazi rahbari
Samar BONU
GʻAZALLAR
Bonu aytur bu olamdaki, gʻamsiz yurmadim hargiz,
Bu dunyo davrini shodmonu xandon surmadim hargiz.
Jahonda yurdimu turdim, necha chektim jafolarni,
Jafosin koʻrdum, ey doʻstlar, vafosin koʻrmadim hargiz.
Ayo doʻstlarki, men yolgʻiz, gʻaribi benavo qulmen,
Topay ahli ayol, atfol deyub qaygʻurmadim hargiz.
Ki sakkiz yil boʻlur otam shikorya Yorkent aylab,
Muborak yuzlarin koʻrub koʻzum toʻydurmadim hargiz.
Ki koʻrmakni qoʻyub, ey tan, boʻlak emdi talab qilgʻil,
Sharifim sarri poyidin oʻzum joʻkurmadim hargiz.
Jahonda har balo boʻlsa, baham boʻldi gʻarib boshim,
Sitam birla alamlarni surub, yondirmadim hargiz.
* * *
Koʻrung bir dilbari zolim mening holim xarob aylab,
Yoqub ishq otashin jonimga, bagʻrimni kabob aylab.
Koʻzim termulturub yottim, base, koʻp xor boʻldi bosh,
Kirib xilvatda holim soʻrmadi chandin azob aylab.
Tilokimdur aning vasli, tunu kun yolvorib haqdin,
Ochib ilgim duoga, yigʻladim, koʻzlar purob aylab.
Yotib hajringda bemore, boʻlubman bexudu xomush,
Ayo tan, sen nechuk deb soʻrmading, muncha itob aylab.
Talabkori visolingmen, nechukdin bilmading holim,
Kirib oldimga bir soat, chiqarni koʻp shitob aylab.
Yaqinlik ayladim chun oʻtlaringga, xijlatim koʻpdur
Meni kuydurgʻali shamʼi yuzungni benihob aylab.
Xumor aylab koʻzingni ham qaboqingni suzib boqsang.
Bitay shaʼningga yuz daftar moshoirlik kitob aylab.
Koʻzing jallodi berahmu kamon abroʻlaring oʻqlar
Meni bechoraning chun oʻltururgʻa iztirob aylab.
Gahi xushman, gahi noxush, gahi behush, gahi bohush
Bu Bonuni xarob etting soching mushkin tanob aylab.
* * *
Yor jabr etti dilim gardu gʻuborin tozalab,
Shirinu Azrou Layli onlara andozalab.
Gulgun etti ashki selobim toʻkub har roʻzu shab,
Usmau elik, ufou ham koʻzini gʻozalab.
Dilbarim qattiq koʻngullik, mahvashim nozuk badan,
Teshti koʻksum, ezdi bagʻrim noz uzra nozalab.
Fosh etma, ey tabibo, ishqi dardin tut nihon,
Ista maqsuding Xudodin oʻzligingni sozalab.
Ey hakim ahli, bilib dardimni izhor etmakim,
Topmadi hech shayʼ murode kori ishq ovozalab.
Gʻorat etti mulki tanni shohi oshiqlar kelib,
Bir qushe uchdi qoʻlimdin koʻk sari parvozalab.
Faqr aro mahvashlara qochdi bu Bonu bosh egib,
Al-amon etti raqiblardin, biling darvozalab.
* * *
Manga makkori zolim makr etib yuz shoʻridin sad, dod,
Berib ming vaʼdani qilmas vafo, ayyordin sad, dod!
Boshimgʻa yogʻdurur boroni gʻamni yozu qish tinmay,
Koʻrub kajlikni, dedim men, falak ozoridin sad, dod!
Ogʻiz osha yetushkanda, burunni tegdurub tosha,
Anga qul boʻldim, ey doʻstlar, jahon makkordin sad, dod!
Vafo togʻini kavladim, boshimgʻa tekdurub tesha,
Qilibdur pora-pora, zolimi xunxordin sad, dod!
Visoli bokamolidin ayirmoq qasdini koʻzlar,
Yoqib rashk oʻtining ishq ellara, agʻyordin sad, dod!
Bu gʻam girdobidan forigʻ boʻlolmay koʻz yoshim oqti,
Dedi Bonu amon bermas manga har kordin sad, dod!
* * *
Bu falak kajravligidin boʻldi dil xunoblar,
Ashkborimdin toʻkilgay kosa-kosa oblar.
Zulmi agʻyora chidolmay, ishq mayini noʻsh etib,
Kunda-kunda xun yutib, bagʻrim toʻla zardoblar.
Furqatu gʻam bir sari, ishqning balosi bir sari,
Jon qutulmas ikkisidin bas boʻlib betoblar.
Sharhi dilni arz etargʻa dardmandon topmadim,
Sabru toqat qolmadi, ketti koʻzumdin xoblar.
Muddaoying ne, sanam, qilding sitam ust-ustina.
Yurguzub hukmingni hardam quldugʻing ishtoblar.
Oftobi gʻamda qoldim, qil boshimgʻa soya baxt,
Tolei shumum siniqdur, sindi durri noblar.
Mushtariy, Mirrix sitorang suvgʻa tushdi, Bonuyo,
Koʻz yoshing daryo boʻlib tortti seni girdoblar.
* * *
Meni koʻrgan kunimni koʻrmasun hech qaysi inson ham,
Koʻrub holimgʻa rahm aylar tamomi nomusulmon ham.
Kima men mehribon boʻlub, anga sarf ayladim dil, jon,
Manga nomehribon boʻldi tamomi yoru jonon ham.
Koʻring betoleimni aylanur kaj bu jahon charxi,
Manga qolgʻonda beodil tamomi begu sulton ham.
Kimi koʻrsam suyub jonu dilimdin parvarish ettim,
Manga rahm etmadi inson ichinda hech musulmon ham.
Meningdek bormukin aslo vafo izlab jafo koʻrgon,
Umrni zoye oʻtkargan meningdek bormu nodon ham.
Tasadduq zoti pokingdin, menga emdiki sen yaxshi,
Topolmay izlasam men axtarurda Chinu xoqon ham.
Jahonda turgʻonimgʻa yuz tuman bisyor tashvishmen,
Gʻaming xat birla yoz, Bonu, uzatma soʻzni har yon ham.
“Sharq yulduzi”, 2014–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/sharhi-dilni-arz-etarga-dardmandon-topmadim/