Kitob oʻqigan odam

Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni hayotda toʻgʻri yoʻl tanlashlarida fikri teran, dunyo qarashi keng, qalbi toza insonlarning hissasi katta. Bunday odamlar har bir mahallada, har bir ilm maskanida yoki mehnat jamoasida topiladi.

Ular yon-atrofidagilarga yaxshilik va ezguliklar ulashishni insoniy burchi deb biladi. Ularga yondoshgan kishi, albatta, hayotda toʻgʻri yoʻlni izlaydi va oʻz oldiga qoʻygan ezgu niyatiga yetishadi. Kezi kelganda “Yaxshiyam, shu kishiga duch kelganim. U kishi men uchun ustoz!” deya eʼtirof etishadi.

Xoʻsh, USTOZ maqomiga erishib, el ichra obroʻ-eʼtibor qozongan kishining boshqalarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, qimmatli maslahatlar berishining sababi nimada? Ularning jamiyatdagi oʻrni, odamlar oʻrtasida obroʻsi, oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻzgalar qalbiga yoʻl topishlarining boisi, koʻp KITOB OʻQIGANliklaridan, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Bolalik yillarimiz. Sakson yoshni qoralagan Saʼdulla togʻamizni qalin muqovali kitob oʻqib turganlarining koʻp bor guvohi boʻlganmiz. Toʻy-maʼrakalarda qishlogʻimizning hamma hurmat qiladigan odamlari togʻamning gaplarini oxirigacha tinglardi. Biror davraga kirsalar, hozirgina bahs-munozaraga sabab boʻlib turgan savol togʻamning joʻyali, oʻrinli javoblari bilan barham topardi. “Saʼdulla bobo, haq gapni aytdi… Koʻpni koʻrgan-da, hamma narsani biladi…”, – deyishsa ich-ichimizdan sevinardik. Yoshimiz ulgʻaygach, bildikki, togʻam – Saʼdulla Abdullayev filolog boʻlgan ekan. Tuman gazetasida bosh muharrir, keyinchalik tuman rahbari boʻlib ishlagan. Avtokorxonada rahbarlik qilib, nafaqaga chiqqan. Qizigʻi, u kishini yaqindan bilganlar “Qoʻllaridan kitob tushmasdi. Ishni eplolmagan xodimlarni koyiganda: He, oʻqimagan!..” deb qoʻyardi, deyishadi. Esimdan chiqmaydi. Togʻam nafaqaga chiqqach, tuman markazidagi kitob doʻkonini yuritdi. Doʻkonga kirsak, deraza yonidagi stulda oʻtirgan koʻyi kitob mutolaasiga berilgan boʻlardi. Savdo ishini oʻgʻillari Soʻnmas bajarardi.

Mahalladosh oʻquvchilar yoki jiyanlar bilan gaplashganda: “Xoʻsh, qaysi yozuvchilarni kitoblarini oʻqiding. Birorta sheʼr aytib ber-chi…” deya savolga tutardi. U kishi bilan suhbatlashish uchun albatta, KITOB OʻQIGAN boʻlish zarur edi.

Badiiy asarga qiziqish kasb-kor yoki yosh tanlamaydi. Oliy maʼlumotli odamlarga eʼtibor bering, deylik, oʻqituvchi, shifokor, muhandis, sanʼatkor… Lekin, ularning orasida boshqa hamkasblaridan oʻzining tafakkuri, fikri teranligi bilan ajralib turadiganlar bor. Diplomni qoʻlga olib, oʻz kasbida ishlab, tajriba orttirgan, mutaxassisligi orqasidan obroʻ-eʼtibor qozongan ikki nafar kishiga nazar tashlang. Biri ikkinchisidan farq qiladi. Muomalasi, fikrlari bilan odamlarni oʻziga jalb etgani bu – koʻp KITOB OʻQIGAN odam.

 

Ahmad akam oilamizning toʻngʻichi. Uzoq yillar ichki ishlar sohasida xizmat qildi. Kitob mutolaa qilish jon-u dili. Shoirlar, adiblar va adabiyotshunoslar haqida yoki bugungi adabiy jarayon xususida uncha-muncha filolog-olim bilan bemalol bahslasha oladi.

 

Adabiyot muallimlari darslikdagi uch-toʻrtta ijodkordan boshqani bilmaydi. Oʻqituvchining oʻqimasligi oʻquvchiga salbiy taʼsir etadi. Yoshlar KITOB OʻQIGAN odamga ergashadi-ku, axir, – deydi.

 

Qishlogʻimizda paxsa devorning ustasi boʻlgan Turob bobo Rashidov bor edi. Oʻzi oddiy usta boʻlsa-da, mazmundor gurunglari bilan bir uy odamni ogʻziga qaratardi. U kishini yaqindan tanimaganlar “Yoshligida adabiyot muallimi boʻlganmikin?” degan xayolga ham borishardi.

Oʻzbek xalq dostoni voqealari qishlogʻimiz togʻ yon bagʻrida boʻlib oʻtgan. Ancha yillar oldin “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Yozi bilan Zebo” dostonini qayta nashr ettirdik. Bu kitob chop etilganidan birinchilardan boʻlib quvongan ham usta Turob boʻldi.

“Bolalarim oʻqinglar, bizlar oʻqiyolmadik. Hozir oʻqishlaring, koʻzlagan maqsadlaringga erishish uchun hamma imkoniyat bor. Kim boʻlishlaringdan qatʼiy nazar KITOB OʻQIGAN yutadi, ha, vaqtni behuda oʻtkazmanglar!” – derdi yoshlarga nasihat qilib.

Oʻquvchilik davrimizda maktabimiz zalining burchagidagi kattakon xona kutubxona uchun ajratilgan edi. Javonlardagi kitoblarning salobati oʻquvchilarni hayratlantirardi. Mudira basavlat gavdali ayol Oyimjon opa Qurbonova har tong dasta-dasta gazeta va jurnallarni qoʻllarida koʻtargancha yoʻlakni toʻldirib yurardi. Kutubxona biz uchun sirli makon edi. Eshik ochilishi bilan yosh kitobxonlar sirli makonga intilishardi.

Mutolaaga mehri baland boʻlgan oʻquvchilar yoshi katta boʻlganda ham, turli kasbda faoliyat yuritishidan qatʼiy nazar bir umr kitoblarga oshno boʻlishdi. Zero, mazmunan boy, qiziqarli, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan badiiy yuksak asarlarning ohanrabosi bor.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarning nomi adabiyot muxlislariga ham yaxshi tanish. Tibbiyotga oid 250dan ortiq ilmiy maqolalar, 50 ga yaqin ilmiy ixtirolar hamda ratsionalizatorlik takliflari muallifi boʻlgan Jumanazar Beknazarning “Bolangiz nega bezovta?”, “Tosh balosi”, “Guldek nozik”, “Bolalarga bagʻishlangan umr”, “Ona va bola tayanchi”, “Qamay dostoni”, “Yoniq yuragim”, “Mehr quyoshi”, “Iztiroblar komida”, “Manzildan keyingi yoʻl”, “Yillar silsilasi” nomli kitoblari chop etilgan.

Birinchi sinfda yaxshi oʻzlashtirolmaganim uchun ikki marta oʻqiganman, – deydi u kishi oʻquvchilik yillari haqida soʻz yuritganda, 2-sinfga oʻtolmaganimning alamidanmi, diqqat-eʼtiborim kitobda edi. Bir kuni “Alifbe” kitobini varaqlayotgan paytimda miyamda qandaydir gʻalati, chirillagan tovush paydo boʻldi-da, bosh tomondan boshlanib, orqa tomon – ensadan chiqib ketdi. Shu zahotiyoq, “Alifbe”ni sharillatib oʻqiy boshladim. Keyin, gazetalarni mutolaa qilishga tushdim. 6-sinfda oʻqiyotganimda kitoblarga, adabiyotga boʻlgan ishtiyoqim yanada ortdi. Buning sababi, otamning bir kitobni yashirib oʻqiyotganini bilib qoldim. Ishdan keladi-da, kitobni oʻqib, yana berkitib qoʻyadi. Sekin, poylab borib, kitobni qayerga yashirishlarini bilib oldim. Kitobni olib, oʻqishga tushdim. Bu Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani edi. Asarning asl mohiyatiga uncha tushunmagan, soʻzlarni koʻpam anglolmagan boʻlishim mumkin. Ammo, gap nima haqda ketayotganini, asar qahramonlarining ruhiy iztiroblari, roman voqealari koʻnglimga chuqur oʻrnashib qoldi. Va shu paytdan boshlab kitobga, adabiyotga beqiyos darajada mehr qoʻydim…

 

“Kitoblarni oʻqishni aslo kanda qilma. Chunki qanchalik bilimli boʻlsang hayotda egallagan oʻrning ham oʻshanchalik mustahkam boʻladi…” derdi otam, deya xotirlaydi olim.

Insonning maʼrifatli, maʼnaviyatli, madaniyatli boʻlishida kitobning roli benihoya katta. Bunday insonlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Ziyoli odam oʻzining bilimi, tajribasi, amaliy koʻnikmalarini boshqalarga ham oʻrgatishga harakat qilib, oʻsha oʻrgangan insonning oʻzidan biron narsani oʻzlashtirganini koʻrgan paytda uning quvonchi ichiga sigʻmay ketadi. Mana shu shodlik, quvonch hislari faqat adabiyotdan bahramand boʻlgan odamlarda paydo boʻlishi mumkin…

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev kitob va kitobxonlik, maʼnaviyat xususida qayta va qayta taʼkidlayapti. Bu esa yurtdoshlarimiz qalbiga gʻurur bagʻishlab, odamlarni kitobga boʻlgan ishtiyoqini oshirayapti.

Qaysi oilada kitobxonlikka eʼtibor qaratilgan boʻlsa, oʻsha xonadonda kamol topayotgan farzandlar SOʻZni, ilmni qadrlaydi. Komil inson boʻlishga intiladi. Qanchadan-qancha ziyolilar, oddiy kasb egalari, mansab pillapoyalaridagi oʻzimiz tanigan odamlarni yaxshi bilamiz. Ularning orasida tanlab, saralab KITOB OʻQIGAN ODAM ajralib turishi bor gap. Nurli chehrali, xushmuomalali, odamlarga faqat va faqat yaxshilik istovchi, el-yurt koriga yaraydigan, maʼnaviyati yuksak ODAM bilingki, u albatta, KITOB OʻQIGAN!

 

Abdulla AYIZOV

 

“Sogʻlom avlod” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/kitob-oqigan-odam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x