Komillikka erishgan siymo

Xalqimizning buyuk farzandi, mutafakkir, davlat arbobi, oʻzbek adabiyoti va tilining asoschisi Alisher Navoiy Markaziy Osiyo mamlakatlarining maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyotida alohida oʻrin tutadi. U adabiyot va sanʼatning turli sohalariga oid qirqdan ziyod asar yaratdi. Oʻzbek tilida ajoyib asarlar yozish mumkinligini ham nazariy, ham amaliy jihatdan isbotladi. Olimlar yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida Navoiy faqat sheʼriy asarlarining oʻzida 120 mingdan ortiq, soʻzlar takroriy kelishi hisobga olinganda 1,5 millionga yaqin soʻzni mahorat bilan qoʻllaganini taʼkidlashadi.

Haqiqatan, serqirra ijodkor avvalgi hamda zamondosh shoirlardan farqli tarzda oʻz ona tilida bir necha barobar ortiq asarlar yaratdi. Oʻzbek tilini davr talabi darajasiga, yuksaklikka koʻtarish va uning kelgusi taraqqiyotiga keng yoʻl ochish uchun haqiqiy kurashchi sifatida maydonga chiqdi. Oʻzbek tilining nufuzli, eʼtiborli tillar qatoridan, hatto baʼzi jihatlari bilan oldingi safdan oʻrin egallashini asosladi.

Navoiy saxovat va muruvvat koʻrsatishda ham benazir inson edi. U oʻzining joylardagi yer-suvlari, mol-mulklaridan kelgan daromadlarini toʻlaligicha xayriya ishlariga sarfladi. Shaxsiy jamgʻarmasi hisobidan binolar, inshootlar barpo etdi. Injil kanalining janub tomonida katta tibbiyot oʻquv yurti va shifoxona barpo qildirib, ularga taniqli tabib va dorishunoslarni jalb etdi. “Ixlosiya” madrasasi yonida katta saroy qurdirib, undagi mehmonxonada kambagʻal beva-bechoralarni tekin ovqat bilan taʼminladi. Muhtoj kishilarga har yili ikki ming poʻstin va kiyim-kechak tarqatdi. Kanal qazdirib, Mashhad shahriga suv keltirdi.

“Nasoyimul muhabbat” asarida shoir komil insonga xos xususiyatlar, uning sharqona fazilatlarini sanab oʻtadi. Tavba, halol luqma bilan qanoatlanish, oʻz kasbi orqasidan kun oʻtkazish, sabrli boʻlish, jamiyatda belgilangan qonun-qoidadan chetga chiqmaslik, kamtarin boʻlish, chuchuk tilli, saxiy, mard, sadoqatli boʻlish kabi fazilatlar uning hayotiy faloyatiga, asarlari mazmuniga singib ketganini sezish mumkin.

Hazrat Navoiy ota-onani hurmat qilish farzandlar uchun majburiyatligini taʼkidlar ekan, shunday yozadi: “Bu ikkisiga xizmatni birdek qil, xizmating qancha ortiq boʻlsa ham kam deb bil. Otang oldida boshingni fido qilib, onang boshi uchun butun jismingni sadaqa qilsang arziydi! Tunu kuningga nur berib turgan – birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh. Ularning soʻzlaridan tashqari bir narsa yozma, ular chizgan chiziqdan tashqariga bir qadam ham bosma. Hamma xizmatini sen odob bilan bajar, “adab” soʻzidagi “dol” kabi qomatingni xam qil”.

 

Alisher Navoiy asarlari qahramonlari komil inson sifatida talqin etiladi. U orzu qilgan halol va pok inson nafaqat tashqi, balki ichki maʼnaviy qiyofaga egaligi bilan ajralib turadi. Masalan, Farhod, Iskandar, Suhayl, Nafsil, Shirin, Layli, Majnun Dilorom va boshqa obrazlari orqali toʻgʻrilik, fidoyilik, halollik kabi xususiyatlar ulugʻlanadi.

Kishilar gʻamida boʻlish, yaxshilik qilish, muruvvat koʻrsatish bu buyuk zot hayotining mazmuni edi.

 

Odami ersang demagil odami,

Oniki yoʻq xalq gʻamidin gʻami.

 

Mazkur bayt shoir maʼnaviyati va insonparvarligining markaziy nuqtasi desak, yanglishmaymiz. Uning qabrida “Shohi gʻaribon”, yaʼni gʻariblar, yolgʻizlar, faqirlar shohi, deb bejiz bitilmagan. Chunki u butun hayoti davomida, umrining soʻngi davrigacha xalqning farovonligini, tinchlik-osoyishtaligini oʻyladi va bu yoʻlda fidoyilik qildi.

 

Usmon SANAQULOV,

SamDU professori

 

Manba: zarnews.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/komillikka-erishgan-siymo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x