* * *
Yomgʻir shevasida sheʼr oʻqir osmon,
har bitta satridan ziyo tomadi.
Koʻnglimdan uzilgan shamollar bilan
ketgan Ishq qaytishdan qattiq tonadi.
Men hali yoʻqdirman,
topilmaganman,
sochilib yotibman yomgʻirlar aro.
Soʻzlar shuʼlasidan koʻzim qamashib,
ketarman Yoʻqlikning dargohi tomon.
Tonglarni
ichadi chanqagan ruhim,
garchi men qaygadir yoʻqoldim axir.
Izimni izlagan Ochunga ayting –
meni olib ketdi shoirqalb Yomgʻir…
* * *
Jimgina jon berar bogʻda daraxtlar,
jimgina kuzatmoq –
dunyoga doir.
Jimgina ichida turgan boʻronni
bostirib koʻchadan oʻtadi Shoir.
Oddiy fojealar
hayrat bermaydi,
bunday hodisotga toʻla har qadam.
O, buncha befarqsiz! –
demoq istaydi,
jimgina…
yashashdan charchagan ODAM…
* * *
Men til yutib turganim bilan
Soʻzlar sukut saqlolarmidi?!
Marsilius MARTINAYTIS
Bir soʻz izlayapman –
bir soʻzki,
dunyoni titratib, toʻzgʻitmasa ham
borligin sezdirib turolsin oʻzin.
Uni his qilolsin har lahza olam.
Vujudimda oqsin
rangsiz,
ohangsiz,
(axir, ular bari faqat oʻtkinchi.)
U anglatsin
erk – olinmas jangsiz,
ildizida yonsin Inson oʻkinchi.
Quyoshdek qizitib qaynoq taftida,
tufrogʻdek bagʻrida Ishqni undirsin.
Bu soʻz poklik tigʻin olib kaftiga,
yovuzlik koʻksiga sanchsin – oʻldirsin.
Men uni izlarman toki tanda jon,
mayli,
quvvatlarim bu yoʻlda tolsin.
Men hatto tilimni yutib turgan on,
u sukut qafasin parchalay olsin!
* * *
Olamlar rishtasi
tutashar bir kun,
asrlar zalvori bosar fazoni.
Nihoyat poklikka yuz tutar Ochun,
inson
yuksaltirar
asl INSONni.
Ishongum,
sinishdan toʻxtar haqiqat,
urushlar suroni tinadi boqiy.
Tinchlik-la oʻtadi lahza, daqiqa,
shamollar esadi maʼsum, ilohiy.
Vaqtning ranglarida
tovlanur shuʼla,
koʻzlarda Muhabbat uygʻonur asta.
Bu borliq ezgulik,
oqlikka toʻlar,
mehr ufuradi har bir nafasda.
Umid shamlarida isinaman Men,
xayollar – osmonga uzangan daryo.
Ishoning,
kun kelar,
allaqaysi kun,
mening yuragimdan boshlanur Dunyo!..
* * *
Goʻyo bu togʻlardan daryolar emas,
viqor
oqayotir
koʻzlarim
tomon.
Yuksak choʻqqidaman –
ayni bu nafas
menga oʻzimdan ham yaqinsan, Osmon.
Hayrat undiradi oʻzdan diltufroq,
oydin oʻylar
chulgʻar cheksiz botinni.
Tobora bu dunyo poklanar – oppoq,
ilohiy shavq yoqar zuhurotimni.
Nafosat gurkirab gullar qarshimda,
bu toshlar tosh emas –
erdagi sabot.
Meni qulatsang ham har gal arshimdan,
baribir,
men seni sevaman, hayot!
* * *
Yomgʻirlar yogʻadi…
ochilar Yurakning derazalari,
betil bogʻlar ichra jimlik jaranglar.
Koʻrk sochar muhabbat manzaralari,
tomchi tovushida
tovlanur ranglar.
Ranglar…
Qorayadi samo siynasi,
bulutlar oqadi ogʻirdan-ogʻir.
Oʻqib samovotdan Sevgi surasin,
ruhimning ichiga koʻchadi yomgʻir…
Oʻh,
ruhim yomgʻiri:
chaqmoq, guldurak,
akslanar mangulik manzaralari.
(Bunga dunyo chiday olmasa kerak) –
asta yopgum Yurak derazalarin…
Yomgʻirlar yogʻadi bedor bogʻlarga,
yomgʻirlar yogʻadi ruhga isyonkor.
Sokin shivirlayman
olti yoqlarga:
Kel,
senga atalgan yomgʻirlarim bor…
* * *
Goʻyo bu togʻlardan daryolar emas,
viqor
oqayotir
koʻzlarim
tomon.
Yuksak choʻqqidaman –
ayni bu nafas
menga oʻzimdan ham yaqinsan, Osmon.
Hayrat undiradi oʻzdan diltufroq,
oydin oʻylar
chulgʻar cheksiz botinni.
Tobora bu dunyo poklanar – oppoq,
ilohiy shavq yoqar zuhurotimni.
Nafosat gurkirab gullar qarshimda,
bu toshlar tosh emas –
erdagi sabot.
Meni qulatsang ham har gal arshimdan,
baribir,
men seni sevaman, hayot!
* * *
Tuproq isi kelar…
dengizday chayqalib, guvranar dala.
Koʻchadan oʻtadi yugurib,
shamolruh,
farishtasiyrat bir bola.
Qishloqqa tutashgan daryoda
choʻmilar har oqshom oltin Oy.
Bahor…
adirlarning koʻksi alvontus –
billur kosalarda chayqalar Chiroy.
Qirlarning ruhida chopar argʻumoq,
Osmon – zamindagi manzarga vola.
Bir kuni..
bir kuni shularning barin
sheʼrga solar oʻsha soddadil bola…
Mirzohid Muzaffar
1999 yili tugʻilgan.
Sheʼrlari matbuotda eʼlon qilingan.
“Yoshlik”, 2018/1
https://saviya.uz/ijod/nazm/umid-shamlarida-isinaman-men/