“Qirlarning ortiga choʻkkalar oftob”

Desanka MAKSIMOVICH

 

QUYOSH HAQIDA QOʻShIQ

 

Tun eriy boshlaydi oʻtinchlarimda

Poyimda oqadi tonggi farogʻat.

Quyoshli oʻtloqda yam-yashil koʻkat

Titraydi shamolning oʻpichlaridan.

 

Ummonli xayoli oʻtli muhabbat,

Ruhimda gullaydi giyoh orzusi.

Qoʻrquv sololmaydi oʻlim qaygʻusi,

Goʻyo sen boʻlmasang toʻxtaydi hayot.

 

Oʻtloq bilan meni qurshaydi, shitob

Bilan kelayotgan jangari tilsim.

Tubsiz qorongʻilik chulgʻaydi sim-sim,

Qirlarning ortiga choʻkkalar oftob.

 

Koʻnglimni ushlasa deysan yangi kun,

Oʻlim haq deysanu umid oʻlmaydi.

Hech oʻlging kelmaydi, oʻlging kelmaydi,

Yashaging kelmaydi nursiz va gʻamgin.

 

 

ALDOVLAR

 

Olisdan uygʻonib kelayotir tong,

Sut hidini tuyib, toʻlayotir tong,

Goʻdak nafasida kulayotir tong,

Quyosh nurlarini silayotir tong,

Bari-barini

Tortiq qilmoq istar kimdir kimgadir.

Koʻkda bir juft bulut chiroyli, oppoq,

Gullagan olxoʻri shoxiga uyqash,

Taqdirlari tutash, par kabi yumshoq

Burkib-burkib yoyilar bulut

Boylangani soʻnggi tushlarga,

Aylangani tungi qushlarga,

Bari-barini

Tortiq qilmoq istar kimdir kimgadir.

 

Suvlar, quyunlarda jununvash jilva,

Ochiq dengiz, chaqmoq, dovullar holva,

Toʻlqinlar ummonning qaʼridan, qarang,

Abadiyat kabi qadim va kulrang

Itqitib yubordi qayroq toshlarni,

Bari-barini

Tortiq qilmoq istar kimdir kimgadir.

 

 

SUHBATDOSHIM DEYDIKI

 

Taqdir – koʻtarilib kelayotgan quyosh,

Yana shu yoʻl bilan ortga qaytadi.

Taqdir – dardi bilan suyumli bardosh

Qanotida umid qoʻshiq aytadi.

 

Taqdir – qachonlardir olis saharlar

Kechikdi, kimningdir yozi kechikdi.

Undan oʻzib ketdi oʻzga bahorlar,

Ichikdi, chin magʻlub damlar ichikdi.

 

Taqdir – seni dilbar tonglar kutadi,

Adashmayman deya ichasan qasam.

Quyosh botaverar, baxt ham oʻtadi,

Taxir sharob tutar qalbingga alam.

 

Taqdir – hech oʻngidan kelmayotgan ish

Tushingdagi kabi oʻnglanib qolsa.

Taqdir – choʻqqisiga koʻtarilgan ishq

Qalbdagi toshlarni parchalay olsa…

 

 

HIDLAR

 

Goʻdakning hidiga oʻxshaydi sahar,

Nonning hidlarida hayot yeladi.

Tuproq, nafasingdan sozlanadi tor,

Gʻaramlardan maysa isi keladi.

 

Qalin chimni yorib-yorib oʻtarmi

Chimzor va tumanni tutayotgan is?

Parmalanib singan girdob tutarmi

Avgust oʻtlogʻiga qadrdon pok his?

Avaylab, asraging kelar qaroqda

Yomgʻirli suvlarni, muzliklarni ham.

Yaxshilik soʻzi bor hidlar ardoqda,

Jonlanar tabiat, zamin va olam.

 

Tong chogʻi yoʻllarga toʻshaldi oʻying,

Esingdami, birdan zavqlandi dunyo?

Yozgi yomgʻirlarning yoqimli kuyi

Qushcha qanotida toʻkildimi yo?

 

Arvugʻon gullaydi, ruhing allalar

Bahoriy nasimlar, sarxush pallalar.

Yodingdami, mayin poʻstloqning hidi

Baridan-da, nozik tuygʻuli edi.

 

 

ER BILAN SUHBAT

 

Yer menga onamday rost gapiradi,

U – jonli halqadir, uzilmas rishta.

Biz bilan borliqqa jonin beradi,

Koʻrgisi kelmaydi hech kimni xasta.

U – inson siyratin chizuvchi shoir,

Tabiat sehriga asir musavvir.

 

Yer menga onamday rost gapiradi,

Maʼsuma yaxshilik dildorlashadi.

Yulduzlar shuʼlasi dilga uradi,

Olis xotiralar diydorlashadi.

Qaytmas kunlar mehri qaytib keladi,

Tong chogʻi quyoshni aytib keladi.

 

Yer menga onamday rost gapiradi,

Xayolning past-baland doʻngliklarida.

Osmon ham biz bilan birga yuradi,

Yurakning moʻjiziy kengliklarida.

Hali sen koʻrmagan zamon bor, zamon,

Vaqtdan ham chuqurroq davron bor, davron.

 

Rus tilidan Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/nazm/qirlarning-ortiga-chokkalar-oftob/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x