Alisher Navoiyning lirik kulliyoti – “Xazoyin ul-maoniy”ning tuzilgan yilini koʻrsatishda hozirga qadar har xilliklar va chalkash fikrlar mavjud. Aksariyat oʻrinlarda uni Navoiy 1492–1493 yillarda yoki shu yillar orasida[1] tuzgan deyilsa, baʼzi oʻrinlarda bu lirik kulliyotning tuzilgan yili sanasi mutlaqo boshqacha koʻrsatiladi. Chunonchi, H. S. Sulaymonovning “Alisher Navoiy kulliyoti qoʻlyozmalari tadqiqotidan” nomli ilmiy maqolasiga ilova tariqasida tuzilgan “Alisher Navoiy qoʻlyozma kulliyotlarining qiyosiy jadvali”da “Xazoyin ul-maoniy”ning yaratilgan yili hijriy 896, milodiy 1490–1491 yillar, deb koʻrsatilgan[2]. V. Zohidov, Hokim Homidiylar esa yana boshqacharoq sanani koʻrsatadilar. V. Zohidov “Navoiyning yana bir hayotnomasi” nomli maqolasida: “Navoiy Astroboddagi vaqtida juda qizgʻin va unumli ijodiy ish bilan ham mashgʻul boʻladi va natijada avvalgi yaratilgan sheʼrlarini qoʻshib, toʻrt devon – “Xazoyin ul-maoniy”ni yaratadi”[3] deb yozadi. Demak, olimning fikricha, “Xazoyin”ning tuzilishi tarixi 1487–1488 yillarga toʻgʻri keladi. Adabiyotshunos Hokim Homidiyning ham xulosasi shunga yaqinroq, yaʼni uning yozishicha: 1487 yilda Navoiy Astrobodga surgun qilinadi. U bu yerda oʻz sheʼrlarini yigʻib toʻrt devoni – “Xazoyin ul-maoniy”ni tuzishga kirishadi[4].
Marhum navoiyshunos Olim Sharafuddinov ham: “Alisher “Xazoyin ul-maoniy” yoki “Chor devon” nomi bilan shuhrat qozongan mukammal “Devon”ini Astroboddalik vaqtida tuzdi”, – degan fikrni bayon etgan edi[5].
Shu olim tomonidan 1941 yilda tuzilgan “Oʻzbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi”da xam lirik kulliyotni Navoiy Astrobodda tuzgan, deb koʻrsatiladi[6].
N. M. Mallayevning “Oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligida kulliyotning tuzilgan davri 1491–1498 yillar orasi deb koʻrsatilgan[7]. Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasining 1-tomida ham kulliyotni 1491–1498 yillar orasida tuzilgan, deyilsa[8], 12-tomidagi “Xazoyin ul-maoniy”ga bagʻishlangan oʻrinda[9]: “Alisher Navoiy asari 1491–1496 yillarda tartib berilgan”, deb qayd etilgan.-
“Xazoyin ul-maoniy”ning tuzilgan yili deb 1492–1498 yillar sanasini koʻrsatuvchi avtorlar fikri xususida, avvalo bir narsani alohida qayd etish joiz koʻrinadi. Ularning baʼzilari kulliyotni Navoiy 1492–1498 yillarda tuzdi, deb yozsa, baʼzilari ana shu yillar orasida tuzdi, degan fikrni aytadilar, yana birlari esa 1492–1498 yillar oʻrtasida Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” kitobini tuzdi, deb yozadilar. Bu aytilganlardan esa turlicha xulosaga kelish mumkin, yaʼni kulliyot 1492–– 1498 yillarda tuzilgan deyilishiga koʻra, uni tuzish olti yil davom etgan boʻlib chiqadi; shu yillar orasida tuzilgan deyilganda devon ana shu olti yilning birida tuzilgan boʻladi, lekin u qaysi yil ekanligi nomaʼlum. “Xazoyin”ni shoir 1492–1498 yillar oʻrtasida tuzdi deyilishiga kelsak, bunda 1495 yil tushuniladi va demakki, 1492–1498 yillar oʻrtasida deyish oʻrniga 1495 yil deyilaversa boʻlar edi.
Demak, Navoiy 1491–1498 yillar mobaynida jami toʻrt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” lirik kulliyotini tuzdi, deyuvchilarning fikriga koʻra, bu ish 6–7 yil davom etgan, degan xulosa kelib chiqadi. Bu esa, bizningcha, haqiqatdan yiroqroq koʻrinadi. Negaki, juda qisqa bir muddatda, ikki yildan ziyodroq vaqt ichida 51 ming misradan iborat besh doston – “Xamsa” asarini yaratgan Navoiy tayyor sheʼrlardan toʻrt devon tuzishga 6–7 yil sarflamagan boʻlsa kerak. Taniqli navoiyshunoslarimiz toʻgʻri qayd etganlaridek, “Navoiyning yuksak shaxsiy fazilatlaridan biri mehnatsevarligi, doim oʻz ustida, ijodiy rejalarini amalga oshirish ustida tinmay ishlashi edi. U biron asarini uzoq muddat davomida yozmagan. Qaysi asarini yozishga boshlasa, tez yozib tugallagan”[10].
Navoiy lirik kulliyotini 1491 yoki 1492–1498 yillar orasida yaratgan desak, ana shu 6–7 yilning qaysi birida bu ish amalga oshirib boʻlingan, degan savol koʻndalang boʻladi.
“Xazoyin” 1491/1492–1498/1499 yillar orasida tuzilgan, degan fikrni birinchi boʻlib S. Volin bildirgan edi. Kulliyotning tuzilishi davri chegarasini 1491–1492 yildan belgilashda u Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin” asaridagi yozilganlarga asoslanadi. Bu asarda yozilganlardan maʼlumki, Jomiy oʻzining qasida hamda lirik sheʼrlaridan iborat uchta devon tuzadi va Navoiyning taklifiga binoan ularning har birini alohida nomlaydi. Shuning bilan birga uning oʻziga ham turkiy nazmlari nihoyatda koʻp yigʻilganligini taʼkidlab, shu sheʼrlardan iborat alohida nomlar bilan ataluvchi devonlar tuzishni maslahat bergan. Shu voqeadan keyin koʻp vaqt oʻtmay (1492 yil 8 noyabr) Jomiy shamollash tufayli vafot etadi.
Mazkur hikoya soʻngida Navoiy ustozining amri itoatini vojib bilgani holda bu ishni amalga oshirganini yozadi.
S. L. Volin “Xamsat ul-mutahayyirin” asaridan kelib chiqib, Navoiy bu toʻrt devonni hali Jomiy hayotlik paytida, yaʼni 897 (m. 1491–1492) yilda tuzgan, deya xulosa chiqaradi[11]. Biroq, bu ishni qisaqa vaqt ichida amalga oshirib boʻlmasligini oʻylab, yana ikkilanadi. Shundan keyin u Navoiy devon tuzishni Jomiy hayotlik chogʻida boshlagan va oʻshandayoq tuzilajak toʻrt devonga nomlar topib qoʻygan boʻlgan, ishni esa bir necha yildan keyin tugatgan, degan qarorga keladi va 904/1498–1499 yilda yozib tugallangan “Lison ut-tayr” asarida toʻrt devon tilga olinishiga asoslanib, lirik kulliyot tuzilish davrining ikkinchi chegarasini hijriy 904, milodiy 1498–1499 yil qilib belgilaydi[12].
S. L. Volin yana shu “Xamsat ul-mutahayyirin” asariga suyanib, gʻoyatda ajablanarli bir xulosa chiqaradi. U asarda Navoiy nomlarini atagan 4 devonini shoir lirikasining “yangi” debochali (u “Xazoyin ul-maoniy” uchun yozilgan “Debocha”ni “Badoyi ul-bidoya” “Debocha”sidan farqlash uchun shunday ataydi) turtinchi redaksiyasi, “Xazoyin ul-maoniy”ni esa ana shu toʻrt devondan tanlab olingan sheʼrlardan iborat beshinchi redaksiyasidir, degan qarorga keladi.
Shubhasiz, Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin”da toʻrt devon nomidan keyin lirik kulliyotning umumiy nomi – “Xazoyin ul-maoniy”ni keltirmaganligi Volinda va shuningdek Ye. E. Bertelsda ham chalkash fikr paydo bulishiga sabab boʻlgan.
Navoiyning “Xamsat”da keltirgan hikoyasida toʻrt devonning nomini atagani holda lirik kulliyotga “Xazoyin ul-maoniy” deb nom berganini yozmaganligi tasodifiy emas edi. Unda yozilganlardan anglashilishicha, Jomiy Navoiyga ham oʻzi kabi sheʼrlaridan devonlar tuzib, ularning har birini maxsus nomlar bilan atashni taklif qilgan, uning soʻzi bilan aytganda, amr etgan. Navoiyning hikoyadan maqsadi aynan ustozi amr etgandek, toʻrt devoniga toʻrt xil nom bergailigini aytish edi, xolos. Umumiy nom berish haqida ustozi bilan oʻzi oʻrtasida hech qanaqa gap boʻlgan emas. Umumiy nom berish gʻoyasi Navoiyda keyin paydo boʻlgan. Kulliyot “Debochasi”da yozilganlar shundan dalolat beradi. Unda Navoiy doʻsti Husayn Boyqaroning tabʼidagi “maʼni gavharlari”dan hosil boʻlgani uchun (bu mazmundagi jumlani ishlatishda Navoiy yozgan sheʼrlarini Husayn Boyqaro tahrir nazoratidan oʻtkazib turganligini nazarda tutadi) devonlar majmuasiga “Xazoyin ul-maoniy” nomini berganini aytadi va quyidagi ruboiy bilan bu aytganlarini yanada qatʼiylashtiradi:
Bu bahrki, ganjlar makoni dedilar,
Har qatrasi obi zindagoni dedilar.
Shoh maxzani tabʼidin nishoni dedilar
Kim, oni “Xazoyin ul-maoniy” dedilar.
Turkiyalik adabiyotshunos olim Ogah Sirri Levend 1965 yilda oʻzining Alisher Navoiy hayoti va faoliyati haqidagi monografiyasini[13] eʼlon qilganidan keyin “Xazoyin ul-maoniy”ning tuzilish davri chegarasini yana ikki yilga qisqartirish imkoni tugʻildi.
Olimning yozishicha, Turkiyaning Revan kutubxonasida Alisher Navoiyning hij. 901–902, m. 1495,1496,1497 yillarda Xirotda koʻchirilgan mukammal kulliyoti qoʻlyozmasi saqlanadi. H. S. Sulaymonov Navoiyning jahon kutubxonalaridagi mavjud qoʻlyozma kulliyotlarini qiyosiy oʻrganib chiqib, 808-inventar raqami bilan saqlanayotgan bu kulliyotning musannifi shoirning oʻzi ekanini ishonarli dalillar asosida aniqlagan edi[14].
Bu kitobda faqat ikki asarning soʻngidagina ularning koʻchirib tugallangan vaqti sanasi koʻrsatilgan: – “Saddi Iskandariy” dostonining oxirida 901, “Gʻaroyib us-sirar”ning oxirida esa 902 tarixi berilgan. Demak, hij. 902, m. 1496–1497 yillarda Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ni asosan tuzib boʻlgan va oʻzi tasnif etgan kulliyot uchun koʻchirishga buyurgan.
Alisher Navoiy “Munshaot”idagi bir maktub hamda ana shu “Xamsat ul-mutahayyirin” asaridagi baʼzi momentlar yordamida esa lirik kulliyotning tuzilgan yilini aniq belgilay olamiz.
Boshqa maktublarda boʻlgani kabi mazkur maktubda ham adresat koʻrsatilmagan. Biroq navoiyshunos olima S. Gʻaniyeva toʻgʻri qayd etganidek[15], maktub avvalidagi ruboiylardan va oxiridagi jumladan uni Husayn Boyqaroga yozilgan, deya olamiz. Maktubda Navoiy oʻzining keyingi yillardagi hayoti hamda ruhiy holatini bayon etib yozadi:
“Bu oʻtgan ikki yildakim, bu banda boshigʻa havodisi roʻzgordin yuz navʼ balo va ishqi zabunkush bedodidin yuz turluk ibtilo yuzlandi. Ollimga har shiddat kelsa, chun ayturgʻa bir yori gʻamgusorim va ilayimga har suubat yetsa, chun izhor qilurgʻa bir rafiqi sohib asrorim yoʻq erdi, ul shiddat va suubat mazmunin biror bayt yo matlaʼ xayol qilur erdim bu oz vaqtda koʻp nazm aytilgʻon ermish va har navʼ sheʼr va gʻazal yigʻilgʻon ermish. Bularni zoyeʼ qilmok bandagʻa nomaqdur erdi va tartibigʻa ham hukm bila maʼmur.
Bu sababdin burungʻi ikki devon ashʼori bila soʻngra aytilgʻonlarni bila qoʻshub, tartib bila toʻrt ayrildi. Dagʻi toʻrt ot qilildi: Tufuliyatda voqeʼ boʻlgʻon gʻarib maʼnilarga – “Gʻaroyib us-sigʻar” va yigitlikda zohir boʻlgʻon nodir tarkiblarga – “Navodir ush-shabob” va umrning vasatida jilva qilgʻon badiʼvashlargʻa – “Badoye ul-vasat” va umrning oxirigʻa yaqin nazmga kirgan foydalargʻa-”Favoyid ul-kibar” ot qoʻyuldi. Dagʻi majmuigʻakim maxlut bitilibturur, chun tabʼ xazoyinidin hosil boʻlgʻon maoniy erdi – “Xazoyin ul-maoniy” laqab berildi, vojib erdikim, muborak nazargʻa yetkurulgay”.
Koʻrinadiki, bu yozilganlar “Xazoyin ul-maʼoniy”ning yaratilishi tarixi haqida “Debocha”da aytilganlarning deyarli nihoyatda qisqa shakldagi takrori boʻlib, unda faqat Husayn Boyqaro tilga olinmaydi, xolos.
Ammo, maktubning “Debocha”dan farqli oʻlaroq bir jihati mavjud, bu undagi tilga olingan “oʻtgan ikki yilda” iborasidir. Maktub mazmunidan anglashilayotganidek, Navoiy ana shu “ikki yilda” koʻp tashvishli va iztirobli hodisalarni boshdan kechirgan, bunday gʻam-anduhlarni izxor etay desa, bir yaqin hamdard kishisi boʻlmagan va shu bois tushkun kayfiyatini sheʼriy misralarda qogʻozda ifodalash bilan taskin topgan. Natijada, ana shu ikki yil davomida uning talay sheʼrlari yigʻilib qolgan. Ularni parishon holda tashlab qoʻyish yoki yoʻqolib ketishiga Navoiyning xohishi boʻlmaganidan tashkari, hukm yoʻsini bilan unga bu nazmlardan devon tartib berish (“tartibiga ham hukm bila maʼmur”) ham buyurilgan edi. Ana shu “ikki yil”dan soʻng shoir devon tartib berishga kirishgan va “Xazoyin ul-maoniy”ni tuziboq, uning qoralamasini – musavadda nusxasini mavlono Sohib orqali maktub yoʻllayotgan kishisiga, demakki, Husayn Boyqaroga yuborilganligini maktub soʻngida yozadi:
“Ul sababdin mafxar us-savohib Mavlono Sohibni qulluqqa yiborildi va ul musavaddani oliy majlisqa yetkursun, deyildi. Bu gustohliqqa afv umididur va ul gustohliklarga isloh umidi, to toʻrt taobyiʼ muxtalif inson hilqatidakim, ofarinishning xazoyini maonisidur – muvofiq boʻlgʻaylar. Rubʼi maskunda hukmunguz ravon boʻlsun va rubʼi maskun ahliga adlingizdin amn va amon”.
Demak, mazkur “ikki yil” qaysi yillar ekanligini aniqlansa, “Xazoyin”ning tuzilgan yili ham maʼlum boʻladi.
Baʼzi olimlarimiz bu “ikki yil” haqida aniq qarorga kelgan holda maktub ustida hukm yuritib kelmoqdalar. V. Zohidovning Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ni Astroboddagi vaqtida tuzgan deyishida, biz soʻz yuritayotgan maktubga tayanganligi, oʻsha maqolaning soʻngrogʻida maʼlum boʻladi. Olim”Navoiy bir maktubida shularni yozadi” deb, 41-maktubning “Bu oʻtgan ikki yildakim…” deb boshlanuvchi qismini keltiradi.
“1487 yilda Navoiy Astrobodga surgun qilindi. U bu yerda oʻz sheʼrlarini yigʻib, toʻrt devoni – “Xazoyin ul-maoniy”ni tuzishga kirishdi”, – deb yozgan adabiyotshunos Hokim Homidiy ham ana shu “kki yil”ni 1487–1488 yllarga nisbat bergan.
S. Gʻaniyeva bu “ikki yil” qaysi yillar ekanini belgilash ancha mushkul ekanini qayd etgan holda: “Bu ikki – 898/1492–1493 va 899/ 1493–1494 yilda Navoiy Jomiydek ustozi va doʻsti Pahlavon Muhammad kabi murabbiy va yaqin kishisidan ayrilgan, Darvesh Ali isyoni munosabati bilan azob chekkan yillarmi yoki 903/1497–1498 va 904/ 1498–14-99 yillar oʻzining mamlakat yaxlitligi, osoyishtaligi yuzasidan olib borgan siyosiy va davlat arbobi sifatidati koʻp yillik faoliyatiga zid voqealar sodir boʻlganligidan alam tortgan, nizo va fitnalar qurboni qilingan Moʻmin Mirzo va Haydar Sabuhiylar fojiasidan ruhan ezilgan yoki oʻz sihati yomonlashganidan dard chekkan yillarimi, aytish ancha mahol”, deb yozadi[16].
Bu “ikki yil” hij. 903–904, m. 1497–1498 va 1498–1499 yillardir, deb aytish toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki yuqorida koʻrganimizdek, bu muddatdan bir yil avval 902 yilda “Xazoyin” Navoiyning oʻzi tasnif etgan kulliyoti tarkibidan joy olgan. Bizningcha, Navoiy tilga olayotgan ikki yil – hij. 898–899 m. 1492–93 va 1493–94 yillar boʻlishi kerak. Bunga ishonarli asoslar xam bor.
Yuqorida soʻz yuritganimizdek, Navoiyning Jomiy maslahati itoati uchun toʻrt devon tuzib, ularni maxsus nomlar bilan ataganligini “Xamsat ul-mutahayyirin”da bayon etish fakti bu asarning “Xazoyin ul-maoniy”ni tuzgandan keyin yozib tugallanganligini yaqqol koʻrsatib turipti. Biroq, afsuski, “Xamsat”ning qaysi yili yozilganligi Navoiy tomonidan na shu asarning oʻzida, yo boshqa asarlarida va na boshqa shaxs tomonidan bironta tarixiy manbada qayd etilmagan. Shunday boʻlsa-da, biz bu asarni qaysi yilda yozilishini belgilash imkoniga egamiz.
Navoiy “Nasoim ul-muhabbat” asarida Jomiy haqida gapirib “asr fuzalosi” va “zamon ulamosidin” koʻplari unga shogird ekanligini va buyuk ustozning “siyrat va kamoloti sharhida” koʻp kishilar risola va kitoblar yozganligini aytib, sung yozadi: “Bu zaif dogʻi bu bobda “Xamsat ul-mutahayyirin” risolasini bitibmen. Anda fil-jumla gustohlik yuzidin alar zikri bila qalamimni gavhar nisor etibmen”[17].
Biz avval aytganimizdek, “Nasoim” 1495–1496 yillarda yozilgan. Demak, bunga qadar “Xamsat” yozib tugallangan. Endi ana shu asarning oʻzidagi bir faktga eʼtibor beraylik. Navoiy bir oʻrinda yozadi: “Majdiddin Muhammadki, olam mashhuridur, taʼrifga ehtiyoj emas. Podshoh ani yozgʻurgʻonda andin itloqigʻa zomin tilagondur (podshoh – Husayn Boyqaro uni ayblaganda oʻzini oqlash uchun kafillikka odam topishni buyurgandi). Ul (Majdiddin Muhammad) alargʻa (Jomiyga) iltimos qilibdur va alar taahhud qilgʻondin soʻngra qochti (ular kafilligini oʻz zimmalariga olganlaridan sung u qochti). Oz fursatda, oʻn besh kunga tortmadikim, tutuldi. Azim qiyinlar tortti va boru yuq jihotin devoniy qildilar (musodara qildilar). Shahrdin (Hirotdan) boshin olib, ovora boʻldi va hamul ovoraliqda fanogʻa bordi”.
Maʼlumki, Majdiddin 1494 yil, avgust oyida Makka yoʻlida vafot etgan[18]. Binobarin, “Xamsat ul-mutaxayyirin” asari 1494 yildan keyin, 1496 yildan avval, yaʼni 1495 yilda yozilgan boʻlib chiqadi. Shunday boʻlgach, maktubda tilga olingan “ikki yil” Jomiy vafotidan keyingi yillar – 898 (1492–1493) va 899 (1493–1494) yillar ekanligiga hech qanaqa shubha qolmaydi. Zotan, ana shu ikki yil Navoiy boshiga koʻp musibatlar, noxush hodisalar keltirgan yillar boʻldi. U Jomiydek hamfikr va hammaslak doʻsti va ustozidan judo boʻldi, qirq yillik jonajon ulfati va sirdosh mahrami Pahlavon Muhammaddan ayrildi (1493 yil), ukasi Darvesh Muhammad tufayli nohaq malomatlarga qoldi, bebosh shaxzodalar bilan Husayn Boyqaro oʻrtasidagi murosasizliklarni bartaraf etish uchun koʻp shahar va viloyatlarda ovora boʻldi. Maktubda “Bu oʻtgan ikki yildakim, bu banda boshigʻa havodisi ruzgordn yuz navʼ balo va ishqi zabunkush bedodidin yuz turluk ibtilo yuzlandi”, deb yozganda Navoiy, shubhasiz shularni nazarda tutgan edi. Albatta, bunda “ishqi zabunkush bedodidin yuz turluk ibtilo yuzlandi” (berahm yor ishqi tufayli yuz xil balolarga giriftor boʻldim) deganda, Navoiy Husayn Boyqaro bilan nihoyatda yaqin doʻstligi va shu doʻstlikka cheksiz sadoqati tufayli koʻp zahmatlar chekkanligini tushunmoq kerak. Shunday zahmatlardan biri Sulton amri yoki iltimosiga koʻra uning uzoq vaqt ona shahri Hirotdan yiroqlarda yurishi va bunday paytlarda hijron azobida qattiq oʻrtanganliklaridir. Navoiy soʻz yuritayotgan “ikki yilda”gi tortgan mashaqqatlaridan biri ayriliq iztirobi ekani shoirning “Soqiynoma”sida yozganlaridan ham ayon boʻladi.
“Soqiynoma”ning Pahlavon Muhammadga bagʻishlangan bandida ishq tufayli necha xil savdolarni boshidan kechirgan lirik qahramon yorga dil rozini ochishga, yaʼni uning visoliga yetishish orzusini bayon etishga qaror qilganini, biroq afsuski bunday qilib boshiga balo orttirganini yozadi va bunday zorliklarni oʻtgan ikki yilda boshdan kechirganligini taʼkidlaydi:
Oʻtdi bu zorligʻim ikki yil,
Har zamon ikki yil chogʻligʻ bil!
“Soqiynoma”da shoir Pahlavon Muhammadning oʻlimidin qaygʻurib yozishini hisobga olsak, u tilga olayotgan “ikki yilda” boshdan kechirgan hodisalari orasida 1493–1494 yillarda Sulton Husayn istagi yoki farmoniga koʻra Balx kabi chekka viloyat va shaharlarda sargardon kezganliklarini ham nazarda tutgan, albatta. “Soqiynoma”ning shahzoda Haydar Mirzoga bagʻishlangan bandida Navoiy yozadi:
Boqibon qubbatul islom sari,
Ichu soʻn ushbu gʻam oshom sari.
Albatta, bunda “ushbu gʻam oshom” deb Navoiy oʻzini nazarda tutmoqda. Demak, yuqorida koʻrganimiz – yor va diyor ishtiyoqida gʻamlar yutishni, maʼnaviy tushkinlik va jismonan majruhlikni ana shu “qubbatul islom”da, yaʼni Balxda boshidan kechirgan. “Xazoyin ul-maʼoniy”ni ham Astrobodda emas, balki shu shuharda tuzgan.
Uning nima sababdan bu shaharda ixtiyorsiz holda turganligi tarixchi olim A. Oʻrinboyev tomonidan aniqlanib eʼlon qilingan bir hujjat – nishondan maʼlum boʻladiki, buning oʻzi alohida yoritiladigan mavzudir. Biz faqat mazkur nishon hij. 898 yil ramazon oyining yigirma toʻrtinchisi, mil. 1493 yil 9 iyulda yozganligini qayd etish bilan kifoyalanamiz.
Demak, ana shu “ikki yilda”, yaʼni Navoiy soʻzi bilan aytganda “bu oz vaqtda” oʻzining oʻsha yillardagi ahvol ruhiyasi va hayotiy hodisalarining bayoni sifatida yuzaga kelgan sheʼrlari anchayin katta sonni tashkil qilgan. Bu sheʼrlarni “tartibigʻa hukm bila maʼmur” boʻlgan Navoiy avvalgi ikki devonidagi sheʼrlarni ham keyingi yozilganlarga qoʻshib toʻrt devon tuzgan. Bu ishni hijriy 900, melodiy 1494–1495 yillarda, “Xamsat ul-mutahayyirin” asarining yozib tugallanishidan sal oldin, hatto, aytish mumkinki, oldinma-keyin amalga oshirgan. Zero, Jomiydek “piri komil” Navoiyni har biri alohida nomlar bilan ataluvchi devonlar tuzishga undagan ekan, ustozining bu amrini u vojib debgina kolmasdan, balki sharaf ham deb bilgan. Shunga koʻra, ulkan doʻsti xotirasiga bagʻishlab yozajak asarida ana shu amrniig ijrosini faxr bilan bayon etishni maqsadga muvofiq topgan. Zotan, ustozning ana shu daʼvatiga amaliy javob berish uning xotirasini oʻrniga koʻyish ham edi. Shuning uchun hajm jihatidan unchalik katta boʻlmagan, asosan xotiralardan iborat “Xamsat ul-mutahayyirin” asarining intihosini Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ning tuzilishidan keyinga belgilagan. Shu tariqa Navoiy hijriy 900, melodiy 1494–1495 yillarda “Xazoyin ul-maoniy”ni asosan tuzib boʻlgan va u bilan deyarli bir vaqtning oʻzida “Xamsat ul-mutahayyirin” asarini yozib tugatgan, ularning har ikkisi bir yil keyin shoirning uzi tasnif etishga kirishgan va kotib Darvesh Muhammad Toqiy koʻchira boshlagan shoir kulliyoti tarkibidan joy olgan.
Yusuf TURSUNOV
Manba: navoimuseum.uz sayti
[1] S. A. Volin, Opisaniye rukopisey proizvedeniy Navoi v Leningradskix sobraniyax, Sbornik “Alisher Navoi”, M. – L., Izd-vo AN SSSR, 1946, str. 216; Hamid Sulaymon, “Xazoyin ul-maoniy” tekstlarini oʻrganish va nashrga tayyorlashning asosiy masalalari, “Gʻaroyib us-sigʻar” 10-bet; E. Fozilov, Qadimgi obidalar va Alisher Navoiy tili, – Fan” nashriyoti, 1969,7–8-betlar; A. Hayitmetov, “Xazoynn ul-maoniy” nashri toʻgʻrisida, Navoiy dahosi. T., Gʻafur Gʻulom nomidagn badiiy adabiyot nashriyoti, 1970,158-bet; Oʻzbek adabiyoti tarixi, II tom, T., “Fan” nashriyotn. 1977,85-bet.
[2] “Adabiy meros”, № 3, T., “Fan”, 1973,76–78-betlar.
[3] Vohid Zohidov, Tanlangan asarlar, Ikknnchi tom, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. T., 1977,203–204-betlar.
[4] Hokim Homidiy, Alisher Navoiyning hayoti va ijodi sanalarn, “Sharq yulduzi”, j., 1968,8-son. 236-bet.
[5] Olim Sharafuddinov, Tanlangan asarlar, T., “Fan” nashriyoti, 1978,92-bet.
[6] “Oʻzbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi”, XIII–XV asrlar, Oliy pedagogika yurtlari uchun, T., 1941,138-bet.
[7] Oʻzbek adabiyoti tarixi, 377 va 383-betlar.
[8] Oʻzbek Sovet Ensiklopediyam, 1-tom, 250-bet.
[9] Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi, 12-tom, 224-bet.
[10] A. Hayitmetov, M. Mirzaahmedova. Alisher Navoiyning hayot yoʻli, Oʻzbek adabiyoti tarixi, ikkinchi tom, 76-bet.
[11] S. L. Volin, Zikr etilgan maqola, 216-bet.
[12] Ye. E. Bertels, Navoi, Izd-vo AN SSSR M. – L., 1948. str. 110. Shu kitob oxirida avtor Navoiy asarlari ruyxatini berar ekan lirik asarlari boʻlimida “Chor devon” degan umumiy nom ostida toʻrtta devon nomini (“Gʻaroynb us-sigʻar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoyi ul-vasat” va “Favoyid ul-kibar”) keltirgan va navbatdagn mustaqil asar sifatida “Xazoyin ul-maoniy”ni keltirgan.
[13] Agah Sirri Levand. Alisher Nevai. 1-shilt. Nauati, sanati va kishiligi. Ankara, 1965. X–bet.
[14] “Adabiy meros”, 3-son, 90-bet.
[15] Oʻzbek adabiyotn tarixi, ikkinchi tom, T., “Fan”. 1977.416-bet.
[16] Oʻzbek adabiyoti, ikkinchi tom, 417-bet.
[17] Alisher Navoiy, Asarlar, 15-tom, 185-bet.
[18] Ye. E. Bertels. Navoi, M. – L., Izd-vo AN SSSR. 1948, str. 224
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xazoyin-ul-maoniy-ning-tasnif-tarixiga-doir/