Ovchining soʻnggi ovi

Yo yetarman maqsadimning choʻqqisiga oxiri…

Ibn SINO

 

Men hayotda hali ham shunday odamlar borligini birovdan eshitganimda, ishonmas edim. Oʻzim koʻrib, gaplarini qulogʻim bilan eshitgach, bandasi feʼli, aʼmoli, qatʼiyatiyu birsoʻzligiga umr boʻyi sobit tura olishiga ishonch hosil qildim.

Undagi yovvoyi bir viqor, magʻrurlik nishonalari oddiy odam qavmidan emasligini koʻrsatib turar edi…

 

* * *

– Hozirgina odam joʻnatdim, Muqim togʻa keladi, – dedi Bahodir doʻstimiz jilmayib. – Buva zoʻr mergan. Ellik yil ovchilik qilgan. Bu togʻu toshlar orasida u bilmaydigan kamar, u suv ichmagan buloq, uning qadami yetmagan gʻor qolmagan.

Biz besh ogʻayni shoir doʻstimiz Bahodir Bahromning uyiga, Qashqadaryoning Kitob togʻlari bagʻridagi Palangdaraga mehmonga borib bir suyungan boʻlsak, anchadan beri suhbatini olamiz deb yurganimiz Muqim ovchi bilan gurunglashish niyatimiz ushalganidan ikki quvondik.

Palangdara – gir atrofi togʻu tosh, soyu buloqqa makon, xushmanzara qishloqlardan biri ekan. Doʻngliklaru togʻ etaklarida, qiyaliklarda betartib joylashgan hovlilarda ajib bir tartibot ham borki, uni aytmaslikning iloji yoʻq. Uylar togʻ sharoitiga xos, tabiat injiqliklariga mos bunyod boʻlgan. Daryo quturadimi, sel keladimi, soy toshadimi, qor koʻchadimi – bu uylarga zaxa yetkazolmaydi.

Sezganim shu: palangdaraliklar anchayin orkash xalq, qoni qaynoq el ekan. Mardligi boʻ­yidan baland keladi. Axir, Jinnidaryodan suv ichgan el mard boʻlmay, kim mard boʻlsin.

Hayal oʻtmay, darvoza taqilladi. Bahodir tashqariladi. Uning ortidan qoruvli bir kishi kirib keldi.

– Muqim togʻa shu kishi boʻladilar, – dedi Bahodir bizni tanishtirib.

Togʻa bilan salom-alik qildik. Qattiq siqib koʻrishar ekan, qoʻlimiz xuddi sher panjasi bilan pashsha tutganday, u kishining kaftiga singib ketdi. Muqim togʻa deganlari yetmishga chiqqan odamga sira oʻxshamaydi. Har bilagi, lof boʻlsayam, yetti yashar terak tanasiday, ikki yelkasida ikki odam oʻtiruviga joy chiqadi, bir poy kavushiga ikki oyogʻingizni tiqsangiz ham pichasi boʻsh qoladi, qisqasi, devning chala tugʻilgan bolasiga kelbat beradigan zot.

Oliftalik qursin, oʻsha yerdayam ijodu adabiyotdan bahslashib ketdikmi, Muqim togʻa avval-boshida biroz begonasirab oʻtirdi. Biz ham koʻp-da gap qoʻsha olmadik. Kimdir togʻliklar haqida soʻz qotdi-yu, togʻaga til bitdi. U kishi bilan quyuq tanishib, bir piyola choy ichgach, tushga yaqin dam olish tadorigini koʻra boshladik.

Gilam-toʻshak, qozon-tovoqni oʻrab, tuz-naʼmakni tugib, mashinaga yukladik. Yoʻlda bir qassobdan lahm goʻsht oldik.  

Palangdaradan chiqib, togʻ bagʻirlariyu doʻnglik­lar osha chayqalib-chayqalib ketyapmiz.

Oldimizdan ayqirib oqayotgan bir daryo chiqdi.

– Jinnidaryomiz shu, – dedi Muqim ovchi.

Bizga tekkan kasallik – nom maʼnosini bilish istagi qoʻzib qoladi.

– Otidan maʼlum-ku, – deya kuldi ovchi. – Siz bu yerlarga bahorda bir keling, bilib olasiz. Gʻirt tentakday quturadi bu.

Daryo ustiga qurilgan omonatgina koʻprikdan oʻtdik. Biz borgan yozning chillasida suv kamaygan, keng-moʻl soy hosil qilib oqayotgan daryo sokinlikka choʻmgan edi.

Shu zaylda mashinamiz chiranib-chiranib, toqqa oʻrmalamoqda edi. Oldimizdan bir irmoq chiqdi. Ulovimiz bazoʻr oʻtdi. Soʻng oʻtloqzor keldi. Oʻt-xashak tizza boʻyiga keladi, mashina zoʻr berib oldinga intiladi, biroq motorning guvillagani qoladi: togʻ etagidagi tik qiyalik boshlandi. Shunda haydovchi tushib turishimizni buyurdi. Hammamiz tushib, mashina ortidan itardik. Qiyalikdan oʻtib olguncha, oʻpkamiz ogʻzimizga tiqilib, hansirab qoldik. Biroz yurgach, endi oldimizdan suv ham koʻndalangiga chuqurlik keldi.

– Boʻldi, – dedi Muqim togʻa. – U yogʻiga ulov borolmaydi. Oʻzimiz ketamiz. Qani, mehmonlar, koʻch-koʻronimizni olib, yayov yuramiz endi.

– Boradigan joyimiz qayoqda oʻzi? – deb yubordik beixtiyor.

Togʻa:

– Huv anavi qoyalar tagida zoʻr bir joy bor. Soy boʻyi.

U koʻrsatgan tomonga qarab, hovliqib qoldik. Eh-he! Yaqin koʻringani bilan bu toshlaru suv oralab, kamiga shuncha ashqol-dashqolni koʻtarib borishni ayting. Kimdir koʻrpachalarni qoʻltiqlagan boʻlsa, boshqamiz qozonu idishlar oʻralgan dasturxonni koʻtardik, yana birimiz ichimlik­larni avaylab yelkaga ortdik. Muqim togʻa yoʻl boshladi. Beshovlon turtinib-surtinib, ortidan ergashdik.

Top-toza, yengil havodan simirib-simirib ichgisi keladi odamning.

“Heh-he-he! Biz keldik!” deya ayqirsangiz yana. Biroq buning uchun avval manzilga yetmoq kerak.

– Jadallashinglar-yey, azamatlar!  – deydi Muqim togʻa niyatimizni payqaganday. – Ozgina qoldi. U yogʻiga maza qilasizlar!

Beshovlon chamasi bir kilometrcha yurib, sillamiz quridi. Qoʻlimizdagi narsalar tushib ketay-tushib ketay deyapti. Muqim togʻa holimizga boqib, kuldi:

– Togʻning narigi tarafiga borsak boʻlar ekan oʻzi, a, nima deysizlar?

– Shu yerlar ham boʻlaveradi bizga, – deymiz kulishib.

Koʻz ochib yumguncha Muqim togʻa ildamlab ketdi. Biznikidan ogʻirroq yuk bilan oldinda, tin olmay, xuddi kuchga toʻlgan oʻn sakkiz yashar yigitday chaqqon harakat qilishini koʻrib, bekorga yarim asr togʻma-togʻ ov qilib yurmaganini tushundik va unga juda havasimiz keldi.

Birozdan soʻng u kishiga yetib oldik. U togʻ bagʻri boʻylab oʻtgan kichikroq bir ariq oldida kutib turgan ekan.

– Ariqning oʻng tomonidan yuramiz, – dedi u.

Qarasak, u aytgan tomon yurishga juda noqulay, tor, tik jarlikni yalab oʻtgan ilonizi yolgʻizoyoq yoʻl. Qaytanga, ariqning chap tarafi keng­gina, bemalol yursa boʻlar ekan. Chol tushmagur suvdan oʻtishga erindi-yov deb oʻylab, bir sakrab ariqning nariga tomoniga oʻtib oldim. Ortimdan yana bir sherigimiz hatladi. Qolganlar esa togʻaga ergashdi.

Yuz metrcha yurgach, togʻani tushundik: biz yurgan yoʻl bora-bora nihoyatda torayib, yoʻqolar ekan… Qiya, qirrali harsangtoshlar boshlanib, oyoq bosishga joy qolmadi va toyib-toyib ikkimiz ham ariqqa yiqildik. Ustimiz shalobbo boʻldi. Jazirama boʻlsa-da, muzdek suv badanni teshib oʻtay dey­di. Birpas shu suvda tursangiz, tishingiz takillab, badaningiz koʻkarib, tovuqet boʻlib ketadi. 

Koʻnglimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Eh, Muqim togʻa! Yoshlik qildik-da biz. Axir siz bu yerlarning har qarich yerini,  har bir toshini, giyohiyu butasini bilasiz-ku. Nega ortingizdan ergashmadik biz? Oʻzimizga yangi yoʻl solmoqchimidik? Ota-bobolar yoʻlidan yurmaganlar shuytib muqarrar adashar ekan-da…

Togʻaning oldida xijolatdan yuzimiz lov-lov yonsa-da, hazil-huzul qilib, gapni boshqa oʻzanga burdik.

Nihoyat Muqim togʻa toʻxtadi va pastlikka – quyuq daraxtzor tomon tusha boshladi. Ortidan xuddi kurktovuqqa ergashgan joʻjaday pildirab enib ketdik.

Voh! Mana bu manazarani qarang!

Yelkamizdagi yuk ogʻirligiyu, ikki koʻzimiz oyogʻimiz ostida boʻlgani uchun eʼtibor bermay kelayotgan ekanmiz! Naqd jannat bogʻiga tushib qolibmiz-ku! Alanglab, koʻzimiz porlab ketdi. Toʻrt tarafimiz togʻ, quyuq daraxtzor! Oʻrtadan zilol suvi mavjlanib-tovlanib, toshlardan toshlarga urilib, eni uch quloq kelarli soy  oqib oʻtyapti. Tangaday joygayam quyosh nuri tushmaydi. Tanga rohat beradigan salqinlik. Suvning jildirashi huzur bagʻishlaydi. Bogʻi Eram shu yerdan ulgi oganmikan…

– Shu yerga qoʻnamiz! – dedi Muqim togʻa. – Sizlar joy tayyorlanglar, men oʻchoqqa qarayman. Bir qovurdoq qilib beray…

Koʻrpacha-gilam toʻshab, dasturxon yozdik. Noz-neʼmatlarni batartib terdik. Soy chetiga toshlarni yigʻib, “toʻgʻon” qurdik-da, ichimlik va tarvuz-qovunni boʻktirib qoʻydik. Togʻa hash-pash deguncha toshlardan shinamgina oʻchoq yasab qozon osdi. Jizzasi tayyor boʻlguncha gurunglashib oʻtirdik.

– Oʻsmirligimdan yelkamga miltiq ilganman, – deydi Muqim togʻa goʻshtni loʻnqa-loʻnqa toʻgʻrar ekan. – Yetmishga kirib ham tanim dard bilmadi. Shu togʻlarni kezib sochim oqardi, tishim toʻkildi, shunday boʻlsa ham qaddim bukilmadi. Shu togʻlardan quvvat olib yashadim. Birovga gapimni oldirmadim, birovga gap bermadim. Hurmat qilganimni boshimda koʻtardim, yomonligi bor odamga yondashmadim.

Bir yili qishlogʻimiz kattalaridan ikkitasining uyiga odam yubordim. “Muqim togʻanikiga borar ekansizlar, kaklikxoʻrlik boʻlar ekan” deb ayttirdim. Oʻsha kuni qoʻnjim toʻlib kaklik ovlab kelgan edim-da.

Ular keldi. Kaklikni qizartirib, giyohlar qoʻshib pishirib, oldiga qoʻydim. Maza qilib yeb bosh­lashgan edi, sekin turdim-da, devorda iligʻlik qoʻshogʻizni oldim. Oʻqladim. Haligi ikkovining luqmasi ogʻzida qoldi. Yutishniyam, chiqarishniyam bilmay qoldi.

Qoʻshogʻizni shartta ikkoviga qaratdim.

– Ogʻzingdagini tezroq yut! – dedim jiddiy turib. – Ikkovingniyam otaman! Soʻng oʻligingni gilamga oʻrab, Jinnidaryoga oqizaman…

Ikkoviyam feʼlimni yaxshi bilardi. Qilaman degan ishimni qilishimni koʻrgan, gajirligimdan xabardor edi.

Nima boʻlayotganini umuman tushunmay, ang­rayib, ikkoviyam qoʻlini koʻtardi. Rangi surpday oqarib ketdi.

– Nimaga? Nima gunoh qildik? – deydi. Qarasam, ikkoviyam koʻzi milt-milt etib, yigʻlamoqdan beri boʻlib turibdi.

– Ikkoving ham oʻgʻrisan! – dedim. – Odamlarning haqini yeb, elning elagini teshib yuribsan! 

Ikkoviyam boshini oyogʻimga urib, yalindi:

– Muqim aka, unday qilmang! Yeganimizni qaytarib joyiga qoʻyamiz, faqat otmang… – dedi. Soʻng hamma qilgʻiliqlarini oʻz ogʻizlaridan eshitib oldim-da, bir oy vaqt berdim. Ishonasizlarmi, anavi kassir bilan bugʻaltir shoʻrlik yarim oyga qolmay, hamma narsani joy-joyiga qoʻyibdi.

Oʻzi ular bilan shunchaki, joʻrttaga hazillashib, nishonga olib koʻrgan edim. Bahonada kirdikorlarini bilib oldim. Elning haqi qaytdi.

Muqim togʻa mamnun holda jilmayib qoʻydi. Qozonga kartoshkani solar ekan, yana koʻp xotiralarini esladi.

Asli u ovchi emas, duppa-durust yozuvchi, roviy ekan. Boisi voqealarni shunday tasvirlab gapiryaptiki, manzaralar koʻz oldimizda xuddi kino tasmasiday tiniq va ravshan boʻlib jonlan­yapti….

* * *

…Dekabr tonglaridan biri. Togʻni qalin qor qoplagan.

Ovchi Muqim togʻa kallai saharlab chakmoni oʻngirini qayirib, lippasiga tangʻidi. Kurakni olib, loysuvoq ogʻilxona tomiga chiqdi. Qariyb bir metrcha keladigan qorni ehtiyotkorlik bilan kuradi. Uyi tomidagi qorni esa yarim qarichcha qoldirdi. Sababi, tomda ozroq qor qoldirilmasa, 30-35 daraja sovuqda shifer chars-chars yorilib ketadi.

Tong yorishmasdan darvozaxona, katak, ogʻilxona va tandirxonaga yoʻl ochdi. 

Soʻng toʻrxaltasiga oʻq-dori, yemak-ichmagini, tuz, ichak ip, qoʻshimcha qop, qoʻlbola qopqon, gugurt va qoʻlchirogʻini solib, taxt qildi. Qornini toʻqladi-yu, yelkasiga qoʻshogʻiz miltigʻini osib, yoʻlga tushdi.

Quyosh nurlari olamni munavvar, charogʻon qilsa-da, ojizgina tafti etni zirqiratadigan ayoz zahrini kesolmaydi. Qalin qor yoqqan ana shunday kunlari koʻpincha ovi baroridan keladi. Bunday chogʻlarda ochlikdan qiynalgan jonivorlar izgʻib yuradi. Qor qancha qalin boʻlsa, ularni tutish shuncha osonlashadi. Shu bois Muqim togʻaning bugungi ovdan umidi katta. Tulki, quyon oʻz yoʻliga. U ovchilarning azaliy orzusi, qancha ovlasa, shuncha obroʻsi oshadigan oʻtyurak va magʻrur jonivor – boʻri ilinjida yoʻlga chiqyapti.

Toʻgʻri, ilgari ham bir-ikki marta boʻri ovlagan. Lekin ular bilan maqtangulik emas edi: boʻrilardan biri qoʻtir bosgan, kasalmand, nimjongina, ikkinchisi esa hali gʻoʻr boʻribachcha edi.

Ov isi oʻtkir boʻladi, ovchi koʻngil viqor tusaydi.

Boʻrining zoʻrini kim otgan, deyilsa, Muqim ovchi nomi tilga olinishi kerak! Odamlar, nainki oddiy odamlar, hatto, uncha-muncha ovchi ham u bilan oʻylab salom-alik qilsin.

Ovchining yuragi gupillab ketdi. Necha-necha yillik bu orzu bugun ushalsa, qanday yaxshi axir. Ovi yurganning dovi yuradi-da.

U osib olgan xaltasi yelkasiga qanchalik ogʻir yuk bosmasin, ruhi tetik, qushday yengil edi. Toshdan-toshga kiyikday sakrab borar, qor tizzasiga kelsa-da, toʻpigʻiga chiqqanchalik tuyulmasdi.

Qishloqdan uzoqlashib, odamlar qadamidan uzoq – Qoraxontogʻning yovvoyi hayvonlar makon tutgan yon bagʻirlari boshlanar ekan, ovchi toʻxtab, bir nafas tin oldi. Qora koʻzoynagini taqdi. Butun borliq oqlikka burgangan bunday pallada qor koʻzni yomon qamashtiradi. Qora koʻzoynak esa, koʻzni asrab, orom beradi.

Muqim ovchi endi ziyraklikni oshirdi. Boisi mana bu dara atrofi, huv anavi “yakka-moxov” qoya va kunbotarga tutashib ketgan togʻ qayirlari tulkiyu ushoq jonivorlarga makon. Ana, qalin qor sirtini sidirib, silab-siypab oʻtgan, yakkam-dukkam mayda izlar koʻzga chalinyapti. Bu – quyon izi. Lekin Muqim ovchi unga parvo qilmaydi. 

U gʻarch-gʻurch qilib, qor kechib uzoq yurdi. Tuya oʻrkachiga oʻxshash bir daradan chiqib qoldi. Chap tarafida bir irmoq oqyapti. Undan issiq bugʻ koʻtarilyapti. Irmoq boʻylab ozroq yurib, soʻqmoqdan nishablikka qarab ketsa, bir-biriga omonatgina tegib turgan yirik-yirik harsangtoshlardan omon oʻtib olsa, u yogʻi murodga yetkazadigan marra-manzil.

Muqim ovchi yuraverib-yuraverib horidi.    

Odam boʻyi keladigan bir harsangtoshning kungay tarafiga oʻtib, qor tushmagan iq joyda oyoq ildi. Etigi bilan qorni kurab, oʻtirar jo­yini kengaytirdi.

Qorni ochiqqanini sezdi. Chinor va doʻlana shox-shabbasidan terib kelib, oʻtin yoqib isindi. Toʻrxaltasidan yegulik olib, ogʻziga soldi. Suvidishni olovga tutib, isitdi. Tomogʻini hoʻlladi. Koʻzoynagini yechib, atrofni tomosha qildi.

Zumrad qishning goʻzalligidan bahri dili ochildi. Ha, bu togʻlar yilning toʻrt faslida ham tarovatli. Qaragan koʻzni goʻzallikka oshno qiladi. Xuddi sholi va tariqday aralash sochilib ketgan archa, doʻlana, zarang, chinor, naʼmatak, kabi dov-daraxtlar, butalar usti qorga burkanib, togʻlar yuziga surtilgan upaday tovlanadi. 

Ana, ovchi qordan tozalagan yerda oʻtlar qoldigʻi koʻrinib turibdi. Ie, manavi xapri degan oʻsimlik xashagi-ku. Togʻliklar uni avruk ham deydi. Odamlar avrukning damlamasidan qoʻtir va boshqa teri kasalliklarini davolashda foydalanadi. Agar uning oʻtini suvga solib choʻmilsa, badanga xushboʻy beradi. Terini mayin qilib, yaxshilaydi. Bu tomonlarga zamonaviy attorlik kirib kelgunicha, togʻliqlar, ayniqsa, boʻyi yetgan, toʻyi boʻlar qizlar avrukka choʻmilib, oʻz ifori bilan oshiqlarini batamom adoyi tamom qilgan.

Muqim ovchi avruk xasini qoʻliga olib, hidladi. Qor tagida qolgan boʻlsa-da, dimogʻiga xushboʻy kirib, koʻngli allanechuk boʻlib ketdi. Ruhi yengil tortdi.

Beixtiyor jilmaydi: yigitligini, yori bilan kechgan ilk uchrashuv kechasini esladi. Oʻshanda ham sevgilisidan mana shunday mayin is kelgan edi…

Ovchi ajib hislarga berilib, entikib turar ekan, bir narsa eʼtiborini tortdi: axir hozir u turgan joy xavf-xatarning koni-ku! Ogʻzidagi ogʻzida qoldi. Zudlik bilan qoʻshogʻizga oʻq joyladi va qulogʻi ding boʻlib, hushyor turdi. 

…Shu yil bahorda – ayni may chogʻi ovga chiqqan edi. Butalar soyasida yotar ekan, burniga noxush hid keldi. Qarasa, sal narida tezak yotibdi. Muqim ovchi oʻshanda ham seskanib ketgandi. Bu – yovvoyi choʻchqaning goʻngi edi.

Togʻda yolgʻiz odam uchun toʻngʻizdan koʻra xavfliroq hayvon kam. Muqim ovchi, koʻzim aldamayaptimikan, deya atrof-javonibga tikilib qaradi. Butalarni aylanib chiqdi. Toʻngʻiz yurgan yoʻlida tuyoq izi qoladi, qumoq tashlaydi, yerni tirnab, daraxtlarga ishqalanib, belgi beradi. Uni koʻproq daraxti moʻl, suvga yaqin joylarda uchratish mumkin.

Muqim ovchi butalarni aylanib yurib, quruq oʻt toʻplanib turganini koʻrdi-yu, yuragini battar vahima bosdi. Ayni bahorda butazorlar ichida bundayin usti quruq oʻt bilan qoplangan yangi shabbalar paydo boʻldimi, bilingki, u joyda yaqin orada yovvoyi choʻchqa bolalaydi. Muqim togʻa, garchi yelkasida miltigʻi boʻlsa-da, oʻzi necha yillik ovchi esa-da, darrov u yerdan uzoqlashdi. Toʻngʻiz podasiga duch kelsa, miltiq ham ish bermaydi…

Hozir oʻsha manzara koʻz oldiga kelib, yegani tomogʻidan oʻtmadi. Yovvoyi choʻchqa bolalari yetilib, odamni tilka-pora qiladigan kuchga toʻlgan boʻlishi mumkin…

Muqim ovchi tezda narsasini yigʻishtirib, alanglay-alanglay, u yerdan uzoqlashdi.

Kuni bilan yurib, oyogʻi terlabdimi, paytavasi oyogʻiga jiqqa yopishib, gʻashiga tega boshladi. Boya olovda quritib olsa boʻlarkan ekan. Yoʻqsa, nam paytava oyoqni xarob qilishi tayin.

Muqim ovchi chek-chegarasi yoʻq togʻ bagʻrida horgʻin yuqorilab borar ekan, xoʻrsinib qoʻydi. Qishloq olislarda qoldi. Peshin boʻlca hamki, biror nima ovlay olmadi. Avval-boshda quyonning izidan tushishga or qildi. Tulki uchramadi. Kunning yorugʻida boʻriga duch kelishi-ku amrimahol. Kakliklar ham uzoqlardan ovoz berdi. Oldidan “pir” etgan tovush chiqmasa-ya…

Muqim ovchi yana moʻl yurdi. Yuksakka oʻrlagani sayin qor qalinlashib boraverdi. Ovchi yaxshi biladi. Palangdarada yo Varganzada bir qarich qor tushsa, bu yerlarda, ayniqsa, huv anavi Qoraxontogʻ manglaylarida bir metrdan oshadi. Qorning zoʻri yovvoyi hayvonlarning shoʻri degani. Toʻgʻri, ularning koʻpi kunduzi inidan chiqmaydi. Tunlari oziq izlab izgʻiydi. Suv ichish uchun pastga enadi. Yemish topolmasa, qishloqlarga yaqinlashadi. Hatto, odamlarning hovlilariga dovur tushib keladi. Muqim ovchi bularni xoʻp yaxshi biladi.

Tunov kuni bir gurungda gʻalati gap eshitdi. Varganzalik bir tadbirkor odam olma sotib olgani olisroq qoʻshni qishloqqa boribdi. Savdoni pishitib, ertasiga kelaman deb qaytibdi. U boradigan kun sotarmon kechga yaqin yigʻib oʻtirgan olmalaridan xabar olay deb hovlisiga chiqsa, bir ayiq mevalarni yeb yotgan emish. Haligi kishi jon holatga qoʻliga ilashgan belkurakni olib, ayiq tomon poʻpisa qilib yuguribdi. Shunda och ayiq ham unga qarab yugurib, dast koʻtaribdi-yu, zarb bilan uloqtirib yuboribdi. Oʻn qadamcha nariga borib tushgan odamning bir qoʻli chirt uzilib tushibdi. Shunaqa. Och ayiq ursa, besh yoshli hoʻkizning ham beli sinib ketadi.

“Ishqilib, och ayiqqa yoʻliqtirmasin” dedi Muqim togʻa ichida. Lekin bu oʻyi oʻziga nashʼa qilib ketdi. Unga nima boʻlyapti? Oʻylasa, boyadan beri hayvonlarning unisidan ham, bunisidan ham qoʻrqa boshlayapti. Yovvoyi choʻchqadan bir qoʻrqdi, endi ayiqdan yuragi taka-puka boʻlyapti. Yo yoshi oʻtgani sayin ovchi degani ham qoʻrqoq boʻlib qoladimi? Qarchigʻay qarisa, chumchuqqa mayna boʻlarmish. Endi u qaridimi? Yo “Miltiq koʻtargan bilan ovchi boʻlmas, dagʻdagʻa solgan bilan dovchi boʻlmas”, degan gap Muqim togʻaga ham aytilganmikan?

Aslo!

U ovchi degan nomga isnod keltirmaydi. Qoʻlida quroli bor ekan, har qanday yirtqich oldida magʻrur turadi. Hatto, qurolsiz ham yirtqich koʻziga tik qaray oladi. Toʻqol taka suzishsa, yengilarmish. Lekin Muqim ovchi yaroqsiz ham yengilmaydi. Bir ayiqni yelkadan oshirishga yetar quvvati bor hali.

Yo noming qolsin, yo shoning!

Muqim ovchining bir umrlik hayot qoidasi bu!

U qaddini gʻoz tutdi. Xuddi frontga kirayotgan magʻrur askarday oldinga qarab intila boshladi. Hozir oldidan och ayiq yo quturgan boʻri tugul, dev chiqsayam, bir oʻq bilan yer tishlatadigan shahd paydo boʻldi. Biroq qarshisida dev tugul, quyon ham qora bermayapti… Bu yogʻi qosh qorayib kelyapti. Hademay buyuq tursa, ishning pachavasi chiqadi. Osmonda hali ham kulrang bulutlar taram-taram boʻlib suzib yuribdi. Ufqda quyoshning xira nuri bulutlar ostidan osmonga qizgʻish tus berib turibdi.

Ovchi charchadi. Harchand oldinga intilmasin, qadam olishi susayib, madori ketayotganini his qildi. Yana ozroq yursa-ku, anavi qoya labidagi yakka yongʻoq daraxtga yetib olar, bir muddat nafas rostlar edi.

Oʻn qadamcha yurgan edi, nimadir uvillagani qulogʻiga chalindi. Muqim ovchi taqa-taq toʻxtadi. Ovoz kelmish tomonga quloq tutdi. Avval sekin, soʻng  choʻzib uvillagan ovoz keldi. Ortidan xuddi kuchukvachchalar vangillagani kabi tovush eshitildi.

Muqim ovchi yaqin orada boʻri borligini tusmolladi va darrov miltiqni qoʻliga olib, tovush kelayotgan tarafga – qoyani aylanib oʻtishga qaror qildi. Ishqilib, toʻda hid olib, juftakni rostlab qolmasin, deya pusib, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan bora boshladi. Qoya ortiga oʻtishi bilan ellik metrcha narida – butalar yonida uch boʻri turganini koʻrdi. Ular bir-biriga qarama-qarshi choʻnqayib oʻtirar edi. Ikki kulrang boʻrining jussasi katta, juni hurpaygan, biri yoldor, viqor bilan turardi. Uchinchisining tusi oqishga tovun, narigilariga qaraganda, biroz kichikroq, ozgʻinroq edi.

Muqim ovchi yoldor boʻriga ilk bor duch kelgan edi. Boʻrilar nega bunday oʻtirganini darrov fahmladi. Demak, ustma-ust yoqqan qalin qor jonivorlarning sillasini quritgan. Toʻda yemish topolmay, ona tabiatning soʻnggi, ayovsiz va shafqatsiz qonuni ijrosini bajarmoq uchun yigʻilib turibdi. Muqim togʻa bunday holga bir safar duch kelganida, hay, mayli, tasodifdir, deya oʻylardi. U uch-toʻrt bor guvoh boʻlgan. Boshqa nomdor ovchilardan ham bu haqda keti uzilmas hikoyalar eshitgan. 

Boʻrilar hech oziq topolmay, ochlikdan joni xatarda qolsa, tuni bilan davra qurib oʻtiradi. Koʻz yummaydi, kiprik qoqmaydi. Qay biri koʻzini yumsa, och toʻda oʻshani yeydi. Koʻzini yumib qoʻygani esa, oʻz qavmining gʻajishlariga mardonavor, magʻrur turib beradi.

Biologik tanlov, tabiatning ayovsiz qonuni bu. Birorta boʻri bu qonunni buzishga jurʼat qilolmaydi.

Muqim togʻa ziyraklik bilan toʻdaga tikildi. Ana, bu toʻda ham kiprik qoqmay tikilib turibdi bir-biriga. Faqat anavi oqish boʻri hadeb uvillayapti. Qorni ichiga tortib ketyapti. Besaranjom, jonsarak koʻrinadi.

Ovchi qaysi birini nishonga olishni oʻyladi. Oqish boʻrini otish kulgili, albatta. Shuncha yoʻl bosib, ne-ne orzu-niyat bilan kelib, oʻlamsa bir boʻrini otadimi?

Shu chogʻda otasidan eshitgan, bir umr qulogʻi ostida jaranglab turguvchi, qoʻliga miltiq olganidan beri amal qilguvchi gapni pichirlab aytdi: “Ovni otsang bilib ot, dol nishonga ilib ot”.

Axir, boshqa payt boʻlsa, boʻri toʻdasiga qarata oʻq uzsa-yu, oʻq xato ketsa, yirtqichlar tum-taraqay qochishi mumkin. Odamga shirin boʻlgan jon hayvongayam birday totli-da.

Biroq hozir vaziyat unday emas. Ovchining qarshisida turgan mana bu toʻda shundoq ham jonidan toʻyib ketgan. Ularni ayni damda miltiq tugul, zambarakdan oʻqqa tutsangiz ham, dov berib, ustingizga vajohat solib bostirib kelishi, tashlanib, miltiq-piltigʻingiz bilan tilka-pora qilib tashlashi mumkin. Shuning uchun birinchi urinishdayoq nishonni bexato olmoq kerak.

Muqim ovchi “dol nishon” qilib oʻnggay turgan, yoldor kulrang boʻrini tanladi.

U esini taniganidan beri birinchi bor bunday katta, kuchga toʻlgan, magʻrur va yoldor boʻrini koʻrishi edi. Muqim togʻa bir umr ovlashni orzu qilgan yirtqich balki shudir. Ehtimol, u bunda­yini qaytib uchrata olmas…

Shirin xayolga berildi. Hozir uni qulatsa, ovchi joʻralari oʻljani koʻrsa, enlab koʻrib, unga havas qilsa, elda gapirib yursa-yu, ovchi nomiga nom qoʻshilsa. Palangdara xonadonlarida oqshomlari bilan onalar bolalariga Muqim ovchining botirligiyu merganligi haqida ertaklar aytib bersa. Palangdaralik oʻgʻlonlarga Muqim ismini qoʻyish urfga kirsa. Ovchilar shogirdlariga mergan degani pana-pastqamda turib olib, ojiz va nimjon, yarador hayvonlarni emas, eng kuchli yirtqich, jonivorning zoʻri bilan maydonda yakkama-yakka olishib, undan ustun kelishi lozimligini aytishsa, aytishsa-yu, Muqim ovchini misol keltirishsa… Ayniqsa, bugʻaltir va kassirga oʻxshagan munofiqlar biror ishga qoʻl urishdan avval Muqim ovchini eslasa va oqibatini oʻylab, qingʻir ishidan qaytsa…

Muqim ovchi shularni oʻylar ekan, hammasi hozir nishonni aniq va toʻgʻri olishiga, ovchilarga xos ichki xotirjamlik bilan tepkini oʻz vaqtida bosishiga bogʻliq ekanini ich-ichidan his etdi. 

Ayni paytda oʻq xato ketib, toʻda hujum qilib qolsa, qoʻshogʻizni oʻqlashga ulgurmasligini hisobga olib, har ehtimolga qarshi deya, xaltasidan pichoqni chiqarib, etigi qoʻnjiga solib qoʻydi.   

Miltiq stvolini yoldor kulrang boʻriga toʻgʻrilab, jonivorning naqd koʻkragini nishonga oldi. Boʻri qilt etmay turardi.

“Oʻzing quvvat ber! Sharmanda qilma”, dedi ovchi ichida pichirlab. Soʻng boʻrining koʻziga soʻnggi bor tikildi va nishonni yanada rostlab, tepkini bosdi!

Oʻq ovozidan togʻ gumburlab ketdi.

Aniq koʻrdi: yoldor boʻri gup etib quladi.

Yonidagi kulrang boʻri esa qochib ketdi. Oqish tusli kichik yirtqich esa qanday oʻtirgan boʻlsa, shu tarzda turaverdi. U qochmadi!

Muqim togʻa ovchi boʻlib, oʻqdan qochmagan hayvonga ilk bor duch kelgan edi. Oqish boʻri endi sheriklariga emas, Muqim ovchiga qaradi. Koʻzi yonib tikildi.

Ovchi oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Miltiqni oʻqlab, qochmay oʻtirgan oqish boʻri tomon qadam tashladi. U ham qasd qilganday, tek turaverdi. Orada yigirma qadamcha masofa qolganida boʻri oyoqqa turdi. Endi u avvalgiday ichini urib turgan, ozgʻin boʻri emas, qor ustiga qulab, koʻkragidan lahta-lahta qon oqayotgan kulrang yoldor qavmi misoli magʻrur turardi.

Inson va boʻri bir-biriga roʻbaroʻ keldi!

Muqim ovchi miltiqni toʻgʻri uning peshonasiga toʻgʻrilab, yana bir qadam bosdi!

Inson va tabiat orasida muqarrar falokat masofasi yana bir qadamga qisqardi.

Hozir ovchi tepkini bosadi-yu, yana bir yirtqichning hayotiga nuqta qoʻyiladi. Yoki aksincha…

U yogʻi ikki maxluqning epchilligiyu mahoratiga tan.

Muqim ovchi oniy lahzalarda miyasidan oʻtgan bir fikrga asir tushdi: nega oʻq yegan boʻrining yonidagi baquvvat sherigi qochib ketdi-yu, mana bu nimjoni qimir etmasdan turibdi?! Ovchi eʼtibor berib qarasa, u anchagina qarib qolgan ekan. Lekin baribir unga ishonib boʻlmaydi. Boʻri qarisa ham, bir qoʻyni olar kuchi boʻladi. 

Shu bois Muqim ovchi oqish boʻri manglayini nishonga olib, oldga yana qadam bosdi. Shunda oqish boʻri tisarildi va indamay orqasiga qarab yoʻrtib keta boshladi.

Muqim ovchi miltiqni tushirdi.

Oqish boʻri sal nariga borib, toʻxtadi va choʻnqayib oʻtirib olib, ovchini kuzatishda davom etdi.

Muqim ovchi oʻljaga borib qaradi.

Yo, xudo! Bu ne sinoat boʻldi? Bu yerda nishonga olingan yirik yoldor boʻridan boshqa, uch-toʻrt qadam narida undan ham katta yana bittasi choʻzilib yotardi!

Muqim ovchi terisiga sigʻmay ketdi. Axir eng katta boʻrini otgan edi, undan ham yirikroq yana biri qulabdi! Bir oʻq bilan ikki… boʻri! Bunaqasi uncha-muncha ovchining qoʻlidan keladigan ish emas! Kulrang boʻri koʻksini teshib oʻtgan oʻq uning panasida turgan narigi, Muqim ovchiga koʻrinmagan ulkan boʻrini ham yaralagan ekan.

Muqim ovchi togʻni larzaga keltirib “O-o-o!” deya ayqirdi!

Endi uning nomi tillarda doston boʻladi!

Biroq hali suyunishga erta edi. Bir emas, ikki zilday boʻrini qanday qilib qishloqqa olib ketadi? Odamlarga qanday qilib koʻrsatib, maqtanadi?

Oʻylay-oʻylay, boshi qotdi. Ikki jonivorning ham terisini shilib, tishi va tirnoqlarini olishga qaror qildi.

Xaltasidan ichak arqonni oldi. Kulrang boʻrining oyogʻidan bogʻlab, oʻn qadamcha naridagi qari qayragʻoch tagiga arang sudray boshladi. Qari boʻri izidan ergashdi. Ovchi bir qadam tashlasa, uyam bir qadam tashladi. Muqim ovchining bir koʻzi oʻlgan boʻrida, ikkinchisi taʼqib qilayotgan qari yirtqichda.

Oʻq yoldor boʻrining naqd yuragiga tekkan shekilli, koʻp qon oqibdi. Bora-borguncha qor usti ham qip-qizil rangga boʻyaldi. Ufq shafagʻida qon tekkan joylar qoramtir koʻrinar, undan taralayotgan issiq hovur ovchining qoʻliga xush yoqayotgan edi.

Muqim ovchi taʼqib qilayotgan, ana, sal narida choʻnqayib oʻtirib, koʻz uzmay kuzatayotgan qari yirtqichga ortiq eʼtibor bermay, ichak arqonning bir uchini boʻrining orqa oyogʻini juftlab, mahkam ilgakladi va ikkinchi uchini daraxtning baquvvat shoxiga otdi. Arqon shox osha qaytib tushdi. Ovchi uni qattiq tortdi. Biroq boʻri oyogʻi biroz koʻtarildi-yu, tanasi qilt etmay yerda turaverdi. Muqim togʻa arqonni qoʻliga qayta-qayta oʻradi va bor kuchi bilan yana tortdi. Bu safar boʻrining ikki ort oyogʻi yerdan uzildi, biroq yarmi sudralib turaverdi.

Oʻziyam juda katta ekan-da jonivor! Boʻyi oʻlchansa, Muqim togʻaday qoruvli odamdan ham uzun chiqar ekan. Shu bois kuchi kamlik qilayotganini sezgan ovchi soʻnggi usulni qoʻlladi: arqon uchini halqa qilib, beliga oʻradi va zarb bilan torta bosh­ladi. Arqon beliga qattiq botsa-da, oxiri niyatiga yetdi va oʻljani changakladi. Boʻri daraxt­ga toʻliq osilganida sezdi: nihoyatda katta ekan. Otday keladi desak, lof boʻlar, xoʻtikday desak, haqimiz ketadi… Xullas, Muqim togʻaning ovi ziyodasi bilan baroridan keldi. Ikki boʻri terisini shilib olgunicha osmon jimirlab, Zuhro yulduzi ham xira tortib, tong ota boshladi.

Qari boʻri uni Palangdara ostonasigacha taʼqib qilib keldi.

…Tushga yaqin Palangdarada bayram boʻlib ketdi!

“Muqim ovchi otday-otday ikkita boʻrini yer tishlatibdi!”, “Terisidan bir oʻtov tiksa boʻlar ekan” degan gaplar birpasda butun qishloqqa tarqaldi.

 

* * *

– Keyin nima boʻldi, Muqim bova? – deb soʻraymiz hikoyani maroq bilan tinglab boʻlgach.

Muqim ovchi laganga suzilgan qovurdoq ustiga maydalab piyoz archib, barra koʻkatlarni separ ekan, mamnun jilmaydi va:

– Ovchilikni tashladim! – dedi.

– Nega? 

– Oʻsha ovdan keyin ancha vaqt yotib qoldim. Kulrang boʻrining qahrga toʻlib qarab turgan koʻzi tushlarimga kirib chiqaverdi. Ayniqsa, anavi nimjon qari boʻrining har oqshom xayolimda taʼqib qilishlari yuragimni zada qilib yubordi. Oxiri bu ishni qoʻydim. Oʻylab-oʻylab, bir oq qoʻchqor soʻyib, qon chiqardim. Shu bilan qoʻlimga miltiq olmadim. Qoʻshogʻizning huzurini sandigʻim koʻrib yotibdi.

Muqim ovchi birpas tin oldi va tantanavor ohangda:

– Bayram dasturxoni tayyor! Yoldor boʻrining qovurdogʻiga marhamat! – dedi.

Kuldik.

Taomlanib boʻlgach, yonginamizda mavj urib, toshdan-toshga hayqirib oqayotgan muzday soyda miriqib choʻmildik. Soʻng eng yaqindagi qoyaga chiqish istagi tugʻildi. Kimdir “u yoqlarda boʻri-moʻri yoʻqmi, ishqilib?” deb soʻrab qoldi. Mezbon Bahodir doʻstimiz: “Boʻri degani Muqim togʻaning hidini olsa, bu yerlarga dorimaydi” dedi.

Muqim togʻa oʻchoq boshida qoldi. Biz qoʻlimizga zarangtayoq olib, toqqa oʻrmalab chiqib, emaklab tushdik…

…Lash-lushimizni yigʻishtirib qaytar mahalimiz Muqim ovchi bir gap aytdi:

– Qolgan-qutgan non boʻlaklarini manavi tosh ustiga, suyaklarni anavi daraxt tagiga, tuzni esa oʻchoq oldida qoldiringlar. Ularda hayvonlarning ham haqi bor.

Biz Bahodirga qaradik. Doʻstimiz sekin shivirladi:

– Togʻda odat shunday: jonzotlar uchun albatta tuz tashlab ketiladi. Ovchilar-ku, oʻljasidan boshqa hamma yeguligini qoldiradi. Muqim togʻa esa, joniniyam tashlab ketadigan odam…

Men hayotda hali ham shunday odamlar borligini birovdan eshitganimda ishonmas edim. Oʻzim koʻrib, gaplarini qulogʻim bilan eshitgach, bandasi oʻz feʼli, aʼmoli, qatʼiyatiyu birsoʻzligiga umr boʻyi sobit tura olishiga ishonch hosil qildim. Ehtimol, oʻsha yoldor kulrang boʻrining viqori, magʻrurligiyu qatʼiyatini sizu biz ham Muqim togʻa singari yuzma-yuz turib koʻrsak, uningdek odam boʻlarmidik.

Bilmadim.

Bilganim shuki, yetmishga kirsa-da, hali bardam-baquvvat, soʻzidan va izidan qaytmaydigan, lafzi halol Muqim togʻa yovvoyi va hech qachon inson qoʻliga oʻrganmas, bogʻliq turishga rozi boʻlmas, qafasni xush koʻrmas, miltiqdan choʻchimas hayvon, magʻrur jonivor, insonning qadim qondoshi BOʻRI bilan yakkama-yakka qolgan. Yuzma-yuz kelgan. Tikkama-tikka borgan.

Tasavvur qilyapsizmi: yakkama-yakka, tikkama-tikka…

 

 

Jasur KENGBOYEV

 

1985 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universtetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Isteʼdod maktabi” VII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi.  2016 yili “Birinchi kitobim” loyihasida “Koʻhna  belbogʻ” nomli hikoyalar toʻplami chop etilgan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/nasr/ovchining-songgi-ovi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x