Annotatsiya
Bugungi kunda zamondosh qahramon obrazini yaratish dramaturgiyamiz oldidagi dolzarb masaladir. Maqolada zamonaviy dramaturglarimiz tomonidan yaratilgan zamondosh qahramonlar obrazi haqida soʻz boradi. Jumladan, R. Muhammadjonovning “Oydin”, Q. Norqobilning “Quyoshni sen uygʻotasan”, U. Azimning “Qurshov” dramalari qisqacha tahlilga tortiladi.
Annotatsiya
Sozdaniye obraza sovremennogo geroya – aktualnaya tema sovremennoy dramaturgii. V statye rassmatrivayutsya obraziʼ sovremenniʼx geroyev, sozdanniʼe uzbekskimi dramaturgami. V ney analiziruyutsya dramiʼ “Oydin”(R. Muxammadjonov),”Kuyoshni sen uygotasan”(K. Norkobil) i “Kurshov”(U. Azim).
Annotation
Create an image of the modern hero actual topic of modern drama. The article considers the created images of modern heroes Uzbek playwrights. It analyzes the drama as “Oydin “ ( R. Muhammadzhonov ) “Kuyoshni September uygotasan “ ( K. Norkobil ) and “Kurshev “ ( U. Azim ).
Tayanch soʻzlar: dramaturgiya, drama, teatr, spektakl, syujet, qahramon, obraz, xarakter, dramatizm.
Bugungi kun dramaturgiyasi haqida gap ketar ekan, teatr sanʼatining asosi boʻlgan ushbu adabiy janrning rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash joiz. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Buxoro shahrida bunyod etilgan viloyat musiqali drama teatrining yangi binosiga tashrifi chogʻida sahna sanʼati oldida turgan vazifalarga toʻxtalar ekan, zamonaviy qahramon obrazini yaratish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirganida katta maʼno bor: “Teatr – tarbiya maskani, – deya oʻz fikrini boshlagan edi mamlakatimiz rahbari, – Yoshlarimizni turli mafkuraviy tahdidlar va gʻaraz niyatli kuchlardan, taʼsirlardan asrab-avaylashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashda pand-nasihat bilan kifoyalanib boʻlmaydi. Ezgulikni, yurtparvarlikni, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladigan amaliy ishlar qilish kerak. Ana shunday amaliy tarbiya omillaridan biri teatrdir. Teatr davr bilan hamnafas yashayotgan, hayot sinovlarida toblangan fidoyi insonlar haqida hikoya qiluvchi asarlarni sahnaga olib chiqishi zarur. Farzandlarimizning maʼnaviy dunyosini mustahkamlaydigan, kelajakka ishonchini oshiradigan, oriyatini kuchaytiradigan zamonaviy qahramonlar obrazini yaratish kerak”.[1]
Shu bois, madaniy hayotimizning har bir sohasida zamon qahramoni obrazini yaratish borasida oʻziga xos izlanishlar koʻzga tashlanmoqda. Xususan, har ikki yilda anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan “Seni kuylaymiz, zamondosh!” respublika festivali dramaturgiyamizda maʼlum bir siljishlarga sabab boʻldi. Festivalga tayyorgarlik jarayonida dramaturglarimiz tomonidan zamonamiz qahramoni obrazlarini aks ettirgan qator yangi pyesalar ham yaratildi. Xususan, atrofimizda kechayotgan bunyodkorlik ishlarini tasvirga olgan “Ezgulik yoʻlida” (Sh. Rizayev) asari, hayotini tibbiyotga bagʻishlagan, fidoyi meditsina xodimlari haqidagi “Oq xalatli farishtalar” (F. Bobojonova) dramasi, yangi paxta navini ixtiro etib, uni yetishtiradigan yoshlar hayotini aks ettirgan “Bahor shamoli” (N. Abbosxon), zavod ishchilari hayoti haqidagi “Boshqacha odamlar” (O. Xakimov, S. Odilov), toʻrtinchi hokimiyat vakillari sanalgan jurnalistlarga bagʻishlangan “Oqqush” (M. Komiljonov), katta hayotning ogʻir qiyinchiliklarini oʻzining buyuk bardoshi bilan yenggan ayol haqidagi “Jannati ayol” (O. Madatova), chegara hududlaridagi militsiya xodimlarining faoliyati haqidagi “Shijoat” (X. Xursandov), sabr, chidamlilik, metin iroda, har qanday sharoitda jufti haloliga sadoqatni tarannum etuvchi “Quyoshni sen uygʻotasan” (Q. Norqobil) kabi dramalar shular jumlasidandir.
Muhim ijtimoiy muammolarni koʻtarib chiqayotgan asarlarning paydo boʻlayotgani dramaturgiya davr bilan hamnafas qadam tashlayotganini koʻrsatadi. Zamonaviy qahramonni yaratish yoʻlida dadil qadamlar tashlanmoqda. Shuningdek, soʻnggi yillarda davrning global muammolari – odam savdosi, giyohvandlik, terrorizm haqida koʻplab asarlar yaratilmoqda. Shu maʼnoda, Rixsivoy Muhammadjonov qalamiga mansub “Oydin” (Milliy akademik drama teatri) asari bugungi kunda oʻzbekning bolasini ham oʻz komiga tortayotgan muammo – odam savdosi va uning ayanchli oqibatlari xususida. “Oydin” dramasidagi qahramon tushib qolgan vaziyat oddiy emas. Voqealar rivojida odam savdosi qurboni boʻlgan qizlar bilan bogʻliq tafsilotlar asosida intervyu tayyorlash jarayonida qahramonning jabrdiyda qizlarning koʻrgiliklari uchun asosiy aybdorlardan biri oʻzi bir yostiqqa bosh qoʻygan turmush oʻrtogʻi ekanligini bilib qolishi va ushbu jarayonda qalbida kechgan ruhiy jarayonlar oʻziga xos sahnaviy vositalarda ochilgan.
Qoʻchqor Norqobil qalamiga mansub “Quyoshni sen uygʻotasan” dramasi zamondosh qahramonning oʻziga xos qiyofasini namoyon ettirgani bilan eʼtiborli. Asar bir ayolga xos sabr, bardosh, matonat, vafo, jasorat haqida. Uning bosh qahramoni sodda, oddiy qishloq ayoli Shabnam. Bir necha yildirki, ikki farzandini oʻzi tarbiyalaydi. Uning katta orzular bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan turmush oʻrtogʻi Qodir koʻp pul topish niyatida Rossiyaga ketgan. Asar ularning temir yoʻl bekatida uchrashuvlari sahnasidan boshlanadi. Turmush oʻrtogʻini oʻzga yurtdan qaytarishga, oʻzi bilan birga ketishga koʻndira olmagan Shabnam yolgʻiz qishloqqa qaytishga majbur boʻladi. Bosh qahramonni mana shunday murakkab bir sharoitda qoʻllab-quvvatlaydigan, unga dalda berib, ruhlantiradigan qaynonasi Oydin momo obrazi asarning oʻziga xos liniyalaridan biridir. Oʻzining mustahkam irodasi, sabr-toqati bilan shaxs darajasiga yetishib, nafaqat oʻzini oʻnglab olgan, shu bilan birga, qishloqdoshlarini ham ish bilan taʼminlab, gilam toʻquvchi kichik sex ochib, muvaffaqiyatga erishgan ayol obrazida fidoyi zamondosh qiyofasi yaratilganini koʻrsatadi.
Dramaturg Usmon Azimning davrimizning dolzarb muammolariga bagʻishlangan asarlaridan biri “Qurshov” dramasida ham zamondosh qahramon obrazi oʻziga xos koʻrinishda aks etgan. Usmon Azimning ushbu asarida bir guruh bosqinchi terrorchilarga qarshi kurashga bel bogʻlagan yurtdoshlarimizning vatanparvarligi va matonati haqida hikoya qilinadi. Yuqorida tilga olingan mavzuni muallif romantik ruhda hal qilishni maqsad etar ekan, turli uslub va vositalarda vatan oldidagi burch va masʼuliyatni yoshlar ongiga yana bir bor singdirishni maqsad qiladi. Muallif asarning boshidagi tanishtiruv qismida qahramonlarni “Biznikilar”, “Hammaga baribirlar”, “Terrorchilar” tarzida guruhlarga boʻlib tanishtiradi. Dramaturgning boshqa koʻpgina dramalaridan farqli ravishda, mazkur asarda ijobiy va salbiy obrazlar oʻrtasidagi chegara aniq. Shu maʼnoda, bosh ijobiy obraz leytenant Ravshan Sobirov. U yurtimiz chegaralarini qoʻriqlashdek sharafli sohada xizmat qiladi va bu yoʻlda begunoh insonlarning qonini toʻkayotgan bir guruh terrorchilarga qarshi kurashib, oʻzi qahramonlarcha shahid ketadi. Jinoyatchilarni qoʻlga tushirgan mard, asl yurt oʻgʻlonining matonati chuqur dramatik vaziyatlarda tasvir etiladi. Syujet rivojida mana shu voqelik zaminida turli xarakterdagi kishilarning xatti-harakati orqali oʻta murakkab taqdirlar va munosabatlar koʻzga tashlanadi.
Shu oʻrinda, bu asarida ham dramaturg qahramonlarni nomlash borasidagi oʻz anʼanasiga sodiq qolganini taʼkidlash joiz. Xususan, bosh qahramon Ravshan, uning rafiqasi Zulhumor. Qahramonlarni xalqimiz orasida mashhur boʻlgan muhabbat dostonidagi obrazlar nomi bilan atash asnosida muallif qalbi toza muhabbat bilan toʻla insonlar juda katta sharafli ishlarni qilishga, jasorat ularga doim hamroh boʻlishini taʼkidlashga urgʻu bergan. Dramada turli ifodaviy vositalardan foydalanilib, murakkab sharoitda insoniyligi va vatan oldidagi burchini unutmagan shaxslarning munosib timsoli yaratilgan.
Shunday qilib, soʻnggi davrda oʻzbek dramaturgiyasi katta evrilishlarni boshidan oʻtkazmoqda. Unda zamonaviy qahramon obrazini yaratish yoʻlida oʻziga xos jarayon kechmoqda. Hayotning qarama-qarshiliklari oldida chekinmagan, oʻzligini anglashga intilgan va oʻzini namoyon eta olgan qator insonlar obrazlari yaratildi. Biroq shu bilan birga, hali yaratilayotgan qahramonlarning hammasini badiiy yetuk, davr sinoviga bardosh beradigan qahramonlar, deyishga erta. Shunday boʻlsa-da, dastlabki dadil va muvaffaqiyatli qadamlar bu yoʻldagi ishlarning ertangi kuniga katta umid uygʻotadi. Bu jarayon nechogʻliq murakkab va koʻp qirrali boʻlmasin, yangilikka intilish va uni egallash yoʻlidagi saʼy-harakatlar va izlanishlar orqali uning ijobiy natija topishiga shubha yoʻq.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
I. Karimov. “Xalq soʻzi” gazetasi, 2010 yil 1 sentyabr.
Ozod Vatan saodati. Dramaturgiya. Besh jildli. Nashrga tayyorlovchilar: Sh. Rizayev, T. Islomov. – T.: “Adib”. 2013. J. 3.
U. Azim. Jimlik. – T.: “Gʻafur Gʻulom”. 2012.
Madayev O. Tanho yulduzim. “Teatr” jurnali, 2013. №1.
Rizayev O. Sahnada zamonaviy qahramon obrazi. “Teatr” jurnali, 2010. №5.
Malika FAZILOVA
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2
[1] Karimov I. Xalq soʻzi gazetasi, 2010 yil 1 sentyabr.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dramaturgiyada-zamondosh-qahramon-obrazi/