Muhammad Bayramxon 1500 – 1505 yillar orasida dunyoga kelgandir. U turkman sipohiylaridan boʻlib, Bobirning oʻgʻli Humoyun mirzo davrida harbiy sarkarda va shahzoda Akbarning otaligʻi (regent) qilib tayinlangan edi.
Humoyundan soʻng hokimiyat tepasiga chiqqan Akbar davrida Bayramxon davlatning muhim siyosiy yumushlarini bajardi va eng nufuzli arbobga aylandi. Lekin feodal saroyiga xos boʻlgan ichki nizolar va fitna-fujurlar tufayli Bayramxon 1560 yilda davlat ishlaridan chetlatiladi. 1561 yilning 31 dekabrida Bayramxon qatl etiladi.
Bayramxon oʻzining siyosiy faoliyati bilan birga badiiy ijod bilan shugʻullangan, forsiy va turkiy tillarda barobar sheʼrlar yozgan shoirdir. Uning ana shu har ikkala tilda yozilgan devonlari bor.
Shoirning turkiy devonining asosiy qismini ishqiy gʻazallar tashkil qiladi. Bayramxon gʻazalchilikda Lutfiy, Gadoyi va Bobur traditsiyalarini davom ettirgan, uning asarlari turkman va oʻzbek xalqlarining maʼnaviy mulqiga aylangan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/bayramxon-taxminan-1500-1561/