Gohida tevarak atrofga nazar solib, insofu diyonat, mehru muruvvat, saxovat kamayib ketayotganiga bevosita guvoh boʻlasan. Yordam berish qoʻlidan kelsada, oʻzini bilmaganga solish, oʻzini niqoblab doʻst qilib koʻrsatishu, zimdan payt poylab choh qazuvchilar koʻpayganiga ham shohid boʻlayapmiz. Ayniqsa oʻzini ziyoli sanovchi kishilar orasida bunaqangi holatlar uchrab turishi gʻoyat afsuslanarlidir. Shularni koʻrib, kuzatib “nahotki insofu diyonatli ziyoli zamondoshlarimiz ham kamayib ketayapti?” deb oʻyga tolishga majbursan. Shukrki, marhum professorlar Gʻaybulla as-Salom (1932–2003) va Begali Qosimov(1942–2004)lar bilan bogʻliq hayotiy voqealarni eshitib yaqin davrda ham shu kabi saxovatli, halollikni hayotiy mezon qilib olgan zamondoshlarimiz yashaganiga shukr qilamiz. Dastlab ular bilan bogʻliq voqealarga nazar solsak.
Taniqli ijodkor Sherali Sokin bir suhbatida professor Gʻaybulla as-Salomning insoniy fazilatlaridan soʻz ochib u kishini shunday xotirlagandilar:
–… Oʻsha kezlari, gapning ochigʻi, moddiy jihatdan qiynalib yurgandim. Doʻstim, shoir Rauf Parfi maslahat berdi:
– Yaxshisi, ustoz Gʻaybulla as-Salomdan qarz soʻragin. Qulay yoʻli – shu. Yurasanmi qiynalib?
“Qalay boʻlarkin?” deya andak taraddudlanib oxiri yurak yutgancha Ustozdan qarz soʻradim. Ul zoti sharif oʻng qoʻlidagi hassasini chap qoʻliga olib hamyonidagi hamma pullarni sanamasdan-netmasdan kaminaga uzatarkanlar, mehribonlik bilan dedilar:
– Tushunaman, mirzam. Sizga hozir juda qiyin. Ogʻir operatsiyani boshdan kechirishning oʻzi boʻlmaydi. Joʻjabirday jonsiz. Ustiga ustak, Ivo Andrichning “Drina koʻprigi” romanini tarjima qildingiz. Tarjima oʻta mashaqqattalab yumush: kishini juvozdan chiqqan otday qilib qoʻyadi. Ha, modomiki shunday ekan, bu pullarni ishlating. Badavlat boʻlib ketganingizda qaytararsiz.
Ittifoqo, oʻsha kuni birodarim Olimjon Hakimov oʻzi guvohi boʻlgan bir voqeani aytib qoldi:
– Negadir Gʻaybulla as-Salom domla bugun “Sharq” konserni oshxonasidagi tanish oshpazdan nasiyaga taom olib tushlik qildilar…
Men mulzam boʻlib qoldim.
Fargʻona viloyati Beshariq tumanilik Hanifa Suyarqulov esa ijodkorlar orasida “soʻnggi jadid” nomini olgan Begali Qosimov bilan bogʻliq ibratli bir voqeani shunday soʻzlaydilar:
– Oʻgʻlimni institutga imtihon topshirish uchun Toshkentga olib bordim. Toshkentga kam borganmiz, shaharni bilmaymiz. Bir uzoq qarindoshimizni qora qilib, 2-3 kun yashashga joy topib berar degan umidda uyini topib bordik. Albatta, bizning tashrifimiz ularga yoqmadi. Suhbatlashib oʻtirganimizda uyning bekasi: “Oʻgʻling muncha yuvosh, ustiga kamgap, uyatchan ekan. Shu turishi boʻlsa institutga kirolmaydi, “x” variant sotib olgin”, dedi masxaraomuz ohangda. Ustimdan sovuq suv quygandek boʻlib ketdim. Oʻgʻlimni bilmayman, lekin mening yuragim ezilib, koʻzyoshimni arang toʻxtatdim.
Kechki payt oʻgʻlimning oʻrtoqlari turadigan joyni daraklab topdik, bir amallab tong orttirdik. Ertasi kuni bir qarindosh talaba yigit kelib, bizni Begali Qosimov uyiga taklif qilayotganini aytdi. Oʻz qarindoshimizdan iltifot koʻrmaganimiz uchun u kishinikiga borishga istihola qildik, toʻgʻrisi qoʻrqdik. Lekin u yigit domla tayinlaganini aytib, bizni olib ketdi. Koʻchada qolganimizni bolalardan eshitib, uyiga chaqirgan ekan.
Biz iymanib, zoʻrgʻa darvozadan kirib borganimizda, hovlidagi soʻrida oʻtirgan er-xotin shoshilib oʻrinlaridan turib, peshvoz chiqishdi. Yuragimga kecha oʻrnashgan dard bu mehrdan erib, koʻzyoshlarim bilan oqib tushib, jismimni tark etgandek boʻldi. Men oʻzga bir olamga, suv oʻrniga mehr toʻldirilgan dengizga tushib qolgandek edim.
Bizni Begali akaning ish xonasi yonidagi mehmonlar kutiladigan xonaga joylashtirishdi.
Ertasi kuni Matluba opa domlaning xonasini koʻrsatdi. Xonada minglab kitoblar, goʻyo bu inson umri davomida topgan-tutganlarining hammasiga kitob sotib olganday tuyuldi menga.
Biz bu yerda uch kun turgan boʻlsak, domlaning qachon uyquga yotgani-qachon turganini bilolmadim. Faqat tinmay ishlab oʻtirganini koʻrdim. Endi oʻylasam, bu hazrati inson salomatligi yomonlashganiga qaramay, umri tugab qolmasdan ishlarini oxiriga yetkazishga shoshilgan ekan.
Domla nonushtani ham, tushki, kechki ovqatni ham biz bilan birga qilib, bir oz suhbatlashardi. Oʻta kamtar bu inson bilim qaynab chiqayotgan bir buloqqa oʻxshardi. Oʻgʻlim iqtisodchi boʻlmoqchiligini eshitib, fanning turli sohalaridan savollar berib, maslahatlar berdi. Imtihondan bir kun oldin u kishiga minnatdochilik bildirib, institut yaqinidan birorta joy topmoqchi ekanimizni aytganimda, bizga ruxsat bermadi. Oʻgʻlimga bugun kechqurun yaxshilab dam olishni, imtihonga ortiqcha narsa olib kirmaslikni, aks holda vaqtdan yutqazib qoʻyishi mumkinligini aytdi. Ertasi ertalab bizni Matluba opa bilan birga oʻz mashinasida imtihon boʻladigan joyga olib borib qoʻydi, oʻgʻlimning koʻnglini koʻtarib: “Siz albatta institutga kirasiz. Kelajakda moliya vaziri boʻlasiz, yaxshi topshirib olishingiz uchun omad tilayman”, deb oʻgʻlimning qoʻlini qisdi. Bu tabarruk insonning tilaklari ijobat boʻlib, oʻgʻlim oʻqishga kirdi, hozir vazirlikda faoliyat yuritmoqda.
Ha, Hanifa aytgan voqeaga ham 15 yildan ortiq yil boʻldi. Bu orada 2004 yili Begali aka ham afsuski vafot qilib ketdilar. Biroq undan adabiyotshunoslik va tarixga oid koʻplab tadqiqot asarlari, eng asosiysi yaxshi nom yodgor boʻlib qoldi. Begali aka halollikni umrining asosiy mezoni qilib qaʼtiy belgilab olganidan hattoki oʻgʻlining xorijga oʻqishga ketishiga ham aralashmagan ekanlar.
Bu haqda oʻgʻli Behzod Qosimov otasining qaʼtiyatligi toʻgʻrisidagi bir voqeani shunday xotirlaydi:
– Xorijda oʻqishga yoʻl ochilgan paytlar edi. Oʻqishni Amerikada davom ettirmoqchi boʻldim. Hujjatlar tayyorladim, ayrim sinovlardan oʻtdim. Seytl universitetiga boradigan boʻldim. Endi ToshDU tashqi aloqalar boʻlimining ruxsatini olish kerak ekan. Dadam oʻshanda universitetda prorektor edi. Menga: Lyubov Maksimovna (tashqi aloqalar boʻlimi boshligʻi)ga oʻzing kirgin. Maqsadingni tushuntir, lekin mening oʻgʻlim ekaningni aytma, dedi. Kirdim, tushuntirdim. Rad javobini oldim. Oʻshanda dadam aralashganlarida Amerikaga ketar ekanman. Shunday qilib xorijda oʻqish orzusi orzuligicha qolib ketdi.
Ha, Gʻaybulla va Begali akalar afsuski bugun oramizda yoʻq… Xoʻsh, ular kabi saxovatli, halollikni umr bezagi deb bilgan yana qancha ziyolimiz bor bugun oramizda? Agar boʻlsa oʻzini atayin insofli qilib koʻrsatishga urinmay, toʻqima voqeani keltirmay yuqoridagi kabi misollarni aniq keltiraoladimi? Balki bordir… Xoʻsh, qani ular?!
Umid BEKMUHAMMAD
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/yana-bormi-kimlar/