“Qalamdan nari turmogʻim amrimahol”

Anvar OBIDJON va Yoʻldosh SOLIJONOVning adabiy muloqoti

 

Yoʻldosh Solijonov: Anvarjon! Keling, suhbatimiz mavzusi va qamrovini faqat sizning ijodingiz misolida cheklab qoʻymay, masalaga kengroq yondashsak. Aytmoqchimanki, suhbatimiz sizning jurnalistlar va kitobxonlar bilan olib borgan savol-javoblardan farq qilsa, yaʼni men ham, siz ham koʻtarayotgan muammoga hozirgi adabiy jarayon nuqtai nazaridan munosabat bildirsak. Shuning uchun bu uchrashuvimiz mahsulini “suhbat” deb emas, “adabiy muloqot” deb atasak toʻgʻriroq boʻlar. Nima dedingiz?

Anvar Obidjon: Bajonidil! Koʻnglimdagini aytdingiz. Oʻzim ham ijodim haqida gapiraverishni yoqtirmayman. Biz haqimizda adabiyotshunoslar, oʻquvchilar koʻproq gapirgani, ijodimizga ular baho bergani maʼqul.

Esingizda boʻlsa, oʻtgan asrning 70-yillarida siz viloyat teleradio qoʻmitasida adabiy xodim, men esa institutda oʻqituvchi boʻlib ishlardik. Nomzodlik dissertatsiyamni yoqlab kelgan yillarim. Buning ustiga respublika TVsida namoyish qilingan viloyatlararo “Zehn” koʻrik-tanlovida komanda kapitani sifatida qatnashib, mashhur boʻlgan paytlarim… Shuning uchun meni gazetalar, teleradio muxbirlari tez-tez intervyu olish, suhbatlashishga taklif qilishardi. Oʻshanda siz bilan ham koʻrishib, gaplashib tursak-da, judayam yaqin muloqotda boʻlmaganmiz. Boz ustiga keyinroq siz birdan gʻoyib boʻlib qoldingiz. Keyin bilsam, Toshkentga kelgan ekansiz. Shundan buyon koʻp suvlar oqib oʻtdi, yomgʻir-u qorlar yogʻdi. Ikkovimizning hayotimizda ham talay oʻzgarishlar yuz berdi. Sizning qirqqa yaqin kitoblaringiz bosilib chiqdi, shoir, yozuvchi, dramaturg, kinossenarist, publitsist sifatida tanildingiz. “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvonga loyiq topildingiz. Albatta, bular oʻz-oʻzidan boʻlgan emas. Tinimsiz mehnat, izlanish, sabr-toqat, iroda va ayni chogʻda maʼlum maqsad yoʻlida intilish samarasidir.

Shularni oʻylaganimda, koʻnglimda bir ishtiboh tugʻiladi. Ochiq aytayotganim uchun, avvalo, uzr soʻrayman. Toʻgʻrisi, Fargʻonadagi hayotingiz, yashash sharoitingiz yomon emasdi, obroʻyingiz baland, yozgan asarlaringiz ketma-ket bosilib turardi. Buning ustiga oilangizda farzandlar koʻpayib, yukingiz ogʻirlashib ham qolgandi. Otangiz vafotidan soʻng qator-qator ukalaringizni boshqarish ham sizning zimmangizga tushgan payt. Bularning barchasidan voz kechib, “bor-e, nima boʻlsa-boʻlar” degandek poytaxtga joʻnab ketishga sizni nima majbur qilgan edi? Ijodga boʻlgan eʼtiqodmi? Toshkentga borib yashash ishtiyoqimi, yoki shuhrat, obroʻ istagimi?

Shu gaplaringizdan ikkitasiga sal eʼtirozim bor: birinchisi, oʻsha paytda Fargʻonada yashash sharoitim ancha ogʻir edi; ikkinchisi, yozgan asarlarim ham ketma-ket bosilayotgan emasdi. Ilk kitobim “Ona Yer” 1974 yilda chiqqan boʻlsa, keyingisi, yaʼni “Bahromning hikoyalari” oradan olti yil oʻtib 1980 yilda nashr etilgandi. Toshkentga 1981 yilda kelganman, kitoblarim shundan soʻnggina ketma-ket chiqa boshladi.

Toshkentga yoʻl olishimga nima sabab boʻlganini soʻrab, toʻrtta taxminingizni aytibsiz. Toʻgʻrisi, shularning toʻrttalasi ham koʻnglimda boʻlgan. Yana beshinchisi, asosiysi ham bor edi – qozonning boshida boʻlish va undan mehnatimga yarasha ulush olishga intilish. Bu niyatlarimga yetish yoʻlida qancha qiynalsam ham chidadim va shukrki, ularga erishdim. Ijod yoʻli shunaqa oʻydim-chuqur, qingʻir-qiyshiq boʻladiki, uning azob-uqubatlariga chidagan ijodkorgina bu dargohda oʻz joyini topa oladi. Bu qiyinchiliklar toʻgʻrisida “Yaltiroq tugma”, “Ajinasi bor yoʻllar” degan asarlarimda yozganman. Ular shu yoʻlni tanlagan yosh qalamkashlarga saboq boʻlsa, ajabmas.

Institutdagi faoliyatimning dastlabki yillarida “Bolalar adabiyoti” fanidan dars berganman. Umumoʻzbek adabiyotining tarkibiy qismi boʻlgan bu fan tarixi, taraqqiyot yoʻllari, oʻziga xos xususiyatlarini birmuncha oʻrganganman. Quddus Muhammadiy, Hakim Nazir, Xudoyberdi Toʻxtaboyev kabi yozuvchilar ijodini oʻtganimda ularning bolalarga xos qiliqlari, biron asarini yozishdan oldin bolalar bilan uchrashib, suhbatlashib, ularning ichki va tashqi holatlarini oʻrganishlarini aytib berardim. Masalan, Quddus ota serfarzand boʻlganligidan uyi bolalar bogʻchasidek gap ekan. Ular bilan gaplashib, sheʼrlariga mavzu va muammo toparkan. Xudoyberdi aka esa atay 40-50ta bolani bogʻiga taklif etib, osh qilib berib, ularni gapga solarkan: masalan, sen koʻrinmas odam boʻlib qolsang, nima qilarding? Televizor-odam boʻlib qolsang-chi? Ochigʻi, ularning tabiati, yurish-turishi, gap-soʻzi, qiligʻi ham bolalarga oʻxshaydi.

Siz esa ancha jiddiy odamsiz. Koʻrinishingizdan bolalar bilan ejikilashib oʻtirishga toqati yoʻq kishiga oʻxshaysiz. Lekin oʻzingiz aytganingizdek, ijodingizning “eng katta qismini bolalarga atalgan sheʼrlar, dostonlar, hikoyalar, pyesalar tashkil etadi”. Ularning barchasi bolalarbop, yoshi, ruhiyati, qiliqlari, soʻzlash tarzi toʻla mos keladi. Goʻyo siz qahramonlaringiz bilan birga voqelar ichida yurib qatnashayotgandeksiz. Ayting-chi, bu fazilatlarga erishishning qanday sirlari bor? Siz ham asarlaringizni yozishdan oldin bolalar bilan gaplashasizmi? “Oʻyin” oʻynaysizmi? Yoki bolalik xotiralaringizga asoslanib yozaverasizmi?

Suhbatdoshlar shu savolni koʻp berishadi. Bolalarimga qattiqroqdek koʻrinsam-da, imkon tugʻildi deguncha, ular bilan aymoqilashib oʻtirishdan olam-olam zavq olardim, ichim yashnardi, charchogʻim yozilardi, ilhomim qoʻzirdi (hozir nevaralarim bilan shunaqaman). Samarqand moliya texnikumida, Toshkent dorilfununida oʻqigan, keyinroq poytaxtda ish boshlagan davrlarimda ijara uylarda yashab turishimga toʻgʻri kelgan. Ijara olishdan oldin, bu hovlida bolalar bor-yoʻqligi bilan qiziqib koʻrardim. Tinchroq muhitni istagandirsiz, desangiz yanglishasiz, askincha, bolasiz uyga borgim kelavermasdi.

Sharoit taqozosi bilan bolalardan, ularning bolalarcha qiliqlaridan, bolalarcha gaplaridan, eng keraklisi – bolalarga xos tilidan qancha uzoqlashib qolsam, kichkintoylar uchun yozishim shuncha qiyin kecha boshlaydi, kattalar adibiga aylanib boraveraman. Toʻgʻrisi, bolalarga atalgan yaxshi kitoblar kamligi, oʻzbek bolalar adabiyoti kattalarnikidan ancha orqadaligi meni shu yoʻlni tanlashga undagandir, balki. Aslida oʻzbek bolalar sheʼriyatining tub ildizi ancha chuqur. Nasrda mazmun, nazmda matn yodda qolishini ajdodlarimiz qadim zamonlardayoq yaxshi anglab yetgani bois, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodidagi maqol, matal, topishmoqlar, jumladan, bolalar aytimlarining aksariyati qofiyadosh soʻzlardan tuzilgan. Xalqimizning ana shu bebaho xazinasidan foydalanib, men ham bolalarga hazmi yengil, mazmuni chuqurroq sheʼrlar yozishga astoydil kirishdim. Ayniqsa, kichkintoylar uchun sodda tilda, hayvonlar, narsa va buyumlarni oʻz tilidan gapirtirishga koʻproq urindim. Asqad Muxtor domla bilan suhbat qurganim, uning qoʻllab-quvvatlashi, ayniqsa, bolalar adabiyotida gʻazal janrini tiriltirganimni olqishlashi oʻzimga boʻlgan ishonchimni orttirdi, kuchimga kuch qoʻshdi. “Bulbulning choʻpchaklari” turkumiga kiruvchi gʻazalchalarimni, “Uchchanoqlar”imni dastlab oʻzi muharrirlik qilgan “Guliston” jurnali, keyin “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi sahifalarida muntazam eʼlon qilib bordilar.

Ochigʻi, bolalarga bayrambozlik, shiorbozlik, yalangʻoch nasihatbozlik, quruq bayonchilik yoʻsinidagi sheʼrlar uncha yoqavermaydi. Uning aqliga emas, koʻproq qalbiga taʼsir etadigan sheʼrlar kerak. Buni jahon bolalar adabiyoti tajribasi yaqqol koʻrsatib turibdi. Bolalar uchun yozadigan qalamkashlar koʻpayishini orzulab yuraman doim. Bolalar adabiyotida qoʻriq yerlar koʻp, oʻzlashtirishga astoydil urinayotganlar esa kam.

Besh farzandim birin-ketin ulgʻayib, bolalik yoshidan oʻta borgani sayin, mittivoylarga atab biron nima yozishim qiyinlashavergani esimda. Xayriyatki, nevaralar tugʻila boshladi, yana ularning olamiga shoʻngʻiyverdim. Bolafeʼlligim bormi, agar boʻlsa, qay miqyosda, buni oʻzim uncha bilmayman. Buni chetdan kuzatib yurganlar aniqroq ayta olsa kerak. Shunga qaramay, oʻzimda bolafeʼllikka xos allaqanday alomatlarni sezib qolaman. Masalan, yoʻlimda oʻyinchoq doʻkoni uchrab qolsa, shu yoshimda ham kirmasdan oʻtolmayman. Yonchigʻimning ahvoliga qarab, goh qimmatrogʻidan, goh arzonrogʻidan sotib olaman. Uyga kelgach, goʻyo nevaralarimning koʻnglini shunchaki ovlayotgandek, ularga qoʻshilib oʻyinchoqlar yonida uymalangan boʻlaman-u, keyin oʻz-oʻzimdan astoydil berilib ketib, mashinachani oʻynash navbati goho kichkintoylarga tegmay qoladi…

Sizning “Ajinasi bor yoʻllar” nomli biografik qissangizni oʻqib, miyamga “Men ham bolaligim, yoshligim haqida yozsam boʻlarkan”, degan fikr keldi. Chunki boshimdan koʻp ishlar oʻtgan. Oʻquvchilik yillarim, 60-yillarning diqqinafas havosidagi boʻgʻilishlar, maktabni bitirgach, jamoa xoʻjaligi dalasida chopiqchi, suvchi, tabelchi, yem-xashak brigadasining aʼzosi, quruvchi, pochtachi boʻlib ishlaganlarim… Bir necha oy tuman harbiy komissariatida kotiblik qildim. Gazetalarga xabarlar yozib turardim. Bir galgi “Bu yerlarda gʻoʻza oʻstirmoqchi edilar-ku!” sarlavhali tanqidiy maqolam uchun xoʻjalikning bosh hisobchisi meni chaqirib, “shtat qisqardi, ishdan boʻshadingiz” deb chiqarib yubordi. Qancha vaqt sarson boʻlib yurdim. Xullas, aytaman, yozaman desam, gap koʻp, tuppa-tuzuk kitob boʻladigandek… Lekin ularni shunchaki aytib berish bilan badiiy hikoya qilish orasida yer bilan osmoncha farq bor. Voqealarni saralash, ular zimmasiga gʻoyaviy yuk orta bilish – bu alohida masala.

Aslida savolimning javobini adabiyotshunos sifatida oʻzim yaxshi bilaman. Biroq buni atay soʻrashimning sababi bor: bilasiz, hozir oʻzini katta hayot yoʻlini bosib oʻtgandek koʻrsatuvchi shovvozlar, boʻlar-boʻlmas voqealarni biografiyasiga tirkab, “men shunaqa odamman!” deb maqtanib kitob yozadiganlar koʻpayib ketdi. Shularga bir saboq boʻlarmikan degan maqsadda fikringizni bilmoqchiman: sizning faqat “Ajinasi bor yoʻllar” asaringiz emas, balki ancha oldin yozilgan “Yaltiroq tugma” qissangizning qahramoni Alamazon ham aslida oʻzingiz, uning sirtdan oʻqishi, Toshkentga ish izlab kelishi, yaxshi-yomon odamlar bilan muloqotda boʻlishi, ijaradagi qiyinchiliklari, xullas, barchasi oʻz boshingizdan oʻtgan voqealar, Eshmat ishma, kursdosh doʻstlaringiz ismi boshqa-yu aslida bor odamlar. Faqat bu asaringizda toʻqima koʻproq. “Ajinasi bor yoʻllar” esa toʻla maʼnoda avtobiografik xarakterga ega boʻlib, unda badiiy toʻqimaga yoʻl qoʻyilmagan, personajlar ham oʻz ismi va tabiati bilan olingan. Garchi bir shaxsning hayot yoʻli asos qilib olingan boʻlsa ham uni umumlashtirish, yuksak badiiylikka erishish, qiziqarli hikoya qila olish faqat chinakam adibning qoʻlidan keladi. Shu maʼnoda ayting-chi, yozuvchi nigohi bilan oddiy odamning hayotga qarashi orasida qanday farqlar bor? Boʻlsa, u nimalarda koʻrinadi? Inson hayotida roʻy bergan har qanday voqea ham badiiy asar uchun material boʻla oladimi?

Yozuvchi bilan oddiy odam nigohi orasidagi farq haqidagi gaplar nisbiy narsa. Koʻpincha, oddiy odamlar manaman degan yozuvchi koʻrolmagan u yoki bu narsalarni ham koʻra oladi. Shu bois, umri turmushning qaynoq qozoni ichida oʻtguchi oddiy odamlarga yaqin boʻlmasdan, ularning eng jaydari quvonchu tashvishlariga sherik boʻlmasdan turib, ayrim “faylasufsifatlar” uchun nechogʻliq bachkana tuyulmasin, toʻlaqonli adibga aylanish qiyin. Ustoz Erkin Vohidov bir sheʼrida oʻxshatib aytganidek, bizning ishimiz odamlardan olib, fikrni yasantirgan, toʻyintirgan, boyitgan tarzda yana odamlarning oʻziga qayta havola etish. Bular qogʻozda ifodasini topganda esa, oddiy odam bilan adib nigohi oʻrtasidagi farqning qanchaligi yozuvchi mahoratining darajasi nechogʻliq ekanligida koʻrinadi.

Turmushda yuz bergan har qanday voqea ham badiiy asar uchun mavzu boʻla oladimi, degan savol azaldan koʻp bahslarga sabab boʻlib kelgan. Oʻzimdan kelib chiqsam, koʻnglimda toʻlgʻoq qoʻzigan gap borki, issigʻida yozishga urinaman. Bu maydami yo yirikmi, chiroylimi yo xunukmi, zarurmi yo keraksizmi, royishlimi yo nojoizroqmi, oʻsha jarayonda bu tomonlarini oʻylolmayman. Yozib boʻlinganidan soʻng, u-bu joylarini tahrir qilish, silliqlash, hatto, butkul olib tashlash ustida bosh qotirmoq – ikkinchi masala. Agar, ijodkor shuni astoydil istab qolsa, ana, boringki, bitta ignani yoʻqotib qoʻygani haqida qissa yoki doston yozishi mumkin. Bunda hamma gap adib oʻsha yoʻqolgan ignaning millat yoxud, loaqal, oʻzi uchun qanchalik ahamiyati, qadr-qimmati borligini, qanday unutilmas voqealar, ezgu xotiralar bilan bogʻliqligini yuksak mahorat ila ochib bera olishiga bogʻliq.

Falsafa fanida estetika degan atama bor. Goʻzallik maʼnosini anglatuvchi bu kategoriya adabiyotshunoslikda yozuvchi ideali maʼnosida tushuniladi. Ijodkor oʻzining estetik idealini biron bir qahramoni qiyofasi, gap-soʻzlari, xatti-harakati orqali aks ettirishi kerak. Bu ayniqsa, hajviy asarlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Ijodingizning koʻp qismi satirik, yumoristik xarakterga ega. Usta Gulmat, Kulkul afandi, Mirzaqand, Meshpolvon, Alamazon obrazlari, Oltiariq hangomalarida tasvirlangan kishilar, voqealar orqali koʻproq yomonlikka, illatlarga qarshi oʻt ochasiz. Oʻzi anoyi, badbashara, chalasavod, sal “kaltafahmroq”dek koʻringan personajlar siz niyat qilgan estetik idealni ifodalashga ojizlik qilib qolmaydimi? Ayniqsa, Usta Gulmat, Kulkul afandi kabi shoirlikni daʼvo qiluvchi obrazlaringizdan qanday estetik idealni koʻzlagansiz?

– Hajviy asarlarimda, Said Ahmad domlaning tili bilan aytganda, turli “qalangʻi-qasangʻilar” haqiqatan ham koʻp. Bundaylarning gʻalatidan gʻalati dunyoqarashlari, chapanidan chapani soʻzlari, jargonlari, qiliqlari, soddadan sodda falsafalari, toʻporidan toʻpori orzu-maqsadlari, nuqtai nazarlari haqida yozishga urinishni Abdulla Qodiriyning Kalvak mahzum, Toshpoʻlat tajanglarini yumalab-yumalab kulganimcha oʻqiganimdan keyin boshlaganman. Bu oson kechmagan. Gap oʻgʻirlash, xarakterlar kashf etish uchun oʻshanday toifalar ichida ulfatchilik qilib oʻtirishimga, ularning xurmacha qiliqlariga chidashimga, ulardan irganmaslikka koʻnikishimga toʻgʻri kelgan. Bot-bot, turmush taqozosining oʻzi meni shunday muhitlarda tirikchilik oʻtkazishimga majbur qilgan va bundan afsuslanmayman. Aqlni ahmoqdan oʻrgan, odobni – odobsizdan, degan maqolning tagida chuqur maʼno bor, bular bekorga toʻqilmagan.

Kulgili asarlarning qimmati adib oʻsha “qalangʻi-qasangʻilar”ning obrazini nechogʻliq yorqin, joʻshqin, taʼsirchan ochib bera olgani; oʻquvchi uchun tamoman yangicha qiyofalar yaratishga muvaffaq boʻlgan-boʻlmagani; oʻrni kelganda, yurt va oddiy odamlarning gʻam-tashvishiga bogʻliq turli dardlarni jumlalar qatiga singdirib ketishga erishgan-erishmagani bilan belgilanadi. Gulmat, Kulkul afandi degan devonavash shoirlar nomidan talay gʻazallar yaratdim. Ularni siz adabiyotshunoslar ajibfeʼl kimsalar tutumiga parodiya deysizmi, hazil sheʼrmi, har qalay, asarlar qatida oʻsha paytdagi kamchiliklarni aytishga ham qoʻldan kelgancha harakat qildim. Siz aytmoqchi, estetik idealim nechogʻliq aks etganini baholash oʻquvchi ahliga havola.

Har bir ijodkor qalbida paydo boʻlgan tuygʻuni ifodalash uchun turli shakllarga murojaat qiladi. Keyin ularni nomlashga alohida eʼtibor beradi. Sizning ijodingiz ham bunday rang-baranglikdan xoli emas. Masalan, bir qatorli sheʼrlaringizni “Ignabarg”, uch misradan iborat manzumalarni “Uchchanoqlar” deb ataysiz. Umuman soʻnggi yillar oʻzbek sheʼriyatida ixcham shaklda asarlar yaratish va ularni turli atamalar bilan nomlash xiyla koʻpaydi. Farida Afroʻz uch qatorli sheʼrlarini “Tasbeh” deb atadi. Azim Suyun besh misralik sheʼrlarini “Qayirma” deb nomlagan boʻlsa, Abdunabi Boyqoʻziyev beshtagina soʻzdan (har biri bir misra) iborat dil izhorini “Besh navo” deb taqdim etadi. Ayrim adabiyotshunoslar ham bunday yangiliklarni olqishlab, ijodkor qanday atagan boʻlsa, oʻsha nom bilan alohida janr deb atay boshladilar. Menimcha, bu nazariy jihatdan oʻzini oqlamaydi. Negaki, sanʼatkor yangi shaklga murojaat qilar ekan, unda ifodalamoqchi boʻlgan mazmunni sarlavha zimmasiga yuklashni nazarda tutadi. Masalan, siz bir qatorlik sheʼrlaringizni “Ignabarg” deganda unga singdirilgan mazmunning oʻquvchiga taʼsir etish kuchini xalqimiz “Chayon oʻt” deb ataydigan oʻsimlik bargini nazarda tutgandek tuyulasiz. Bu oʻsimlik barglari koʻp qirralik boʻlib, bexosdan tegib ketsangiz, chayon chaqqandek seskantirib yuboradi. Oʻt tekkan odam badani uzoq vaqt achishadi, lovillab azob beradi. Sizning sheʼringizni oʻqigan muxlisning vujudi ham uzoq vaqt iztirob chekadi. “Uchchanoq” esa gʻoʻzaning kam uchraydigan koʻsagi boʻlib, u ochilganda terimchilar bir-birini yutib olish uchun oʻyin oʻynaydilar. Lekin siz uchchanoqning oʻyin tomonini emas, uning kamyobligi-yu, har bir chanogʻining alohida boʻrtib turishi, bitta tubdan uch tomonga qayrilib, alohida koʻzga tashlanib turishini inobatga olgandeksiz. Har holda, ayting-chi, ularni alohida janr deb atasa boʻladimi yoki qadimdan Sharq va jahon adabiyotida mavjud boʻlgan birliklar, uchliklar tarzida oʻrganish maʼqulmi? Yana bir gap: shaklga bu qadar katta eʼtibor berishingizning boisi nimada? Asarni nomlashdan maʼlum maqsadni koʻzlaysizmi yoki esingizga kelgan soʻz bilan shunchaki atab qoʻyaverasizmi?

– Adabiyotimizda koʻpdan beri urf boʻlib kelgan “Birliklar”, “Uchliklar” singari anʼanaviy atamalardan chekinib, asarini boshqacha sarlavha ostida eʼlon qilish bunga biron-bir sabab boʻlgandagina oʻzini oqlashi mumkin. Sizning fikrlaringizda jon bor, bir misrali sheʼrlarim oʻquvchiga igna sanchilgandek taʼsir etishini, uch qatorlilari esa topildiq boʻlishini koʻzlagandim, shekilli.

Fargʻonalik izlanuvchan tadqiqodchi Qahhorjon Yoʻlchiyev “Poetik olam sirlari” nomli monografiyasida uch qatorli, bir qatorli sheʼrlarning paydo boʻlishi tarixi, ularning yapon, turk, rus, koreys kabi millatlar adabiyotida tutgan oʻrni, oʻziga xos tomonlari haqida juda qiziqarli va ishonarli mulohazalarini bayon qilibdi. Jumladan, Rauf Parfi, Eshqobil Shukur, Xurshid Davron, Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Farida Afroʻz, Nodir Jonuzoq, Goʻzal Begim singari shoirlar ijodida bu yoʻnalishdagi sheʼrlarning oʻzbek adabiyotidagi koʻlami, ularning har bir shoir ijodida oʻzgacha tarzda namoyon boʻlishi sabablari ustida ham batafsil toʻxtalib oʻtgan.

Ushbu monografiyada kaminaning sheʼrlarini tahlil qilarkan, uchliklarimning barchasi bir xil boʻgʻinda (etti), dastlabki ikki qatori qofiyali, oxirgisi qofiyasiz ekanligi bilan oʻzgalarnikidan ajralib turishini, bir qatorli sheʼrlarim ham barchasi toʻqqiz boʻgʻinli ekanligini taʼkidlagan. Yosh olim toʻgʻri payqagan. Ularning birini “Uchchanoqlar”, ikkinchisini “Ignabarg” sheʼrlar deb atashimga aynan oʻsha omillar ham sababchi boʻlgandi. Oltiariqda yashab turgan paytimda “Uchchanoqlar”dan bir qismini xat orqali ustoz Asqad Muxtorga joʻnatib, ularni nega shunday nomlaganimni aytib oʻtganim, sheʼrlar u bosh muharrir boʻlgan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida soʻzlarimdan parcha berilgan tarzda bosilib chiqqani yodimda.

Mana, 70 yoshni ham urib qoʻydingiz. Oʻtgan umringizdan, ijodingizdan qoniqasizmi? Yetolmagan orzularingiz, amalga oshmay qolayotgan niyatlaringiz bormi? Asarlaringizda qanday kamchiliklarga yoʻl qoʻygansiz? Qaysi biri qayta ishlashga muhtoj deb hisoblaysiz? Ijodiy rejalaringiz haqida ham gapirib bersangiz.

Tangrining irodasi shu – inson borki, umri qachonlardir nihoyasiga yetadi. Uning qanchadan qancha orzulari ushalmasdan qolib ketaveradi. Oʻzimga kelsak, hayotda yetib boʻlmasdek tuyulgan necha-necha orzularim yuzaga chiqdi. Avvalo, shuning oʻzi uchun Yaratguchimga ming-ming qulluq qilaman.

Asarlarimda kamchiliklar tiqilib yotibdi. Baʼzilarini qayta nashrlarida tuzatishga uringanman. Kamchiliksiz, nuqsonsiz ish qilish faqat daholarga xos boʻlsa kerak. Biz qoʻldan kelganicha urinib oʻtamiz.

Shasht tugʻilsa, qurbim yetganicha yozyapman. Tinchlik, omonlik boʻlsa, qalamdan butkul nari turmogʻim amrimahol. Yozishni niyat qilgan narsalarim xilma-xil, qogʻozga chala-pula qoralamalab qoʻyganlarim talaygina. Ulardan qaybirini tugallab ulgurishim birgina Oʻziga ayon…

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

https://saviya.uz/hayot/suhbat/qalamdan-nari-turmogim-amrimahol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x