Tarovat qalʼasidagi mushoira

Oila farovonligi milliy farovonligimiz asosidir

Islom Karimov

 

Har qanday taraqqiyparvar milliy davlatda oila jamiyatning oʻziga xos mustaqil boʻlagi sifatida barqarordir.

Shu maʼnoda mamlakatimiz rahbari davlat bilan oilani yonma-yon qoʻyadi, yaʼni oila farovon boʻlsa, davlatimiz ham farovon boʻlishini, oila jamiyatimizning suyanchi va tayanchi ekanligini uqtiradi. “Eng qimmatli anʼanalar, halollik, rostgoʻylik, or-nomus, sharm-hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar eng avvalo oilada shakllangan”1.

Milliy istiqlol davrida mamlakatimizda oilaning ijtimoiy-tarbiyaviy funksiyalari oʻzga xos ravnaqdor yoʻnalishlar, tamoyillar, prinsiplar dialektik birligida rivoj topmoqda.

Axloq, axloqiy taraqqiyot va axloqiy tarbiya qonunlari, tushunchalari va prinsiplarini falsafiy fanlardan biri boʻlmish etika fani yaʼni, axloqshunoslik oʻrganadi.

Falsafa bilan estetika fanining tafovutlarini hisobga olish malakasiga erishmagan baʼzi mutaxassislar nafosatshunoslikni “Sanʼat falsafasi” deb izohlamoqdalar. Bunday nuqtai nazar xatodir: birinchidan, nemis faylasuflari Baumgarten (1714–1761) va Gegel (1770–1831) davridagi gʻarb ijtimoiy-nazariy tafakkuri oʻz davridayoq qisman eskirib boʻlgan; ikkinchidan, estetikani “Sanʼat falsafasi” deb talqin etish falsafa fani oʻrganmaydigan texnika estetikasi, tabiat estetikasi, turmush estetikasi, sport estetikasi va xulqiy goʻzallik singari muammolarni ham talqin etishni nazardan chetda qoldiradi; uchinchidan, maʼlumki, gneseologiya falsafiy fanlardan biridir. Mana shu gneseologiyaning bir tarkibiy qismi boʻlgan “Sanʼat falsafasi”ni falsafa fanidan jiddiy farq qiladigan estetika fani predmetiga tenglashtirilishi ilmiy harakatlarni chalkashtirib yuboradi. Bu uch tomonlama chalkashliklar hozirgi zamonaviy ijtimoiy-nazariy tafakkur darajasidan ancha ortda qolib ketgan.

Milliy estetika fani voqelikdagi nafosatga hissiy, tugʻyoniy ruhiy munosabat va badiiy ijodning rivojlanish qonunlari, tushunchalari va aqidalarini tadqiq etadi. Binobarin, nafosatshunoslik adabiyot sanʼat turlari sohalarida yuksak zamonaviy asarlar yaritish, ularni barakali istifoda qilish hamda ularni keng kitobxonlar uchun zamon talablari darajasida tahlil va tadqiq etishning bebaho kalitidir.

Gʻarb estetikasi namoyandalarining fikrlariga koʻra, yuksak zamonaviy estetikasi va etikasi boʻlmagan davlat maʼnaviy jihatdan qoloq davlatdir. Amaliy estetika yaʼni, tarbiya va turmush estetikasi oilada va bogʻchada ohista shakllanib, tobora quloch yoza boshlaydi. Keyinchalik maktabda, turli kollejlarda, akademik litseylarda, xilma-xil ijodiy toʻgaraklarda, sanʼat va musiqa maktablarida rivojlanadi.

Nazariy estetika esa ana shu xilma-xil oʻquv yurtlarida va oliy oʻquv maskanlarida rivoj topadi va ham hayotiy, ham amaliy va nazariy-estetik tafakkurning ijtimoiy – xalqona bir turiga, bir tamoyiliga aylanadi. Milliy estetika nafosat va goʻzallik, jasorat va qahramonlik, ulugʻvorlik va uygʻunlik, bunyodkorlik va farovonlik singari estetik va badiiy voqea-hodisalarni atroflicha tahlilu tadqiq etadi.

Oila ana shu real voqelikka estetik munosabatlar va badiiy ijod turlari shakllanadigan rivoj topadigan bir fayziyob va mustahkam qalʼadir. Badiiy ijod esa ijtimoiy voqelikni, xalq hayoti na ijtimoiy idealni turli badiiy suratlar, qiyofalar va usullar orqali adabiyot va sanat asarlarida inʼikos ettirishdan iboratdir. Oila turfa ruhiy rishtalar bilan insoniy, ijodiy fazilatlarni shaxs hayotida mujassamlashtirib turishi bilan beqiyos tarovat qalʼasidir.

Tarovat tushunchasining oʻziga xos viqorli maʼnosi bor. Hazrat Navoiy oʻzining “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar Xitoyda roʻyobga chiqargan obodonlikni jannat bogʻiga oʻxshatadi:

 

Yasab Chin elin tur chini siroshiy,

Tarovatli andoqki, bogʻi behishti.

 

Darhaqiqat biz “Tarovat qalʼasi” degan tushunchada Oʻzbekiston Respublikasida milliy istiqlol davrida tobora barqarorlikka erishayotgan oila aʼzolarining bir jonu bir tanligi va mustahkamligiga tayangan obod va farovon, iymonli va eʼtiqodli, iffatli va sadoqatli, ijodkor va ravnaqdor oilalarni nazarda tutamiz.

“Tarovat qalʼasi” haqidagi tushunchalarimizning mazmun-mohiyati sheʼriyatda, xususan, mushoirada oʻzining chiroyli ifodasini topgan.

Mushoira lirikaning oʻtkir va hozirjavob adabiy hodisasi sifatida Fazliy Namangoniydan (XVIII asr) boshlab rivoj topdi.

Shoir Fazliy bilan shoira Mahzuna oʻrtasida kechgan mushoira koʻpchilikka maʼlum.

Fazliy bahsdoshiga deydi:

 

Mundogʻki, nuqtadon san, Kim erdi ustozing

Oy kabi nur qilmas, to oftob koʻrmay.

 

Mahzuna zukkolik bilan Fazliyga shunday javob qaytaradi.

 

Bir nuqta zohir ayla Fazliyni qutla Mahzun

To ketmayin Namangon sendin javob koʻrmay.

 

Bahsni Mahzuna shunday bir goʻzal bayt bilan yakunlaydi:

 

Baytul xazon ichinda uzlat tutib bu Mahzun

Fazli ilohidir bu yoʻqsa kitob koʻrmay. 1

 

Shu davrda mushoira oʻzbek adabiyotida rivojlanib bordi. Urfon Otajonning “Mushoira” nomli kitobi fikrimizning dalilidir. Kitobda Muqimiyning Furqat bilan, Gʻafur Gʻulomning Choʻlpon va Chustiy bilan ajoyib nozik nazmiy bahslarini xolisona tahlil etilganini koʻrish mumkin.

Muqimiy Furqat bilan bahsida shunday deydi:

 

Soʻrmangiz bir lahza taskinimni ey ahboblar,

Naylayin siymob yangligʻ beqaror etdi meni.

 

Bu gʻazalga Furqat shunday javob qaytaradi:

 

Yor koʻyida netong, boʻlsa fuzun devonaligʻ,

Taʼnai agʻyorim ila sangzor etdi meni. 2

 

Atoqli shoirlarimiz Abdulhamid Choʻlpon va Gʻafur Gʻulom oʻrtasidagi mushoirada Choʻlpon mustamlakachilar zulmi tufayli oilasiga, oʻz ona shahriga sigʻmayotganligini, shu boisdan biror togʻ bagʻridagi lolazordan xilvat maskan istayotganligini ifoda etadi:

Ushbu joydan ketsaydim biror sayfiyaga,

Lolazor togʻ bagʻrida xilvat sahargoh istadim.

 

Bu dardli baytga javoban Gʻafur Gʻulom yanada chiroyli javob qaytarib, lola guli jomiga oʻxshash qizil piyolasini qoʻlga olib dilidagi istagini izhor aylaydi:

 

Lola jomidek qizil maygum dudoqlar

Yaxshi ham esga tushurdingizki, nogoh istadim.

 

Gʻafur Gʻulom gʻazalxon shoir Mavlono Chustiy bilan boʻlgan mushoirada sevikli mahbub qulogʻida sirgʻa yor husnining olmosday ziynati ekanligini aytadi:

 

Zummurrad chambar ichra qatra olmos qulogʻinda

Suman bargida shabnam aksidir, yo kuz bulogʻinda.

 

Chustiy bu tashbehga qoʻshilmasligini aytib, mahbub qulogʻidagi chiroyli sirgʻa oy yuzli goʻzal mahbub chehrasi ikki yonida ziynatli ikki yulduziga monanddir, deydi.

 

Demam shabnam, qamar atrofida ziynatli kavkablar,

Iqomat tutmish ul yulduz iki abru qirogʻinda.

 

Oʻzbek adabiyoti tarixida ijodkorlar mushoira anʼanasiga ijodiy yondashib, kengaytirib, mushoirani katta-katta adabiy anjumanlarda turli millatlar va qitʼalararo badiiy bellashuv sifatida ham istifoda eta boshladilar.

Oʻzbek shoirasi Zulfiyaning katta shuhrat qozongan “Mushoira” sarlavhali asari olamshumul mazmun-mohiyat kasb etadi. “Mushoira” asarida badiiy pafos qitʼalararo va turli millatlararo muloqotlar asnosida namoyon boʻladi. Bu asarda ikki buyuk qitʼa, Osiyo va Afrikadan Hindistonga yigʻilgan ijodkorlar bellashuvi tasvirlangan. Hindiston, Xitoy, Misr, Bangladesh, Moʻgʻuliston, Vyetnam mamlakatlaridan tashrif buyurgan adiblar qatnashgan mushoira shoira tomonidan sharq sheʼriyati bayrami sifatida kuylangan. Zulfiya oʻzining bu ajoyib sheʼriy asarini shunday toʻrtlik bilan yakunlaydi:

 

Hayot goʻzalligi sheʼriyatning

Yoniq nafasiga toʻlsin bu jahon.

Havfan xalos boʻlgan bashariyatning

Qoʻshigʻin toʻqisin ozod, tinch inson.[1]

 

Yuqorida bayon etilgan fikrlar, tahlillar, misollar asosida quyidagi xulosalar kelib chiqadi: istiqlol davrida har qanday ijod, jumladan, estetik va badiiy ijod ibtidosi oiladan boshlanadi.

Estetika avvalo voqelik va ona tabiat nafosatini, turmush va shaxs estetikasini hamda sport va texnika estetikasi singari muammolarni tadqiq etadi. Estetika adabiyot va sanʼatni ijtimoiy voqelik va ong, inson tafakkuri jabhalarining badiiy inʼikosi sifatida tahlil qiladi.

 

Mahmudjon NURMATOV,

falsafa fanlari doktori, professor.

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

 


[1] Oʻzbek sheʼriyati antologiyasi. Oʻzadabiy nashr. 1962 y. 34-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tarovat-qalasidagi-mushoira/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x