Asllik – Azaldan, davomiylik – Amaldan. Ilm-fan, ijod sohalarida goʻyo oldindan besh qoʻlday maʼlum tushunchalar, terminlar (istilohlar), qarashlarga yangidan koʻz tashlab turish foydadan xoli emas. “Sharq yulduzi” jurnali shunday narsalarga qiziqish va eʼtibor bilan qarayotgani adabiyotchilar jamoatchiligini quvontiradi. Muhokamasi yangi zamon oʻquvchilariga turli sabablarga koʻra oson boʻlmagan adabiyot va uning anglab yetish, aniq taʼriflash, yoʻnalishlari chegaralarini va shular zaminida kelajakning belgilarini bashorat qilish, albatta, nazariy ziyraklik, adabiy farosat va keng zamonaviy bilimlar hamda xabardorlikni talab qilishi, tabiiy. Umid shulki, pala-partish ifodalar, oʻz bilgicha maqomga yoʻrgʻalashlar, ilmiy-nazariy aniqlik va xolislikdan koʻra hissiyotchanlik (buni epataj deb ham atashadi. Bizcha, aravani quruq olib qochish, yaʼni kerakli yuk yoʻgʻ-u, lekin taraqa-turuq koʻp) orasidan yorqin, nozik kuzatishlar, talqinlar (misol uchun, milliy vijdonimiz boʻlgan “Oʻtkan kunlar”ni Pushkinning “Kapitan qizi”ga muqoyasan chiqarilgan sof adabiy xulosalar), yangi zamon adabiyoti va sanʼatining mezonlarini aniqlash, kelajakning ijodiy ufqlariga nazar tashlashga intilishlar koʻzga tashlanadi, nazariy masalalar tamomila, butunlay yo qisman eʼtiborsiz qolgan, bularga koʻpchilik adabiyotchilarning qiziqishi soʻngan oʻtish davri uchun xarakterli boʻlgan vaqtlarda Ulugʻbek Hamdam kabi yangi adabiy avlod vakillarining eʼtiborni yangi oriyentirlarni aniqlashga chin dildan jonkuyarlik bilan qarayotgani tahsinga loyiq. “Muallifning oʻlimi” shubhasiz epataj uygʻotadi. Bu fransuz adibi, faylasufi Rolan Bart tomonidan XX asrning oʻrtalarida postmodernizmning nazariy-amaliy masalalari keng va oʻta qizgʻin muhokama qilinayotgan mahallarda topilgan metafora (majoz). Postmodernizmning barcha yangi istilohlari kabi uni tushuntirish ham, tushunish ham amri mahol. Misol uchun uni toʻla ravshan tushunish va tasavvur qilish uchun modernizm va postmodernizm tushunchalari qomus lugʻatini rostmana bir necha marotaba diqqat bilan oʻqidim. Ularni avangard adabiyotning atoqli tahlilchi olim va tadqiqotchilari batafsil yozishgan, murakkab qarashlarni yanada murakkablashtirishgan (xuddi ravshan narsalarni ataylab chigallashtirayotganday, ataylab tamomila yangi ilm, yangi nazariya yaratayotganday). Lekin yashiradigan joyi yoʻq – tushunib olishim ancha mehnat evaziga kechdi. Ulugʻbek Hamdam yoki keksa avlod vakili Mahkam Mahmudovning maqolalarini keyin oʻqirkanman, yana orqaga qaytib, yana oʻsha noyob lugʻatni hijjalab oʻqib: “avtorning oʻlimi”, “diskurs”, “simulyakr”, “oʻlimga topshirish”, “aporiyalar” kabi yuzlab yangi tushunchalarni hali toʻla tushunib yetmaganga oʻxshayman”, deb oʻyladim. Aporiyaning maʼnosi yoʻlsizlik ekan. Qadimgi yunon falsafasida harakat, makon, vaqt tushunchalari doirasida koʻzga tashlanadigan yechib boʻlmas ziddiyatlarni aporiya, deyisharkan. Postmodernizm dunyoni va uning ishlarini yechib boʻlmas ziddiyatlardan iborat deb qaraydi va barcha tushunchalari va yangicha qarashlarida shu yechib boʻlmaslikni aks ettirishga urinadi, “haq cheklarida oʻlim kutadi”. Gʻarb postmodernizm namoyandalarining talqinlaricha, postmodernizm va undan keyin kelayotgan qarashlar matn (tekst)ni talqin etishning qadimdan qolgan anʼanalarini rad etadi. Matnga muallif tomonidan yaratilgan matn, deb qaramaydi. Rolan Bart matnni avtorga nisbat berish ularni tenglashtirib qoʻyadi, matn mazmunini cheklaydi, xatni boʻgʻadi, deydi. Matn muallifdan tamomila xoli yashaydi va xoli jarayonlar uygʻotadi. Postmodernizm muallifga anʼanaviy boʻlmagan maqom beradi. Muallifni markazga qoʻymaydi. Lekin u butunlay yoʻqolib ham ketmaydi, balki atoqli ot sifatida saqlanib qoladi. Mavjud matn birinchi oʻringa chiqadi, asosiy ahamiyat kasb etadi. Matn oʻy-xayollar, mulohaza-muhokamalar, gʻoyalar, diskurslar jamuljami, ular muallif nazaridan oʻtib bir-biriga bogʻlanadi va mustaqil yashaydi. Soddaroq qilib aytganda, Rolan Bart mana shularni nazarda tutib “avtorning oʻlimi” degan metaforani istiloh sifatida kiritgan. U muallifning jismoniy oʻlimini anglatmaydi. “Avtor oʻlimi” (toʻgʻrirogʻi, muallifning oʻlimi, ammo chamasi “avtorning oʻlimi” – postmodernizm tushunchasi muhokamalarda qoʻllanayotgan “muallifning oʻlimi” oʻzbekcha tushunchasi bilan barobar emas, ular boshqa-boshqa narsalarni bildiradi) deganda koʻproq “koʻchirmakashlik” va “koʻchirmakash”ning muallif sifatidagi oʻlimi nazarda tutilayotgandek. Lekin “koʻchirmachi” qadim zamonlardan beri hech qachon muallif, deb sanalmagan. Koʻchirmakash nusxa oladi, xolos. Uni hatto taqlidchi deb ham boʻlmaydi. Ilgari bosma boʻlmagan zamonlarda asl nusxalardan odamlar oʻzlari uchun nusxa koʻchirib olar yoki xattotlardan u yoki bu asarni koʻchirib berishni iltimos qilardilar. Tarixchi olimlar oʻzlaridan oldin yaratilgan mavzuga daxldor asarni toʻgʻridan-toʻgʻri olib soʻng oʻz asarlarining davomiga qoʻshardilar. Shoirlar esa oldin oʻtganlarning sheʼrlari yo baytlarini olib unga nazira bogʻlardilar. Naziragoʻylik, sharh bogʻlash, bayon qilib berish oʻtgan zamonlar adabiyotlarida hech kimni ajablantirmaydigan odatiy hol yoki usul edi. Hozirgi zamonda koʻchirmakashlik shunday joʻn bir narsaga aylanganki, u haqda adabiy hodisa kabi yozish boshqa zarurroq masalalarni chetga surib vaqtni bekorga sarflashday maʼnosiz koʻrinadi. U ongsizlik va psixik kasallikdan boshqa narsa emas. Men Napoleonman deydiganlar yoki oʻzini Amir Temurdek sezadiganlar qanchadan qancha. Bu koʻproq dissertatsiya yozish yoki kuchi yetmasa ham “shoir” boʻlish “ishtiyoqida” yonganlar, yasama shuhrat ilinjida miyasi gʻovlaganlar ichida aksaran uchraydi. Ammo uning muhokama doirasiga tortilgan taqlid, taʼsir, davomchilik, anʼana, mushtaraklik, oʻxshashlik, ergashish, nazira bogʻlash singari sof adabiy-nazariy masalalarga sira aloqasi yoʻq. Bular qatoriga kiritib unga urgʻu berish, “toʻn kiydirish” jiddiy gʻayratli adabiy davra va muhokamaning ishi emas. Bu boshqa psixik anomaliya paketidan va unga shunday qarash, har bir holda oʻz oʻrnida baho berish uchun adabiy kursilarda oʻtirganlarning adabiy-badiiy savodxonligi kifoya qilsa kerak. Koʻchirmachini avtor maqomi qatoriga aslo qoʻyib boʻlmaydi. U psixopatologiya bilan bogʻliq masala. Unda kleptomaniya degan ruhiy kasallik qayd qilingan. Bu ehtiyoj boʻlmagan taqdirda ham oʻgʻirlikka intilish mayli. Bunday kasallikka yoʻliqqan kimsa garchi milliarder boʻlsa ham, baribir oʻgʻirlikka qoʻl uradi. “Oʻgʻirlik qilmasam, turolmayman”, deydi. Koʻchirmakashlik ham kleptomaniyaning qadim bir turi. Bosh miyadagi zararlanish tufayli maylidan voz kecholmaydi. Bu juda achinarli hol.
Ijodda asllik, anʼana. Mushtaraklik, taʼsir, davomiylik, ergashish, bir mavzu doirasida mushoira, adabiy-badiiy maktablar va ularning qiyofalari haqida fikrlashish juda qiziqarlidir. Ular milliy adabiyot doirasidan chiqib dunyo adabiyoti miqyosida fikr yuritish, rang-barang ajoyib holatlar va gʻaroyib tajribalar ichiga kirishga imkon beradi. Adabiyotning biz boshimizdan kechirayotgan oʻtish davrida bu narsalarni puxta aniqlab olish yangi ilmiy-nazariy asoslarni mustahkam ijodiy zaminga qurishga olib boradi. Asllik oʻzi nimayu anʼanaviylik nima? Anʼanaviyliksiz, taʼsirlanishsiz asllik oʻzi bormi?
Har qanday asllik anʼanalar zaminida tugʻiladi. Anʼana, taʼsirlanish asllikning azal onasi. Bunga muhokamalarda koʻrilgan tahliliy misollar dalil. Saʼdiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Huvaydo, Shekspir, Hyote, Shiller, Pushkin, Jukovskiy, Tolstoy, Lermontov, Dostoyevskiy, Chexov, Tagor, Qodiriy, Choʻlpon, Oybek, Hamid Olimjon, Qahhor behad taʼsirlanuvchan ijodkor shaxslar edi. Har birlarining nimalardan taʼsirlanganliklari, nimalarga va kimlarga ergashganliklari toʻgʻrisida adabiyot tarixi nihoyatda koʻp ajoyib-gʻaroyib misollaru guvohliklarni biladi. “Naʼmatak”, “Oʻrik gullaganda” asl asarlar, asl sheʼrlar. Ularni asl emas deb aytishga kimning tili boradi? Yoki kim taqlid deydi ularni?
Hamma gap shundaki, ular ergashish va taʼsirlanishdan mislsiz asllik yaratganlar, yangi gʻoyalar, yangicha qarashlarni ilgari surganlar, inson va hayotga qarashning yangi qirralarini kashf etganlar. Navoiyning “Xamsa”si Nizomiyga qaraganda yangicha axloq, yangicha maʼnaviyatning badiiy qomusi. Navoiy oʻz “Xamsa”si bilan oʻzidan ilgarilarning xamsalari oʻrtasidagi gʻoyalar va badiiy yechimlardagi farqlarni hammadan koʻra haqqoniyroq va oʻta nozik farosat bilan koʻrsatib, asllik nima ekanligini fasohat bilan bayon etib oʻtgan. Mixail Lermontovning “Na severe dikom stoit odinoko Na goloy vershine sosna” yoki “Beleet parus odinokiy V tumane more golubom”, “Vetka Palestiniʼ” degan daho sheʼrlari bilan “Naʼmatak” va “Oʻrik gullaganda” aks-sado taratmaydimi? Oʻxshashlik bor – oʻxshashlik yoʻq. Ammo taʼsirlanish – kunday ravshan.
Dunyo endilikda – yagona. Toshkentdagi bozor va supermarket bilan Parijdagi bozor va supermarketning qariyb farqi yoʻq. Sohil boʻylaridagi eng dongʻi ketgan choʻmilish joylarida ham oʻsha-oʻsha choʻmiluvchilar, koʻchalarda oʻsha-oʻsha yarqiroq avtomobillar, yoshu qarining qoʻllarida oʻsha-oʻsha ayfonlar, oʻsha-oʻsha dunyoning istagan joyi bilan bir zumda aloqa bogʻlaydigan va voqealarni namoyish etadigan smartfonlar… Dunyo – yagona, postmodernizm va undan keyin sanʼat maydonlarini egallagan oqimlar allaqachonlar dunyoning bunday yagonaligini anglab yetishgan va shu anglamga koʻra dunyoni tushunish va aks ettirish modellarini ishlab amaliyotga kiritishgan. Postmodernizm hazil hodisa emas. U yagonalashgan dunyoning tasvir va aks ettirish usullari sifatida paydo boʻldi, Gʻarbning madaniy hayotida mustahkam oʻrin egallab ulgurdi. Sanʼatning zamonaviy oqimi oʻz yangi nazariyasi, amaliyotini, usullarini, tushuncha-istilohlarini yaratdi. U oʻzini yuqori intellektual, texnologiyalar oʻta rivojlanayotgan, bosh miya koeffitsiyentlari dam-badam aniqlanayotgan, inson imkoniyatlari ochilayotgan yuksak taraqqiyot pallasiga juda moslashgan va shu taraqqiyot uchun xizmat qilmoqda. Bahs ishtirokchilari adabiy qarashlarini shu tomondan ham koʻzdan kechirib chiqishga urinishmoqda. Intertekstuallikning mohiyat va mazmunini chaqishga intilishmoqda. Shu jazmning oʻzi ham xolisanillo aytganda, badiiy tafakkurning rivojlanishi sari tashlanayotgan bir qadam. Bahs ishtirokchilari badiiyatda asllikning (originallikning) yoʻqolib borayotgani, asllikka talablar susayib yoʻq darajaga kelayotgani va umuman, badiiy asllik yoʻqolib ketish xavfi ostida qolayotganidan qaygʻurib yozadilar. Chunonchi, adabiyotchi va jurnalist Jovli Xushboqning yaqindagina adabiyot gazetasida hozirgi zamon qissalari haqida yozgan maqolasida “kitobxon qissa mutolaa qilayotganiga ishonmaydi”, degan xulosani koʻrdim. Buni davom ettirib, kitobxon sheʼr oʻqiyotganiga, roman oʻqiyotganiga, obroʻli teatr sahnasida pyesa koʻrayotganiga yoki maqola oʻqiyotganiga ishonmaydi, deb ham gapni toʻldirishimiz mumkin. Kitobxonning ishonchini yoʻqotish, uni aldash, laqillatish haqiqatan bahsning sarlavhasiga chiqarilgan muallifning tirnoq ichida boʻlsa ham oʻlimi emasmi? Badiiy nochorlik nega bunchalar urchib ketdi? Bir necha kitoblar chiqargan, kitob chiqarish ketidan quvadigan bir muallif oʻquvchilarga taqdim qilgan navbatdagi asarida qahramonning yuragi soatning chiqillashiga monand bejo uradi, deb yozadi. Soatning chiqillashi muntazamlikni bildiradi, aslo bejolikni emas. Shunday yozuvchi hech qachon yozmaydigan mantiqsiz, maʼnosiz jumlalar nasrda ham, nazmda ham matnlarni devchirmovuqday oʻrab olgan. Maʼlumki, devchirmovuq quritmay qoʻymaydi. Zarpechaklarni koʻzlarini chirt yumib koʻpaytirayotganlarning haqiqiy mualliflik saviyasi qanchalar? Shularga qaraganda, bahsning mavzusi nihoyatda muhim. Hatto oltmishinchi yillarning soʻzi bilan “bong urishga jazm etdik”, deydilar. Bong urish – hozirgi zamonda ancha-muncha eskirib qolgan. Lekin ular nazariyadagi turgʻunlik, tanqidning inqirozi amaliyotda qanday natijalar koʻrsatayotganiga rang-barang, biri-biridan achinarli misollar keltiradilar. Bularning bari ulugʻ namunalarga ergashish yoʻqolganligini koʻrsatmaydimi? Ergashishda maʼrifat va yoʻl tanlash borki, u oʻzini oqlaydi.
Adabiy ijodda, sanʼatda taqlid, taʼsirlanish, ergashish, foydalanish, oʻzlashtirish, izdoshlik, anʼanaviylikning mazmun-mohiyati, vazifasi bir xil. Bular faqat asllik yoʻlida birinchi qadamlarni qoʻyish, ovozni ochib olish, yoʻl tanlashda yaraydi. Odamzod borki, oʻz koru borini oʻrnak, andoza asosiga quradi. Yashashning yaroqli maromlari andozalarni saralash bilan tuziladi. Insoniyat joni ogʻriganda “oh!” dedi. Koʻksi tashnalikdan quriganda “uv!” dedi. Shu ohuvlardan, taqlidlardan insoniyat tili paydo boʻldi. Boʻri yer yuzining har joyida bir tusda uvlaydi, ayiq bir xil oʻkiradi, barcha qushlar hamma yerlarda bir xil sayraydi. Zargʻaldoq Angliyada inglizcha sayramaydi. Xuddi Oʻzbekiston bogʻlaridagidek doim kuyovlaydi. Jonli maxluqotlardan faqat insongina yashash yeri va mintaqasiga qarab turlicha tilda gapiradi. Bu insonning noyobligi va nodirligiga yana bir sirli misol. Inson barcha harakatlarini taqlidga qurdi, hammavaqt tabiatning oʻzidan oʻrnak oldi. Kuyi, qoʻshigʻi, raqsiga ham taqlid bilan erishdi. Yulduzlar turkumlarining joylashuvi, ajib shakllaridan ulgi oldi. Katta Ayiqdan uy qalʼa qurishni, Andromedadan taxt yasash, Perseydan oʻq otish, Sipardan qalqon tutishni oʻrgandi. Ilk ilmlar astronomiya va geometriyani tuzdi va qolgani shularga qarab shakl oldi. Taqlid shular qadar moʻjizalar ato qildi insoniyatga! Va Mimesis deb atalib manguga kirdi estetikaga! Ammo qarangkim, “Odisseya”dan keyingi dunyo adabiy tafakkuriga eng koʻp taʼsir qilgan Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasida hech qanday taqlid yoʻqqa oʻxshaydi. Mutlaqo! Lekin shundaymikin? Peterburg va Moskva salonlariga taqlidlar-chi? Urush maydonlaridagi rang-barang voqealarga taqlidlar-chi? Xoʻsh, bular taqlid emasmi? Salonlardan, urush maydonlaridan, aslzodalarining yotoqlari, yotoq suhbatlari, ijtimoiy intrigalardan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirishlar emasmi? Ularni qanday boʻlsa, shunday aks ettirish emasmi? Bu savollar ichidan haqiqat jar solib turadi. Ammo taqlidda taqlid bor! Dahoning taqlidi eng oliy va asl sanʼat paydo qiladi. “Uliss”da taqlidning ming bir turfa tovlanishlari zuhurlanadi. Bunda hayot – karnaval, odamlar mangu karnavalda, milliy kurashlar, janglar – bari karnaval! Taqlid va mimesisning mislsiz, takrorlanmas formalari va ushbu formalarning bari mazmundor. Tolstoydagi karnavallar bilan Joysdagi karnavallar qiyoslab koʻrilsa, realizm bilan avangardning tasvir va aks ettirish, bulardan kuzatilgan gʻoyaviy, badiiy-ijtimoiy maqsadlar tamomila bir-biriga oʻxshamasligi, badiiy tasvir aslaha-anjomlari butunlay yangilanganligi va dunyoga Joys badiiyati timsolida yangi estetika amaliyoti kelganligi va meteor kabi fazoga koʻtarilib yer yuzining madaniyat puchmoqlariga yoyilganligi, yangi zamon omonsiz ravishda oʻz hukmiga kirganligi ravshan boʻladi. Hozir taqlid va taʼsirlanish haqida fikrlash xuddi orqaga qaytishdek yoki endigi hayotda klassik estetika doim qayd etib eʼtibor bilan kuzatgan bu hodisaning maʼnosi qolmagandek tuyuladi. Taqlid va taʼsir ijodkorlikning azal tabiati bilan hammavaqt bogʻliq. Paygʻambarlar paygʻomlaridan eng qadimgisi “Ayyub qissasi”da Xudoyimning Arshi Aʼloda farishtalar mashvaratida Iblis bilan boʻlib oʻtgan savol-javobi tasvirlangan. Iblis Xudoga yer yuzini kezib kelganligini aytadi. “Sen mening bandam Ayyubni koʻrdingmi? Uning sidqu sadoqatiga tan berdingmi?” – deb soʻroqlaydi Xudo. Uning sidqu sadoqati sen yetkizgan molu dunyo, dov-davlatga bogʻliq. Agar bular boʻlmasa, uning sidqu sadoqatidan asar ham qolmaydi, deydi shakkoklik bilan Iblis. Xudo insonning sidqiga komil ishonch bilan: “Mayli, sen uni sinab koʻr”, deb aytadi. Mana shu Arshi Aʼlodagi epizod dunyo adabiyotidagi ilk tasvir. Hyoteday daho adib shu epizodni “Faust”da “Arshi aʼlodagi debocha” bobida toʻgʻridan oladi. Bu taqlid emas. Buni koʻchirish deb ham boʻlmaydi. Bu poygirlik qilish, foydalanish. Mefistofelga Faustni yoʻldan urish, chalgʻitish haqi beriladi. Ammo Hyote endi bundan tamomila boshqa gʻoyaviy-badiiy maqsadlarni koʻzlaydi. Bunday taʼsirlanish va foydalanishlar daho adabiyotlar ichida nihoyatda koʻp. Dostoyevskiy ham “Ogʻa-ini Karamazovlar”da “Ayyub qissasi”dan nihoyatda mahorat bilan pardalik tarzda foydalanadi. Isteʼdodga chaqnashi uchun, albatta, uchqun kerak. Uchqun boʻlmasa, ilhom va mayllar gurlamaydi. Foydalanish, taʼsirlanish daho uchun misoli shunday uchqun. U tushovlarni uzib tashlaydi. Tolstoy: “Chaqaloqligimda meni yoʻrgaklashlari, oyoq-qoʻllarimni chirmab bogʻlashlariga chidolmasdim. Yoʻrgaklarni zoʻr berib, kuchanib uzib tashlayverardim”, deydi. Madaniy, sxolastik yoʻrgaklarni uzish Tolstoy umrining oxirigacha davom etdi. Oxirgi yoʻrgakni soʻnggi safarida poyezdda uzdi. Anʼanalar – bular maʼlum maʼnoda yoʻrgaklar. Yoʻrgaklarni uzib niyatdagi asllikka ega chiqiladi.
Taʼsirlanishda boʻlgani kabi ergashishda ham gap koʻp boʻlsa kerak. Elliginchi yillarning oʻrtalarida biz universitet talabalari Xeminguey va Folknerni oʻqidik va shaydo boʻlib qoldik. Ergashish mening xayolimga kelgani yoʻq. Ammo Shukur ergashdi. U Xemingueyning majnuniga aylandi. Toza xemingueyona hikoyalar yozdi. Koʻp zavqlandi. Uning barcha dialoglarida Xeminguey xati va barcha tasvirlarida Turgenev usuli dov tortib turadi. Shukur shu ergashishdan mustaqil ijod darajasiga koʻtarildi. Undan oxirigacha Xemingueyning “hidi” ketmadi. Oʻtkir Hoshimov Qodiriy, Oybek, Qahhor, Said Ahmad, Odil Yoqubov anʼanalari ichida qoldi. Ammo keyingi ikki romani tasvirida Folknerga taassub qildi. Bir voqeani bir necha nuqtai nazardan tasvirlashga urindi. Saksoninchi yillarda Kafka va Kamyu tarjimalari paydo boʻldi. Nazar Eshonqul, Xurshid Doʻstmuhammad, Murod Muhammad Doʻst, Neʼmat Arslon, maʼlum darajada Omon Muxtor, A. Aʼzam Kafkani oʻz akalariday suyib qarshi olishdi. Kafkayona ruhdagi hikoyalar koʻzga tashlana boshladi. Bu ergashishning tagi chuqurmi yoʻqmi, aytish qiyin. Lekin unda, hech shubhasiz, davr ruhi aks etadi. XX asrda Kafka tasvirlashga intilgan odamlarning saflari yer yuzida va jumladan, oʻzbeklar orasida ham kengligi bilindi. Bitta oynaning agar 120 ta qirrasi boʻlsa, u bitta qiyofani 120 ta qilib koʻrsatadi. Xurshid Doʻstmuhammadning “Qichqiriq”, “Katta koʻcha” asarlarida asosiy personaj boʻlgan S. Aliyevich hamda Sultonning holatlari tasvirlangan epizodlar shunday koʻpqirrali oynada aks etgan bitta epizoddek taassurot qoldiradi. Axir, bu Kafkaning asosiy badiiy usuli-ku. “Qichqiriq”da Sultonning suvga choʻkkan kelinchakni topish va qutqarishga jazm etishi sogʻlom realistik yoki hissiyotchan romantik intilish emas. Uning koʻz oʻngida nozik-nihol kelinchak gavdalanib turadi. Kelinchakning jasadini suvdan necha gʻavvoslar qidirib ham topolgan emas. Ammo shunga qaramay, Sulton topmoqchi. Bu umumiy vaziyatga koʻra metafizik, paranormal intilish. M. Zoshchenko ham bir hikoyasida choʻkkan kelinchak va bunga uning eri va atrofdagilarning munosabatlarini tasvirlagan va oʻta kinoyali realistik yoʻl tutgan. “Uliss”da ham koʻrfazda choʻkkan odam haqidagi gap romanning boshidan oxirigacha u yoki bu munosabat bilan tasvirga qalqib chiqib turadi va rivoyatga qahramonlar holatlari bilan pardali bogʻlangan ravishda mahzun ruhda shuʼlalantiradi. Ammo Sultonning jazmi faqat insonparvarlik, rahmdillik bilangina izohlanarmikin? Bu yerda gap rahmdillik ustidamikin? Rolan Bart: “Metafora, har qanday metafora – tubsiz belgi”, deb yozadi. Sulton bu metafora emasmikin “Qalʼa” qahramoni kabi? “Katta koʻcha” hikoyasida ishdan nima sababdandir boʻshatilgan S. Aliyevich shaharning katta markaziy koʻchasidan amal kursisini sudrab boradi. U Kafka qahramonlari kabi darbadarlikka giriftor boʻlgan. Darbadarlik – “Uliss”da ham bosh motiv. Darbadarlik “Iliada” va “Odisseya”ning markazida, Dante, Vergiliy, Rable, Dostoyevskiy, Navoiy asarlarida voqealar darbadarlikda kechadi va qahramonlar dunyosi darbadarlikda ochiladi. Darbadarlikning dunyo syujetlarida oʻrni, roli nihoyatda katta. Mana, nihoyat, S. Aliyevichning darbadarligi boshlandi. Qahramon S. Aliyevich deb nomlangan. Demak, ismining kitobxon uchun ahamiyati yoʻq darajada. Lekin biz bu nomni zamonaviy yoshlarga oʻxshab “S nuqta Aliyevich” deb oʻqisak, maʼnoliroq boʻladi. Kafkaning K, “K nuqta” degan qahramoni asta yodimizga tushadi. Garchi ismlari bosh harf va nuqta bilan berilgan qahramonlar adabiyot jamgʻarmalarida toʻlib-toshib yotgan boʻlsa ham! S. Aliyevich katta shahar koʻchasidan hech narsaga qaramay, ketib boradi. Balki, u Koʻkcha dahasidagi uyiga ketayotgandir. Shu ham noaniqroq, umuman hammasi “Qalʼa” yoki “Jarayon”dagi kabi oʻta noaniq. Maqsadi boʻlmay turib yoki noaniq, mubham maqsad bilan yashayotgan odamlar ozmi? Oʻzining nima maqsadda yashayotganligini aytib berolmaydigan odamlar ozmi? S. Aliyevich oʻzining ishdan boʻshatilganiga hech qanday qaramaydi, yaʼni noroziligi, xursandligi, farqsizligini bilib boʻlmaydi. Koʻchada kitoblar, xaltalar, eski ish papkalari ortilgan mansab kreslosini sudrab keta turib shahar koʻchasining gavjum lavhalariga qaramaydi, munosabat bildirmaydi. Xuddi bu qaynab joʻsh urayotgan hayot yoʻqday yoki hayot emasday. Uning hissiyotlarini ham ilgʻab boʻlmaydi. Shunday taassurot qoladiki, bu asarda katta hayot qaynagan koʻcha ham, sudrab ketilayotgan kreslo ham, undagi idora kishisining taqir-tuqurlari ham, nihoyat S nuqta Aliyevichning oʻzi ham personaj yoki badiiy asar obrazlari emas, sof semiotik belgilarga oʻxshaydi. Barmogʻingizning boʻgʻiniga qarasangiz, nayza koʻtarib chopib ketayotgan odamchaning belgisini koʻrasiz. “Qichqiriq”, “Katta koʻcha”, “Koʻrpa koʻtargan yigit” ham, Sulton va S. Aliyevich ham adabiy asardagi obrazning – qahramonning belgisi. Bu hayotga sigʻmagan, begona boʻlib qolgan chigʻiriqdan tashqaridagi odammi? Boshqacha odam navimi? Yoki umuman hech qandaymi? Axir, umuman hech qanday ham boʻlish mumkin-ku! Men, misol uchun, tilga kirganimda, maʼnoli odam sifatini kasb etaman. Jim turganimda, mening qandayligim atrofdagilarga maʼlum emas. Sulton va S. Aliyevich gapirmaydi. Nazar Eshonqulning yaqinda oʻqiganimiz “Bepoyon osmon” asarining qahramoni, farzandsizligidan bir umr dashnom va taʼnalar yomgʻiri ostida yashagan Oytoʻldi ham hech tilga kirmaydi. U zabonsiz va faqat oʻz ichida, asarni hikoya qiluvchining bayoni hamda tahlilida yashaydi. Nazar, kezi kelganda aytib oʻtaylik, tahliliy prozani shakllantirdi va yaxshi namunalarini berdi. Xurshidning prozasi ham modern ohanglariga esh boʻlib tahlilga oʻtdi. Ulugʻbek va Isajon Sultonning aksar asarlari bayon va klassik rivoyat emas, tahlil yoʻlidan boradi. Munday qarasangiz, tahlil na Oʻtkir, na Uchqun Nazarov, na Shukur, na boshqa Said Ahmadona, na Odil Yoqubovona prozada koʻzga tashlangan edi. Bular klassik prozaning rivoyat uslubida yozganlar barcha asarlarini, ularni “lirik proza” deb atashga oʻrganib qolgan edik. Ammo mana avangard usullar bilan organik ravishda tahliliy proza usuli – xati ham oʻz badiiy koʻrinishlari va rang-barang shakllariga ega boʻldi. Xurshid oʻsha hikoyalarida faqat tahlil qiladi. Bu tahlilni Freyd termini bilan “psixoanaliz” deb boʻlarmikin? Psixoanalizni esa “ruhiy tahlil” deb koʻrsatsak, muodil maʼno kasb etarmikin? “Ruhiyat”, “ruhiylik” deganga oʻxshash tushunchalar bizning ilmiy ifodalarimizda hali toʻla aniq chegaralarini ajratib olgan emas. Koʻplar bilagʻondek boʻlib koʻrinsalar-da, bu kabi tushunchalarning, aslida, nima maʼnolarni anglatishini anglab yetmaganlar. “Qichqiriq”, “Katta koʻcha” anʼanaviy maʼnoda asar emas. Ayni choqda asar! Anʼanaviy syujet, ifodaviy til, tasviriy vositalar anqarib yoʻq. Anqarib deyotganim, ular elementar darajada. Yorqin asarligi shundaki, unda oʻzini, ildizini yoʻqotgan, hayotga oʻz javobini berishga qodir boʻlmagan va biz oʻquvchilar ham hali tuzuk-quruq tanib-tanimagan, ruhiy tahlilimizdan oʻtkazmagan, beshta asos sezgisining boru yoʻqligi ham nomaʼlum – boshqa inson bor. Boshqa inson deb qayta-qayta taʼkidlab aytamiz. Uni begona deyish toʻgʻri boʻlmas. U begonaga oʻxshamaydi. Bizga oʻxshashligi idoraning mansab kreslosini gavjum shahar koʻchasida allaqayoqqa sudrab borayotganidan koʻrinib turibdi. Bunday odamlar bor edi, koʻp edi. Misoli Babar kabi. Ammo adabiyotga ruhiy tahlil qahramoni sifatida kirmagan edi. Barcha parametrlari boshqa inson, yangi kashf etilayotgan, Kafka va Kamyu ochgan inson ekanligini koʻrsatyapti. Sultonning ham necha gʻavvoslar qidirib topolmagan kelinchak jasadini bir necha kunlar oʻtgach, vasvasa ichida qidirib topishga intilishi va halokat yoqasiga yetishi ham boshqacha insonligini bildiradi-da! Aql bovar qilmas ahd bilan yashaydigan odamlar kammi? Biz ularni bilmaymiz-da! Ular bizga koʻngillarini ochmaydilar-da! Le Klezio degan oʻz davrida mashhur fransuz adibi: “Poeziya, romanlar, novellalar – endilikda hech kimni aldashga qodir emas!.. Nimaga kerak bularning hammasi?” – degan ekan. Ammo endi yangi yoʻnalishda paydo boʻlayotgan asarlarni diskurslariga koʻra tahlil qilish imkoniyati tugʻilyapti. Axloqiy, intellektual, majoziy, rivoyat diskurslarini ajratib izohlab tushuntirish hozirgi ilmiy tanqidning eng birinchi vazifasi. Qadim arab sheʼriyatida (VIII–XI asrlar) avval oʻtgan shoirlarda ifodalangan maʼnolarni oʻzlashtirish va davom ettirishni sariqa usuli, deb atarkanlar. Maʼnoni oʻzlashtiruvchi shoir shu maʼnoning yangi qirralarini ochishi, boyitishi, kamolga yetkazishi talab qilingan. Jurjoniy, Ibn Tabataba, Al-Askariy, Al-Asmoʼiy, Ibn al-Muʼtoz, Filshtinskiy, Kudelin kabi qadim va zamonaviy olimlar anʼanaviy va asllik masalalarida koʻp qimmatli fikrlarni yozib qoldirganlar. Eskicha motivlarning yangicha talqinlarini tahlil etganlar. Maʼno, sanʼatlar, bayon kayfiyatlarini xoʻp miriqib ochganlar – kashfiyotlar behisob. Nizomiy beshlikni kashf qilgani yoʻq. Ungacha uzoq zamonlarda “Panchatantra” boʻlgan edi. U Nizomiy dahosi moʻjizasi bilan xamsaga aylandi. Anʼana maʼrifati yangi anʼanani dunyoga keltirdi. Adabiyot – kashf-da. Inson koʻnglini ochish-da.
Avangard estetikasi klassik estetikaning barcha mezonlarini yangidan koʻrib chiqdi. Yangi tushunchalar, terminlar, mezonlar yaratdi. Odissey – odisseymidi? Hamlet – hamletmidi? – degan juda gʻalati aqlni shoshirib qoʻyadigan savollarni qoʻydi. Joys, Bekket, Kafka, Sartr, Kamyu, Xeminguey kabi adiblarning asarlarini yangi estetika mezonlari va qarashlari ostida tahlil qilishgina samarali va toʻgʻri boʻladi. Eskicha mezonlar va gʻoyalar bilan ularni haqqoniy tushuntirish qiyin. “Uliss”ni eʼtiborsizlik bilan oʻqib tushunmaganliklarini aytadilar va masalalarni joʻnlashtirishga urinadilar. Ayting, Navoiy tushunarlimi? Dostoyevskiy, Aytmatov, Markes, Tolstoy tushunarlimi? Yoki hatto oʻz zamonlarida tushunarli boʻlgan deysizmi? Diqqatni toʻla jamlash, oʻzida oʻquvchilik mehr-muhabbatini tushunish, anglash layoqatini tarbiyalash va oʻstirish oʻrniga tushunmadim, murakkab deyish, juda oson-da! Bu maʼrifatli oʻquvchining ishi emas, aslo. Adabiyotshunos olim M. Mahmud “Uliss”ni “pala-partish yozilgan”, deb yozdi. Holbuki, “Uliss”da hech qanday pala-partishlik, chalkashlik yoʻq. Bu romanda har bir soʻz, ibora, ifoda, badiiy figuraning oʻz maqsadiga yoʻnaltirilgan vazifasi, oʻrni, taʼsir doirasi, bajaradigan estetik maʼnolari benazir zargarona ado etilgan. Har bir soʻz, ibora, ifoda, jumla asarda oʻzaro aks-sado berib, oʻzaro yangi-yangi maʼnoda joʻr ovozlashib turadi. Asarni qoʻlga olib koʻz tashlagan kishi unda “Lotofaglar” degan bob yoʻqligiga amin boʻladi. Joys oʻn sakkiz bobning har birida “Odisseya”ga mutobiqan uning qoʻshiqlarida aks etgan mifologik voqea – hodisalarga joʻr va maʼnodosh boʻlishni badiiy niyat qilgan. Asarni yozayotganda boblarni shunday nisbiy nomlar bilan atagan. Asar bitganda ulardan voz kechgan. Ammo bu nisbiy nomlar asarning rasmiy nashrlarida aks etmay, faqat avtorlik niyati tarzida asarning yozilish tarixida, sharhlar, bir olam izohlarda qayd etib kelinadi. Joys inson kechinmalari, oʻy-xayollari, koʻzi bilan koʻrishi, qulogʻi bilan eshitishi, nafas olishi, rang-barang hissiyotlarini, tashqi olam, vaziyat tasvirlarini bir vaqt birligi ichiga sigʻdirgan, ayni tasvirlanayotgan damda bular bari qanday kechsa va bu vaqt ichida ichki va tashqi olamda qanchalar odmi, joʻn holatlar, hayratomuz harakatlar yuz bersa, hammasini shu muayyan vaqt birligi, makon va holat birligi tasvirida gavdalantirishni niyat qilgan va favqulodda amalga oshirishning iloji yoʻqday koʻringan badiiy natijalarga erishgan. Psixika, ruhiy jarayonlarning benihoya murakkab hodisalarini soʻz bilan ifodalash fenomenini yaratgan va usuli qudrat kashf etgan. Bularni zamondosh adiblar va tadqiqotchilar “montaj usuli”, “ong oqimi” deganga oʻxshash tushunchalar bilan ataganlar. Aql bovar qilmas badiiy tasvirning yangi usullari shunday dunyoga kelgan. Asar ne-ne zamonlar, ne-ne oʻtkir masalalarni qamrab oladi. Voqealar badiiy farosat bilan qurilgan juda nozik badiiy assotsiatsiyalarda halqa-halqa oʻzaro bogʻlanib boradi. Zamonlar Blum, Stiven, Molli sigari qahramonlar xayolida quyun kabi olis tarixlarga, olis tarixlar esa Irlandiya milliy ozodlik harakatining juda murakkab kolliziyalariga tinimsiz ulanib turadi. Leopold Blum – Odissey emas. Joys yangi zamon Odisseyi qanday qiyofaga kirganligini, uning sarguzashtlari endi nimfalaru turli asotiriy hodisalar ichida emas, XX asrning milliy ozodlik kurashlari, oddiy odamning oddiy kundalik tashvishlari, ogʻriqlari, alamlari, umid-umidsizliklari, hayotdan, qismatdan tinmay maʼno qidirishida kechayotganida koʻrsatadi. Stiven ham Hamlet emas. Ammo hamletchilik uni qanchalar oʻrtayotgani har damda seziladi. Stivenning oʻrtanishlari Hyote yaratgan Verter va Meysterning oʻrtanish va izlanishlariga, ularning insoniy fojialariga hamohang va oʻta oʻziga xosdir. Bunda Hamlet anʼanalari yangi-yangi shakllar va qiyofalarga kirayotganligini kuzatamiz. Joys gʻalati fikrlovchi intellektual odamlar qiyofalarini kashf etdi. Blum va Stivenning cheksiz kechinmalarida axboriy majozlar silsilasi oqib yotadi. Avangardga past nazar bilan boquvchilar va osongina tushunolmadik, deb yuruvchilar oʻzlari bilmagan holda zamondan orqada qolib ketadilar. Eski klassik mezonlar izidan yangi estetik mezonlar sanʼatga kirib kelganligi, yangi sanʼat dunyosini bino qilayotganidan bexabar qoladilar. Adabiyotchi uchun orqada qolish xayrli boʻlolmaydi.
Nihoyat, bugungi tajribalarda adabiyotning ertasi koʻrinadimi? Koʻrinmasa ham, seziladi. Lermontovning mashhur bir sheʼrini eslaylik:
Yest rechi – znachenye
Temno il nichtojno.
No im bez volnenya
Vnimat nevozmojno.
Kak polniʼ ix zvuki
Bezumstvom jelanya?
V nix sleziʼ razluki,
V nix trepet svidanya.
Haqiqatan baʼzan qorongʻi va odmi boʻlib koʻringan soʻzlar kishini qattiq hayajonga soladi, ulardan oʻquvchi ayriliqlaru visollarning tugʻyonlarini ilgʻab oladi va uzoq zamon shular taassurotida volayu hayron yuradi. Buning goʻzal misollarini Choʻlpondan ham, Hamid Olimjondan ham, Erkin Vohidovu Abdulla Oripovdan ham keltirish mumkin. Yangi adiblarimizning baʼzan tushunarsiz va qorongʻi boʻlib koʻrinayotgan soʻzlarida, balki ajib hayajonlar va xayollar yashirinib yotgandir. Ularni anglash va hamroz boʻlish uchun oʻquvchi maʼrifati, soʻzga muhabbat qanchalar zarur.
Ibrohim GʻAFUROV
“Sharq yulduzi”, 2014–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anana-va-asllik/