Rahmatli Ayaqizbibi onamning gaplariga qaraganda men ayni qovun pishigʻida Doʻdagan qiridagi qovun polizimizda tugʻilgan ekanman. Balki shungadir muattar hidlar ichida men uchun eng muattari tong shudringi arimagan polizdan taraladigan, yam-yashil palaklarga burkanib yotgan handalak, bosvoldi, obinovvot, shakarpalaklar hidi.
Padari buzrukvorim Anorboy Xidir oʻgʻlining aytganlariga qaraganda mening muchalim it ekan. Binobarin, 1922 yilda Turkistonning Qarnoq qishlogʻida tavallud topgan ekanman.
Bolaligimdan qolgan yorqin xotiralarimdan biri, besh-olti yoshda boʻlsam kerak, Doʻdagan qiridagi polizimizdan qishloqqa yolgʻiz oʻzim qaytganim. Oldinda Toʻrtkoʻz itim yoʻl boshlab borayotibdi. Men koʻk eshakdaman. Tepalikdan pastga qarab asta tushayapmiz. Qorongʻilik quyuqlashgan sari meni vahima bosa boshladi. Jilgʻa ichidagi chaqirtikonli butalar tagida biror yirtqich pisib yotganday tuyuladi. Soʻqmoqdan kesib oʻtgan yumronqoziqdan ham choʻchib tushaman. Ostimdagi eshagim esa beparvo, quloqlarini dingaytirganicha erinchoqlik bilan tap-tup imillaydi. Xalachoʻpni ishga solaman-da, Toʻrtkoʻz, deya baqiraman. Itim lahzada oyoqlarim ostida paydo boʻlib qoladi. Shu zahoti mendan qoʻrquv chekinadi va tevaragimga yurak betlab boqaman. Bolalikdagi oʻsha hamrohim, qoʻriqchimga “Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari” degan qissamda goʻyo haykal qoʻydim. Toʻgʻri, asardagi Toʻrtkoʻz obrazi umumlashma, Parkent, Forish, Nurota, Bobotogʻ yaylovlarini kezganlarimda koʻrgan-bilganlarim, choʻponlarning boʻribosar itlari toʻgʻrisidagi afsonalar asarga asos boʻlgan.
Mening yana bir “buyuk” sayohatim, bolalik xotiramda oʻchmas iz qoldirgan voqea Hazrati Sulton (Xoja Ahmad Yassaviy) ziyoratiga qilgan safarimizdir.
Hali-hali yodimda: hovlimizda bayram kayfiyati: oyim boshliq opalarim, akalarimning qoʻli-qoʻliga tegmaydi, yugur-yugur. Pishirishayapti, qovurishayapti, xurjunga joylashayapti, qoplashayapti. Dadam boʻlsa bogʻ etagidagi gʻuj oʻsgan qayragʻochlardan birini kesib, butab-shilib, toʻrt gʻildirakli aravaga oʻq yasash bilan band. Nihoyat, qorongʻi tushganda safar hozirligi taxt boʻldi: aravaga yuklar ortilgan, qoʻsh ot qoʻshilgan. Men bilan ukam Tojiddinni qoplar ustiga koʻrpacha solib oʻtqazishadi. Oyim negadir koʻziga yosh olib, opalarim esa kulishib bizlarni oʻpib xayrlashishadi. Otlarning tizgini Asadullo akamning qoʻllarida, yonlarida dadam, joʻnab ketdik. Qishloqdan chiqmasimizdanoq uxlab qolibman. Koʻzimni ochib, boshimni koʻtarganimda koʻkdagi yulduzlarday yiltiragan chiroqlarga nazarim tushadi. Bu uzoqdagi shahar chiroqlari edi. Oʻsha tomonda koʻkka tiralgudek baland gumbaz ham koʻzga tashlanadi. Meni hayratga solgan bu gumbaz Hazrati Sulton zoti muborak Xoja Ahmad Yassaviyning maqbarasi ekan. Nihoyat qirdan inib, toshloq soydan kechib, Qorachiq qishlogʻidan oʻtib, tong otganda kutilgan manzilga yetib ham keldik. Dadam bilan akam olib kelingan nazr-niyozlarni ziyoratgoh mutasaddilariga topshirish bilan ovora, biz Tojiddin ikkovimiz esa mahobatli maqbara koshinlarini tomosha qilish bilan bandmiz. Koʻzim shiftda, anqayib turganimda qoʻlimdan kimdir tutgancha qayoqqadir yetaklaydi. Yana kimdir, es-hushimni yiqqunimcha, birpasda kokilimni qirib ham tashlabdi. Tojiddin ukam kokilsiz boʻlib qolgan boshini silab, labini burgancha menga qaraydi. Men ham oʻz boshimni silab turib kulib yuboraman. U ham kuladi.
Kokillarimizni olgan usta, shu damda hozir boʻlgan shayx, dadam, akam hammamiz fotihaga qoʻl ochamiz. Shayx bizga Xudodan hidoyat, uzoq umr, omad tilab duo qiladi. Bu mening taxminim, albatta, fotihaning maʼnosiga tushunmagan boʻlishim mumkin, lekin butun diqqatimni jalb etgan narsa shayxning qiroati − uning ogʻzidan chiqqan har bir soʻz nafis ilohiy bir kuyday eshitilardi.
Maktab yoshiga yetganimda qishlogʻimizdagi maktabga borib oʻqish nasib etmadi. Sababi, qishloqdagi oʻn yettita badavlatroq xonadon boshliqlari kabi uy-joylari, mol-mulki musodara qilinib Sibirga surgun qilingan, boshliqsiz qolgan oilamiz birovlarga mute boʻlib koʻchib-qoʻnib yurgan kezlarda kichik goʻdaklarni maktabga berish kimning ham koʻngliga sigʻardi deysiz.
Oʻttizinchi yilning boshlarida boʻlsa kerak, jar koʻchadan qiy-chuv, toʻs-toʻpolon koʻtarib olomon oʻta boshladi. Bu payt Asadullo akam meni tizzalari orasiga olgancha koʻcha eshik oldida Mamadali yezna bilan choʻnqayib oʻtirishib nima haqdadir soʻzlashayotgandi. Biz bu vaqtda ammamizning eri oʻsha Mamadali yeznaning hovlisida yashayotgan edik.
Jar koʻchada olomon ketidan chopib borayotgan bir kishi qoʻlidagi tayogʻini siltagancha: “Hey Asat, yurmaysanmi!” − deb chaqirgani hali esimda. Mamadali yeznam: “Bu toʻpolonga sen aralashma. Boshingga balo orttirasan, borma,” – deganlariga qaramay akam ketdi.
Biz turgan joydan uch yuz metrcha narida kolxoz omborxonasiga aylantirilgan Xalpa buvaning hovlisi tomonidan baqir-chaqir eshitilib turar edi. Keyincha, aqlimni taniganimdan soʻng oʻsha toʻpolonning sababini angladim: yeb-ichib turgan don-duni, sogʻib sutini ichadigan sigiri, hatto tovugʻigacha umumlashtirish bahonasida tortib olingan qishloq ahli bu zoʻravonlikka qarshi bosh koʻtargan ekan. Xalq gʻazabining junbishga kelishiga shoʻrolar hokimiyatining qishloqdagi haqiqiy vassali – bolsheviklar firqa yacheykasining kotibi boʻlmish Otoboy degan, boʻrk ol desa, bosh oladigan hovliqma kimsaning xalq urf-odatlarini, odamlarning izzat-nafsini poymol qilishi sabab boʻlgan. Oqibatda u oʻldiriladi. Ombordagi don tashib ketiladi, mol-buzoq, ot-ulov olib ketiladi.
Toʻpolonning ertasi kuni uygʻonib tashqariga chiqqanimda maydalab qor yogʻayotgan edi. Kecha olomon toshqinday toshib oʻtgan jar koʻchadan endi allaqanday suvoriylar oʻtmoqda edi. Ular hozirgacha men koʻrmagan gʻalati qiyofada – nayzaday uchlik bosh kiyim, egnilarida oyoqlarini uzangigacha yopgan uzun kigizday kiyim. Bellarida qilich, yelkalarida miltiq. Yurakka vahima soluvchi tuki sovuq otliqlar. Ular qoʻzgʻolonda qatnashganlarni, Mamadali yeznaga oʻxshagan qatnashmaganlarni ham yigʻib olib, oldilariga solib yayov haydab ketishdi. Oʻsha haydalganlardan koʻplari, Asadullo akam ham, Mamadali yezna ham qaytmadi… Ularga qoʻshib Qarnoq nomini oʻchirib tashlash niyatida qishloqqa Otoboyning nomini berdilar.
Qarnoq nomi bilan birga keyincha qishloqni obihayot bilan taʼminlab, obod etib turgan Qorasuv va Shoʻrgʻam buloqlari ham soʻndi, yoʻq boʻlib ketdi.
Nurota, Navqaota yoki Baliqchimozor buloqlarini koʻrish, shifobaxsh suvidan bir hovuch ichish nasib etganmi sizga? Qorasuv, Shoʻrgʻam buloqlari ham oʻshalar kabi tiniq, sersuv, rohatbaxsh buloqlar edi. Qoratogʻ etagidagi ming uyli Qarnoq yana Juynak (Yugnak) qishloqlari aholisining chanqogʻini qondirar, bogʻ-rogʻ, ekinzorlarini sugʻorib, qut-baraka va xushchaqchaqlik baxsh etar edi. Ming afsuski, tabiat ehsoniga qanoat qilmagan noshukur bandalar Qoratogʻ bagʻrini oʻyib, inson qonini toʻkishga moʻljallangan oʻq-dori yasash uchun qoʻrgʻoshin qazib olib, tabiiy muhit muvozanatini shavqatsizlarcha buzdilar. Oqibatda Qorasuv, Shoʻrgʻam va boshqa necha-necha zilol suvli buloqlarning koʻzi bekildi. Qoratogʻ bagʻridan sizadigan suv tomirlari qirqildi. Ariqlarda toʻlib oqqan, qoʻsh-qoʻsh tegirmonlarni yurgizgan, tevarak-atrofni yashnatgan, chiroy baxsh etgan u buyuk ehson buloq suvlar endi yoʻq. Ana qanoatsizlik, ochofatlik, zoʻravonlikning oqibati!
Dadam Sibir surgunida boʻlgan davrida davlat idoralariga oʻtin tashib aravakashlik qilib yurganida bir yaxshi odamga duch kelib qolibdi. Soch-soqoli oppoq keksa odamning xizmati unga yoqib qolgan boʻlsa kerak, “Maskovdagi kattakon” nomiga ariza yozib beribdi. Ariza, mening gunohim qashshoqlarga nisbatan boyroq boʻlganim boʻlsa, boylik, uy-joy barini hukumatga topshirdim. Agar mening boshqa aybim boʻlmasa, tentirab qolgan bola-chaqam oldiga boray, ruxsat bering, degan maʼnoda yozilibdi.
Qarang, ariza ijobiy hal qilingan boʻlsa kerakki, dadamni ozod qilishibdi. Turkistonga yetib kelib, bismillohir rahmonur rohim, deb vagondan tushishlari hamon militsiyaga duch kelibdi. Ular ha – yoʻq, be – yoʻq, toʻgʻri militsiya boshqarmasiga boshlab borishibdi. Boshliq, bir vaqtlar surgunga joʻnatgan eski tanish, dadamning oqlangani toʻgʻrisidagi hujjatni tekshirib koʻrib: “Onake, ovulinga borsang u yerdagilar seni tutib, yana mening oldima olib kelishadi. Boshima balo boʻlma. Tezroq quri bu yerdan!” – debdi. Dadam, boshliqning soʻziga kirib, qishloqqa bormay, bizlarni tanish odam orqali Turkistonga chaqirtirib olib, Namangan tomonga “qurigan” ekan.
Oʻttiz birinchi yilning bahorida boʻlsa kerak, biz hozirgi Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Qizil ravot” sovxozida qoʻnish topganmiz. Yangiariq kanalining pastida Norin daryosi boʻyida Qirgʻiz mahallasida yashovchi Xoʻjabek degan musulmonqobil, rahmdil bir kishi bizga boʻsh yotgan somonxonasini boshpana qilib bergan edi.
Sovxoz markazi Yangiariq kanalining oʻng tomonida joylashgan boʻlib, ekin yerlari kun chiqishdan kun botishga tomon choʻzilgan adirgacha borardi. Shimol tomondan kanalgacha paxsa devor bilan chala-yarim oʻralgan qoʻrgʻonchada beshta oq tom boʻlib, ulardan bittasida direktor, bosh agronom, buxgalter oilalari bilan yashar, bittasi idora, boshqasi oshxona va mutaxassislarga moʻljallangan yotoqxona edi. Yana uzun-uzun ichi-sirti loysuvoq taxta uy − baraklar ham boʻlardi. Ularda SSSR deb nomlangan bepoyon mamlakatning har tomonidan bizga oʻxshab “haqsiz” qilinganlar, ochlikdan oʻlmaslik chorasini qidirganlar joylashardilar.
Sovxoz qoʻrasining oʻrtarogʻida bir qorovultepa boʻlardi. Unga dor tiqilib, temir quvur osib qoʻyilgan edi. Oʻsha quvur erta tongda kattakon bolgʻa-bosqon bilan urib chalinar edi. “Da-ang-da-ang” etgan ovoz necha chaqirim narida ham bemalol eshitiladi. Bu uyquda yotganlarni uygʻotish, “choy”ga chaqirish “izbanagi”. Uyqudan uygʻongan ishchilar qoʻllarida choynakmi, qumgʻon, moʻrcha biqinida qaynayotgan kubdan dogʻ suv olishga shoshiladi. Topganlar dogʻ suvga vayzon choy yoki olma choy damlab nonushta qiladi. Topmaganlar dogʻ suv ichib qanoat qiladi. Ikkinchi bor “izbanak” chalinganda hamma odamlar ham, ot-ulovlar ham ishga joʻnaydi. Sovxoz deb atalgan davlat xoʻjaligida bari ish qoʻmanda boʻyicha bajariladi. Dadamning aytganlariga qaraganda, tushlikka chorlab “izbanak” chalinganda u kishining aravaga qoʻshilgan otlari ham quloqlari ding boʻlib, otxonaga olib qochishga harakat qilib qolar ekan. Kechqurun ish tugaganini bildirib zang urilgandan keyingina nafas rostlashga ruxsat beriladi.
Men tushlikka yetib borish ilinjida ota-onam, akam, yangam, opalarim ishlayotgan paxta dalasi tomon yoʻl olaman.
Sovxoz qoʻrasidagi oshxonada pishiriladigan baliq shoʻrva (qiltanoqlari qoshiqqa ilinsa ilinadiki, eti koʻrinmaydi) yoki achigan karam shoʻrva katta termoslarda keltirilib, dalada ishlayotganlarga bir choʻmich-bir choʻmichdan tarqatiladi. Och-nahor egatotizda sudrala-sudrala gʻoʻza chopiq qilgan onam oʻsha shoʻrvadan oʻzidan orttirib, mening ogʻzimga tutadi. Dadam esa oʻzi yemay asrab orttirib qoldirgan bir burda nonini belidagi belbogʻi qatidan chiqarib menga beradi. Himmatingizga tasanno, ey mehr-oqibati togʻday muruvvatli insonlar! Qaniydi sizlarning menga qilgan yaxshiliklaringizning mingdan birini qaytara olgan boʻlsam!
Sovxozdagilarning deyarli bari bizning oilamizga oʻxshab, zamona zayli bilan bor-burdidan ayrilib quvgʻinga uchragan, tirikchilik umidida har qancha zahmat chekishga tayyor, haq-huquqsiz kelgindi bandalar edi.
Oʻttiz ikkinchi-oʻttiz uchinchi yillar eng ogʻir, ocharchilik va uning oqibati oʻlaroq yuzaga kelgan bezgak, terlama, sil va boshqa son-sanoqsiz kasalliklar bechorahol bandalarning xalqumidan olgan, kulbalardan mayit chiqmagan kun boʻlmagan. Odamlar yaqin kishisi oʻlganda ham yigʻlamas, koʻziga yosh kelmas, goʻyo yigʻlashni unutib qoʻyganday edi.
Yangiariq kanalining baland qirgʻogʻida oziq-ovqat doʻkoni boʻlardi. Oʻsha yerda kechki payt ishlaganlarga bir qadoqdan, ishga yaroqsiz oila aʼzolariga yarim qadoqdan non beriladi. Nonki, qop-qora, siqsang suvi chiqadi. Oʻshayam talon-kartochkaga beriladi. Men maktabdan qaytganimdan keyin darhol non doʻkoniga shoshilaman. “Oʻchirid” olaman. Non kelganda qiyomat qoʻpadi. Men siyoqli bolalar oyoq ostida qolib ketishimiz hech gap emas. Hammaning koʻzi doʻkon darchasida boʻladi. Ayash hech kimning esigayam kelmaydi. Kechki “izbanak”dan keyin ishdan qaytgan Neʼmatullo akam kelib, mening oʻrnimga navbatga turadi. Ana shunday ur-sur bilan non-nasibaga erishishday “baxt”ga muyassar boʻlamiz. Baʼzi hollarda non yetmay quruq qaytgan zulmatli kunlar ham boʻlgan.
Mening bolalik qalbimda alamli, chuqur iz qoldirgan yigirmanchi yillarning oxiri, oʻttizinchi yillarning boshlarida Iosif Stalin boshliq bolsheviklar partiyasi qishloqlarda zulm va zoʻrlik bilan amalga oshirgan yer islohoti, kollektivlashtirish siyosati tufayli yuzaga kelgan qahatchilik va qirgʻin – xalq fojiasini “Mehr”, “Umr” qissalari va “Sayli” romanimda imkon boricha koʻrsatishga harakat qilganman.
Ibrat sifatida shu narsani taʼkidlardimki, oʻsha eng ogʻir yillarda ham men maktabni tark etmaganman. Dadam bunga yoʻl qoʻymasdi. Maktabimiz hozir siz bilan biz bilgan hashamatli qasrlar qiyofasida emas, yoʻq, “bosmachilik harakati” nomi ostida laʼnatlangan xalq ozodlik harakatida qatnashgan, yoki boy-mushtumzoʻr sanalib, sinf sifatida yoʻq qilinishga mahkum etilganlardan birortasining uyi – oʻrtasida ayvon, ikki chetida ikki xonali bir imoratda oʻqir edik.
Oʻttiz toʻrtinchi yil fayzli keldi. Yogʻin koʻp boʻldi. Sovxozning adir bagʻriga sepgan bugʻdoyi bizga oʻxshagan bolalarni koʻmib ketadigan darajada bitib berdi. Kimki yer tatalab ekin ekkan boʻlsa, baraka topdi. Dadam tomorqa yonidagi qadimdan qolgan qorovultepani gir aylana oʻyib ekkan oshqovoq, tarvuzi chunonam bitdiki, tashib ado qilolmay qiynaldik.
Yaratguvchining sendan harakat, mendan barakat, degani shudir-da. Lekin ishyoqmas hasadgoʻylar koʻrib ich-etlarini yeyishdi chogʻi. “Ilgarigi boylar yana boy boʻlib ketishdi”, deb gʻulu koʻtarishibdi. Qarang, yot unsurlar, quloqlar deyishib, Oqsoqol amakim, Yoʻldoshxoʻja pochcha oilalari va bizni sovxozdan haydashdi. Uchqoʻrgʻonga roʻbaroʻ Norin daryosining bu betida kapa tikib oʻtirdik. U yerda ham tinch qoʻyishmadi. Qishloq shoʻrosining raisi ot surib kelib, u yerdan ham haydadi. Chortoqqa koʻchdik. Bir yaxshi odamning chetroqda hayʼati – bogʻi bor ekan, oʻsha yerda qishladik.
Xilvat joy. Qoʻni-qoʻshnilar yoʻq. Qoʻrgʻonchadan baland jarlik koʻrinib turadi. Oʻsha jar tagidan oqib oʻtadigan ariqdan suv tashib ichamiz. Kattalar bu yerda ham oʻzlariga ish topishadi, bekor oʻtirishmaydi. Oyim jar tagida oʻsgan quruq xashaklarni yulib yigʻib kelishni buyuradi. Biz Obodxon opam ikkimiz aytganlarini qilamiz. Oyim kigiz-sholcha tagiga koʻtarib kelgan xashagimizni yoyib soladi. Shunday qilinsa yerning zaxi oʻtmas emish, ham uy ichi harna issiq boʻlar emish. Akam qurigan daraxt shoxlarini butab, arralab, yorib, oʻtin tayyorlaydi. Kelinoyim uy ichidagi moʻriga oʻt yoqadi. Qoʻrga choydish qoʻyadi. Hammaning oʻziga yarasha yumushi bor. Dadam nonushtadan keyinoq juma namozni machitda oʻqishga hozirlik koʻra boshlaydi.
Shunday kunlardan birida dadam bir dasta kitob koʻtarib keldi. Boʻsh vaqtlarida sandal toʻridagi oʻz joylarida oʻtirib, kitob oʻqishga tushadi. Men oyogʻimni sandalga tiqqancha koʻrpaga oʻranib yotib quloq solaman. Hazrati Alining dini islom yoʻlida koʻrsatgan qahramonliklari, shahzoda Muhammad Xanafiyaning ishqiy sarguzashtlarini eshitib zavqim toshadi; “Ibrohim Adham” dostoni qahramonlarining hidoyat yoʻlida tortgan aziyatlari qalbimni larzaga soladi. Boshimni koʻrpaga oʻrab sim-sim ezilib yigʻlayman.
Dadamdan “eskicha oʻqishni” tez oʻrgatasiz, deb turib oldim. Bolaligimning begʻubor davrida dadam taxtada alifbeni, harqalay, tanitgan – “alifkisin-a, ostin-bi, oʻtira-tu-u” kabilarni hijjalab yotardim. Shu qoʻl keldi. Eng avval Qozon bosmasida chop etilgan “Goʻroʻgʻli” dostonini oʻqishni oʻrgandim. Bir yomonlikning bir yaxshi tomoni ham bor, deguvchi edi dadam. Bir qaraganda, bizni sovxozdan, boylar yana boyib ketdi, deyishib quvgʻin qilishgani men uchun foydali boʻldimikan, bir qishda arab alifbosidagi kitoblarni tuzukkina oʻqiydigan boʻldim. Yuqorida tilga olingan asarlardan tashqari “Devoni Mashrab”, “Ming bir kecha” arab ertaklarini ham qoʻldan qoʻymay oʻqib chiqqandim. Bir mavsum maktabga borishdan mahrum boʻlgan esam-da, oʻzimcha oʻqish, mutolaa qilishdan qolmadim.
Yerdan qor ketib, bahor nafasi esa boshlaganda “Qizil ravot” sovxozidan “elchi” keldi. Direksiya ishga chaqiribdi. Ishchi kuchi kerak boʻlib qolgan shekilli ularga. Noz qiladigan zamon emas. Borish kerak, dedi dadam.
“Qizil ravot” sovxoziga qaytishdan hammadan ham koʻproq men quvondim. Maktabimni, sinfdoshlarimni, oʻqish payti muallim, sinfdan tashqarida boʻladigan oʻyinlarimizda “otaboshi” Sodiqjon aka Parpiyevni qayta topdim.
Oʻttiz beshinchi yili oʻqish mavsumi oldida akam meni Uychi tumanida, oʻsha paytda yagona Jiydakapadagi internat tipidagi toʻliqsiz oʻrta maktabga olib borib topshirdi. Bu yerda oʻz xulq-atvori, bilimi, muomalasi bilan meni oʻziga rom etgan til-adabiyot oʻqituvchisi, ilmiy mudir Toji Hasaniy domlani uchratdim. U kishi oʻzbek tili va adabiyotidan dars beradigan, bilim beradigan ustozgina boʻlib qolmay, maktab bolalarini oʻz farzandlariday koʻradigan ota, mehribon inson edi. Baʼzan kechalari uygʻonib qolganimda Hasaniy domlaning yotogʻimizda asta aylanib yurganlarini, usti ochilib qolgan bolalarning koʻrpasini toʻgʻrilab yopib qoʻyayotganlarini koʻrib qolardim.
Jiydakapa maktabida Toji Hasaniy domlaning tashabbuslari bilan birinchi bor, “tirik” yozuvchilarni koʻrishga muyassar boʻlganman. U vaqtga qadar xrestomatiya kitoblarida suratlarinigina koʻrganman va oʻsha xrestomatiyaga kiritilgan Sadriddin Ayniyning “Odina”, Oybekning “Temirchi Joʻra”, Gʻafur Gʻulomning “Koʻkan batrak”, Hamid Olimjonning “Koʻklam” kabi asarlarini oʻqigan edim.
Maktabimizga chinakam yozuvchilar kelishlarini eshitganimizda bayram kayfiyati chulgʻab olgandi bizni. Qogʻozlardan uch burchak-uch burchak qiyoqlar qirqib koʻk, qizil, sariq, har xil boʻyoqlarga boʻyab, kanop iplarga tizib, yugurib tayyorgarlik koʻrishlar… Eh-ha, qanchalik hayajonli damlar! Shuncha yugur-yugurdan keyin biz oltinchi sinf oʻquvchilari Norin boʻyiga yuvinishga ketsak, mehmonlar kelib yettinchi sinfdagilar bilan uchrashgani kirib ketishibdi. Eshik yopilgan. Bostirib kirib borish noqulay. Derazalar oldidagi daraxtlarga tarmashib chiqib, shoxlarga qushday qoʻngandik. Ochiq derazadan toʻrda oʻtirganlarga angrayib qarayman. Anovi baland boʻyli, sochlari qunduzday, qirraburun odam, kitobidagi rasmidan tanidim. Uygʻun. Toʻladan kelgan, kulcha yuzli boshqasini, yoʻq, tanimadim. Keyincha Hasaniy domladan soʻrab bilsam, Otajon Hoshim ekan.
– Tong fanori oʻchmasdan,
Bizning Jontemir…
Shoirning ogʻzidan har bir soʻz, har bir misra goʻyo yogʻdu sochib chiqar, men sehrlanganday daraxt shoxiga yopishgancha qotib qolgan edim. Oʻsha kuni hamma uxlaganda yotoqxonadagi lampa chiroqni koʻtargancha oshxonaga chiqib, menga tinchlik bermayotgan hayajonimni qofiyaga solib, qogʻozga tushirganman. Balki oʻsha “sheʼr”imda “osh”ni “bosh”ga yoki “tosh”ga qofiya qilgandirman… Jiydakapa internat-maktabida mening boshimni silab, soʻzni his etish va badiiyatga havas ruhini singdirgan ustoz Toji Hasaniyni ham zamon zoʻrlari xalq dushmanlari safiga tirkab yuborishganini keyincha alam va iztirob bilan eshitdim. Nadiyev degan fizika va matematika oʻqituvchimizni ham. Bilimdon, yaxshi odamlar edi. “Koʻz tekkan” boʻlsa kerak ularga. E, Xudo! Yomon koʻzdan asrasin ekan!
Bolalikdan boshlangan kitobga muhabbat meni hech qachon tark etmagan. Oʻttiz oltinchi yili, birinchi bor oʻz pulimga kitob sotib olganman. Bunday “jasorat” Andijon vokzalida aylanib yurganimda yuz bergan. Pul aslida muzqaymoq yoki birorta qandolatgami, pashmakka moʻljallangan edi-da.
Neʼmatullo akamga “Qizil ravot” sovxozi kasaba tashkilotidan tekkan putyovka bilan Vodil qishlogʻida ochilgan pionerlar lageriga ketayotgan edim. Poyezd kelishiga hali vaqt bor. Vokzal oldidagi maydon tevaragidagi magazinlarga kirib-chiqib yurganimda bir qora muqovali kitobga nazarim tushib qoldi. R. E. Raspe, “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” deb yozilgan. Gʻalati rasmlar bilan bezatilgan. Yana deng, oʻzbek tilida ekan. Narxiyam arzon, bor-yoʻgʻi bir stakancha muzqaymoqning puli. Darhol sotib oldim. Ochib birinchi sarguzashtni oʻqiy boshlashim bilan… Yoʻq, oʻkinmadim. Butun yozgi taʼtil davomida bu kitob mening eng yaqin hamrohim, hamsuhbatim boʻldi.
Oʻsha yillari Pushkin oʻlimining yuz yilligi munosabati bilan uning “Ruslan va Lyudmila”, “Suv parisi” kabi boshqa ertaklari bolalar va yoshlar gazetalarida katta shoirlar tarjimasida chiqib turardi. Ilojim boricha har bir sonini sotib olib, koʻproq “qizil burchak”, kutubxonalarga qatnab topib oʻqirdim. Vilyam Shekspirning Choʻlpon tarjimasidagi “Hamlet” tragediyasini, Pushkinning Oybek tarjimasidagi “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanini, Gogolning hikoya va qissalarini, Lermontov, Ivan Turgenev, Lev Tolstoy, Daniel Defo, Jonatan Svift, Chexov, Taras Shevchenko asarlari bilan ana shunday kutubxonama-kutubxona kezishlarda tanishganman. Va ana shunday kezishlardan birida Oybek bilan tanishdim. Ha, gʻoyibona, albatta.
Sovet Ittifoqi davrida har bir shaharning Karl Marks nomida markaziy koʻchasi boʻlardi. Namanganda ham bor edi. Shu markaziy koʻcha bilan bolshevistik partiyaning bironta atoqli namoyandalaridan biri nomiga qoʻyilgan nomarkaziy koʻcha tutashgan muyulishda markaziy kutubxona boʻlardi. Shaharda boshqa kichik kutubxonalar, choyxonalarda esa madaniy oqartuv “qizil burchak”lar ancha edi. Masalan, Chorsudagi “Dom dehqon”da shunday kutubxona bor edi. Muyulishdagi oʻsha markaziy kutubxonaning koʻrgazmalar tokchasida “Oʻzbek adabiyoti va sanʼati” jurnalining nashrdan chiqqan yangi sonida menga toʻliqsiz oʻrta maktab xrestomatiyasidan “Temirchi Joʻra” dostoni orqali tanish Oybekning nomini va uning yangi asari – “Qutlugʻ qon” romanini koʻrib qoldim. Asar birinchi sahifadanoq meni oʻziga rom etgan edi. Kutubxonachi opa tepamga kelib, kech boʻldi, eshikni yopaman, deya haydamaguncha bosh koʻtarmay oʻqiganman.
“Qutlugʻ qon” oʻzbek adabiyotidagi men birinchi bor oʻqigan yirik nasriy asar. Toʻgʻri, Sadriddin Ayniyning “Odina”, “Doxunda”sini oldinroq oʻqigan boʻlishim mumkin. Ancha burun yozilib, shov-shuvga sabab boʻlgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini oʻqish menga faqat II Jahon urushidan qaytganimdan keyingina nasib etdi. Yashirincha qoʻldan qoʻlga oʻtib oʻqilib yurilgan bu muborak kitoblarni menga armiya safiga ketgunimcha Toshkent Davlat pedagogika institutida birga oʻqigan kursdoshim, keyincha hayot yoʻldoshim Hojiniso topib bergan edi. Umuman, mendayin urushdan jarohatlanib, egnida soldat shineli, oyogʻida kirza etik bilan qaytgan, biror juvali xizmatning etagidan tutish uchun qoʻlida kasb-kori boʻlmagan odam uchun Hojinisoning tasodifan tramvayda uchrab qolgani kelajak hayotimning tubdan oʻzgarishiga sabab boʻldi. Natijada oyogʻimdan tortayotgan qora yer, jigʻildon jilovining tortish kuchini yengib orzular quchogʻida havolanib yashay boshladim. “Qizil ravotga”, ota-onam yoniga qaytmadim. Mudofaa ministrligi ixtiyoridagi gʻisht zavodida ishlayotgan Neʼmatullo qori akam oilasiga yuk boʻlib Toshkentda qolib, kechki pedagogika institutiga oʻqishga kirdim. U yerda ilgari pedagogika institutida gʻarb adabiyotidan dars bergan domlamiz Hamid Sulaymonov ilmiy ishlar boʻyicha rektor oʻrinbosari ekan. Qirq beshinchi yilning noyabr oyi edi shekilli, kech boʻlsa-da, qabul qilishdi. Men shoshilardim. Kunlarni tunlarga ulab mutolaa qilar, fanlardan ekstern ravishda imtihon topshirardim. Bunga oliyjanob inson Hamid Sulaymon keng imkoniyat yaratib bergan edi. Bu yerdagi oʻqituvchilarning deyarli bari tanish, oʻsha ilgarigi domlalar Abdurahmon Alimuhamedov, Ayub Gʻulom, Murod Shams, Dolimov… Shunday qilib, kechki pedagogika institutini qirq oltinchi yili yozda tamomlab, shu yili oʻzbek adabiyoti boʻyicha Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (SAGU) aspiranturasiga ham kirishga ulgurdim.
Meni oʻqishni davom ettirishga ruhlantirgan, ijodiy izlanishlarimda koʻmakdosh boʻlgan, birinchi oʻquvchim, birinchi muharririm rafiqam Hojiniso boʻlgan. “Mehr” qissamga mavzu boʻlgan voqea va odamlarni bevosita u kishidan eshitganman va tanishganman. Shuningdek, “Sayli” romanining bosh qahramoni prototipini ham rafiqam yordamida uchratganman. Hatto ogʻir ahvolda koʻrpa-toʻshak qilib yotib qolgan paytida ham u menga koʻmak berishdan oʻzini tiya olmagan.
Toʻqson toʻqqizinchi yilning bahor chogʻi edi. Men kutubxonamda nima bilandir mashgʻul edim. Hojinisoning “Dadasi”, deb chaqirgani qulogʻimga chalindi. Chiqsam, pasaytirib qoʻyib radio tinglayotgan ekan. “Eshiting-a”, dedi. Oyoq tomoniga oʻtirdim. Bemor odam, koʻnglini qaytarsang boʻlmaydi. Eshita boshladim. Radiodagi gapga quloq solib oʻtirib, shunchalik ham sodda boʻladimi odam, deb, ham kulgim qistaydi, ham achchigʻim chiqqanidan oʻtirolmay turib ketaman. Biroz aylanib yurib jahldan tushganimda:
– Oʻzing-chi? – deyman oʻzimga oʻzim. Va xotiralarim qaʼrida koʻmilib yotgan ayrim voqealar koʻz oʻngimda jonlanib, koʻnglim alam, istehzo va nafratdan junbishga keladi. “Anqov” degan hikoyam ana shunday qalb iztiroblari mahsulidir. Bu ijodimda rahmatli bilan soʻnggi hamkorligimiz edi. U hayotining soʻnggi damlarigacha bolalarim deb, oilam deb oʻtdi. Men Hojinisoning ruhi poki oldidagi oʻz qarzimni qanday uzsam ekan deb har dam, har soat oʻylayman.
1949 yildan boshlab tanqidiy, publitsistik, nasriy asarlarim respublika va ittifoq gazeta, jurnal va nashriyotlarida chop etila boshladi.
Nafaqaga chiqqunimcha gazeta, jurnal (“Pravda Vostoka”, “Qizil Oʻzbekiston”, “Sharq yulduzi”, “Guliston”) tahririyatlarida, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishladim. Xizmat jarayonida katta ustozlar, tengdosh yozuvchilar bilan muloqotda boʻldim. Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Mirzakalon Ismoiliy, Asqad Muxtor, Rahmat Fayziy, Shuhrat, Hakim Nazir, Said Ahmad, Mirmuhsin, Hamid Gʻulom va boshqalar. Ularning asarlarini oʻqish, qoʻlyozmalari muhokamasida qatnashishning oʻzi menga katta maktab boʻlgan. Oybek akaning: “Oʻ – oʻqidim, yaxshi! Yaxshi!”, deb qoʻyishlarining oʻzi mening koʻnglimni balqitib yuborar; Abdulla Qahhorning: “Anorboyev… chaqirtikon bogʻlab tanqid qiladi” zaylida gapni kulgiga burib yuborishlari, yoki Hakim akaning asarim muhokamasida suyab, oʻz mulohazalari yakunida: “… hozircha asar yetmish besh foizga tayyor. Yana Sunnatulla bir zoʻr bersa asar qiyomiga yetishi aniq”, – deya kamolot sari daʼvat etishlari, albatta, foydadan xoli emas edi.
Bu katta ijodkorlarning menga nima bilandir nafi tekkani shubhasiz. Masalan, nozik taʼb, shirinsuxan inson, katta tarjimon, yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy bilan birlashgan nashriyot kassasi oldida tasodifan uchrashib qolgandik. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” jurnalida 1949 yilda ilk bor chiqqan asarim gonorarini olishga borgandim. U kishi ham gonorar olishga kelgan ekanlar. Birga qaytayotganimizda: “Sizni bir joyga taklif qilsam borasizmi?” – dedilar. Shunday ulugʻ odam taklif qiladi-yu, yoʻq dermidim. Quruq borish uyat. Gastronomga kirib u-bu narsa olishga taraddudlangandim, Mirzakalon aka qoʻlimni qaytardilar. “Hamma narsa bor, – dedilar. Oloy bozori biqinidagi choyxonaga bordik. Oʻsha yerda jurnal xodimlari, yana ancha-muncha yozuvchilar jam boʻlishib, osh qilishayotgan ekan. Mirzakalon aka meni oʻzlariga teng koʻrib, oʻshanday moʻtabar davraga – gapga qoʻshgan odamoxun inson edilar. Ellik birinchi yili “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi redaksiyasida adabiy xodim boʻlib ishlab yurganimda bir ayb (navbatchi edim, “signal” sahifasiga yuvingani chiqib kechikibroq qoʻl qoʻyganim) uchun haydalganimda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” jurnalida sarkotib boʻlib ishlagan Asqad Muxtor mendayin quvgʻindi, gunohkor bandani tap tortmay, jurnalga boʻlim boshligʻi qilib ishga olgan, bu bilan aslida, mening butun kelajagim belgilanishiga sababchi boʻlgan oliyjanob inson edi. Mirtemir aka “Oqsoy” romanim chop etilganda birinchilardan boʻlib oʻqib chiqqan va oʻz qimmatli fikrlarini bildirgan edilar. Jumladan:
– Sunnatulla, sening qahramoning Boboqul oʻzini qamchilagan xoʻjayini Maxsumni miltiq bilan otib qoʻyadi. Axir Boboqul choʻpon, choʻponning quroli koʻpincha tayoq boʻladi. Qamchi zarbi jonidan oʻtgan choʻpon tayogʻini sermab yuborib, azoblovchisini urib yiqitgan boʻlishi ham mumkin edi-ku? – degan edilar.
Bu, shubhasiz, choʻpon-choʻliqlar hayotidan ham xabardor nozik taʼb sanʼatkorning maslahati edi. Boshqa bir moʻtabar, oz yozsa ham soz yozgan adib Mirkarim Osim mening yetmishinchi yillarda yozgan “Umr” qissamni Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda ishlagan chogʻlarida oʻqib chiqib, muharrirlikka qabul qilar ekanlar:
– Menga asar yoqdi, lekin boshqalarga yoqmasligi, nashrdan chiqqanidan keyin qattiq tanqidga uchrashingiz ham mumkin, – deb ogohlantirgan edi.
Chindan ham aytganlariday boʻldi. Matbuotda ijobiy fikrlar ham boʻldi. Yaxshi gap kimga ham yoqmasdi. Achchiq soʻz chayon chaqqanday dilingni ogʻritishi mumkin. Muhimi, yozgan asaring adabiy jamoatchilikni beeʼtibor, loqayd qoldirmaganida.
Mening boshqa asarlarim “Oqsoy shalolalari” (qayta ishlangan “Oqsoy”), “Sayli”,”Sayri bogʻ”, “Suzib borar arxarlar” va boshqa qissa, hikoya, hatto ocherklarim ham munozaralarga sabab boʻlgan, birovlar yaxshi desa, boshqalar yomon degan. Buni tabiiy hol deb bilaman. Bundan xafa emasman. Aksincha, sokin koʻl beti shabadada jimirlab toʻlqinlangani kabi soʻzlarim qalblarga yetib, chertib oʻtgan, tebratgan ekan, men bekorga yashamagan ekanman bu dunyoda, demak hayotimdan rozi boʻlishga haqim bor ekan.
Ikki qiz, ikki oʻgʻlim bor. Katta qizim Xolida jurnalist. Koʻp yil turli gazeta va jurnallarda ishladi. Rusiy zabon oʻquvchilarni qishloqdagi jonkuyar tengdoshlari, atoqli oʻzbek fan arboblari va yozuvchi, sanʼatkorlar bilan tanishtirdi. Mening baʼzi asarlarimni tarjima qildi. Boshqa qizim Barnoxon meʼmor. Toshkentda uning tarxi asosida tiklangan imoratlar bor. Oʻgʻlim Ulugʻbek oʻqituvchi. Kenja oʻgʻlim Sherbek Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining zootexnika fakultetini bitirib, Surxondaryoda parrandachilik fabrikasida, Toʻytepa parrandachilik kombinatida xizmat qildi. Hozir tadbirkor. Nabiralar, evaralar, umri bilan bergan boʻlsin, oʻsib ulgʻayishayapti. Ular oʻzlarining ayrim “yangicha” qiliqlari bilan meni ranjitishsa, baʼzi ishlari bilan meni quvontirishadi. Oʻzim, shukur, qimirlab turibman. Yozayapman. Hali bitmagan narsalarim bor. Zora oʻsha narsalarimni koʻngillarga oʻtiradigan qilib, oxiriga yetkaza olsam.
Har tong uygʻonib koʻzimni ochganimda yangi kunni gʻanimat bilib:
– Assalom, yorugʻ jahon! – deya taʼzim qilib, hovliga chiqaman.
Sunnatulla ANORBOYEV
“Sharq yulduzi”, 2014–4
https://saviya.uz/ijod/nasr/assalom/