Teshikmozor hangomalari

Birinchi qism

 

Teshikmozor qishlogʻi Andijondan yursangiz Poytuqqa kiraverishda…

Qishloqning nomi nega Teshikmozor deb hayron boʻlmang. Buning oʻtmish bilan bogʻliq asosli sabablari bor. Izohi, endi, alohida mavzu.

Teshikmozorning, men sizga aytsam, har bir fuqarosi hangoma. Ayniqsa, Otash xobboni va Boʻtash gupir bilan bogʻliq gaplarni yigʻib kitob-pitob qilinsa bormi, maqtanyapti demangu, bir ajabsanda asar boʻlardi-da.

Ha, teshikmozorliklarning dunyoni lol qilgulik juda koʻp hangomalari bor. Faqat bir kamchiligi, bu manzil-makon bilan bogʻliq begʻaraz, betakror shumligu qitmirliklarni elga manzur tilda ifodalab beradigan zoʻr hajvchi yozuvchisining yoʻqligi. Toʻgʻri, Teshikmozordan besh-oʻn chaqirim atrof doirada, dovrugʻi dovonlar oshgan Qamchibek Kenja, Abdulla Komil, Nabi Jaloliddin degan mashhur adiblar chiqqan. Biroq ularning “hazil-mazak”, “oldi-qochdi gaplar”ga unchalik toblari yoʻqroq, desam xato boʻlmaydi. Noumid boʻlmaymiz. Jiddiy janrlarda qalam tebratadigan mashhur adiblardan shunchasini bergan Xudo hangomasuyarlarini ham ato etib qolsa ajab emas. Hozircha, bu vazifani, baholi qudrat bajarib turish bizning chekimizga tushganga oʻxshaydi. Osh boʻlmasa, obi yovgʻon ham ovqat, deydilar-ku, mashoyixlar.

 

* * *

Shunday qilib, Teshikmozor xalqi yoppasiga hazilkash. Ikki odamning boshi qovushsa, gap nishobi laqabingizga borib taqalaveradi. Bu muloqotlar tagidagi maʼnoosti qatlamlarini teshikmozorlik boʻlmagan odam fahmlamasligi mumkin. Ha, endi, ikki teshikmozorlik bir-biri bilan shunchaki, moderncha usulda hol-ahvol soʻrashyapti-da, deb ketaveradi.

Aslida, bunday hol-ahvol soʻrashish asnosida, ikki teshikmozorlik oʻzlarining iborasi bilan aytganda, bir-birining “enasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatayotgan” boʻladi.

Mana qarang, yoʻlda ikki teshikmozorlik uchrashib, soʻrashyapti:

“Yaxshimisiz, Ablaziz aka? Qalay, bola-chaqa, qozon-tovoq, mol-hol… omonmi?” “Rahmat Erkaboy! Permer bolagayam rahmat, meni bedapoyagʻa baylab qoʻygʻan. Oʻshetta yurippiz, rizqimizni chimdib, ye-yeb”.

Bu gaplarning qayeri qingʻir? Sal hazilnamo, demasa, binoyiday gaplar. Shundaymi? Ha, yashang! Ammo, ana shu, sal hazilnamo gaplar ostida faqat teshikmozorliklargina payqashi mumkin boʻlgan ancha-muncha maʼno-mazmun, nozik qochirim, imo-ishora va eng muhimi, hozirjavob topqirlik yotipti.

Ana endi sirni ochay: Ablaziz akaning laqabi, demak, sigir yoki buzoq, Erkaboyniki esa eshak yoxud xoʻtik boʻlib chiqadi.

Bu ajabtovur suhbat zavqini oʻsha ikki teshikmozorligu, yana anglasa… shu teshikmozorliklarning oʻzlari anglaydi, xolos.

Teshikmozorga kelib, hazil yoki askiya qilib qoyil qoldirib ketaman, degan odam ikki chuchvaraning oʻrtasini yepti. Teshikmozorlikni agʻdan-bagʻdan kelib hali biron kimsa “enasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatib” ketolmagan. Teshikmozorlikning enasini faqat shu teshikmozorlikning oʻzi uch emas, naq oʻnta qoʻrgʻon naridan koʻrsata oladi. Teshikmozorlik boʻlmagan bironta odam, men teshikmozorlikning enasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatdim, desa bu gap lofdan boshqa narsa emas. Ha, aytgancha, lof masalasida. Lof aytishda ham hali hech kim, teshikmozorliklarchalik loppillay olmagan. Gapimiz quruq boʻlmasin uchun bir voqeani eslab oʻtay. Toʻraqoʻrgʻonlik Hafizxon lofchi teshikmozorlik Matashboy lofchining daragini eshitib, bir juftgina loppillashay, deb Teshikmozorga kelibdi. Qishloqqa kiraverishda Matash lofchining sakkiz yoshlar chamasidagi Abdurahmon degan oʻgʻliga yoʻliqibdi.

“Yoʻl boʻlsin, amaki?” – deb soʻrabdi bola.

“Shu qishloqdan Matash lofchining taʼrifini eshitaman. Oʻsha kishi bilan bir-ikki juft loppillashay, deb keldim. Qaysi uyda yashaydi, aytolmaysanmi?”

“Adashmabsiz. Men oʻsha kishining toʻngʻichi boʻlaman. Otam uyda yoʻgʻidilar”.

“Unday boʻlsa, kelgunicha darvozaxonanglardagi soʻrida popiris-mopiris chekib oʻtirib turcam…”

“Kutib qolmasmikinsiz, amaki? Otam erta bilan obdan chilim tortuvdi. Tutunini puflash uchun odam siyrakroq joy izlab Toʻqqizadirga chiqib ketdi. Ehtimol, men bilan loppillashib qoʻyaqolarsiz?”

Hafizxon lofchi bolaning gapiga javoban, poʻngʻillabdi:

“Tutunni chekkan joyida puflasa boʻlmasakanmi?”

“Iya, nima diyapsiz, amaki! – debdi bola. – Kashandalarimizning hammasi tutunini shu yerga puflasa Teshikmozorni bulut bosib qoladi-ku!”

“Menga qara, hey tirrancha! Shuncha yoʻlni sen bilan adi-badi aytishaman deb kelganim yoʻq. Menga otangni roʻpara qil”, – deya zardalanibdi Hafizxon lofchi.

Bola boshqa hech narsa demabdi. Mehmonning oldiga patnisda ikkita non, choynakda doqqina koʻk choy, paxta gullik piyola va besh-olti chaqmoq oq qant keltirib qoʻyibdi-da, uzrini aytib, ayvon sahnidagi ekinlar tagini yumshatishga kirishibdi. Ikki soatdan oshibdi hamki, Matash lofchidan darak boʻlmasmish. Toqati toq boʻlgan Hafizxon lofchi Abdurahmonga debdi:

“Otang uyga bugun-erta qaytadiganmidi oʻzi?”

Abdurahmon endi pinagini ham buzmay, shunday javob qilibdi:

“Yana andak sabr qilasiz. Otam ichidagi tutunlarni puflab boʻldi. Endi faqat yoʻtalishi qoldi. Oʻzingiz bilasiz, chilim tortgandan keyin bir soat, yarim soat bigʻillab yoʻtalishi kerak-ku, odam!”

Hafizxon lofchi, tirmizagi shu boʻladigan boʻlsa, otasiga yoʻliqmaganim maʼqul, deb, iziga qaytib ketgan ekan.

Oshirib-toshirib gapirib qoʻyib, soddahayronlani-ib turishda ham teshikmozorliklarning oldiga tushadigani yoʻq. Otash xobboni bilan Boʻtash gupir bu borada nafaqat Teshikmozorda, balki, butun Fargʻona vodiysida pesh desak boʻlaveradi. Ularning bir-biriga qilgan hazillari, men sizga aytsam, menman degan qiziqchilarning ham yetti uxlab tushiga kirmaydi. Bittasini misol keltiraymi? Hay, eshiting:

Bir kuni, turmush tashvishlaridan charchagan Otash xobboni uyining orqasidan sharqirab oqib oʻtadigan ariqning boʻyida, durrachasi bilan yelpini-ib oʻtirsa, eski, shalagʻi chiqib ketgan “Jiguli”sini varanglatib, Boʻtash gupir oʻtib qolibdi.

“Ha-yov! Yoʻl boʻlsin, Boʻtashvoy?!”, – deya boʻynini choʻzibdi Otash xobboni.

Boʻtash gupir ham, ogʻaynimga bir guppillab qoʻyay, deb kelayotgan ekan. Oynadan kal-lasini chiqarib, mashinasiga ishora qilib, dermish:

“Jonobodga! Manovi, qari qirchangʻi qisir qoluvdi. Islomiddinning “Volga”sidan qochirib kelay!..”

Otash xobboniga bu gap ayil botibdi:

“Voy qistalogʻ-yey, – debdi ichida, – shalagʻi chiqqan aravasini pesh qilib, menga gap yedirib ketdi-da, oʻzicha!”

Koʻp oʻtmay, Otash xobboni ham, kishnab turgan “GAZ-21” sotib olibdi. Qutlugʻ boʻlsinga, ulfatlar qatorida, tabiiyki, Boʻtash gupir ham kiribdi. Shu fursatni poylab turgan gupir xobboniga tekkizib nima dermish: “Ayrim odamlarning, ayrim masalalarda, jonobodliklarga qatnab, joni halak boʻlyatganidan oriyat qildik. Boʻtashvoy! Mabodo, jigulingiz yana kuyikib-netib qolsa, tortinmasdan oldimizga kelovrasiz!”

Teshikmozorliklar, hazil-mutoyibaga jiddiy yondoshishadi. Ancha-muncha, hazilchalish gaplarni ogʻizlariga olib, gapni xashakilashtirib oʻtirishmaydi. Hazil-mutoyibaning haqiqiy “Firmenniy teshikmozorskiy”larini topib-topib gapirishadi. Ular chaynab tashlagan hangomalarni, poytaxtning nomdor qiziqchilari, katta konsert zallarida, qayta-qayta chaynashib, bola-chaqa boqadi. Obroʻ va unvonlar olishadi. Biroq ular bu gaplarga parvo ham qilishmaydi. Chunki, teshikmozorliklar uchun hazil-mutoyiba, askiya dehqonchi – lik-da. Oʻzlari bir paytlar aytgan hangomalarni birovlar tilidan eshitib qolishsa, “Mayli-da, hosildan kapsan-papsan ham beriladi-ku”, deb qoʻyaqolishadi.

Shu oʻrinda nihoyatda mehnatkash, oʻzlarining tili bilan aytganda, oʻlarday ketmonchopqir, hangomatopqir hamqishloqlarimiz haqida Shoʻrolar siyosati obdan gurillab turgan yillarda yozilgan bir sheʼrni eslab oʻtish imkoniyati tugʻilib qoldi. Eshitib koʻrasizmi? Marhamat!

 

Teshikmozor – oʻzbeki qishloq,

Bu yerda ham paxtadir borliq.

Fuqarosi bearmon ishlab,

Armon bilan chiqarar hordiq.

 

Tong, bunda ham otadi erta,

Tun, huzur ne bilmay oʻtadi.

Paykalning u boshi uygʻonsa,

Etagini uyqu eltadi.

 

Kunduzlari, shunday uzunki,

Yarim yoʻlda horiydi quyosh.

Alamzada oftob zabtiga

Faqat, qizlar beradi bardosh.

 

Kasalmand qul tomirlariday,

Qoradaryo boradir qurib.

Nima qilay, Toʻrtkoʻlarigʻay-y!..

Tushlarimga kirsa ayqirib.

 

Tugʻyon urar dilda ishtiboh:

Baxt bunchalar boʻlmasa oniy.

Bu yerdan ham haqiqat yiroq,

Bu yerda ham mustarlik gʻaniy.

 

 

Ana shunaqa gaplar…

Teshikmozorliklar, men sizga aytsam, har bir sohada oʻziga xoslikka intilishadi. Ishda, yashashda, oshashda, hatto, mehmonga koʻrpacha toʻshashda ham, deb qoʻyishadi, qoʻshni qishloqliklar.

Biz yogʻoch ot minib, koʻcha changitib yurgan paytlarimiz ekan. Butun respublika paxta ustalari gʻoʻzani “kvadrat” usulida yetishtirib turgan bir paytda bu yerliklar oʻziga xosliklarini namoyish etish uchun chigitni koʻndalangiga ekishgan, deyishadi.

Toʻgʻri, teshikmozorliklar yana, men sizga aytsam, kulgi chiqadigan joyga suvi boʻlmasa ham kallachasiga tashlashadi. Biroq ular hazil-mutoyibaga qancha oʻch boʻlishmasin, odamning afti burishib ketadigan darajada oriyatli ham.

Ha, aytgancha, teshikmozorliklar oʻlarday bolajon xalq. Qolaversa, bu yerliklarning mushtdayidan tortib toshdayigacha turgan-bitgani hangoma.

Shunday kelishsak. Otasi haqida gapirib charchaganimizda, teshikmozorliklarning bolalari tilidan eshitganlarimizni ham tappa-tappa qogʻozga tushirib ketaversak, ajab ish boʻlardi-da. Demak, rozisiz? Kelishdik! Demak…

 

Latifa:

 

Qachon gapirib berasiz?

 

Uch yoshli nabira bobosining meshday boʻlib ketgan qornini ezib soʻrayotganimish:

– Oppodada, bu yima?

– Bumi? Gap, bolam, gap.

– Hammasi-ya?

– Hammasi.

– Ulayni qachon dapiyib beyasiz?

Endi yuqorida aytganlarimni isbotlamasam, boʻlmas. Mana, boʻlib oʻtgan, qornimizda saqlanayotgan oʻsha voqealardan ayrimlari.

 

Xotin, damingni chiqarma!..

 

Sakkizinchimi, yo… Yoʻq, aniq toʻqqizinchi sinfda oʻqirdik. U paytlarda yangi yilni ulfatlar bilan bir yerga yigʻilishib nishonlash toza rasm boʻlgan. Har yili goh u, goh bu oʻrtogʻimiznikida kutib olamiz. Albatta, yigʻilishib yangi yil kutishning ham oʻziga yarasha dahmazalari bor. Goʻsht, yogʻ, yana ancha-muncha birov bilmas, shisha-pisha, deganday. Ayalmand oilaning bolasi sifatida men bunday hotamtoylik qilolmasdim.

Otamiz oʻsha yili Oʻntom degan tomonlardan sholi ekib, hosilini biz oʻrta uy, deb ataydigan omborxonamizga, qanorqoplarga sanjob qilib joylab qoʻygandi. Nimanidir qidirib oʻsha uyga kirsam, dunyoning chumchugʻi gʻujgʻon oʻynayapti. Shartta eshikni yopdim. Qoʻlimni havoga yolgʻondakam sermasam, toʻrt-beshtasi changalimga ilinadi. Bir-bir kallasini uzib, kir yuviladigan togʻora shu yerda ekan, oʻshanga tashlayverdim. Togʻoraning kattaligi, nima desam ekan, oʻn uchta chuldirvaqasi bor oilaning kir togʻorasi bilasizmi, qancha boʻladi? Xullas, oʻsha togʻora chumchuqqa toʻlib-toshdiyam, uchib yurganlari tugay demaydi. Qoʻyingki, bir duysanba qush goʻshti. Uni oilamiz bilan bir hafta yesak, tugatolmaymiz. Xayolimga zoʻr bir fikr keldi. Bugun kun nima? Oʻttiz birinchi dekabr. Shu yangi yilni oʻrtoqlarim bilan bizning uyimizda kutsakchi! Oʻzimning aqlimga oʻzim qoyil qoldim.

Oʻrta uyda amalga oshirganim qirgʻinbarotni borib davraboshimiz Mutallibjonga aytdim. U Ahmadjon, Hakimjon, Xolmatjon va yana kimlarnidir yetaklab keldi. Bir gʻaram, boshi yoʻq chumchuq. Koʻrib turibman, hammasi hayratda – ogʻzining tanobi qochib ketdi.

“Zoʻr boʻpti!” – dedi davraboshimiz. – Gap bunday, bu sapar yangi yilni Habishlarnikida – shetta kutamiz. Habish, sen kechqurungacha, chumchuqlarni tozala. Qolgan narsalarni oʻzimiz opkelamiz”.

Xullas, kechqurun, teng-toʻshlar biznikida yigʻilib, chumchuqxoʻrlikni boshladik. Qovurib yedik, qaynatib yedik, qoʻrga koʻmib, qozonga dimlab yedik. Qoʻyingki, bor chumchuqni yangi yil kirmasidanoq sob qildik.

U paytlarda qishloqlarda, asosan, vino ichilardi. 26,53 degan toza xoʻroz vinolar boʻlardi. Ellik uchidan yigirma oltinchisining yuqumiyam, yutumiyam yaxshiroq boʻlardi. Oʻshanisidan ikki-uchtasini agʻanatganimizdan keyin, yigirma oltinchisi tugab, faqat ellik uchinchilari qoldi.

Kimdir:

– Endi 26-si otilmasin! – deya xitob qildi.

Oʻsha paytlarda, shu nomdagi badiiy film mashhur boʻlgan. Kinoteatrlarga kelib qolsa, hamma yopirilib borardi. Biz ham endi 26-sini otmay, 53-siga oʻtdik. Otishma rosa qiziganda, chumchuq goʻshti tugadi.

– Uyda mol goʻshti bor ekan, – dedim men.

– Yoʻq, bugun qush goʻshtidan boshqasi bekor! – dedi kimdir. – Faqat, qush goʻshti yeymiz.

Chumchuq eti va vinoga boʻkib olgan ulfatlarimizdan ikki-uchtasi qayoqqadir gʻoyib boʻlib qolishdi. Bu mahalda, soat millari tungi xuftonni koʻrsatib turardi. Xudo berganday, tashqarida gupillatib, qor ham yogʻa boshlabdi.

Koʻp oʻtmay, har biri bittadan-uchta tovuqni qoʻltiqlab, sheriklarimiz paydo boʻlishdi. Qayerdan, kimnikidan, degan savollarimizga hech biri churq etishmasdi. Nima boʻlsa, boʻlgan, astoydil yopishib, tovuqlarni soʻyib, tezroq saranjomlash kerak edi. Qassoblik Xolmatjonning chekiga tushdi. Oyogʻidan bogʻlangan makiyonlar qalin qor ustida “gʻulq, gʻulq”lab yotibdi. Hamma har xil fikrda.

Kimdir:

“Pichoqni, bismillo, deb, xiqqildogʻidan tort, – desa, boshqasi:

“Toʻgʻri kelgan joyidan soʻyaver. Baribir, vino ichib, jonliqni bejon qilganing uchun doʻzaxning naq oʻtxonasiga tushasan, yaramas! – deydi. – Faqat, qaqagʻlatmasdan soʻysang, u yoqlarga opketishyotganida, oʻzingning joningni ham dod degizmasdan olishadi”.

Tovuqlarni imi-jimida, ovoz chiqarmay soʻyishga kelishdik.

Xolmatjon bir amallab ularni halolladi. Ichak-chavogʻini agʻdararkan, kelishuv yodidan chiqdimi yo hayratini bosolmadimi, hayajonli ovozda dedi:

“Vo!! Ichidan tuxumiyam chiqdi!”

Qassobimiz ikki dona oq-sariq narsani Ahmadjonning kaftiga tashladi.

“Tuxum ekan, – dedi Ahmadjon ham, va ezib koʻrib. – Poʻsti hali qotmabdi”, deb qoʻydi.

Bu payt, tungi gap-gashtagini tugatib kelgan otam, shundoq tepamizda turardi.

“Ha, hormaynar, yigillar?!”

Hammamiz turgan yerimizda qotdik. Otam bir menga, bir chavaqlanib yotgan tovuqlarga qaraydi. Damimiz ichimizda. Nima deyishni bilmaymiz. Jimlikni otamning oʻzi buzdi:

“Kimnikidan opkelishding?!”

Qani endi, birontamizdan joʻyali javob chiqsa. Kim oʻtirgan, kim enkaygan, kim tik… Bunday ajabtovur inson manzaralarini, hayotim hayot boʻlib, boshqa kuzatmadim.

“Boʻlar ish boʻpti! – dedi, otam oxiri, poʻpisa bilan va buyruq ohangida qoʻshib qoʻydi. – Endi, tezroq pishirib yeb, uy-uyinga joʻnash! Tuzukmi?”

Shunday deb, otam ichkariladi. Undan u yogʻi… tovuqlarni qanday pishirib, qanday yedik. Nima deb, nima qoʻydik. Yangi yilni kutib oldikmi, yoʻqmi. Toʻgʻrisi, eslayolmayman.

Ertasi kuni tong saharda otamning mehmonxonasida yuzaga kelgan holat haqida esa eshitganlarim kechagiday yodimda. Xullas, otam, mehmonxona ulfatlari nonushtaga yigʻilgach:

“Birodarlar, kecha kechqurun kimning uyidan tovuq yoʻqoldi?” – deb soʻrabdi.

Qarangki, shu savol boʻlganda yangi yoqqan qor ustida oʻzining hovlisidagi katakdan boshlangan oʻgʻri izlar bizning darvozamizga kelib kirib ketganini koʻrib indamay iziga qaytib ketgan va:

“Xotin, damingni chiqarma, tovuqlar nozik joyga ketdi!” – deb, ayoli Oʻktamxon ayaning ogʻzini ham hech qachon ochilmaydigan qilib yopib qoʻygan Xudoybergan buva ham shu yerda oʻtirgan edi. Turgan gapki, bu ajoyib insonlar, avvalo, uchtagina tovuqni deb, otam bilan oʻrtalaridagi uzoq yillik doʻstlik rishtalariga sovuqchilik oʻrmalashini, qolaversa, yaxshi-yomon ogʻizlarda uyiga oʻgʻri tushibdi, degan gap saqichday chaynalishini ham istamagan ekan, endi oʻylasak.

 

Latifa:

 

Aqlli boʻlganmisiz?

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoy otaning besh yoshli nabirasi Javohir bobosidan soʻrayotganimish:

– Oppodada, oshni qachongacha oʻng qoʻlda yeyman?

– Aqlli bola boʻlguningcha.

– Siz ham aqlli bola boʻlganmisiz?

– Boʻlganman, bolam, boʻlganman.

– Unda nega oshni haliyam oʻng qoʻlda yeysiz?

 

Nortuyaday baquvvat

 

Toʻlqinboy brigadir Teshikmozorga Jonoboddan qatnardi.

Anchagina daroz, yelkalari bilinar-bilinmas boʻrtibroq koʻrinadigan bu yigit istaraligina, kirishimligina edi. Birovni aka, birovni uka dedi. Ayollarni katta boʻlsa opa, kichik boʻlsa singlimladi. Tez orada, qishloqqa singishib ketdi. Kelgindi rahbarlarga boʻy beravermaydigan teshikmozorliklar Toʻlqinjon Qodirovni shu yerning odamiday ardoqlashib, nima ish buyursa boʻyin tovlamay, sidqidildan bajarib ketishayotganining boisini bilolmay, tumanning kattalari ham anchagacha hayron boʻlib yurishdi. Bu apoq-chapoqlikning sababi bor edi. Gapni choʻzib nima qildim, aytib qoʻyaqolay. Toʻlqinjon ham teshikmozorliklarning oʻzlariga oʻxshab, odamning havasini keltiradigan, yanayam dirkillatibroq aytsak, ikki oʻrkachli… loʻmbillabgina yuradigan jonivor nomi bilan bogʻliq laqabi bor edi.

Bu sirni endi qalamga olsam, birov meni ayblamaydi. Chunki har qanday, hatto, harbiy maʼlumotlarni ham yigirma besh yildan ortiq sir saqlab boʻlmaydi. Ikkinchidan, biz bilgan Teshikmozorning odamlari laqabi yoʻq odamni odam oʻrnida koʻrishmaydi. Bordi-yu, biron begona odam bilan tanishib miriqib suhbatlashmoqchi boʻlishsa, laqabi bormi yoʻqligini paypaslab koʻrishadi. Laqabsizligini payqab qolishsa yengil-yelpigina salomlashgan boʻlishadi-yu, juftakni rostlashadi-voradi. Tuzukkina laqabingiz boʻlib, ancha-muncha hazil-mutoyibaga qingʻayib, chirting-pirting qilmasligingizga ishonch hosil qilishsa,

“E, aziz birodar! Qayerdagi, odam topmas qishloqlarda yurasizmi xor boʻlib. Keling, sizning joyingiz bizning Teshikmozorda! – deb, sizni koʻchirib opketishlari ham mumkin. Laqabingiz kiroyi jaranglaydigan laqablardan boʻlsa xudo berdi, deyavering. Oʻzlari, hashar yoʻli bilan hovli-joy solib, shu yerlik biron laqabi yoʻgʻonroq marhumning bevasiga uylantirib qoʻyishca ham ajab emas.

Mavzudan mangʻib ketdig-a? Uzr.

Xullas, Toʻlqinboyni olib kelib brigadirlikka tayinlayotganda, raisimiz Abdusamat buvaning:

“Toʻlqinjon, bolam, shu ogʻir uchastkani bugun senga yuklayappiz. Ertaga “Boʻ-oʻ”, deb yubormaysan-da! Astoydil boʻlasan. Mana shu ogʻir karvon qishloqning oldiga tushib yorugʻ manzillar sari yetaklaysan, endi” – deganida, majlis ahli orasida hakkam-dukkam kulgi ham koʻtarilgan edi.

Teshikmozorliklar oʻshandayoq bilishgan edilarki, yangi brigadirning laqabi… Hay, mayli, bu haqda keyinroq. Xullas, oʻshanda rais bir oʻq bilan ikki quyonni urgan. Bu gapi bilan teshikmozorga qayerdagi, “belaqab odam”ni olib kelmaganini, eng muhimi, ogʻirkarvon deb nom qozongan bunaqa brigadani tortib ketishi uchun mana shunaqa, Toʻlqinjonga oʻxshagan nortuyaday baquvvat kadrlar shart, degan siyosatini oʻtkaza olgan ekan.

Toʻlqinjonning laqabini aytmadingiz deysizmi? Necha marta aytdim, axir! Hah, oʻquvchim-a! Teshikmozorlik emassizda, emassiz!..

 

Latifa:

Harflar qochib ketmasin

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoy buvaning nabirasi Javohir bobosidan yana soʻrayotganimish:

– Oppogʻdada, kitob oʻqiyotganingizda nega koʻzoynak taqib olasiz?

– Harflar qochib ketmasin, deyman-da, bolam…

– Unda nega buvimga qaraganda koʻzoynagingizni yechib qaraysiz?

 

Oshqovoq eksam!..

 

Toʻlqinjon brigadir ham, oʻzvak koʻringani bilan, biroz mahalliychiligi bor ekan. Traktorchisi boshqa brigadaga oʻtib ketgach, oʻrniga oʻzi tomonlik Sobirjonni yetaklab keldi. Sobirjoni ham oʻzidan oʻtgan oʻzvagakan. Bir kuni Toʻlqinjonga:

“Toʻrtkoʻlkanda boʻylaridagi loyqa koʻtarmaga, oshqovoq ekib olsammikin?” – deb, maslahat solibdi.

Sobirjoni tushmagur-yey, boshqa ekin qurib ketganday, oshqovoq ekaman, deydimi? Qovun-povun, hech boʻlmasa, tarvuz ekaman, demaydimi. Ikki oʻrkachlik, degan ajoyib laqabi bilan allaqachon teshikmozorlik boʻlib ketgan Toʻlqinjonning ham shu yerda teshikmozorcha shumligi tutibdi.

“Juda yaxshi-da. Otangga rahmat! – debdi u, Sobirjonni yanada ragʻbatlantirib. – Urugʻini Kamol akangdan soʻraysan. Soʻrtavoʻy, yotvoli-ib boʻladigʻanlari, oʻsha kishidan topiladi, deyishadi”.

Sobirjon, koʻtarmaga ekiladigan urugʻni oʻzicha chamalab, toʻrt-besh kilolar ketsa kerak, deb oʻyladi va Kamol akanikiga yoʻl oldi. Kamol aka ham urugʻlaridan soʻrab kelishganidan oʻzida yoʻq xursand edi. U negadir xoxolab kular, kulgan sari oshkadiday sap-sariq qoshu koʻzlari, kipriklari, oftobda qizargan, serajin yuzlari battar oltinlanib, tovlanib ketardi. Kamol aka bu shumlikning ortida kimlar turganini allaqachon sezgan edi.

“Qancha kerak?” – deb soʻraydi, kulgidan oʻzini arang toʻxtatib.

“Toʻr-besh kilosi yetar”, – deydi Sobirjon.

Kamol aka, “Hozir-da!”, deya ichkariga kirib ketadi. Bir zumdan keyin, toʻrt qarich, besh qarich keladigan beshta qizchasini oldiga solib, yetaklab chiqadi.

“Mana, besh kiloligiyam, olti kiloligiyam bor. Tanlab, yoqqanini olib ketaverasiz!”.

Sobirjon hech narsani tushunmay, serrayib turib qoldi.

“Men… men, siz bilan hazillashgani kelganim yoʻq, aka!” – dedi u.

“Men ham hazillashmayapman. Urugʻlarimizga ishqiboz boʻlib kelasizu, biz bermaymizmi?!”

Kamol akaning uyidan quruq qoʻl bilan qaytgan Sobir traktorchi Toʻlqin brigadirga yozgʻirdi:

“Bu, Kamol aka degani jinni-pinnimasmi? Urugʻ soʻrab borsam sariq-suruq qizlarini sunyapti!..”

Hangomani uyushtirib jilmayib turgan Toʻlqinjon ham, uning atrofidagi boshqa aʼzolar ham teshikmozorchasiga miriqib kuldilar. Oʻsha kuni nima deyarini bilmay, angrayib qolgan Sobirjonning esa teshikmozorlik boʻlishiga hali besh-olti qovun pishigʻi borligi bilinib qoldi.

Kamol akaning ham laqabini aytmadim.

“Aytmasangiz, qayerdan bilamiz?” – deysizmi? Eh, sodda oʻquvchim! Sizning ham, teshikmozorlik boʻlishingizga hali a-ancha qovoq pishigʻi bor…

 

Boʻyimizni boʻlishvolamiz

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoy bobo nabirasiga hazillashyapti:

– Begijon, nega sen akangdan pakanaroqsan?

– Kecha uni qulogʻidan choʻzib koʻtardingizu, oʻshanda mendan oʻzib ketdi-da.

– Unday boʻlsa, kel, sening boʻyingni ham oʻstirib qoʻyay.

– Yoʻq, akamnikini oʻstiravering, kechqurun boʻlishvolamiz.

 

Oʻgʻirlikka oʻz uyiga…

 

Shoʻro davrida oʻgʻirlik ayb sanalmay qolgan edi desam, hozirgilar ishonarmikin? Aksariyat zamondoshlarimiz qayerdandir nimanidir oʻmarib ketsa, shu kunni yaxshi oʻtkazdim, deb hisoblaydigan boʻlib qolgandi, desamu, ular meni butun bir sovet xalqi yuziga qora chaplayapti, deb oʻylashlari tayin. Har holda, Shoʻro hokimiyati kelgandan boshlab tashmachilikka qarshi kurashganini va bu illat negadir, Shoʻro qulab tushgunga qadar yoʻqolmay qolaverganini aytsam, bironta tarixchi bekor aytibsiz, deyolmaydi. Albatta, bu “fazilat”dan Shoʻro hududining biqiq bir parchasi sifatida Teshikmozor qishlogʻi ham xoli emas edi.

Shundan kelib chiqib dadil ayta olamizki, “Oʻgʻirlik qovunning mazasi boshqa”, degan iborani ham aynan teshikmozorliklar oʻylab topishgan boʻlsa kerak. Har holda, bunaqa “qitmiri ibora”lar faqat ularning ogʻzidangina chiqishi mumkin. Bunga asos boʻladigan voqealar ham teshikmozorda tiqilib yotibdi. Xoʻsh, qaysi birini aytsam ekan? Xudoybergan buvaning tovuqlarini “tinchitganimiz”ni aytdim. Olamaydonliklar kolxoz rahbarlaridan yashiriqcha paykalning etakrogʻiga ekkan qovunlaridan bir aravasini Toʻrtkoʻlkandaga oqizib, Teshikmozordan tutib olganimizni yozaymi? Yoʻq, yaxshisi, Doʻmanqora shiypon bolalarini oʻz uyiga qovun oʻgʻirlikka yuborganini soʻzlab bera qolay. Ha, shunisi qiziqroq.

Doʻmanqora deganimiz, dalada ishlaydigan yosh-yalanglarning ichida yoshi kattarogʻi. Oʻsha paytlarda, negadir, qishloqning oʻsmir yigitlari kolxozning dala shiyponida tunashi jamoa xoʻjaliklari ichki tartibiga kiritilgan ekan chogʻi. Xoʻsh, oʻnta, oʻn beshta navqiron boʻy bola kechasi bilan shiyponda tinch yotadi, deysizmi? Ha, barakalla, yotmaydi! Ayniqsa, oʻgʻirlangan qovunning mazasini yaxshi biladigan teshikmozorlik bolalar yotgan joy boʻlsa!..

Shiypon bolalari hayotining birov bilmas kunduzgi va tungi kun tartibi boʻlardi. Kunduzgi kun tartibi hammaga maʼlum: tabelchi bilan brigadir nima ish buyursa, bajarish. Bajargandayam, qoyil qilib bajarish. Oqshom choʻkib shiypon oʻzlariga qolgach esa, faqat Doʻmanqora va Vodil akaning hukmi – hukm. Bordiyu, ulardan biri qoʻshni Urganji jamoa xoʻjaligining butun boshli tarvuzpoyasi yoki olmabogʻini Teshikmozorga koʻchirib kelamiz desa, barcha bir yoqadan bosh chiqarib oʻsha ishni amalga oshirishga astoydil kirishgan. Turgan gapki, shiypon bolalari tungi hayotining “mazmunli oʻtishi”, “amaliy harakatlar”ining muvaffaqiyati, asosan, shu ikki “oqsoqol”ning kunduzi olib boradigan “razvedka” ishlari hamda ishlab chiqqan harakat dasturlarining pishiq-puxtaligiga bogʻliq boʻlardi. Koʻzlangan reja muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki badxatroq amalga oshsa, vaziyatdan qanday chiqish va javobgarlik masʼuliyati ham oʻsha ikki “oqsoqol” zimmasiga tushardi.

Shiypon bolalari bunday tungi tadbirlarni “yurish”, deb atashardi. Yurishlarning kattarogʻi, oʻrtacharogʻi va kichikroqlari boʻlardi. Bu atamalarning nimani anglatishini zukko oʻquvchimiz nazarimizda allaqachon ilgʻadi. Shunday boʻlsa ham aytay: “Katta yurish” deyilsa, qoʻshni kolxoz, “oʻrtacharoq” deyilsa, qoʻshni qishloq yoki brigada hududi, “kichikroq” deyilsa, shu mahallaning oʻzida yetishtirilgan qishloq xoʻjalik yoxud poliz mahsulotlaridan oʻgʻirlab kelib, mazza qilish haqida gap ketayotgan boʻladi. Ana shu “parol” soʻzga qarab shiypon bolalari kutilayotgan yurishga ruhan, ham jismonan tayyor turishlari zarur boʻlgan. Amalga oshiriladigan ish mazmuni va tarxi bolalarga tunda “yurish” oldidangina maʼlum qilingan. Ungacha, reja yoʻnalishi va tarxi haqida uni ishlab chiqqan ikki oqsoqoldan boshqa hech kim bilmagan. Sababi endi, oʻzingizga maʼlum: sir saqlay olmagan odam qaysi bir zamonda baraka topgan?

Shu oʻrinda yana bir maʼlumot: kimning tomorqasiga nima ekilgan, qancha va qanday ekilgan, kimning uyida anjiru kimning uyida piyoladay-piyoladay otyogʻi shaftoli yoki karsillagan, tishlasang suvi sachrab ketadigan nordon olma… Bularning barini ikki oqsoqol uyning egalaridan ham yaxshiroq bilishgan desak, xato boʻlmaydi.

Bu safargi reja mazmuni yuqorida aytganlarimizning birontasiga ham toʻgʻri kelmaydi. “Yurish” shiypon bolalari oqsoqollaridan biri Doʻmanqoraning oʻz hovlisidagi qovun-polizga. Oʻzingizga maʼlum, har kuni tosh koʻtarib yurgan polvonlar mashqini bir gal kanda qilsa, ertasiga ish pachava, deyavering. Shiypon bolalarini bir tun yurishdan qoldirish ertasiga sardorlarga qimmatga tushishi mumkin. Jangovarlik ruhini saqlab turish uchun esa Doʻmanqora oʻz otasi yetishtirgan qovunlardan bir nechtasining bahridan oʻtishni maʼqul topgan koʻrinadi.

Shunday qilib, shiypon bolalarining oʻsha tungi rizqi Doʻmanqora uyidagilarga bildirmaygina, oʻz hovlisidagi qovun palaklari ustiga tashlab qoʻyilgan oq belgi – daftar varaqlari ostida ekan. Teshikmozorlik bolalar uchun sutday oydin kechada, band berib uzilay-uzilay deb turgan, hidi bir mahalla naridan ham burunga guppillab urilayotgan boʻrikalla va bosvoldilarni topish unchalik qiyin ish boʻlmagan edi, deb eslashadi oʻsha paytning oʻgʻrigina bolalari, gohi-gohida yigʻilishib qolishsa.

Shu oʻrinda yana bir omonat gapni aytib oʻtay. Teng-toʻshlarining koʻngli uchun qiziq-qiziq voqealarni oʻylab topadigan, kerak boʻlsa, oʻz xonadoni manfaatidan kechib boʻlsa-da, ulfatlarining koʻnglini shod etishga shay, yosh-yalanglarni oʻgʻirlikka yetaklagan, ammo oʻgʻri boʻlib ketishiga yoʻl qoʻymay, boʻy koʻrsatishi mumkin boʻlgan begʻubor zararkunandaliklarni yoshlik davri qusurlari sifatida, yoshlikda qoldirib keta olgan Doʻmanqora teshikmozorliklar yodida bir yaxshi xotiralar qoldirib, oltmish yoshlar atrofida qazo qildi. Bir paytlar “oʻgʻridoshi” boʻlgani uchun aytyapti demangu, haqiqatan ham u kishi ajoyib ulfat, yaxshi ota va oʻnlab qobil nabira va abiralarning bobosi sifatida yashab oʻtdi. Ollo rahmat qilsin!

Vodiljon “oqsoqol” ayni kunda hayot – yetmish yoshlarda. Uzoq yillar kolxozda tabelchi, brigadir, hosilotlik lavozimlarida ishlab nafaqaga chiqdi: qarilik gashtini surmoqda.

Hech boʻlmasa, shu Vodil oqsoqolning laqabini aytib keting, deysizmi? Aytsak, aytaveramiz. Bizdan birov qoʻrqarmidi? Biroq bir andishamiz bor. Teshikmozorliklar, shu, Habishvoy deganiyam, Toshkentda oʻqib joʻrnalis boʻpqoldim deb, ogʻziga kelgan gaplarni yozyapti, deyishmasmikin, ishqilib. Et-betdagi yigʻinlarda odamlar Vodil oqsoqolga, “Habibullo degan joʻrnalist hamqishlogʻingiz sizga ham “nishi”ni bir sanchib oʻtibdi. Achishtirmayaptimi?”, deb qolishsa, Vodil akamiz, noqulay ahvolga tushib qolib, achchiq ustida, “laqabimizni yozgan qoʻllaringni chayonlar chaqsin”, deb qargʻavormasmikin deb qoʻrqamiz, xolos!..

Aziz kitobxon! Yuqoridagi jumlada Vodil oqsoqolning laqabiga nozikkina ishora qildik. Sal paypaslab koʻrsangiz, siz ham topasiz oʻsha soʻzni. Faqat, ehtiyot boʻlibroq paypaslang. Falokat oyoq ostida, deydilar. Qoʻlingizni chayon-payonga chaqtirib oʻtirmang tagʻin.

 

 

Latifa:

Eng katta laylak tuqqan

 

Besh yoshli Javohir bobosidan yana soʻrayotganmish:

– Oppogʻdada, sizni kim tuqqan?

– Katta buving tuqqan.

– Katta buvimni kim tuqqan?

– Katta buvingni katta buvim tuqqan.

– Katta buvimizni…

Bobo qarasa, savolning keti koʻrinmaydigan. Qarshi savol bilan nabirasini chalgʻitmoqchi boʻldi.

– Oʻzingni-chi, oʻzingni kim tuqqan?

– Menimi? Eng katta laylak tuqqan.

 

Mashʼala dumli eshak

 

Sobirjon traktorchi qanaqadir hayvonning dahshatli pishqirigʻi va oʻzlari yotgan yigʻma kalavot atrofida har tomonga uchqun sachratib gir aylanayotgan alanga haroratidan choʻchib, uygʻonib ketdi. Yo, tavba! Olamaydonning alvastilari bor, deb aytishardi-ya! Oʻsha jinlar bazm boshlashibdi-da, deb oʻyladi u. Va shosha-pisha istigʻfor keltirishga tushdi:

“La ilaha valaquvvata Illo, billo!… Muhammadan Rasululloh!..”

Yonidagi kalavotda qotib uxlayotgan Suhrobni uygʻotsamikin! Yosh bola-ku! Qoʻrqib ketar. Biror kor-hol boʻlib qolsa, otasiga nima deydi? Yarim tunda alvastilar chalib ketdi bolangizni, deydimi? Oʻlaqolsa, ishonmas! Uygʻotmasa ham boʻlmaydi. Oʻzining ham oʻtakasi yorilib ketay deyapti. Suhrob yosh bola boʻlsa ham dadil. Biron joʻyali gap chiqib qolsa ham, ajabmas. Ha, uygʻotgani maʼqul! Biroq Sobirjonning ovozi chiqmasdi. Hozirgina kalima keltirayotgan tillari negadir soʻzga aylanmasdi. Yoʻq, bolani uygʻotmagani maʼqul. Bu manzarani koʻrsa, u qoʻrquvdan tamom soqov boʻlib qolishi tayin. Yaxshisi, Xudoga yolvoray. Shundan foyda, dedi-da, duo oʻqiy boshladi:

“Panoho li zulmoti subhono inni kun tum min az zolimi-in!..”

Sobirjonning duodan ham koʻra koʻproq yigʻlamsirashga oʻxshab ketadigan bu tilovatlarini paykalning oʻrtarogʻida gʻoʻzalarga suv tarab yurgan Vodiljon bilan Doʻmanqora ham eshitib turardi.

Alvasti Olloning kalimasidan ham choʻchimay, ikki begunoh bandasi atrofida battar jazavaga tushar, chir-chir aylanardi:

“Xudo-o! Rahming kelsin! Bu baloyingdan oʻzing asra! Oʻzing qutqa-ar!”

Sobirjon bu iltijolarni ichida aytdimi yoki ovozini baralla qoʻyib qichqirdimi, bugun buni aniq ayta olmaydi. Qiziq ekansiz! Bir bandai moʻmin qoʻrquvdan joni xalqumiga kelib tursa-yu, biz oyati karimani tilida aytdimi yo dilida, deb muhokama qilib oʻtiribmiz! Ichida aytdi nima-yu, tashida aytdi nima? Har qalay, aytdi-ku! Siz bilan biz shu holga tushsak, ehtimol, kalima ham keltirolmay, tuyoq qoqvorgan boʻlarmidik… Astahpirillo, al aziym!..

Xayriyat, Sobirjon traktorchining ohi Olloga yetdi. Alanga – alvasti ularning atrofida yana ikki topqir aylanib, katta yoʻlga chiqib oldi va qishloq tomon yoʻl soldi. Ajina bu yerdagi bazmni yakunlab, Teshikmozor koʻchalarida chappar urayotganda, Olamaydondagi Sobirjonlar yotgan kalavot atrofida qoʻlansa hid taratib, goh tutab, goh lippillayotgan kuyundilar sochilib yotardi. Ajina ancha uzoqlashgach bildiki, sherigi Suhrob ham allaqachon uygʻongan. Faqat, boshini yostiq bilan bosib, gʻujanak boʻlib, qalt-qalt titrab yotardi…

Ushbu hangoma Toʻlqin brigadir davrida sodir boʻlganmidi yoki Vodil brigadir davrida, aniq ayta olmaymiz. Lekin shunisi aniqki, bu yuz poyiz boʻlgan voqea deb, yuz poyiz teshikmozorliklar guvohlik berishiga yuz poyiz ishonamiz. Ana shunaqa! Shoir Gʻafur Gʻulom aytganiday: bizning ogʻzimizga bir tushgan soʻz qaytib ishga yaramaydigan boʻlib qoladi. Yoʻq, biz soʻzning yelkasiga “Gʻapurovskiy”cha maʼnolar yuklab tashlaganimizdan emas, aksincha, bir soʻzni yuqoridagi kabi, “yuz poyiz”ga oʻxshatib, bir jumlada mayib boʻlib qolgunicha qayta-qayta ishlatganimizdan shu ahvolga tushadi.

Olis-yaqinlarga ovoza boʻlgan, “Ufalogiya va noanomal hodisalar” instituti xodimlarining ham uzoq yillardan buyon rizqini butun qilib kelayotgan oʻsha “Mashʼala dumli eshak” voqeasi ssenariysi ham, aslida, teshikmozorlik shiypon bolalari tomonidan yozilib, amalga oshirilgan edi.

Ha, bu qogʻozga tushmagan pyesa. Pyesa boʻlgandayam, ancha-muncha poytaxtlik dramaturg yoki rejissyor teatr yo kino qilib qoʻyolmaydigan pyesa. Sababi uning qahramonlari paxta dalasidan nari chiqmagan, judayam sodda odamlar. Bunday sodda va begʻubor insonlar rolini faqat teshikmozorlik, biron yerda oʻqimagan, shiypon bolalarigina qoyil qilib ijro eta oladi. Poytaxtlik artistlar oʻqitilgan. Oʻqigan artistlar rolni faqat oʻqiganiday, toʻgʻrirogʻi, oʻqitilganday qilib oʻynaydilar. Qolaversa, qahramonlar roʻyxatida eshak ham bor. Boʻlganda ham tirik eshak. Tirik eshakni teatr sahnasiga olib chiqib boʻlarkanmi? Sahnaning oʻrtasiga tezaklab-netib qoʻysa yoki sharillatib… Bordi-yu, shunday qilgan taqdirda ham, eshakdan birov ranjimaydi. Eshak rolini odam oʻynasa… Eshak odam esa, eshak xarakteri va harakatlarini oʻla qolsa, oʻxshatolmaydi. Oʻxshatolmaydi-da, kulgiga qoladi. Demak, “odam hayvon”ning roli sunʼiy chiqadi. Eshak rolini, tabiiyki, eshakdan boshqa jonivor tabiiy chiqara olmaydi. Tabiiy chiqara oladigan artist esa hali tugʻilmagan. Tugʻilgan boʻlsa ham… oʻqitib qoʻyilgan.

Hay, mayli, Teshikmozorga qaytaylik.

Teshikmozorning gʻoʻzasi yoz oylari Toʻrtkoʻlkandaning Olamaydon degan xilvat joyidan nasos bilan tortib olinadigan suvga muhtojlik sezadi. Nasosni sozlash, yurgizib nazorat qilib turish, kechalari qoʻriqlash ham brigada traktorchisining zimmasida. Tunda, albatta, unga shiypon bolalari navbati bilan hamrohlik qilishadi.

Xullas, oʻsha kuni, shiypon bolalari Doʻmanqora ishlab chiqqan rejaga asosan, Emon buvaning tunda boʻshalib ketib, koʻsakka boʻkvoladigan xachirini tutib, jazolashga qaror qilishdi. Bu ishda sobiq traktorchidan qolgan, yagʻiri chiqib ketgan eski pinjagi ish berdi. Uni yaxshilab dumaloqlab bogʻlab, salyarkaga boʻktirishgach, bir quloch alyumin sim bilan xachirning dumiga bogʻlashdi. Jonivorning boshi Emon buvaning uyiga tomon qaratilib, guppiga gugurt chaqib yuborildi.

Ish shiypon bolalari oʻylaganday boʻlib chiqmadi. Ketini olov jizillatgan eshak shataloq ota boshladi. Shataloq otgan sari orqa tuyoqlari mashʼalaga urilar, har urilganda atrofga uchqunlar sochilib ketardi. Olovdan hurkib, jon achchigʻida, najot izlagan xachir egasining uyiga emas, shu yaqin orada potillab suv tortayotgan nasos qorovullari tomon chopgan edi…

Bor gap shu, azizlar!..

 

Latifa:

Oʻz tizzangga oʻtib oʻtir

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoy otaning besh yoshli nabirasi Mujgon bobosining oʻng tizzasida oʻtirgan singlisi Rayhonni itarib, deyapti:

– Qoch, oʻzingning tizzangga oʻtib oʻtir.

Bu gapdan hayron boʻlgan bobo katta nabirasidan soʻradi:

– Oʻng tizzam qachon seniki boʻp qoldi?

– Uni men Rayhon tugʻilmasdan oldin oʻzimniki qilvolganmanu…

 

Vovani sunnat qilish…

 

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarimidi. Mahallamizga Pavlik ismli oʻris amaki koʻchib keldi. Uning Zina ismli marjasi va Vova ismli olti yoshli “sinog”i (oʻgʻli) ham bor edi. Ularni bizning chekka, zerikarli qishlogʻimizga taqdirning qaysi shamollari uchirib kelgan, bilmaymiz. Har holda, Pavlik amaki shofyor edi. Yon qoʻshnimiz Matashvoy buva bilan birgalikda kolxozning qirdagi chorvasiga “vodovoz” mashinada suv tashishlarini bilardik, xolos.

Oʻsha paytlarda oʻrislar yashamaydigan qishloqlarga hayotdan orqada qolgan, zerikarli joylar sifatida qaralganini hozirgilar aqliga sigʻdirisholmaydi. Mahalliy aholi ham oʻrisi yoʻq mahallamizga rus oilasining koʻchib kelishini, qanaqadir ijobiy hodisa sifatida qabul qilishgani aniq. Chunki kim ikkita non, kim bogʻidan uzilgan meva, kim kosada obi yovgʻon yo laganda osh bilan, kunda-kunora yoʻqlashlaridan shunday xulosa chiqarsa boʻlardi.

Biz bolalarni-ku, qoʻyaverasiz: tamom taltayib ketdik. Tevarak-atrofdagi oʻrisi yoʻq qishloqlarga borib qolsak, Teshikmozorning ham endi madaniy qishloqlardan ekanligini bildirib qoʻyish uchun, har ikki gapning birida, Pavlik amaki yoki marjasi Zina xolaning fazilatlaridan, ular bilan ahil-ittipoq ekanligimizdan bir-birimizga gal bermay maqtanamiz. Mahallamizning shoir bolasi Davron Quli oʻz otasining Pavlik amaki bilan oʻrischa gaplashish uchun ona tilimni unutishga tayyorman, degan gapini gazetada yozib chiqib, bir oy “Artek” lagerida bepul dam olib keldi. Oʻrtogʻimiz Vovani-ku, ota-onasidan ham koʻra, ota-onalarimizning arzandasi. Ayniqsa, ayrim yosh kelinchaklar Vovkani koʻrib qolishsa, iyib ketishib: “Shu bolani, ichlarimga tiqiblar olgilarim kepketyapti!”, deb yuborishlari… Bir kuni deng, Javlon akamizga yaqindagina kelin boʻlib tushgan, kinolarda oʻynaydigan artist qizlarday qishlogʻimizning barcha bolalarini oshiqu beqaror qilib qoʻygan kelinchak – Diloro opa ham shunday deganini oʻz qulogʻim bilan eshitganimda koʻzimga dunyo qorongʻi boʻlib ketdi. Shu kuni, sizga aytsam, Teshikmozorning oʻzbek bolalari oʻris boʻlgimiz, oʻrislar boʻpqolgimiz kepketgan edi!

Qishlogʻimizdagi barcha bolalarning havasi keladigan Vovkaning roʻza kunlari biz bilan ramazonlar aytishib, hayit namozlaridan keyin tuxumlar urishtirishiga monelik qiladigan bir kamchiligi bor edi. Bu – uning sunnat qilinib, qoʻli halollanmaganligi edi. Ikki hayit tantanalarida yayray olmay, bir chekkada mungʻayib, koʻngli oʻksib qolgan Vovka teshikmozorlik oʻrtoqlariga maslahat soldi:

– “Soppan-soppan, so-op!..” duolarini sizlar bilan birga tomosha qilishim, tuxumlar urishtirib, kattalardan hayitliklar olishim uchun nima qilishim kerak?

– Buning chorasi bor! – dedi, Erkin dusha.

– Qoʻlingni halollash kerak, – deya aniqlik kiritdi Hamdush.

– Nima, sening qoʻling halolu, mening qoʻlim harommi? – dedi Vofka xafa boʻlib.

Vofkaning devor-darmiyon qoʻshnisi Muhammadjon vaziyatni yumshatdi.

– Bilasanmi, Vova, – dedi u, – sening qoʻling ham toza. Faqat, bulbulingdan ozgina ortiqcha joyi olib tashlanmagan. Tushundingmi? Agar shuni kesib tashlasak, sen ham haqiqiy teshikmozorlik boʻlasan. Qoʻrqma, chumchuq choʻqiganchalik ogʻriydi, xolos. Yarim kundayoq, yurib ketasan. Mana oʻzim, ikki soatda chopqillab ketganman.

– Papam bilan mamamga aytmaysanmi, ishqilib? – dedi Vova ham rozilik ohangida.

Xullas, teshikmozorlik uch musulmon, bir “kopir” maslahatni bir joyga qoʻyishdi. Daminboy chekilik usta Ergash oʻzlarini qanday sunnat qilgan boʻlsa, shunday qilishadi, vassalom, olam guliston – Vova musulmon!

Erkin dusha qamish, Muhammadjon pichoq topdi. Hamdush uyidan qon chiqqan joyiga kuydirib bozillatib bosish uchun mozpaxta olib keldi. Sunnat amali shiyponda amalga oshirildi. Toʻgʻrisi, chalaroq amalga oshirildi. Nega, deysizmi? Axir, Vovaning sunnatida har tomondan pul sochib, aldab-suldab baqirsa, ogʻziga tuxum tiqib, “Ku-la-loʻ”, deb turadigan togʻalari, amakilari yoʻq edi-da! Shuning uchun, ishning yarmidayoq, Vovaning chinqirigʻi butun Teshikmozorni tutib ketdi…

Qoʻyingki, teshikmozorlik bolalar boshlagan “sunnat amali”ning davomi Poytugʻdagi katta banisada, katta doʻxtirlar ishtirokida nihoyasiga yetkazildi. Butun rayonimizning kommunistlari esa oʻshanda, Teshikmozorda “oʻzbeklar bir oʻris bolaning bulbulini “chikanka” qilib qoʻyibdi”, degan gap Moskovga yetib bormasin-da ishqilib, deb bir necha yillar yuraklarini hovuchlab yashaganlari ham bor gap.

Teshikmozorliklar orasida bugun oʻsha, sunnat voqeasi qachon eslansa, “Vovka musulmon boʻlganmikin, yoki?..” degan savol qayta-qayta koʻndalang boʻlaveradi. Bu savolga hali-hanuz, bironta teshikmozorlik aniq javob berolmaydi. Ularning topib olgan yakdil gaplari shuki, Vovka shifoxonadan sogʻayib chiqqan kuniyoq, Pavlik amaki shoshilinch, koʻch-koʻronini yigʻishtirib, marjasiga:

– Xotin, yur, teshikmozorliklar mening qoʻlimni ham halollab qoʻymaslaridan oldin, bu yerlardan ketaylik, – degan va yarim tunda qaysidir tomonlarga koʻchib ketgan…

Vovalar ketib, teshikmozorliklar yuksak madaniyati bilan maqtanisha olmay qolgandir, deysizmi? Qayoqda, ular, hozir ham, “Bizning qishlogʻimiz oʻris koʻrgan qishloqlardan”, deb, oʻrisi yoʻq qishloqlar odamlarining ogʻzini ochirishmaydi.

 

Latifa:

Pakash boʻpqolasiz

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoy otaning toʻrt yoshli nabirasi Begijon yonboshlab, choy ichib yotgan bobosiga deyapti:

– Oppogʻdada, qarang, boʻyim sizniki bilan baravar boʻpqoldi.

– Otam oʻgʻlim, bobom oʻgʻlim! Yashang!..

Maqtovdan taltaygan nabira endi bobosiga nasihat qila boshladi:

– Siz ham palovni menga oʻxshab katta-katta oshang. Boʻlmasa, Zuhur gadikka oʻxshab pakash boʻpqolasiz…

 

Kalning boshiga oʻt ketdi

 

Bu voqea ham oʻtgan asrning oltmishinchi yillariga tegishli.

Gapning poʻst kallasidan boshlayqolay: ertalab uygʻonsam, boshimning chap tomonidan bir tutam sochim yostiqqa toʻkilib qolibdi. Ichim shuv etdi. Kal boʻlib qolibsan chogʻi, dedim oʻzimga oʻzim. Seni ham endi Orif doʻxtirga duchor qilishadi. Qolgan qutgan sochlaringni ham bozillab turgan suyuq siranch chaplab, qotgach, sharra-sharra shilib olishadi va qizib turgan silliq boshingga jazillatib yod surkab, qoʻyib yuborishadi. Sen esa:

“Kalning boshiga oʻt ketdoʻ-oʻ, yoʻldan qoch!”, – deb, kalbanisaning ichida zir yugurasan. Qancha tez yugursang, boshingga shuncha koʻp shamol tegib, shuncha orom olasan.

Ha, oʻsha yillari qishloqlarda negadir kal bolalar koʻpayib ketgan edi. Qiziq, bu kasallik bir kechadayoq oʻzini koʻrsatar, ertalab tursang, boshingning teng yarmida soching yoʻq. Shirin uyquda yotganingda, kolxoz qoʻylarining junini qirquvchilar kelib, xuddi atay qilganday, kallangning bir tomonini ship-shiydam qilib ketardi. Biror haftadan keyin qarasang, boshing hozirgina tovuqning ketidan tushgan tuxumday, sip-silliq boʻlib qolardi.

Oʻsha kuni nonushtada, boshimdagi bu manzarani ota-onamdan yashirdim. Doʻppimni chap tomonga qiyshaytiribroq kiyib oʻtirdim. Ertasiga esa bu qiligʻim oʻsmirlikda boʻladigan bolalarcha paranglikka yoʻyildi. Otamning xayolidan tergab qoʻyish kerakka oʻxshaydi, degan mulohaza oʻtdi, shekilli:

– Doʻppingiz biroz qiyshayibroq qoptimi, oʻgʻlim? – deb qoldi.

Otamga hech narsa demadim. Oʻrnimdan turib, tashqariga chiqib ketdim. Bu harakatimni ham oʻsmirlik oʻzgarishlariga yoʻygan otam, oʻtib ketar, deb oʻyladimi, har qalay, boshqa indamadi.

Afsuski, doʻppim ertasiga ham, indiniga ham toʻgʻrilanmadi. Bir haftada boshim ola chiqqan sholipoyaga oʻxshab qoldi.

Ajablanarlisi, kasallik yuqqan bolalar haqidagi maʼlumot yashin tezligida Jonoboddagi “kalbanisa” qulogʻiga yetib borishi edi. Ikki hafta ilgari, ikkita oʻrtogʻimni tutib ketib, uyidagi bor koʻrpa-toʻshaklarini bugʻxonasida qaynatib bergan oʻsha, xunukdan-xunuk “zimpessa (dezinfeksiya) moshina” endi mening izimga tushgan. Birinchi bor izlab kelishganida, jonimga onaizorim oro kirdi: sekin imlab chaqirib, qochirib yubordi. Doʻxtirlar ikkinchi safar ham quruq qoʻl bilan qaytib ketishdi. Eng qizigʻi, kalmoshinachilar uchinchi marta kelganida sodir boʻldi. Paxtazordan oʻrgan oʻtimni orqalab, ashulani vang qoʻyib uyga keldim. Hovlimiz etakdagi molxona ostonasidan hatlaguncha ham uyimizda kaldoʻxtirlar poylab turishganini sezmabman.

Xullas, yelkamdagi yukni sigirning oxuriga tashlab, qaytib chiqayotganda, oq xalatliklar sharpasini payqab qoldim. Shartta izimga qaytib, oxur ichidagi oʻtning ostiga uzala tushdim. Molxona ostonasidan birinchi boʻlib Orif doʻxtir hatladi. Oxur taxtasining tirqishidan koʻrib yotibman: orqasida ikkita hamshirasi ham bor. Ular nim qorongʻi molxonani aylanib chiqishdi. Orif doʻxtir, hayrat bilan dedi:

– Voy, qistalogʻ-yey, hozirgina, shu eshikdan kirib ketuvdi-yu! Qayoqdan qochib ketaqoldiykin?

Birozdan soʻng hafsalasi pir boʻlgan Orif doʻxtirning ovozi tashqaridan, darvozaxonaga yaqinroq joydan eshitildi:

– Bu safar ham qoʻldan chiqardik. Tojibu, bolangning tovonida kuldirgichi bormi, deyman? Ketdik!

Kalmashina ham oʻjar oʻrgimchakdan battar tajovuzkor edi. Bir poylagan oʻljasini tutib yamlab yutmaguncha, izgʻiyverardi-izgʻiyverardi.

Oʻsha kal bolaning ismi nima edi, deb qiziqyapsiz-a? Aytsak, binoyidek, “tandur” laqabi yoniga “kal” soʻzi ham qoʻshilib, qoʻshlaqabli boʻlib ketmasligimiz uchun indamaganimiz maʼqulmikin?

 

Latifa:

Nasib etsa…

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoyning besh yoshli nabirasi Begijon bobosidan soʻrayapti:

– Oppogʻdada, sochim qachon siznikiday oqaradi?

– Menday boʻlganingda, bolam.

– Qachon sizday boʻlaman?

– Yana qirq besh yildan keyin.

– Qirq besh yildan keyin siz kimday boʻlasiz?

– Ha, bolam-a, nasib etsa… senday boʻlaman.

 

Shaldiroq arava

 

Yuqorida eslaganimiz Toʻlqinjon brigadirga ergashib Teshikmozorga kelgan Sobir traktorchi koʻtarmaga soʻrtavoy oshqovoqlar ekib boyib ketdi va yillar oʻtib, katta opamizga uylandi. U kishi biz uchun endi – Sobirjon pochcha.

Sobirjon pochchaning toʻrt gʻildirakli “Belorus” traktori boʻlar, u kishi uchun yil-oʻn ikki oy “sezon” hisoblanardi. Ishsiz qolgan kuni deyarli boʻlmasdi. Chunki tirkama aravali transportga xudoning bitmish kuni ehtiyojmandlar chiqib turar, ish topilmagan paytlarda esa Sobir pochcha biznikiga kelib, otamiz bilan gurunglashe-yeb oʻtirishni xush koʻrardi.

Kech kuz. Kolxozda paxta terimi tugab odamlar gʻoʻzapoya yigʻishtirishga tushgan. Paxta “zadaniya”sidan qutilgan dehqonlar yerga qor tushmay turib ekin-tikinlarini saranjomlab olishga kirishgan kunlar. Oʻzingiz bilasiz, gʻoʻzapoya gʻamlash ham qishloq ahli uchun eng muhim tashvishlardan. Busiz uning oʻchogʻi gurillab, qozoni qaynamaydi. Tandiri qizib, sandali bozillamaydi.

Qoʻyingki, tirkama aravasi bor traktorchilarning kuni tuqqan. Sobir pochchaning ham martabasi chandon oshib, odamlar uning iziga tuzoq qoʻygan kunlar.

Tahsildan taʼtilga kelgan student bolam bir maza qilsin, dedilarmi, onamiz tushlikka oshni katta damladilar. Dasturxon atrofida butun oilamiz jam. Sobir pochcha ham shu yerdalar.

Onam pishirgan palovni obdan sogʻingan ekanman. Qorinlar chirmanda boʻlib ketguncha tushirdim. Oshdan keyin otam bilan pochchamizning uzilib qolgan uzundan-uzoq suhbatlari qayta tiklandi. Noiloj, hazmi taom uchun koʻchaga chiqdim. Qarasam, pochchamning traktori shudgor chetida “piliq-piliq”, “piliq-piliq” qilib ishlab turibdi. Oʻsha kezlarda yonilgʻi zovurdagi suvdan ham qadrsiz. Traktorchilar bir-ikki soat dam olish paytida motorni oʻchirib oʻtirmasdi. Sezdim, pochcham tirkama aravasini kimningdir paykalida gʻoʻzapoya yuklash uchun qoldirib kelgan.

Shu traktorni bir haydamaysanmi, degan shum fikr kechdi xayolimdan. Shartta rulga oʻtirdim. Sobir pochcha bajaradigan amallarni taxminan takrorladim. Traktor asta oʻrnidan jildi. Quvonchim ichimga sigʻmaydi: yashshavor, Habishvoy! Mana, oʻqishni tugatmay turib, traktor haydashni ham oʻrganib olding…

Shudgorning gʻoʻzapoyasi yigʻishtirib olingan joylarida anchagacha sayr qildim. Kolxozning tinkani quritib tashlaydigan mehnatidan oʻlguday horib, oʻzining ekin-tikini, oʻtin-choʻpiga qolganda, sillasi qurigan hamqishloqlarim onda-sonda keladigan bir talaba bolaning traktor haydashini sezmayotganday, horgʻintobgina, oʻz ishlari bilan andarmon. Ularning bu paytdagi holatini tushunsa boʻlardi. Boshqa payt boʻlsa-ku, yoʻq yerdan qiytiq chiqarishib:

“Teshikmozorning toshkentlik “tandiri” (ha, darvoqe, aytish esimdan chiqibdi. Tandir bu bizning teshikmozorliklar orasidagi oilaviy “unvon” – laqabimiz) oʻzini traktorga ortib qayoqqa ketyapti?”ga oʻxshash gaplarni biri qoʻyib, biri aytib, askiyaga chorlab turishardi.

Xullas, traktorchilik ham yarim soatga yetmay, meʼdaga tegdi. Endi uni toʻxtatish kerak. Biroq bu “temir dev”ni yurgizishning havosini olibman-u, toʻxtatishini kuzatmagan ekanman. U qildim, bu qildim, qani endi “dev” quloq solsa. Yuragimga vahima tushdi. Xayolimga lop etib, paykalning teparogʻida karchopka qilingan gʻoʻzapoyasini oʻroq bilan tuproqdan sugʻurib taxlayotgan Oʻskanboy aka keldi. Traktorchining ukasi-ku, harqalay. Iltimos qilaman. Ehtimol, oʻzi yonimga sakrab chiqib oʻchirib berar…

Rulni oʻsha tomon burdim. Asta Oʻskanboy akaga yaqinlashaman va hali chalaroq qolgan salom-alikni toʻldirgan boʻlaman:

– Charchamayapsizmi, Oʻskanboy aka?

Oʻskanboy aka nima deysan, deganday boshini sal koʻtaradi-yu, ishini qizgʻanibmi yo hazilga madori kelmaganidanmi, unchalik parvo qilmay, mashgʻulotida davom etadi. Qarasam, uzoqlashib ketyapman. Jon halpida yana qichqirdim:

– Manavi shaldiroq aravani toʻxtatolmayapman!

Bu safar u menga bir maʼnoli qarash qiladi-yu, oʻzini hech narsa eshitmaganga solib, ishida davom etadi. Shahardan kelgan, bekorchi bola tantiqlik qilyapti, degan xayolga bordi, deb oʻyladim. Traktor esa tabiiyki, oʻsha-oʻsha, qaysar… Rulni burib yana Oʻskanboy akaga yaqinlashaman:

– Hazili yoʻq… Yordam bervoring?

U endi aynan bizning qishlogʻimiz odamlaridangina eshitish mumkin boʻlgan javobni berdi. Nima deydi, deng? Aytsam, kulasiz:

– Parvo qimay haydovur. Yogʻi tugasa oʻzi toʻxtaydi.

Oʻskanboyning bepisandligi biroz izzat-nafsimga tegadi.

Koʻrsatib qoʻy unga, hazil qanday boʻlishini, deydi qaylardandir kelgan shaytonim. Traktorni Oʻskan akaga ajratilgan, hali gʻoʻzapoyasi yigʻishtirib olinmagan shudgor tomon buraman. “Belorus”ning gʻildiraklari endi uning gʻoʻzapoyalarini payhon qila boshlaydi.

– Ha-hov! Nima qilganing bu? – oʻroq doʻlayib, poʻpisa qiladi u.

Men ham Oʻskanboyning javobini oʻz ohangida oʻziga qaytaraman:

– Parvo qilmang! Yogʻi tugay deb qoldi.

Har holda, Oʻskanboy aka bilan oshimiz pishmadi. Bir bechoraning oʻtinini payhon qilish ham insofdan emas edi. Traktorni yana uyimiz tomon burdim. “Temir dev” hech narsa boʻlmaganday, bir meʼyorda, bigʻillagancha olgʻa intiladi.

Nima qilsam ekan? Oʻzim bilan oʻzim oʻylashib traktorning oldi gʻildiraklari katta oʻqariqqa munkib qolganini sezmabman: bir-ikki bor siltandi-yu, uni oʻchdi.

Yelkamdan togʻ agʻdarildi. Oyogʻimni qoʻlimga olib uyga chopdim. Kirsam, otam bilan Sobir pochcha yonboshlashe-yeb, hamon oʻsha men chiqib ketgan palladagi mavzuning moyini chiqarishib yotibdi.

– Sobir aka, – deyman oʻzimni xotirjamgina koʻrsatishga harakat qilib. – Traktoringizni koʻchaga toʻxtatuvdingizmi?

– Ha, nima edi?

– Kimdir uni, hov, shudgorning oʻrtasiga obborib qoʻyipti!

– E qoʻyovuring, bu deparada uni haydab ketadigan odamning oʻzi yoʻq. Topilsayam, uzoqqa opketolmaydi. Joniga tegib biron yerga tashlab ketadi, – dedi-yu, suhbatni kelgan joyidan yana davom ettirdi…

Oʻskan akaning nima uchun oʻshanda menga yordam bermagani boisini keyinroq esladim. Qaysidir ukamizning sunnat toʻyi edi, adashmasam. Hovlimiz sahniga joy qilingan. Osh tortilgach, askiya boshlanib ketdi. Mavzuga negadir “arava” payrovi tanlangan edi. Har tomondan choʻqilanayotgan Moʻysinboy akaga (Oʻskanboyning akasi. Laqabi… hay mayli, aytaqolay: “arava”) kimdir:

– Sizga rahmimiz kepketyapti, Moʻysinboy! Bugungi toʻydan bir “arava” gappinan qaytadagʻan boʻldingiz. Yarim-yolchisini, anovi, ukangiz Oʻskanboyga yuklavormasak, yoʻlda gupchagingiz ayrilib ketib, uyatli boʻpqolmasangiz goʻrgaydi! – deb askiyaga yakun yasagani yodimga tushdi…

 

Latifa:

“Prava”si yoʻq-da!

 

Teshikmozorlik Qoʻylivoy otaning olti yoshli nabirasi Javohir bobosiga deyapti:

– Oppogʻdada, katta boʻlsam, sizga “Mersedes” obberaman.

– Yashang, oʻgʻlim! Buvingizga nima olib berasiz?

– Buvimlargami? Chak mashina olib beraman.

– Ulargayam “Mersedes” obberaqoling.

– Obberardi-im, “prava”lari yoʻgʻu?..

– Biratoʻla “prava”siniyam oberaqolasiz…

– Hozirdan bunaqa qingʻir ishlarga boshlamang-da, odamni, oppogʻdada!

 

“Boʻyning uzulgur!..”

 

Teshikmozor ayollari ham favqulodda ochiqkoʻngil, dilsoʻz, shu bilan birga, chiyratma gaplarga anchagina chechan boʻlishadi. Rashkchilikda-ku, dunyo ayollari bir tomonu teshikmozorlik ayollar bir tomon. Xojalarini oʻzga ayol tugul, oʻzining soyasidan ham qizgʻanishadi. Bu borada erlarining biron xato-patosini sezib qolishsa bormi, ilmoq-ishora, qoqitma gaplari bilan etlarini uzib-uzib olishlarini bir koʻrsangiz. Hol-ahvol soʻrashishlarini aytmaysizmi? Qargʻishlariyam oʻzlariga biram yarashimli. Mana, teshikmozorlik ikki qoʻshni ayol guvalasi toʻkilibgina turgan devorning ikki tomonida turishvolishib, suhbatlashishyapti:

– Hoy, qoʻshni! Saboxon! Biyaqqa bir qarang!

– Essonmisiz, Qumri opa?

– Bunda-ay, devoldan ovoz berayam demaysiz?

– Kecha, ovoz beray deb moʻralasam, moʻylovini shopday qilib, eringiz Rahim akam turipti. Oʻlaqolmasam deb indamaygina pisaqoldim. Nimagadir Rahim akamni koʻrsam, qochqim keladi.

– Shu, sharti ketib, parti qolgan goʻrsoʻxtaning nimasidan qochasiz?

– Unday demang… Nimagadir, xoʻjayiningizning siri bor, odamni bosadagʻan…

– He, siri boʻmayam oʻlsin, boʻyning uzulgurning. Doʻkonidagi bittasiminan iskalashib yuradi, deb eshitaman. Nima qilay, oʻzimdan sakkiz yosh kichkina boʻlsa, bu goʻrsoʻxta!..

– Voy, oʻlmasam! Qanaqa qilib?..

– Ha, akangizga, boshputimni oʻzgartirib tekkanman. Oʻzi bilmaydi, buni. Aytib-netib yurmang, tagʻin. Bilib qolsa, meni otamnikiga obborib qoʻyib, doʻkonidagi anovi megajinini opkevoladi.

– Oʻlippami, aytib.

– Manavi, kastrilkani oling. Qoʻy yogʻi. Eringizga osh qilib bering. Xursand boʻladi. Rahim akangizning puli koʻp. Yeb tugatmasak, men oʻlganimdan keyin boshqalar kelib yeydi.

– Unday demang, opa! Uzo-oq yashanglar. Qoʻy yogʻiga osh qilib bermasam ham buningiz quturib yotibdi. Kaltak yemagan kunim yoʻq. Kecha kechqurun, desangiz, Qumri opa, buningizi xoʻyi bir tutdi, bir tutdi! Bir gapiga qarshi, gap qigʻandim, shunaqayam… urib tashladiki!..

– A-a, ashnaqami?..

– Ha-a! Qochib borib, tovuqning katagiga kirib, arang jon saqlappan. Iloyo ilovando, tepgan oyoqlaring akashak, urgan qoʻllaring qoʻshmashak boʻlib, qoʻllarimga qaroʻ-oʻb, moʻltirab oʻtirmasang, rozimasman, deb qargʻadim, qargʻadim, katakka kirvolib! Qargʻadim-u, orqasidan, astopillo keltirdim. Nima qilsayam oltita oytovogʻminan, yettita yemaxoʻrni shuningizdan topdim-da, opoʻsh!..

– Hay, qoʻshni, katakni yaxshi eslatdingiz. Tovuqlaringiz tugʻyaptimi?

– Oʻlat tekkan. Hammasi sudrali-i-b yuribdi. Oma, tugʻyapti.

– Tuxumini nima qilyapsiz?

– Yegani qoʻrqyappiz.

– Biznikidayam, shu ovhol. Katta togʻora toʻla tuxum… Shu bugunchayam, yemay turinglar. Kechqurun anovi boʻyning uzilgur Rahim akangiz uyga kelar-u. Besh-oltitasini pishirib, yedirib koʻray. Erta-indin oʻlmasa, sizlar ham yeyaverasizlar, tuzukmi?!

 

Abdunabi BOYQOʻZI

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/teshikmozor-hangomalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x