Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori Azizxon Qayumov 93 yoshida vafot etdi. Bu haqda OʻzA xabar bergan.
Azizxon Qayumov 1926 yil Qoʻqon shahrida tugʻilgan. 1949 yil Oʻrta Osiyo davlat Universitetining Sharq fakultetini tugatgan. 1949 yildan boshlab Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganish institutida kichik ilmiy xodim, Sharqshunoslik institutida ilmiy kotib, Til va adabiyot institutida direktor lavozimlarida ishlagan. OʻzSSR Ministrlar Sovetida fan va oliy oʻquv yurtlari boʻyicha katta referent (1957–58), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori (1958–61), Oʻzbekiston KP MK fan, oliy oʻquv yurtlari va maktablar boʻlimi, soʻng fan va madaniyat boʻlimi mudiri (1961–63), Oʻzbekiston Madaniyat vaziri, vazirning birinchi oʻrinbosari (1963–64), OʻzSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Kinematografiya davlat komiteti raisi (1964–74), Toshkent madaniyat instituti rektori (1974–79), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar instituti direktori (1979–98), Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim (1998 yildan) sifatida faoliyat yuritgan.
1998 yildan to shu kunga qadar Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim boʻlib ishlab keldi.
Asosiy ilmiy ishlari Qoʻqon adabiy muhiti mavzuida. “Maxmur” (1956), “Hoziq” (1957), “Gʻoziy” (1959), “Saddi Iskandariy” (1975), “Alisher Navoiy” (1976,1991), “Hayrat ul-abror” (1977), “Farhod va Shirin” sirlari” (1979), “Nodir sahifalar” (1991), “Bu ohang ila boʻlgʻaysen Naqshband” (1993) kabi asarlari Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini oʻrganishda muhim hissa boʻlgan.
Azizxon Qayumov mashnshunoslik sohasida ham samarali ish olib borib, bir qancha oʻzbek mumtoz shoirlarining asarlarini nashrga tayyorlagan. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1980).
Aziz Qayumovning xizmatlari davlat tomonidan yuksak baholanib, “Shuhrat” medali (1995), “El-yurt hurmati” (2003), “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (2014) kabi mukofotlar bilan taqdirlangan.
saviya.uz xodimlari marhumning oila aʼzolariga, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
https://saviya.uz/hayot/jarayon/akademik-azizxon-qayumov-vafot-etdi/