Forsiy tildagi adabiyotning zabardast tarjimoni

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengash mening nomzodlik dissertatsiyamga Oʻzbekiston fan arbobi, Xalqaro Firdavsiy mukofotining sovrindori, noziktaʼb adib Shoislom Shomuhammedovni rasmiy opponent qilib belgiladi. Ertasi kuni dissertatsiyaning bir nusxasini yoʻllanma xat bilan olib, Toshkent Davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetiga yoʻl oldim. Fakultetga borib, ikkinchi qavatga koʻtarilib, dekanatni topdim. Qabulxonadagi kotiba:

– Domla huzurlarida odam koʻp, kutib turing, – dedi. Bir ozdan soʻng ichkaridan 4-5 kishi chiqishdi. Kotiba oʻrta boʻyli, orasta kiyingan, baroqqosh odamga ishora etib, “shu kishi” deganday ishora qildi. Nimtavozeʼ bilan salom berib, ilmiy Kengash yoʻllagan xatni uzatdim. Koʻzdan kechirgach:

E, Hamidjon, sizmisiz, – deb qoʻlimdan ushlab ichkariga olib kirdilar. Hol-ahvol soʻrab, dissertatsiyani vapaqlab koʻrgach:

– Yaxshi mavzuni tanlagan ekansiz. Mendan ustozingiz Natan Murodovich Mallayevga salom ayting, taqriz 15 kunda tayyor boʻladi, – dedilar.

Haqiqatan ham, oʻn besh kundan keyin borsam, taqriz ikki nusxa tayyorlanib, imzo va muhr ham bosilgandi. Unda dissertatsiya ancha izchil, sinchkovlik bilan tahlil qilingan, yuqori baholangan edi. Oʻsha onda men oʻzimni gʻoyatda baxtli sezdim. Zeroki, Respublikamizning nufuzli dorilfununi dekani, oʻzbek sharqshunosligida oʻziga xos maktab yaratgan mashhur olimning yuksak bahosiga sazovor boʻlgandim. Shu-shu Shapq donishmandlariga xos kamtar, botamkin, hamisha ochiq koʻngil, fanimiz dargʻalaridan biri Shoislom Shomuhammedov bilan ustoz-shogird boʻlib qoldik: u kishi ilmiy tadqiqotlarimga yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, doktorlik dissertatsiyamga ham hakamlik qilgan, kitoblarimga oʻz mulohazalarini bildirganlar.

Bir kuni ustozni muborak sakson yoshlari bilan ziyorat qilib, dilkash suhbatlaridan bahramand boʻlish maqsadida Koʻkcha dahasidagi 1-Oqsoy mahallasida joylashgan hovlilariga bordim. Bir piyola choy bahona huzurbaxsh suhbat qurgandik oʻshanda:

 

Bobongizning soqol-moʻylovidan yosh tomardi

 

Ustoz, Siz Oʻzbekiston sharqshunoslari sardorisiz. Ilmning shu sohasini tanlashingiz tabiiy bir holmi yoki tasodifmi?

– Mening sharqshunos boʻlishim tasodif emas. Zeroki bobom, otam, togʻalarim, onam – barcha oila aʼzolarimiz ziyoli odamlar boʻlishgan. Togʻam Horun Sulaymonov hamda onam Sharofat ayalar chinakam Navoiyxonlar edilar. Ular Chor devonni arab alifbosida oʻqishardi, men esa baʼzi gʻazallarni lotinchaga koʻchirib, yod olib yurardim. Navoiy asarlarining oʻsha nusxalarini mashhur shoirlar Hamid Olimjon, Uygʻun hamda Amin Umariylar nashrga hozirlashgandi. Navoiy asarlarida arabcha hamda forscha soʻz, ibora, atama, birikmalar, badiiy tasviriy vositalar juda koʻp edi. Mening ongimga arab va fors tillarini bilmagan odam Navoiy asarlarini toʻla tushunib yetmas ekan”, degan tushuncha singib qoldi. 1939 yili harbiy xizmatga chaqirildim. Toshkentdagi piyoda qoʻshinlar harbiy bilim yurtini tugatgach, frontga joʻnatishdi. Jangda yarador boʻldim. Gospitallarda davolanib boʻlgach, Termiz chegara zastavasiga boshliq qilib tayinlandim. 1947 yili harbiy xizmatdan qaytib, Toshkent Davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetiga Eron-afgʻon filologiyasi ixtisosligi boʻyicha oʻqishga kirdim.

Kunlardan bir kun buvim huzurlariga chorlab, buyuk shoir Jaloliddin Rumiy Masnaviyi maʼnaviysining nodir qoʻlyozmasini berib, shunday vasiyat qildilar:

– Bolam, bu koʻp muqaddas kitob, ehtiyot qiling. Bobongiz uni oʻqiganlarida soqol-moʻylovlaridan koʻz yoshlari oqib turardi.

Men bisotim – kutubxonamni oʻzim uchun qadrdon boʻlgan Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti kutubxonasiga inʼom etganman. Oʻsha nusxa hozir ham shu kutubxonada caqlanmoqda. Demak, sharqshunos boʻlish mening asl zotim – qonimda bor ekan.

Oltmishinchi yillarda Siz fors-tojik adabiyoti tarixini jiddiy oʻrganishga kirishib, koʻplab tadqiqotlar, bir qancha shoirlarning oʻzbek tilida ilk bor ancha mukammal tarjimai holini yaratdingiz. Oʻnlab forsigoʻy adiblar asarlarini tarjima qilib, chop ettirdingiz va shunday jarayonlarga bosh-qosh boʻldingiz. Bu katta ijodiy hodisa maʼnaviy ehtiyojmidi yoki zamona taqozosimidi?!

Dorilfununni tugatgach, kafedraga ishga olib qolishdi. Ana oʻshanda butun orzularim amalga oshganday boʻldi, Navoiy hamda forsiy tildagi badiiy ijod durdonalarini jiddiy oʻrgana boshladim, tarjimalar qilish, ular asosida majmualar, guldastalar tuzishga kirishdim. Bu orada Sharq adabiyoti ixtisosligi boʻyicha filologiya fanlari nomzodi degan unvonning ham sohibi boʻldim. 60-yillarning oʻrtalaridan boshlab birin-ketin “Ehson Tabariy” (1959), “Haqiqat izlab” (1961), “Umar Xayyom” (1962), “Abdurahmon Jomiy” (1963), “Fors-tojik adabiyoti klassiklari” (1963), “Saʼdiy Sheroziy” (1964), “Malik ush-shuaro Bahor” (1967), “Fors-tojik adabiyoti klassiklari ijodida gumanizm” (1968), “Amir Xusrav Dehlaviy” (1971) singari risolalarim, monografiyalarim, koʻplab maqolalarim, tarjimalarim alohida kitob shaklida chop etildi; forsiy tildagi adabiyot ixtisosligi boʻyicha fan doktori (1969) degan ilmiy darajani olishga muvaffaq boʻldim. Hamma kitoblarimdagi tahlilga jalb etilgan misollarni asl dastxat matnlardan qidirib-topib, oʻzim oʻgirganman.

Oʻsha yillari Toshkent badiiy adabiyot nashriyoti huzurida “Sharq xalqlari adabiyoti” tahririyati tashkil qilindi va uni boshqarish ham mening zimmamda boʻldi. Butun faoliyatimni Sharq adabiyotini, xususan, fors-tojik adabiyoti injularini oʻzbek xalqining maʼnaviy mulkiga aylantirishga safarbar etdim. Natijada, ulugʻ shoir Roʻdakiydan tortib, deyarli barcha klassik forsigoʻy shoirlarning ijodiy merosi tarjima qilinib, chop etildi; koʻplab majmualar tuzildi. 1958 yili Toshkentda dunyo sharqshunoslarining Xalqaro Kongresi boʻldi. Bizning nashriyot arab, fors, hind, xitoy, yapon, uygʻur, vetnam va boshqa xalqlar tillarida ana shu Kongresga atab 57 nomda guldasta chop etdi. Bu va boshqa ishlarda mashhur shoirlar Xurshid, Muinzoda domlalar, Vasfiy va Jumaniyoz Jabborovlar bilan hamkorlik qilganmiz.

Ustoz, uzr, soʻzingizni boʻldim, – Umar Xayyom ruboiylari Sizning tarjimangizda 12 marta qayta nashr etilgan. Buning sehri nimada?

– Aslini olganda, buning hech qanday siri yoʻq. Zeroki, Umar Xayyom ruboiylari mazmunan chuqur, gʻoyaviy jihatdan teran, shaklan sodda, ravon, hammabop. Men tarjimada asliyatning ana shu xususiyatini asrashga harakat qilganman. Ayrim tarjimonlar shoir ruboiylariga oʻta erkin yondashib, badiiy sayqal berib, “originallashtirib” oʻgiradilar. Natijada, asliyatdan yiroq “yangi” ruboiy vujudga keladi. Bir kuni ziyoli bir doʻstim oʻgʻlining nikoh toʻyiga taklif etdi. Bazmda kelin-kuyovni tabriklash uchun meni oʻrtaga chorlashdi. Soʻz orasida kimdir: “Domla, Umar Xayyom ruboiylaridan oʻqib bering”, deb luqma tashladi. “Yoddan bilmayman”, deb qutuldim. Davrani boshqarayotgan suxandon yigit shoir ruboiylaridan oʻndan ziyodini oʻqib, meni hijolatdan qutqardi. Shunday, yaxshi sheʼrning tarjimasi ham asliyatidek xalq bilan hamisha hamroh yuradi.

Qaysi bir yili boʻlimimiz Hofiz Sheroziyning devonini nashr etishni rejalashtirdi. Ammo munosib tarjimon masalasida bir toʻxtamga kelolmadik. Maslahat Xurshid domlaga kelib toʻxtadi. Men u kishini qidirib Muqimiy teatriga bordim. “Ustoz ishdan boʻshab ketganlar”, deyishdi u yerdagilar. Keyin bilsam, adib “mafkurasi buzuq” ijodkor sifatida adabiy emakdoshlik vazifasidan chetlashtirilgan boʻlib, “Madaniyat” kolxozida bogʻbonlik qilib yurgan ekanlar. Bogʻlariga qidirib borib, muddaomni aytdim. Oxir-oqibatda Hofiz devoni Xurshid domla tarjimasida eʼlon qilindi. Asliyatini esa mashhur hattot Abduqodir Murodiy domla koʻchirib berdilar. Hofiz devonidan bir nusxasini oʻsha vaqtdagi Oʻzbekiston Markazqoʻmining Mafkura boʻlimiga eltib berdim. Ana shu tarjima bahona Xurshid domlani tez orada Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutiga ilmiy xodim qilib ishga olishdi. Buyuklar ruhini eʼzozlagan odam aslo kam boʻlmaydi.

Hayot ham murakkab, ham qiziq. Zeroki, baʼzi asarlarning yaratilishida turmushdagi biron bir turtki yoki biron kishi sabab boʻladi. Kunlardan bir kun xalq shoirimiz, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov “Shohnoma” dunyodagi deyarli barcha tillarga toʻla yo qisman tarjima qilingan. Ammo, ustoz, bu shoh kitobning oʻzbekcha sheʼriy tarjimasi yoʻq. Shu chun bu ishni oʻz zimmangizga olsangiz, degan istak bildirdi. Haqiqatan ham bu shoh kitob ikki marta nasr va nazmda oʻzbekchalashtirilgan boʻlsa ham, tugal sheʼriy tarjimasi yoʻq edi. “Rustam va Suhrob”ning Miriy varianti original asar. Shundan soʻng men “Shohnoma” tarjimasiga taraddud koʻra boshladim. Bunday qapacam, ushbu ulkan ishni bir oʻzim uddalashim mushkul koʻrindi. Natijada, bu xayrli yumushga doimiy hamkorlarim, forsiy tildagi sheʼriyatning bilagʻonlari, atoqli shoirlar Jumaniyoz Jabborov, Nazarmat hamda Hamid Gʻulomlarni jalb etdim. Bir necha yillik zahmat tufayli “Shohnoma”dek ulkan kitobning uch jildlik sheʼriy tarjimasi oʻzbek kitobxonlari qoʻliga yetdi. Asar ilm-adab ahli tomonidan iliq kutib olindi va tez tarqalib, noyob kitobga aylandi. Undan keyingi yillarda “Gumanizm – abadiylik yalovi” (1974), “Xazinalar jilosi” (1981), “Epos”, “Fors-tojik adabiyoti tarixi” (1987), “Shoh kitob va uning muallifi” (1991), “Jahonni maftun etgan adabiyot” (1992) singari kitoblarim, koʻplab yangi tarjimalarim eʼlon qilindi; qomuslarda, toʻplam va jurnallarda chop etilgan maqolalarim, Sharq sheʼriyati poetikasiga doir tadqiqotlarim ham anchagina. Koʻrinib turibdiki, bularning barchasi sheʼriyatga, badiiy adabiyotga mehrim, maʼnaviy ehtiyojim taqozosi ekan. Hatto yozgan risolalarim hamda tarjimalarimning ayrimlari zamon ruhiga juda ham yopishib tushmas, hamohang emasdi.

 

Adabiy jarayonga nega kech qoʻshilgansiz?

 

Bilishimcha, Siz badiiy ijodga, adabiy jarayonga ancha kech kirib kelgansiz. Buning boisi nimada?!

Aslida, men adabiyotga erta kira boshlaganman. Yaʼni oʻrta maktabda oʻqib yurganimdayoq sheʼr mashq qilib yurardim. Bir kuni Shchors, Chapayev hamda Lazolar haqida xalq qahramonligini madh etuvchi sheʼr yozdim-da, bolalar gazetasiga joʻnatdim. Oradan kun oʻtmay, redaksiyadan “uch qahramon haqida bitta sheʼr yozibsiz”, degan tanbehnamo javob keldi. Shundan soʻng oʻzim sheʼr yozib, oʻzim oʻqib yuradigan, baʼzan “oshiq” doʻstlarimga bir bayt, ikki bayt yozib beradigan boʻldim. Sizning savolingizda ham maʼlum maʼnoda jon bor. Zeroki, toʻqqiz yillik harbiy xizmat, yosh sal ulgʻayganda oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirib, jon-jahdim bilan fanlarni, Sharq tillarini oʻrganishga kirishib ketishim ham adabiy jarayonga kechroq kelib qoʻshilishimni taqozo etgan.

Uzluksiz ilmiy izlanishlar, Jahon adabiyoti namunalaridan bir necha ming bayt tarjima qilishim qalbim toʻridagi koʻhna ehtiyojni uygʻotdi, junbushga keltirdi. Tabiiy iqtidor, koʻp yillik tajriba oʻz hosilini bera boshladi, bir qancha ibratomuz hikoyatlar, ruboiylar, sheʼrlar, gʻazallar bitdim. Ular “Baqt” (1968), “Ruboiylar” (1968), “Gulbogʻ” (1972), “Gulbogʻ sayri” (1978), “Odam borki” (1982), “Gulbogʻ nasimi” (1991), “Durdonalar” (1998) nomi bilan kitobxonlar hukmiga havola qilingan. Men Gʻafur Gʻulom, Mirtemir, Yunus Rajabiy, Ibrohim Moʻminov singari koʻplab adabiyot, ilm, sanʼat allomalari bilan hamkorlik qilganman, oshno boʻlganman. Ular haqidagi esselarim “Fidoiylar va ruboiylar” (2003 ) nomli kitobimdan oʻrin olgan.

Shogirdlaringizdan koʻnglingiz toʻladimi? Sharqshunosligimizning hozirgi ahvoli va istiqboli haqida fikringizni bilmoqchi edim.

– Qirq besh yildan ziyodki, oliy oʻquv yurtlarida talabalarga dars beraman, aspirantlar, doktorantu tadqiqotchilarga rahnamolik qilaman. Demak, shogirdlarim juda bisyor. Ular orasida akademiklar, professorlar, davlat va jamoat arboblari ham bor. Shogirdlar haqida gap ketsa, ushbu ruboiy esimga tushadi:

Shogirdlar ham misli bolalar:

Bor-yoʻgʻingni sendan olarlar.

Baʼzilari koʻkka koʻtarsa,

Baʼzilari loyga qorarlar…

Xudoga ming qatla shukurkim, mening barcha shogirdlarim koʻkka koʻtaruvchilar, eʼzozlovchilar boʻlib chiqishdi. Hammalari mening yulimni tutishgan. Vatanimiz sharqshunosligiga ulkan hissa qoʻshib yurishibdi. Ularning ham mendek piri badavlat boʻlishlarini, shogirdlari esa, mening shogirdlarimdek sadoqatli va mehribon chiqishini istayman. Sharqshunoslik – murakkab fan. Zeroki, Sharq xalqlari ibtidosida turganimiz XXI asr tarixida ham muhim oʻrin tutadi. Dunyo tamaddunida ularning nufuzi tobora oshmoqda. Bularning bari adabiyot va sanʼatda ham oʻz inʼikosini topadi. Ularning hayoti, iqtisodiyoti, maʼrifati, bugungi intilishlarini har tomonlama idrok etish lozim. Hozir imkoniyatlar kengayib, sharoitlar yaxshilanib bopmoqda. Internet tizimining oʻzi bu imkoniyat naqadar ulkan ekanliginn koʻrsatmoqda. Demak, sharqshunosligimiz yuksalib borishi, shubhasiz. Uning yutuqlarini Vatan istiqboliga xizmat qildirish shogirdlarning kelgusidagi vazifasi, deb bilaman.

 

2006 yili ustoz ruboiylari Umar Xayyom ruboiylari bilan bir jildda (Nashr uchun masʼul – Minhojiddin Haydar, Tuzuvchi – Alisher Shomuhammedov) nashr qilindi. Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida ushbu kitobning taqdimoti boʻldi. Ming afsuski, Shoislom Shomuhammedov betobliklari tufayli bu tadbirda qatnasha olmadilar. Atoqli adib va olimlar bu “benazir ijodkor”ning adabiyotimiz, sharqshunosligimiz taraqqiyotidagi ulkan xizmatlari haqida toʻlqinlanib gapirdilar. Kamina ham adib Shomuhammedov ijodi haqida, xususan, hikoyatlari haqida bir nimalar gapirganday boʻldim. Shundan soʻng “Koʻpni koʻrganlar huzurida” rukniga oldingi suhbatlarimni toʻldirib bergim keldi.

Lekin oʻgʻillari “hozir mavridi emas, yana sim qoqarsiz” deb uchrashuvni opqaga surdilar. Hayhot, zamonamizning buyuk allomasi mana oramizda yoʻq. Ammo u kishi ilmiy asarlari, badiiy ijodlari, eng muhimi, faqat Shomuhammedovga xos maʼrifatga yoʻgʻirilgan yaxshi xislatlari bilan bizga hamisha hamnafas. Zeroki, ustozning sevgan ustozi buyuk Hofiz Sheroziy: Kimdakim bu olamda yaxshilik-la umrguzaronlik qilgan boʻlsa, u mangu tirikdir, deganlar.

Professor Shoislom Shomuhammedov ilmiy, ijodiy faoliyatining ilk davridan boshlaboq fors-tojik adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, bu adabiyot namoyandalari haqida ilmiy hamda ilmiy-ommabop asarlar yaratgan tolmas adib, zabardast sharqshunos boʻlgan. Uning ijodiy bisotida fors adabiyotiga doir tadqiqotlar muhim oʻrin tutar ekan, ular barcha zamonlarda yosh oʻzbek sharqshunoslari uchun dasturulamal va manba sifatida xizmat qilaveradi.

 

Hamidjon HOMIDIY,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/forsiy-tildagi-adabiyotning-zabardast-tarjimoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x