Sizga aytar soʻzim

MEN DUNYOGA KELIB DUNYo ORTTIRDIM

 

Goho oʻy suraman: nima boʻlarkin
Oʻz zimmamga masʼul ish olib,
Hayotimni butkul toʻkib solsam
Bir parcha qogʻozga ishonib?

 

Biroq uni yozib boʻladimi?

Xoʻsh, mana—yillarim, ahvolim, zotim…

Ajrata boshlasam «oʻzimniki» deya,
Qaydan qaygacha u, mening hayotim?

 

Chegarasi bormi oʻy va hislarimning?
Uzoqdagi yulduz qalbga nur solar.
Bilaman, albatta dilshikastaman
Ana u daraxtga bolta ursalar.

 

Bugun oʻylarimni bezovta qilar
Uzoq kosmosdagi ming yillik gardlar.
Qachon meni loqayd qoldirgan
Daxlsiz quvonchlar, begona dardlar?

 

Sochlarimga oq tushirmadimi,
Qalbga solmadimi jarohat
Zaminda tikilgan har bir qora bayroq,
Mahallaga kelgan har bir qora xat?

 

Yelkamda sezaman Brunolarning
Gulxan tafti kabi oʻt nafasini.
Oʻylarimda suratlantiraman
Kelgusi asrlar qiyofasini.

 

Qaydan qaygacha u, mening hayotim?—
Oʻylamabman hatto eng ogʻir damlar.
Qaygʻu va quvonchim koʻp boʻldi, ammo
Sizsiz ular yoʻqdir menga, odamlar.

 

Siz bilandirmanki, bari oʻzimniki,
Chegarasi yoʻqdir oʻy-hislarimning.
Siz bilandirmanki, yillar va dillar,
Quvonchlarim ming-ming, tashvishlarim — ming.

 

Men dunyoga kelib dunyo orttirdim,
Hammasiii qoldirib ketarman.
Qalbni esa soʻnggi hujayrasigacha
Lovillatib yondirib ketarman.

 

 

FABRIKAMNING YULLARI

 

Onam xotirasiga

 

Sizni oʻylaganimda
Gʻamginman bir oz,
Fabrikamning yoʻllari,
Siz menga meros.

 

Mashaqqatli baxtimni
Sizdan izladim.
Fabrikam xiyoboni —

Yoshlik izlarim.

 

Asfalt emas edingiz,
Qayroqi toshdan.
Uzoq-yaqin yoʻllarim
Sizga tutashgan.

 

Oʻksik bolaligimni
Qoʻmsayman baʼzan,
Siz umrimning ilk satri,
Taqdiri azal.

 

Men qayrilib boqaman
Adashsam agar.
Siz nurlanib yotasiz
Ufqqa qadar.

Fabrikamning yoʻllari.

 

 

KOʻNGIL

 

Nimadir yetmaydi insonga hamisha,
Ozga qoniqmaydi, koʻpga intilar.
Jasorati cheksiz, doimo tashna,
Yerga sigʻmaganday, koʻkka intilar.

 

Shu inson bolasi jindak ranjisa-chi,
Yo soʻzda yetmasa nafis malohat,
Biron nohaqlikdan, biron sovuqlikdan
Yuragiga tushsa jarohat.

 

Biron sabab bilan jonidan toʻyib,
Umidsizlik solganda soya,
Bunday paytda koʻp kerak emas,
Bir shirin soʻz unga kifoya.

 

 

UMR NEGA ShIRIN

 

Xavotirli, shoshilinch, shirin ilk boʻsa,
Borligʻimni titratgan lahza!
Keyin undayini topolmadim, ammo
Hanuz yuragimda yashar shu larza.

 

Qayta koʻrolmadim yetim hayotimda,
Sira unutmadim bir onni lekin:
Ustozimning qattiq koʻzlarida
Ota mehrin koʻrib yigʻladim sekin…

 

Bir qushcha churq etib, olam uygʻonganda
Shabnam qatrasida koʻrdim yuzingni.
Soʻng bir umr kutdim, qaytib kelmadi,
Bir umr izladim shu zumni.

 

Shunday noyob, oltin lahzalarning
Qadrin bilmas ekan odamlar.
Oʻtib ketar ekan, takrorlanmas ekan
Umrda yagona bebaho damlar.

 

Oʻtib ketmasa-chi? Birdan toʻxtab bari

Muzlab qotib qolsa nima boʻlardi?
Yoʻgʻ-e, kimga kerak muzlab qolgan hislar!
Orzuyu pushaymon — bari oʻlardi…

 

Asli shundayligi juda oqilona,
Balki hayot siri shunda yashirin.
Balki takrorlanmas boʻlgani uchun
Umr ham shunaqa bebaho, shirin.

 

 

ONA MEHRI KABI…

 

Saraton lovillab quyosh koʻrasnda
Yonar edi kunlar—kecha emasmi?
Yana kirib keldi qalblarimizga
Oltin fasl, oq oltin fasli.

 

Sarin yellar bilan,

Kumush togʻlar bilan,

Misli boʻyga yetgan betoqat suluv,

Yoniq, hayajonli yuraklarimizga

Ilk muhabbat kabi kirib keldi u.

 

Gʻalati tuygʻu bu:

koʻhna, shirin, yangi…
Ilk bor koʻrgandayman kuzni, dalani
Hamma narsa sendan yosh koʻrinar,—
Yo shunday shirinmi shuning alami?

 

Boladikda qoʻl uzatsam birdan
Quyoshdek koʻrinib ochilgan chanoq
Butun sofligi-la qalbga urilardi
Ona mehri kabi iliq va yumshoq…

 

Hozir keng dalalar qaynab yotsa ham,
Tongdan agregatlar solsa ham gʻuluv,
Shu katta hayotning oʻtli yuragida
Sira eskimabdi shu sokin tuygʻu.

 

Ha, shovqinli motor qudratidan,
Eng nozik tuygʻular, ezgu armonlar,
Harir tolalardan, ogʻir tonnalardan
Uyiladi bizning xirmonlar.

 

Vatan ham, biz kutgan baxtli kun kelib,
Togʻ-togʻ paxtamizni qabul etgan chogʻ
Kattakon qalbida bir his sezsa kerak:
Ona mehri kabi iliq va yumshoq…

 

 

MUKOFOT

 

Mukofotga «Volga» oldi
Salim bobo, brigadir.
Qaytar ekan, oʻtmishini
Eslab qoldi negadir.

 

Omoch sudrab, qoʻsh haydardi,
Azob edi u hayot.
Qarimasdi oʻsha mahal
Qani boʻlsa bitta ot!

 

…Yurgan sari yuragida
Xotiralar ortardi.
Ogʻir oʻyin yuz ot kuchli
«Volga» zoʻrgʻa tortardi…

 

 

TONGLAR IZSIZ TDI

 

Yashadi u, misli bir hujayrali,
Joʻn yashadi. Sokin va oson.
Diliga choʻgʻ solmas na oʻyin, na ish.
Visol orziqtirmas, oʻrtamas hijron.

 

U yeb-ichar, lazzat topar edi.
Rohat topar edi uyqudan.
Quvonchdan yuragi yorilmadi uning,
Sochi oqarmadi Qoʻrquvdan.

 

Har narsani eplay olar edi,
Qilib oʻzi uchun yoqimli, oʻngʻay.
Yonib-kuyib yurmay uylanib ham oldi,
Pijamasi yumshoq, hovlisi kungay.

 

Yuragiga uning iz solmadi qaygʻu,
Izsiz oʻtib ketdi tonglar, bahorlar.
Hayratga solmadi inson jasorati,
Shunchaki suv edi soylar, anhorlar…

 

Uni qiynamasdi xayol, muammo,
Bir nafas lovillab dili yonmadi.

Asta shimib yotdi kunlar shirasini,
Hayot lazzatiga lekin qonmadn.

 

Birdan…

oʻlim keldi roʻparasiga.
Oʻtmay qoldi tomoqdan yovgʻon.
—Tuzalib ketasiz…—deb tanishlari
Tasalli berardi.

(Yana bir yolgʻon!)

 

Hech biri oʻlimning buyuk mohiyatin
Etgisi kelmasdi roʻy-rost tasavvur.
Nahotki yolgʻonsiz oʻla olmasa,
Unga yetmasmidi bir yolgʻon umr?!

 

U azobda qoldi, dahshatga tushdi:
«Oʻlim nima oʻzi, odamzod?!
Nahotki u yogʻi tubsiz zulmat boʻlsa,
Nahotki, nahot…»

 

Hoy, oʻlim nima, deb bosh qotirgandan,
Hayot nima, deya qilsayding tashvish…

Hayot axir nechogʻ sayoz, mayda boʻlsa,
Oʻliming shu qadar sovuq va mudhish..

 

 

OLIY BUTUNLIK

 

O, ona tabiat!

Sen bilan yak sonman,
Sen mening erkimsan, mening qafasim.
Jonim shirinligi, tirikligim sendan,
Sof havodan olgan nafasim.

 

Tugʻishganlik hissi yoʻl qoʻymaydimi,—
Odatmas quyoshga aytmoq tashakkur.
Har tong qarshisida tiz choʻksam arzirdi,
Yorugʻ dunyom mening, koʻzimdagi nur.

 

Sezaman ekinlar tanasidagi
Sharbat boʻlib oqqan rizqimni.
Naykamalak, gullar—mening hislarim,
Bahor yangilaydi hayot ishqimni.

 

Yer issiq, yer yumshoq, oʻzim ham yerdan,
U koʻrinmas menga bir marrasimon.
Yoʻq, men abadiyman.

Menga oʻlim yoʻq.
Tirik tabiatning bir zarrasiman.

 

O, hayotning oliy butunligi!
Insonga ufqlarni kengroq och,
Jamiki dardlarga malham oʻzingsan,
Azobli oʻylarga yogʻdu soch.

Azobli oʻylarga yogʻdu soch…

 

 

BILSA EDIM ShUNI

 

Oramizda zilol bir koʻl bor,
Kuzning tiniq zangor koʻzicha.
Fasllarday quvlashamizu,
Qish oʻzicha ekan, bahor oʻzicha.
Bir-birimizga yeta olmaymiz,
Bir-birimizdan keta olmaymiz,

 

Tong bargida salqin bir tomchi,
Keksa quyosh uni yutadi.
Shu tomchi ertaga yana tugʻilib,
Moʻldirab quyoshni kutadi.

 

U boʻlmasa goʻyo quyosh yonmasmish.
Chin ehtiros sira qonmasmish.
Bir-birimizni qoʻya olmaymiz.
Bir-birimizdan toʻya olmaymiz.

 

Kapalakmi, tosh haykalmi mening
Oʻt ichida oʻtgan uch tunim?
Oʻt ichida oʻpgan yulduzimda
Qolsa edi tirik uchqunim!

 

Qolsa agar tirik uchqunim,
Xotirangda yashab qolardim.
Bilsa edim shuni, mangulikni ham
Mana shu oqshomday kutib olardim.

 

 

QIYNALISH

 

Kitoblarim varaq-varaq,
Siz qaylarda sarsari?
Umrim edi yashil daraxt,
Sizlar uning barglari.

 

Men siz bilan nafas oldim,
Dard bilan yaraldingiz.
Har gal oʻksib qoldi qalbim,
Yellar-la taraldingiz.

 

Oppoq bulut suzib oʻtdi,
Yana tomchi tommadi…
Nahot bunga ham koʻnikdim,
Dardli oʻylar qolmadi?

 

Mayli, agar toʻymasa
Dilimning qaqroqlari,
Dovul tursin, toʻkilsin
Umrimning yaproqlari…

 

 

ASLIGA TGʻRI

 

(Hissiyot toʻgʻrisida ratsionalistik sheʼr)

 

Tarmashib oladi baʼzan oʻylarning
Yopishqoq, bekorchi, mashʼumi,
Shunda taʼkidlaymiz biz oʻzimizga:
«Oʻylama, oʻylama, oʻylama shuni!»

 

Odam hamon oʻylar, oʻyni quvolmay,
Oʻzi biladiki, yoʻqdir keragi,
Ajab, hayot bilan singishib ketmoqqa
Aqlu idrok xalal beradi.

 

Baʼzilar uyquda oydin kechalar

Tomning boʻgʻotiga chiqib yuradi.

Shu mahal bir zumga uygʻonsa bormi —

Yiqilar, yorilar balki yuragi.

Ajab, hayot bilan bir butun boʻlmoqqa

Aqlu idrok xalal beradi.

 

Mast qilganda boʻsa lazzati,
Dilni favqulodda quvonch yayratsa,
Yoki yoʻlda bir zum toʻxtab tursak
Tong husniga qolib hayratda,
Sogʻinganda, visol damlarida

Bebosh hislar bilan yurak orziqsa,—
Bunday mahallarda birdan kelib qolgan
Har qanday aqlli fikr ortiqcha.

 

Hayot mohiyati toʻgʻrisida bizga
Savollar beradi aqlimiz yakkash.
Hislar esa yashash kerak deydi,
Javobi ham shudir: yashash va yashash.

 

Fojiani tan olmaydi hislar,
Quyosh koʻlankani koʻrmaydi abad,
Xuddi shunday, hayot ham oʻzining
Mahkum ekanini bilmaydi albat.

 

«Chin aqldan» emas, «chin koʻngildan» deymiz.
Faqat yurak bilan sevamiz,
Va muhabbat degan oʻsha koʻhna soʻzga
Hamon sigʻinamiz va bosh egamiz.

 

Men dunyoda ming jild kitob oʻqib,
Topmadim bir koʻngil risolasini.
Farzandlar maqsadsiz, rejasiz,
Qasamyodsiz sevar oʻz onasini.

 

Hissiyot hayotning asliga toʻgʻri,
Idrrk goho yaqin, goho yiroqdir.
Hayotga muhabbat va yashashning oʻzi
Hayot maʼnosidan ulugʻroqdir.

 

 

ULAR ULGURDILAR

 

Ne-ne savob topib, ne gunoh etdi
Toʻqsonida tetik, hayot boʻlganlar.
Hech narsaga ulgurolmay ketdi
Yigirma yoshida halok boʻlganlar.

 

Yoʻq, yoʻq, ulgurdilar yosh boʻlsalar ham,
Inson qodir boʻlgan eng buyuk ishga:
Ular ulgurdilar eng muqaddas dam
Oʻzni Onayurtga qurbon qilishga.

 

 

ONANI KOYIMAYDILAR

 

Oramizda uzoq-uzoq yoʻllar;
Senga intilaman bogʻlar gullasa,
Ammo yoʻllar… yoʻllar mayli edi,
Oradagi yillar boʻlmasa.

 

Seni oʻylaganda oʻsha yillar goʻyo
Sekinlatar qalbim zarbini.
Ular meni behudaga chorlar,
Yaradek ogʻriydi har biri.

 

Lekin men ularni koyimam, chunki
Taqdir boʻlib qolgan zamona.
Orqamdan kuzatar meni, onamdek,
U meni tuqqandir, chindan ham Ona.

 

 

JIMLIK SURONI

 

Yaylov oqshomining epkini ildam,
Yulgʻun keragalar asta gʻirchillar,
Kun boʻyi egardan tushmay, tolsa ham,
Tun yana bezovta yosh yilqichilar.

 

Olonda oq, qizil kiygan qiz-juvon
Shov-shov shopiradi biya sutini.
Oqshom tinch, bosilmas dildagi suron,
Nelarni eslatar tezak tutuni?

 

Vaqirlab goʻsht qaynar qora qozonda,
Oʻtov atrofida itlar sanqigan.
Qizlar shivirlagan oʻsha olonda
Yangi qimiz xidi anqigan…

 

Oqshom koʻrinishda osuda, soʻlim,
Lekin u bir olam oʻy, sir saqlaydi.
Ingichka kishnasa uzoqda qulun,
Biyaning koʻzida yulduz chaqnaydi..

 

 

 

* * *

 

Orzularning manguligin oʻylab,
Yuragimga gʻuluv tushadi.
Kun bagʻridan chiqib bizning ekipajlar,
Zim-ziyo koinot sari uchadi.

 

Yerda esa hamon qadimgicha
Ertaklar kuylaydi gʻirotlarini.
Qorongʻi burchakdan chiqib parvona
Shamda kuydiradi qanotlarini…

 

 

YAYLOV TONGI

 

Kel, jonginam, birpas oʻltiraylik
Jimlikning sehrida mastona.
Bu tun goʻyo faqat ikkimizniki,
Bu tun mangulikka goʻyo ostona.

 

Qirda suruvlarning dupuri tingan,
Qoʻychivonlar yoqqan gulxan oʻchibdi.
Saksovul choʻgʻkning uchqunlari esa
Yulduz boʻlib koʻkka koʻchibdi.

 

Yaylov tuni muncha ulugʻvor,
Muncha sokin bu dala-tuzlar!
Bir seskansang goʻyo shu zumda
Duv toʻkilar yerga yulduzlar.

 

Tizzamga boshing qoʻy.

Oyning kokillari
Ufqlarga tushdi taralib.
Koʻzlaring sehrida

mening taqdirim,
Sochlaringga qolgay oʻralib.

Yaylov dengizini kechar oppoq tong,
Nega qalbing jindak entikdi?

 

Ana, oq nur tushdi:

maysada kimdir
Roʻmolchasin unutib ketibdi…
Qadimiy hislarni chorlab uygʻotar
Uzoqda kishnagan toy-doʻnan.
Sogʻinishlar, nozlar takrorlanar,
Yozlar takrorlanmas, jonginam.

 

Kel, jimgina birpas oʻltiraylik,
Qoʻzlaringga yana tong husnidan ol.
Tonglar…

Tonglar hali oldimizda koʻp,
Lekin munaqasi boʻlmas etimol.

 

 

UMID

 

Kuz ertasi. Namgarchilik,
Hazon biqsib, tutun taralar.
Oyoq osti—«chilip-chilip»,
Zirqiraydi eski yaralar…

 

Bor umringni oʻylaysan qayta,
Nimadir yurakni ezady».
Imoni sustroqlar mana shunday paytda
Yashashdan bezadi.

 

Ammo sen boq hayot dengiziga:
U oʻjarlik bilan qilar ishini.
Razm solsang, har dam oʻziga
Ming-ming iplar bilan bogʻlaydi seni.

 

Fasllar almashar,

dolgʻalanar havo,
Qargʻalar tovushi—qishning daragi.
Trotuarda

bukchaygan bir bobo

Yosh koʻchat koʻtarib oʻtib boradi.

 

Niholni avaylab mahkam ushlagan
Tomiri boʻrtib chiqqan titroq qoʻllari
Xayolida balki

olamni xushlagan
Bahor,

bodroq-bodroq oʻrik gullari.

Koʻm-koʻk shovullashi balki qulogʻida,
Koʻksi bilan sezar soya-salqinin.
Sovutgisi kelar koʻngil bulogʻida
Saratonning lov-lov yolqinin.

 

Boboning umrida koʻp boʻlgandir baxt,
Lekin baxt oʻtkinchi,

Umid — abadiy.
Keksa qoʻllardagi mana shu daraxt—
Ertaga kimningdir tolei kabi.

 

Boboning koʻzida umid yaltirar,
Koʻchatni koʻtarib shoshib boradi.
Mahalla ustida hamon qaltirar
Bebosh bolalarning qogʻoz varragi.

 

 

ADOLAT

 

(Yangi yilda chollar gurungi)

 

— Mana, umrimizdan yana bir yil ketdi.
Bandasi bilmay ham qoladi.
— Shu kunga yetkizdi, shukr qilaylik,
Egam oʻzi bergan, oʻzi oladi.

 

— Olib, nima, yeb ketarmidi?
Fahming yetmadimi yo shunga:
U umringdan olgan oʻsha bir yilni
Toʻkmay-sochmay qoʻshar yoshingga.

 

 

QALBIM NOZIKLASHDI

 

Yangi yilning yaqin oppoq tuni
Bolalar orziqib tunni kutadi.
Oʻtgan yili uchgan nafis qor uchquni
Yangi yil sarhadin buzib oʻtadi.

 

Bolalar hovliqib yangi yil kutadi,
Menga esa yil kuzatish — gʻam:
Qilt etib uzilgan bitta yaproq ham
Naq qalbimga tegib oʻtadi…

 

 

* * *

 

Hayot shunday moʻjizaki,
Qancha jabrin tortsang oz.
Oʻlim esa uning uchun
Arzimas bojdir, xolos.

 

 

EKSKAVATORCHI

 

Ekskavatorchi tuproq agʻdaradi,
Qum daryoday oqar poʻlat kovshidan.
Uning rotorlari shunday dagʻdagʻali,
Sahro ufqlari titrar tovushidan.

 

Tortadi metindek qatlamlar tagi,
Koʻzlardan oʻt chaqnar chagʻirligidan.
Tomirlari boʻrtar uzoq sexlardagi
Oltin misqollarning ogʻirligidan.

 

Yer tugamas, hamon qazir oshnam.
Oʻn yillardan beri shunday kovlaydi.
Goʻyo ona-Yerdan ajdodlarning ham
Haqqi-huquqini dovlaydi.

 

Oltin unga, chogʻi, muhimmas uncha,
Men tushungandayman goh niyatiga:
Kovlar mohiyatga toki yetguncha…
Inson hayotining mohiyatiga.

 

 

INSON

 

Sen kashfiyot yolqini, otash,
Asriy zulmatlarda bir yorugʻ nuqta.
Barcha mavjudotlar qalbingga tutash.
Bir oddiy giyohning oldida toʻxta.

 

Ariq shildirashi, barglar shiviri
Senga jon ozugʻi, ruhingga dardkash.
Gullar bilan soʻrash, hidlab har birin,
Kapalaklar bilan suhbatlash.

 

Javob bermasalar gapingga, mayli
Sovuq yulduzlarga tikilganda goh,
Bilginki, qalb qoʻri jonlilar tufayli,
Jonlilar jonliga doim xayrixoh.

 

 

* * *

 

Koʻp suzdim, bilaman dengiz shukuhin.
Gʻoyibdan tinglayman teran sasini.
Ters turib sezaman ulugʻvor ruhin,
Koʻraman koʻrkini, jozibasini.

 

Men seni oʻyladim bugun sohilda,
Hech kimga tenglamam, tengsizsan.
Ketgansan. Ammo sen doim yonimda,
Dengizga oʻxshaysan. Dengizsan.

 

 

* * *

 

Ufqlardan qalqib koʻhna Amur
Ohista, choʻyanday eshilib oqar.
Narigi sohilda hali quyosh yonur,
Keksa nanay unga entikib boqar.

 

—Biz ozmiz. Tiriklar—koʻzning nuriday,
Ulganlarni doim yodda tutamiz.
Tugʻilmaganlar ham dilning toʻrida,
Taraddudlar bilan kutamiz…—

 

Men shunday oʻyladim: «Bunday elatni
«Kichik» deya atash kerakmi?»

 

 

* * *

 

Tegirmon toshining oʻqida orom.
Orom girdibodning qoq oʻrtasida.
Joziba tegrasi—saʼyi badavom,
Shunday bir holat bor ishq oʻlkasida.

 

Ishq—orom izlash, mushkul va shirin,
Charxi girdon, xullasi kalom.
Sening koʻzlaringda orom yashirin,
Atrofingdagilar shundan beorom.

 

 

INSON ERTAGI

 

Oʻtib ketdi. Oʻtib ketdi lahza.
Oʻtib ketdi, men qarab qoldim.
Na hayajon menda, na olamda larza,
Nega achchiq faryod chekmaydi qalbim?

 

Oʻtib borar zumlar, oʻtib borar,
Biri—buyuk, qay biri oddiy.
Biri uchar mangulikka qarab,
Biri vazmin va qariyb moddiy.

 

Oʻtib borar, yelib borar tikka,
Barini barobar yeldirar bir kuch.
Biri toʻppa-toʻgʻri uchar yoʻqlikka,
Shuursiz va ayanch, salmoqsiz va puch.

 

Puchmi-toʻqmi — har kim baholasin,
Chunki bu aslida inson ertagi.
Uchayotgan planetada odam bolasi
Yo unday, yo bunday oʻtib ketadi.

 

 

TUSH

 

Men bir tush koʻribman.

Ajab zamonlardan.
Jahl ustida oʻsha soʻz aytilmaganmish.
Hali koʻngil holi pushaymonlardan,
Ahdu vaʼdalardan qaytilmaganmish.

 

Visol zoriqtirar, zardalar shirin,

Yolgʻizlik alami hali notanish.
Bilmay qovushuvning mangulik sirin,
Dillar bir-biriga quvonar emish.

 

Koʻzlarning koʻzgudek begunohligi
Tirik emish, tirik va abad.
Mening insonligim, sening ilohliging
Va bizni teng etgan oʻsha muhabbat.

 

Oldinda uzoq yoʻl, uzoq umrning
Achchiq-chuchuklari xayolda ham yoʻq.
Hali issiq emish yonimda oʻrning,
Hayot moʻjizalar sehriga toʻliq.

 

Bilmasmishman yaqinligin joʻngina turmush,
Butun bir umrni yamlab yutgan on,
Va soʻngra… vaqtning, xuddi yengsimon,
Astarin agʻdargan bu gʻalati tush…

 

 

TUN UY SURAR

 

Bizning bogʻda oqshom paytlari,
Iigʻib olganida kun shuʼlasini,
Oʻtlar orasida yashil chigirtka
Boshlaydi tinimsiz ashulasini.

 

Bu kichkina jonning soʻzsiz qoʻshigʻin
Asli fidoyilik desa boʻladi.
«Hayot bor…»—tun boʻyi oʻjar bir taʼkid
Katta sukunatning jonli boʻlagi.

 

Shu chirillash borki, nazarimda,
Tun oʻy surar, tabiat tugal.
U boʻlmasa soʻqir kechalari
Ruhimiz huvillab qolardi har gal.

 

Qashshoqroq boʻlardi tun manzarasi,
Bunday sehriy taʼsir etmasdi
Ham umumjahoniy garmoniyada
Bir azaliy ohang yetmasdi…

 

 

* * *

 

Bizning bogʻda chiqsang oqshom sayriga,
Yo oralab yursang sen ishkomlarni,
Choʻchitmagil sevishganlarni,
Osmonlarda sezsin oʻzni, mayliga.

 

Bu lahzalar bir umrga tatir,
Bu lahzalar sinar yoshlik sabrini.
Biz shularni koʻrib bilamiz axir
Tungi yulduzlarning qadrini.

 

 

OLMA TOʻKILDI

 

Meva toʻkiladi. Bogʻlar dimiqqan.
Tunlari «top» etib olma tushadi.
Tonggi oʻylarimday tinib-tiniqqan
Ogʻir sukunatning bagʻrin teshadi.

 

Boʻgʻiq, uzuq tovush. Unda nimadir
Soʻzlaydi hikmatdan, qismatdan.
Kimningdir uyqusin buzar, kimgadir
Zaminning joziba kuchin eslatgan…

 

Men sezaman unda sehriy alomat,
Shoshqin, ehtiyotkor tovush… Sen mudrab
Kutasan… Odamning hayoti uzra
Nimadir turadi shunday omonat.

 

Qachondir sarflangan kuch uni avval
Asta kimirlatar… Uzar bandidan.
«Top-top» degan sari yoʻqotganday har gal,
Ona ayriladi bir farzandidan.

 

Uzuq, boʻgʻiq tovush… Unda nimadir bor
Qadimiy dunyodan, qismatdan.

Yetilish, paymona, muddatdan…
Olma toʻkiladi. Uylar beqaror.

 

Xay, toʻkilish uchun har zot pishadi.
Olmadek sehriy charx aylanar.
Fasllar davrasi yana tugallanar…
Tonglari «top» etib olma tushadi.

 

 

* * *

 

Azizim Aleksandr Udalovga

 

Bogʻda, uzoqlardan keltirib, doʻstim
Bir qayin oʻtqazib qoʻygandi.
Shu mehmon oʻz tenggi chinor yonida
Erta bahordayoq asta uygʻondi.

 

Uygʻondi-yu, hamon koʻm-koʻk uyqusini,
Mayin uyqusini quvlayotganday.
Es-es xotirlaydi oʻrmonlarni goʻyo,
Tushda koʻrdimmi, deb oʻylayotganday.

 

 

* * *

 

Bizning bogʻda har tong asta yangrar
Muhabbat qismati toʻgʻrisida kuy.
Horgʻin koʻzlarimni yuvar ohanglar,
Nazarimda, kuychi jindek xudojoʻy.

 

Kuy gʻamgin boʻlsa ham, bechora netsin,
Uyqusiz tunlarim yolgʻiz emasman,
Rahmatdan oʻzgani unga demasman,
Shuncha orziqtirgan vasliga yetsin.

 

 

* * *

 

Bizning bogʻda birinchi qor yogʻdi.
Uyga yomonliklar kelmaydi sira.
Sen mening qorimsan, birinchi qorim,
Goʻyo butun olam senday bokira.

 

Butun olam shunday oppoq tinlik,
Bahor gullarining hidi keladi.
Bahor gullaridek, qor tagida mudrar
Odamlarning ezgu tilagi.

 

 

* * *

 

Bizning bogʻda tun choʻkkan mahal
Qalbni uvishtirar ukki nolasi.
Birov der, u chorlar badbaxt qismatini,
Birov der, qargʻarmish oʻgay bolasin.

 

Musibatday sovuq, uzoq, goh yaqin,
Balki gado folbin, balki jinnidir.
U oʻzi begona koʻzdan yashirin,
Lekin chaqiradi hamon kimnidir.

 

Betinim sannaydi, nazarimda tunni
Qora boʻlaklarga boʻlib chiqadi.
Nimaga oʻxshatsang, nima desang ham
Bir gʻamgin afsona boʻlib chiqadi.

 

Oqlolmagan emish ona sutini,
Oq sut tilar emish, degan gap…
Bu ham—ertak. Shunday soʻlim tunda
Ertak roʻparangdan chiqsa ne ajab!

 

Hayot shu ekan-da: yogʻdu va zulmat,
Qishu yoz, oʻngu tush, tirik va oʻlik…
Shusiz boʻlmas ekan tugallik sira,
Hatto qush naʼmasi: goʻzal va xunuk.

 

 

* * *

 

Bizning bogʻda shifobaxsh oʻt bor,
Xalq uning otini bargizub demish.
Chunki oʻsha oʻtni tunlari bedor
Yulduzlar nur bilan sugʻorar emish.

 

Siz bilasiz mening yonishlarim,
Satrlarga koʻchgan qalb choʻgʻimni,
O, yulduzlar, tungi tanishlarim,
Nur bilan sugʻoring shu qoʻshigʻimni.

 

Ehtimol, shunda u biron kimsaning
Yurak yarasiga malham boʻlardi.
Guldek ochilardi zamin . insonning
Atigi bir zumga arisa dardi.

 

 

* * *

 

Qaynim Ahmad halok boʻlgan qishloqda

 

Shabboda ovulni oralab oʻtdi,
Soʻnggi rutubatni bogʻlardan quvlar,
Yana gurkiratar qalbdagi oʻtni.
Oq yoʻl sizga, ey toshqin suvlar!

 

Ertalabki tuman vaznsiz, harir,
Undan nari—qirlar, sening qirlaring.
Yoshliging tentirar qirlardan nari,
Sening yashamagan esiz yillaring.

 

Unda toshlar yonib kul boʻlgandi.
Yana boshoq undi, salmoqli, yirik.
Bahor bu yerlarga yana oʻrgandi,
Sen ardoqlab qolgan moʻjiza tirik.

 

Oʻsha yoqdan kelar yoshlik daldasi,
Dardli xotirani dildan taratgan.
Oʻsha yoqdan kelar bahor shabbodasi,
Hislar, kuylar oqar oʻsha tarafdan.

 

 

* * *

 

Naykamalak, sizcha, spektrlar xolos,
Vibratsiya, deysiz, qushlar naʼmasin.
Sheʼr esa, mana qalam bilan qogʻoz,
Programmalashgan harflar yigʻmasi.

 

Hayot-chi, oqsilmi, kislotami, nima?
Yurak—nasos, hilol—oddiy kul…
Gilosday lab emas, hujayra, toʻqima,
Gulni nima deysiz, gul-chi, gul?

 

Balki formuladan iboratdir dunyo?
Nima deysiz tongni, tumanni?
Unday boʻlsa, men-chi, men ham yo
Modda almashinish obʼyektimanmi?

 

—Yoʻq!—degim keladi, qisiladi yurak,
Menga sir qoldiring, haqqim dovlayman
Menga goʻzal, sehriy dunyo kerak,
Sirru moʻjizasiz yashay olmayman!

 

 

DARBADAR

 

Yulduz boʻsasiga Yer koʻksi ochiq,
Abadiy qovushgan dengiz-la osmon,
Hatto chaqmoq zulmatlarga oshiq:
Faqat shamol yolgʻiz, beoshiyon.

 

Faqat shamol yolgʻiz, yerda darbadar,
Faqat shamol hamon juftin izlaydi.
Daralarda izgʻib, tunga naqadar
Ozor berganini oʻzi sezmaydi.

 

Kezadi togʻu tosh, changalzorlarni,
Kimnidir chaqirar hamon telbaday.
Dargʻazab yulqinib, goh zorlanib
Goh norday quturib, goh yelvagay,

 

Bogʻda, sohillarda, qirlardan pastda
Suluvlarning sochin siypab taraydi.
Oʻtli siynalardan sirgʻalib asta,
Xumor koʻzlariga toʻyib qaraydi.

 

Yana ketadi u, kimnidir istab

Va qoʻrqib qalblarning yonishlaridan.

Begona yotoqlar hidini iskab,
Moʻralar deraza tirqishlaridan.

 

U maskan topolmas maskan tark etib,
Ruhi hech qayerga sigʻmaydi.
Keyin, Majnun kabi, sahrolarga ketib,
Uzoq-uzoq yolgʻiz yigʻlaydi.

 

U minglarni chorlab yalingan emnsh,
Ammo qalbida yoʻq hech kimga vafo.
Shundan, u topilmas ishqning bedavo
Mangulik dardiga chalingan emish.

 

 

UCHISH

 

Uzoq zamonlarda
Irgʻay tol egib,
Yoy yasadi odam,
Oʻq otdi.
Shunda ilk bor
Uchish dardi tegib,
Oromini butkul
Yoʻqotdi.

 

Uni chaqirardi
Oʻzga olamlar.
Keyin, Kalugada
Tunlar beuyqu,
Planetani uygʻotmasdan,
Asta qadamlab,
Yoʻlning yarmini
Bosib oʻtdi u.

 

Oʻylarida unib
Idrok atomi,
Fazo birdan

Goʻyo kichraydi.

U uchdi.

Olamni tutdi shovqini.

Ufq

xuddi yoydek
Hamon titraydi…

 

 

TAR-KETAR…

 

«In ham meguzarad!»

Donishmandga balli.
Demak, hech narsadan boʻlmaylik xafa.
Qanday allalovchi, oson tasalli,
Qanday yupatuvchi, oʻngʻay falsafa!

 

In ham meguzarad…

orom, orom quching.
Hayajondan saqlang yurakni.
Lekin hayajonning oʻtishi uchun
Axir jindek fursat kerakmi?

 

In ham meguzarad.

Tugib oling dilga,
Chindan, hamma narsa, soʻzsiz, oʻtadi.
Lekin hamma narsa oʻzi bilan birga
Umrning bir qismin olib ketadi.

 

Umr? In ham meguzarad, balli.
Bundan ham hech boʻlmanglar xafa.
Qanday allalovchi, oson tasalli,
Qanday yupatuvchi, oʻngʻay falsafa!

 

Axir, «oʻtar-ketar», bu—vaqt haqida,
Bir nima oʻtguncha fursat kutamiz.
Umrguzaronlik koʻhna aqida.
Aslida, vaqt oʻtmas, bizlar oʻtamiz…

 

Tezroq yetsaydim, deb, yillar yoʻqotamiz,
Goʻyo vaqt tez oʻtsa yutamiz shuncha.
Ranjitamiz, soʻngra yupatamiz,
Ammo fursat kerak dil yozilguncha.

 

Alam bosilguncha fursat kerak, fursat,
Ogʻriq tuzalguncha fursat kutamiz.
Fursat kerak baxtimizni kutsak;
Orzu ushalguncha fursat kutamiz.

 

Mevani oʻylaymiz dillarda ming-ming
Xushboʻy kapalaklar qurganda maskan.
Biz visol kutamiz goh yolgʻizlikning
Dardchil lazzatini qadrlamasdan.

 

Kunning chala-chatti quroqlarini
Iigʻib, ertagacha uchmoqqa shaymiz.
Doimo kalendar yaproqlarining
Hazonrezgisida yashaymiz.

 

Saxovatdanmikin «oʻtar-ketar» deb,
Umrni bemalol bunday ulashsak?
Oldinda mangulik bizni kutardek,
Hozirgi har lahza uchun kurashsak.

 

 

ER

 

Yerga men oʻzimni jondosh sezaman,
«Tuproqdan boʻlgan»im tufayli emas.
Shunchaki, men uchun hamma narsadan
Insonga marhamat hissi—muqaddas.

 

Yerning tashvishlari bitmas hech mahal,
Halovat istasak biz undan topdik.
Bir kiftin silkisa—gul, meva, asal,
Bir kiftin silkisa—qor, boʻron, soflik.

 

Istardim, inson ham Yerga faqat don,
Muruvvat, saxovat urugʻin eksa.
Hech kim oʻksimasa, hammaga yetsa
Koʻk gumbaz ostida toʻkin dasturxon.

 

Nazarimda, men ham yerni dehqonday
Haydab, har qadamda maʼno izladim.
Ehtimol mendan soʻng bir tomchi qonday
Yonar marzalarda qolgan izlarim.

 

Yerga men oʻzimni qondosh sezaman;
Tuproqdan boʻlgan»im tufayli emas.

Shunchaki, men uchun hamma narsadan
Insonga marhamat hissi—muqaddas.

 

Hatto, toʻgʻri boʻlar qalbdoshman desam.
Toshni qayga otsang yerga tushadi.
Shunga oʻxshash, doʻstim, kimga ozor bersang
Qalbim achishadi.

 

 

KONDA

 

Quyosh tafti,

Koʻk dengizda yelkan,

Qahraton sofligi,

Bahorgi tomchi…—

Bularning astoydil qadriga yetgan

Yagona insondir, nazdimda, konchi.

 

Bunda na kunu tun va na fasllar,
Bosh uzra qora yer, zalvarli, qat-qat.
Undan ham ogʻirroq zulmat, sukunat,
Faqat tirgovuchlar asta qisirlar…

 

Bir-birini yoʻqlab, nedir soʻzlaganday
Manglaylarga qoʻngan karbit yulduzlar.
Shoir har bir soʻzdan oʻt izlaganday,
Konchi yer qaʼrida toshdan oʻt izlar.

 

Men bunda bildimki, har yulduz—odam,
Yulduz zamyrida bir inson shaxsi.
Bildimki, koʻmirdan yaratilsang ham
Zulmatda nur boʻlish naqadar yaxshi!

 

Bildimki, mehnatda, soʻzda va kuyda
Olov—teranlikda. Undan ham nari!
Bildimki, konchini kutarlar uyda
Koʻkdan kosmonavtni kutgan singari.

 

 

U BAHORDA KETDI…

 

U bahorda ketdi, seni yigʻlatib,
Xush buyga toʻlganda bogʻlar, qoʻralar.
Umid tomchilari achchiq va latif,
Boshda olcha guli tinmay boʻralar.

 

Uzoq koʻz oʻngingda turdi oʻsha dam,
Yoz oʻtdi shu damning -hislarin sinab.
Loqayd edi unga kunlar, oylar ham,
Kuz oʻtdi yonidan yotsirab.

 

Qish keldi, qor bosdi yarim olamni,
Qor ostida qoldi bogʻlar, qoʻralar.
Yelgʻizlik tunlari sovuq, alamli,
Qor esa boʻralar, hamon boʻralar.

 

Shunda u koʻrindi ketgan yoʻlida.
Mehr izlab qaydadir balki tilangan,
Tavbadir, umiddir balki dilida,
Oʻzi boshdan-oyoq qorga belangan.

 

Yodga kelmay qiynar unutilgan qoʻshiq;
Ostanada turdi. Qor yuz-koʻzida.
Qor erigach, koʻrding: oʻrnida—boʻshliq
Jindak koʻlmak qoldi oyoq izida.

 

 

AYAJONIMIZ

 

Titrab yangrar edi ufqlar tongda,—
Goʻzal kuylar edi ayajonimiz.
Bulutlar toʻlgʻanar edi osmonda,
Jajji yuraklarda — hayajonimiz.

 

Quyni qari-qartang mukka tinglagan,
Bunda ojiz edi har qanaqa soʻz.
Urush moʻralardi qoʻlsiz yenglardan,
Yupun xirmonlardan — bebaraka kuz.

 

Ayam koʻkka qushday intilar edi,
Etagidan ushlab diydirardik biz.
Yashil koʻsaklarda moʻltillar edi
Chala qolgan kuydek bolaligimiz.

 

Bulutlar bezovta edi osmonda,
Jajji yuraklarda—hayajonimiz.
Dadamizni eslab shunda har tongda
Mungli kuylar edi ayajonimiz.

 

Kuy boʻlib uchmoqni qilardi orzu
Dadamni bir koʻrish qasdida.
Ammo qanotlarin yozolmasdi u,
Chunki biz bor edik qanot ostida.

 

 

BOLALIK

 

Ilk tong nuri kiprigingga qoʻnar,
Koʻkdan yuvib ketar qora uyquni.
Qayerdadir soʻnggi yulduz soʻnar,
Shabnamlarda qolar uchquni.

 

Sen olamni ilk bor koʻrayotgandek,
Tugʻilish chogʻiga boʻlasan guvoh.
Hayot endigina kurtak otgandek,
U hali bir goʻdak, sof va begunoh.

 

Lekin birpasdan soʻng bularning bari
Xuddi bolalikday qoladi ortda.
Bolalikda koʻrgan tushlar singari
Xotiralargina qolar hayotda.

 

Unga kirib kelar tutun va gʻuluv,
Terdatar tashvishlar, terlatar quyosh.
Olam yana oʻsha chalkash va ulugʻ,
U yana qadimiy, unga million yosh…

 

Orzu olgʻa undar, xotira—ortga,
Bular bir-biriga, albat, zid narsa.

Lekin, oh, qaniydi har tong hayotda
Chindan bolalikka bizni qaytarsa!

 

Hoy-hoy, keling,—deya,—oʻsha kunlarim!—
Yaxshiyu yomonin birga toʻplardim.
Mushtlashgan, doʻstlashgan joʻralarning barpn,
Tanish qushlarimni yoʻqlardim.

 

Changli soʻqmoqlarim tanib olar edim,
Chashmalar, oqshomlar, lolazorlarim,
Tanib olar edim gulingizning hidin,
Qirqqokil sinfdosh dilozorlarim.

 

Koʻrardim yoshgina onajonimning
Yuzlari ajinsiz, dilbar chogʻini.
Gʻamli, hayajonli har bir onimning
Yangilab dildagi yogʻdu, dogʻini.

 

U bilan chiqardim—dalalar gilam,—
Yana uzoqlarga bir koʻz tutardik.
Hamon jindakkina ilinj qoʻri bilan
Dadamizni jangdan kutardik…

 

Bolalik… umrning sehrli dami;
Kim biladi deysiz bu holning sirin:
Achchiq-boʻlsa hamki lablarda taʼmi,
Qalbda xotirasi shu qadar shirin!

 

 

QIRDA

 

Oydin jimlik kumush jarangsimon
Yana boshoqlarni shuʼlaga chaydi.
Tushib qolgan dondek, men ham bir zamon
Shu ona tuproqda unib chiqsaydim.

 

Koinotda porlab koʻrinadi
Somon yoʻl singari inson xayoli.
Inson oʻzi hamon yerda urinadi,
Vodiyda anqiydi argʻuvon boli.

 

Inson kuzatadi moviy dengizni:
«Qaysi sunʼiy yoʻldosh, qaysi sayyora?»
Ammo qoʻshni kapadagi oʻroqchi qizning
Nozli kulgisidan qalbi chilpora.

 

Avf eting uni, porloq yulduzlar,
Inson Yerda xuddi daraxt singari:
Daraxtlar yuksakka intilgan sari
Chuqurroq ketadi yerga ildizlar.

 

 

BEZOVTALIK

 

Bola edim. Oyijonim yosh,
Zebigardonlari yarqirar edi.
Sizni yoʻqlaganda, asta egib bosh,
Mening ismim aytib chaqirar edi.

 

Bilmadim, ismimning yoʻq edi sehri,
Menda faxr etgulik nima boʻlgandir,
Balki yuragingiz oila mehri,
Iliq hislar bilan toʻlgandir.

 

Har holda, u sizni yoʻqlagan choqda
Mening ismim aytib chaqirar edi.
Sizning koʻzlaringiz esa uzoq-uzoqda
Chaqnagan yulduzday yaltirar edi.

 

Yoshim, eslolmayman, nechadaydikin,
Oyoq yalang chiqdim kuzatib navroʻz.
Umid yulduzingiz soʻnmadi, lekin
Siv soʻndingiz, dada, bemavrud.

 

Okoplardan yana qalqidi dunyo,
Meros qilib oldi uni naslimiz.

Planetaning chakka tomiri goʻyo,
Hamon tepib turar notinch asrimiz.

 

Kecha birdan kimdir meni ilk marta
Ismimga ismingiz qoʻshib chaqirdi.
Yoshim endi sizdan boʻlsa ham katta,
Butun vujudimda chaqmoq chaqildi.

 

Meni chulgʻab oldi bezovta tuygʻu:
Xoʻp, magʻrur yurarman eslatib sizni,
Lekin ayni damda dilga tushar gʻuluv—
Otalar ismiga munosibmizmi?

 

 

TUGʻILISH

 

Tong oldidan yomgʻir sevalab oʻtdi.
Keyin koʻk ochilib, yogʻdi yulduzlar.
Yerdan hovur koʻtarildi, xuddi
Qimirlagan kabi zimdan ildizlar.

 

Qimgadir muqaddas bir zum yaqinladi
Qorovul oʻchirdi soʻnggi fonarni.
Iyul quyoshining ilk yolqinlari
Yaproqlarga sachrab yonardi.

 

Yer yosh; soflik jimirlatar etni,
Zoriqqan gʻunchalar ochildi bogʻda.
Panjaradan oshib chiqib ketdi
Maysazorda yurgan yashil shabboda.

 

Eshikdan eshikka yugurib yelardi,
Suyunchi soʻrardi, suyunchi.
U goʻyo taqdirni oldan bilardi,
Goʻyo yoʻq dunyoning gʻami, kuyunchi.

 

Iymanibroq turar ota poygakda,
Koʻksida yulduzi, bir qoʻli mayib…
Ichkarida esa, oppoq choyshabda
Jahonning umidi yotar jilmayib.

 

 

* * *

 

Bilmadim, yoʻlingga kimlar boʻldi gʻov,
Bezidi kulbamdan fayzu farishta.
Koʻngil mulkim mening algʻov-dalgʻov,
Qayt, dunyomni qilgil sarishta.

 

Bari oʻlda-joʻlda—roʻzgʻor, his, xayol…
Sening qoʻllaringga hammasi mushtoq:
Quvonch gullarimga suv sep. sohibjamol,

Qaytib, koʻzlarimning yulduzni yoq.

 

Tongdek balqi eshigimdan kirib,
Soʻngan oʻchoqlarim yonsin mehringdan.
Bunda hamma narsa sening bilan tirik,
Bunda har moʻjiza sening sehringdan.

 

Xayol zulmatiga soching chulgʻanar,
Qiynar ilk nigohing mangu lahzasi.
Devorda soyadek es-es toʻlgʻanar
Tungi boʻsalarning sirli lazzati.

 

Aytsang-chi, yoʻlingga kimlar boʻldi gʻov,
Bezdi-ku kulbamdan fayzu farishta.
Koʻngil mulkim mening algʻov-dalgʻov,
Qayt, yana dunyomni qilgil sarishta.

 

 

NOMAʼLUM SOLDAT

 

Jasorat maydoni—sahna emas, ha.
Boʻlishi shart emas guvohlar.
Baʼzan jasoratga guvoh shunchaki
Nomsiz tepaliklar, tonglar, giyohlar

 

U tong kabi balqib tugʻiladi
Pinhona, har kimning qalbida.
Xalq balki bilmas, u sodir boʻlar
Faqat vijdon, vijdon oldida!

 

Bugun gul koʻtarib kelganlar—unga
Bobodir, singildir, onadir…
U tarix qaʼrida qolsa-da oʻzi,
Bizni kelajakka chorlab yonadir!

 

 

* * *

 

Sezar ertalabdan noxush edi bogʻda,
Dunyo koʻz oʻngida begona, erish.
Xunuk bir tush koʻrdi. Ruhi alagʻda.
Tushda oʻz onasin zoʻrlagan emish…

 

Darhol chorladi u kulli ulamo,
Munajjimlar, folbinlarini.
To taʼbir etilsin bu mudhish roʻyo,
Istiqbolimi bu, oldinlarimi?

 

Ular jahongirni tang qoldirdilar,
Tush emas, bu omad sitorasi, deb.
Zaminga hokimlik ishorasi, deb,
Botin niyatlarin oʻt oldirdilar.

 

Ha, Zamin… Ona-Yer! Cheksiz olamda
Tiriklikni tuqqan yagona manzil.
Uni tahqirlayman degan har banda,
Har xudo—razil…

 

 

IKKI GUL

 

Endi aytsam ayta qolay,
Ancha boʻldi bu gapga.
Bir yosh suluv qizcha bilan
Oʻltirardik egatda.

 

Lov-lov yonar, kamgap ekan,
Men soʻzini kutardim.
U iymanib yerga qarar,
Men savolga tutardim.

 

Xayol ketib qolar edi:
«Koʻzlari muncha tiyrak…»
Ammo bugun men u haqda
Xabar yozishim kerak.

 

Shuning uchun ishga oʻtdim,
Tiyib bebosh oʻylarni.
Javoblari chala-chulpa,
Roʻmol uchin oʻynardi.

 

«Ha, joʻyakka yoʻl solamiz
Shabnam koʻtarilganda…»

«Ha, shturval ogʻir, lekin
Qiyin emas bilganga».

 

Quyosh tapti yonogʻida,
Manglayida — sepkili.
Nafasidan sezilganday
Sirli tonglar epkini.

 

Uzoqlarga tikiladi,
Uzoqlarda qorli tor.
Gap ololmay qiynalaman,
Qiz ham menga xayrixoh.

 

«Ha, charchayman… lekin, qarang,
Oq bulutlar qalqidi…»
U turganda izlaridan
Chaqmoq hidi anqidi.

 

Birga turdi paxtazorning
Tarovatli yellari.
Koʻz oʻngimda kombinezon
Siqib turgan bellari.

 

…Yozolmadim maqolani,
Chiqmasligin bilgandim.
Lekin oʻsha uchrashuvda
Bir nimani oʻrgandim.

 

Mehnat qilgan oʻzi bilar
Uning ichki ziyosin.

Soʻzlab berish mushkul ekan
Mehnat poeziyasin.

 

Derlar: sheʼru mehnat guli
Dil toʻrida bitibdi…
Sheʼriyatning sirlarini
Kim ham bayon etibdi?

 

Uni bayon etib boʻlmas,
Qancha kuch sarflamang.
Gul atrini hidlab biling,
Gul atrin taʼriflamang.

 

 

DERAZA YONIDA

 

Silva Kaputikyandan

 

Senga intizorman.

Xira darpardalar…

Tungi chorrahaday dunyoyim boʻm-boʻsh.

Jimlikni sehrlab koʻchar sharpalar,

Har qadam tovushidan qalbimda junbish.

 

Hamon umidvorman,

Qalbim malikasi!

Sogʻinch va alamdan tun ham zim-ziyo.

Yana uzoqlarda shoshqin qadam sasi,

Bu ham oʻtarmikin, toʻxtarmikin yo?..

 

Evoh,
Bu ham toʻxtamadi, oʻtdi.
Qalbga zardob boʻlib tomdi oʻkinchi.
Qalb zirqirar,
Chunki uni xuddi
Toptab oʻtar edi har bir oʻtkinchi…

 

 

KUZ

 

Kuzgi bulut kelib oqshom asnosi
Bogʻlar etagida koʻzdan yoʻqoldi.
Silkitib ufqning oʻtli tasmasin,
Chinor taglarida koʻlmak suv qoldi.

 

Chinor soʻng bor sezdi tanida iliq,
Pildirab tushganda oxirgi yaproq.
Suvni chayqadiyu bir zumlik titroq
Soʻng yana jim boʻldi, osmonday tiniq

 

Koʻlmakda shafaqning bir tomchisidek
Yonardi chinorning soʻnggi tuhfasi…
Bejizmas, shoirning ilhomchisi deb
Seni ataydilar, ey oʻychan fasl!

 

 

ShAMOL

 

Tunlari intizor kutasan xabar,
Eshik gʻirchillasa uyqung qochadi.
Bilmasmiding axir shu paytga qadar:
Baʼzida eshikni shamol ochadi…

 

Bilmasmiding, shamol—engil, daydi;
Unga muhabbat ham, taqdir ham arzon.
Bugun sochlaringni silab erkalaydi,
Ertaga bogʻlarni etadi hazon.

 

 

YAPROQ

 

Ochil buva yuzga qoʻydi qadam.
Chinor chorlar uni, yolgʻiz umrdosh,
Faqat chinor uning dardiga hamdam.
Qolgan hamma narsa, hatto vodiy ham,
Undagi dengizlar, daryolar ham yosh.

 

Turdi, har kungiday, eldan ilgari.
Huvillab yotardi kimsasiz guzar.
Hazonga burkanmish sayhon chimlari.
Buva koʻnglidagi oʻylar singari
Koʻkda pagʻa-pagʻa bulutlar suzar.

 

Kech kuz, sovuq. Chinor yalangʻoch.
Shoxlari qizlarning siynasiday oq.
U tayyor, u kutar, u qishga muhtoj;
Faqat bir butoqda, goʻyo noiloj,
Qaltirab turibdi yagona yaproq.

 

Buva, titrab oq kipriklari,
Tixilib qoldi, goʻyo oʻz taqdiriga.
Yonida yoʻq yashil, tiriklari,

Uzilib uchgan minglab sheriklari,
Nega shafqat qilgan shamol biriga?

 

Izgʻirinlar uni yulib ketmabdi.
Bu yilgi bahorning soʻnggi merosi.
Ayozlarning unga kuchi yetmabdi,
Hamon ilinib turar. Demak bitmabdi
Tomirlardan kelgan hayot shirasi.

 

Buva ilk bor sezdi gʻalati toʻygʻu.
Yolgʻizlik… Sariq barg sal shitirlardi.
Quzning och shamoli kezardi gʻuv-gʻuv.
Izgʻirinda cholga chinorning mangu
Yashil shovullashi eshitilardi…

 

 

ChASHMA

 

U ketdi. Qishloqning boʻz bolalari
Uni bir koʻrmoqqa hamon tashnamiz.
Uzoq emas chogʻi kent oralari—
Bir kun chorlab keldi oydin chashmamiz.

 

Qaytib ketar ekan, chashma sathida
Yulduzlar bezovta tebranib qoldi…
Turmagan edi-ku bu qiz ahdida,
Nega chashmamizdan yana suv oldi?

 

 

YURAK

 

Qalb, chida! Sendagi bu yangi tuygʻu
Utday xavfli, bemavrud va yosh…
Sir boʻlib qolsin u qaʼringda mangu,
Gʻamu shodliklarga bergansan bardosh.

 

Tasavvur qil, axir, hammaga hamma
Soʻzlasa dardini, shikoyatini,
Aytib beraversa har bir qadamda
Ezgu muhabbatin hikoyasini.

 

Aytib beraversa barchaga barin—
Omadu judolik va yonganini,
Rashk, umid, alami va afsuslarin,
Aldagani, quvonganini.

 

Yurak sirlarini yoysa olamga,
Gʻussa ummonida gʻarq boʻlar edik.
Baxt quvonchda suzgan barg boʻlar edik,
Joy ham qolmas edi balki odamga…

 

Xayriyat, bu—har kimning oʻz ishi,
Har kim oʻz ichiga yutib yuradi.
Ishqilib, mard boʻlsin bu ishda kishi,
Daryoday keng boʻlsin inson yuragi!

 

 

ERKIN

 

Sovuq edi, oq quvoqlar shumshuk;
Qushlar boʻgʻotlarga kirib berkingan.
Faqat bitta hurpaygan chumchuq
Nimadir kutardi bizning Erkindan.

 

Nimasi bilandir unga oʻxshagan
Erkin ham qoʻl choʻzdi, kaftida ushoq.
Bexos ehtiyotlik qochdi qushchadan,
Eski oshnasini topganday shu choq,

 

Shoxdan shoxga toshday otildi,
Toʻkib quvoqlarning kumush ninasin.
Sovuq yumshab, izgʻirin ham tindi,
Deganday: orada noz hurkimasin.

 

— Men bulbul emasman, yoki musicha,
Maylimi? — deganday chumchuq oʻzicha,
Churqillab, goh qarab uning aftiga,
Uchib kelib, qoʻndi kaftiga.

 

— Dadil boʻl… — deb Erkin, baland tutdi,
Erish qitiq sezdi barmoqlarida,

Saxovat quyoshi yonardi xuddi
Sovuqdan qizargan yonoqlarida.

 

Har bir ishchan, sersavlat kishi,
Shu yerda qadamin sekinlatardi.
Toʻxtab xotin-xalaj, unutar ishin,
Bobolar soqolin selkillatardi.

 

Toʻxtab qolardilar. Chumchuq emas, goʻyo
Moʻjiza topganday bola kaftidan,
Koʻzlarida quvonch bir dunyo
Jindak ezgulikning oddiy taftidan.

 

 

QUYoSh

 

Oftob chiqdi olamga,
Yana yoniq, yana yosh.
Shunday saxiy, shunday saxiy
Har tomchida—bir quyosh!

 

Har qorachigʻ tubida u
Quvonch boʻlib yonadi.
Quyosh mening bogʻlarimda
Sharbat boʻlib tomadi.

 

Charaqlaydi oynalarda,
Hamma unga intizor.
Hali uning ishi koʻpdir,
Hali kechga ancha bor.

 

Charchaydi u, chanqaydi,
Uni yoʻlda kutaman.
Qirov qoʻngan gulbargni
Kaftlarimda tutaman.

 

Olov yollarini silkib
Toliqqan otday yuvosh,
Issiqina kaftlarimdan
Shabnam ichadi quyosh!

 

 

MANGULIK

 

Oʻzini dengizga bagʻishlab, daryo,
Jilgʻalar oʻladi.
Uzoq-uzoq yangrab zamonlar aro
Qoʻshiqlar soʻladi.

 

Yorugʻ yonib,

Shon-shuhratga qonib,
Yulduz oʻchadi—
Yoʻqlik dunyosiga koʻchadi.

 

Goh havas qilaman…

Lekin aslida:
Men u ham boʻlmasam,

Bu ham boʻlmasam.
Tabiatday boʻlsam:

soʻlsam-da faslida,
Sira oʻlmasam!

 

 

* * *

 

Bilaman: yillarning oqimi
Qonimni sovutar qalbimda.
Lekin yillarimning asili
Bari bir—oldinda.

 

 

* * *

 

Hujayramning har bir boʻlagida
Ajdodlardan meros qonim bor.
Sahrodagi karvon yoʻllarida
Yozilmagan ezgu qonun bor:

 

Olislardan kelgan tashna musofir
Nogoh bir manzilda quduq topadi.
Toʻyib ichgandan soʻng, geolog, shofyor,
Irgʻay, yovshan bilan ustin yopadi.

 

Toki qum bosmasin quyunlar kelsa,
To yamlab ketmasin quyosh yolqini.
Undan keyin kelgan notanish kimsa
Topsin qatralarning jonbaxsh salqinin.

 

Men bilishim kerak, bilishim kerak,
Bir savol qalbimga larza soladi:
Ajdodlardan meros qonimdan boʻlak,
Mendan izdoshlarga nima qoladi?

 

Asqad MUXTOR

https://saviya.uz/ijod/nazm/sizga-aytar-sozim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x