Kechagina yosh yozuvchi, boshlovchi yozuvchi, deb yurgan qalamkashlarimiz endilikda nasrimizning yetakchi ijodkorlari boʻlib qoldilar.
Togʻay Murod ana shu ijodkor avlodning talantli vakilidir.
Togʻay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi.
Togʻay Murod qissalari sof milliy oʻzbek qissalari. Togʻay Murod qissalarida tasvirlangan odamlarga boshqa xalq libosini kiydirsangiz ham oʻzbekligi bilinib turadi. Ularning xulq-atvori ham boshqa xalqqa aslo oʻxshamaydi.
Shu vaqtgacha qiyofasi noaniq, bir-biridan farq qilmaydigan, shapka kiydirsang rus, qorakoʻl papax kiydirsang ozarbayjon, telpak kiydirsang qozoq, yoqasiga kashta tikilgan koʻylak kiydirsang ukrain boʻlib ketaveradigan taxminiy odamlar qissalarimizning asosiy qahramonlari boʻlib keldi. Bu oʻz xalqining milliy urf-odatlarini, his-tuygʻularini bilmaslikdan boʻldi, soʻqirkoʻngillik, soʻqirkoʻzlikdan boʻldi.
Biz Abdulla Qodiriyni salkam yetmish yildirki, boshimizga koʻtarib kelamiz. Bunga sabab, Qodiriy milliy qahramonlar yaratdi. Otabek ham, Yusufbek hoji ham, Oftob oyim ham, Solih maxdum ham aslo takrorlanmas obrazlardir. Bu kishilar toʻgʻrisida Qodiriy taʼkidlamasa ham oʻzbekligini bilamiz.
Turgenev, Gogol, Tolstoy rus xalqini butun bor boʻyi bilan tasvirlagan buyuk ijodkorlardir. Nexlyudovga doʻppi kiydirsang, Kareninaga paranji yopintirsang, oʻzbek boʻlib qolmaydi. Tolstoy ularni qon-qoni bilan, oʻy-xayollari bilan, gap-soʻzlari bilan rus qilib yaratdi.
Bunday asarlar yaratish uchun adib rassomdek ranglarni bir-biridan farq qiladigan, bastakordek tovushlarni tiniq eshitadigan boʻlishi kerak.
Togʻay Murod ana shunday rassom adibdir, ana shunday bastakor adibdir.
Mana, u “Ot kishnagan oqshom”da otni qanday tasvirlaydi:
“Birodarlar, oʻzi, Boʻz ot qanday boʻladi? Surpday opioq boʻladi. Bordiyu ajdodida boʻlsa, toʻqqizga toʻlganda Tarlon boʻladi. Toʻqqiz yoshida Boʻzning badanida xolday-xolday qora donalar paydo boʻladi. Shundan boshlab u Boʻz emas, Tarlon ot boʻladi. Tarlon – xol xol ot! Tarlon otlar sarasi.
Birodarlar, Toʻriq otning yuzdan biri yaxshi boʻladi, Tarlon otning yuzdan biri yomon boʻladi!
Birodarlar, ot tanimasang, Tarlon ol!..”
Talantli adib qalamidan toʻkilgan ushbu satrlarni oʻqirkanman, xayolimdan bir gap oʻtdi.
“Dom”da yashab umrini oʻtkazgan shaharliklarni oʻyladim. Inson bolasining uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilgan bu jonivorni faqat sirkda, kinoda koʻrgan shaharlik ukalarimizga adibning bu soʻzlari qanchalik taʼsir qilishini bilaman. Shahar bolalarining tabiatdan, jonivorlardan kanchalik uzoqlashib qolganliklariga achinib ketaman.
Togʻay Murod otni shu qadar mehr bilan taʼriflaydiki, adib qoʻshiq aytayotibdi, deb oʻylaysiz. Adib koʻngli kitobxon koʻngliga koʻchib oʻtadi. Ot minib adirlarda yelday uchgingiz, ot yollarini silagingiz keladi.
“Birodarlar, mashina deganlari temir! Joni yoʻq! Joni yoʻq temir odamga el boʻlmaydi! Temirning yuragi yoʻq-da! Ot odamga el boʻladi! Boisi, otning joni bor, yuragi bor-da!”
Togʻay Murod tasvirlagan chavandozlar xiyonat koʻchasiga kirmagan, odamlarga faqat yaxshilik ravo koʻradigan asl oʻzbeklardir.
Togʻay Murodning Tarloni Tolstoyning Xolstomeri, Aytmatovning Gulsarisi qatoriga kelib qoʻshildi.
Bu gapimga baʼzi bir tanqidchilar jindek gʻashlik qilar. Na iloj, oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, deydilar…
Togʻay Murod oʻz ona tilini benihoya yaxshi biladi. Bilgandayam butun ranglari bilan, ohanglari bilan biladi. Shu bois, sof oʻzbekcha bitadi.
Togʻay Murod oʻzbek tilini kuylatdi. Oʻzbek tilining jami jilvalarini oftobga solib koʻrsatdi.
“Ayo Tarlon, sen mening akamsan. Uka desa degulik mendayin ukang bor, aka desa degulik sendayin akam bor, nima gʻamim bor?
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan. Mening birodarim sensan.
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan, qiyomatlik birodarim…”
Ushbu satrlarni oʻqib boʻlgach, xayolga tolasiz. Hozirgina mungli bir qoʻshiq tinglagandek boʻlasiz.
Bu qoʻshiq olis yoʻl bosib, Oʻzbekistonimizning qaynoq, janub Surxonidan uchib keldi.
Men Togʻay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida Boʻri polvon, Tilovberdi polvon, Abil polvonlarning kurashlarini zavq-shavq bilan tomosha qildim. Surxon polvonlarining halolliklari, mard, tantiliklarini koʻrib gʻururlanib ketdim. Ana, oʻzbek polvonlari, ana, deya gʻururlandim.
Togʻay Murod tasvirlagan Surxon polvonlari chinakam oʻzbek polvonlaridir.
Sharqning buyuk dostonlari “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”lar, “Tohir va Zuhro”lar necha yuz yillardan beri yashab keladi. Ularda bir-biriga yetisholmay, muhabbat yoʻlida jon bergan baxtsiz oshiq-maʼshuqlar tasvirlanadi.
Togʻay Murod ham doston yozdi. Otini “Oydinda yurgan odamlar” qoʻydi.
Qissa nomini oʻqishingiz bilanoq sizni allaqanday sirli-sehrli oydin kecha bagʻriga oladi. Ichingizga ajib bir nur oʻrmalab kiradi. Dil-dilingizni yoritib yuboradi.
Qissada Qoplon bilan Oymomo farzand ilinjida tunni tongga, kunni oyga, oyni yilga ulab yashaydi. Qoplon xotinini Momosi, desa, Oymomo erini Bobosi, deb chaqiradi. Ular yoʻq bolaning bobosi, yoʻq bolaning momosi boʻlib, yillarni yillarga ulaydi. Bir-biriga moʻltirab yashaydi. Ular uchramagan doktor, ular koʻrinmagan tabib qolmaydi. Ammo na doktordan, na tabibdan naf koʻradi.
Togʻay Murod chol-kampir hayotini gʻoyat nozik, gʻoyat shoirona tasvirlaydi. Chol-kampirning oʻzaro mehr-muhabbatini qoʻshiqdek kuylab beradi.
Togʻay Murod bir-birini Bobosi, Momosi, deya atab umr oʻtkazayotgan bir juft pokiza insonni oydindagi oy nuriga oʻrab tasvirlaydi. Oqibat, ushbu juftning oʻzi ham, soʻzi ham, turish-turmushi ham oyning kumush nurlariga yoʻgʻrilib ketadi.
Togʻay Murodning kuyib, yonib, oʻrtanib bitgan, baʼzan faryod urib bitgan “Oydinda yurgan odamlar” qissasini “Muhabbat qoʻshigʻi”, deb atagim keldi.
“Momo-Yer qoʻshigʻi” boshqa qissalardan farq qiladi. Togʻay Murod bu qissasida boshqacha yoʻldan boradi. Oʻz yoʻlidan adashib, oyogʻi yerdan uzilib, Gʻarb adabiyoti soyasi boʻlib qolgan ijodkorlarning tipik obrazini yaratadi. Shu ijodkor obrazi tufayli qissaga mayda-chuyda toshlar otildi. Asar yutuqlaridan koʻz yumib oʻtildi. Axir, qaysi soya ijodkor oʻziga oyna olib qaraydi deysiz? Masalan, qissada original bir obraz bor, badiiy baquvvat bir obraz bor. Men serjant Orziqulov obrazini nazarda tutyapman. Serjant Orziqulov oʻzbek adabiyotida mutlaqo yangi obraz.
Nazarimda, Togʻay Murod qissa bitmaydi, nazarimda, bor ovozi bilan qoʻshiq aytadi. Bu qoʻshiqda avj pardalar bor, nolishlar bor, savt bor.
Said AHMAD
Manba: togaymurod.uz sayti
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/togay-murodning-qoshiqlari/