Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Ayolning fitrati
Ayol Qurʼon oʻqiyotgan edi. Eri esa uning tilovatini tinglab oʻtirgandi. Ayol “Sizlar uchun (nikohi) halol boʻlgan ayollarga, ikkita, uchta, toʻrttadan uylanaveringiz” oyatiga yetganda ovozini pasaytirdi. Buni koʻrgan eri tabassum qildi. Ha, ayolning fitrati shunaqa!
*****
Harom haromligicha qoladi, garchi hamma uni qilayotgan boʻlsa ham. Hech qachon halol ishdan toʻxtamagin, garchi uni bir oʻzing qilayotgan boʻlsang ham.
*****
Duo hech qachon quruq ketmaydi:
yo ijobat boʻladi;
yo u sababli bir yomonlik qaytariladi;
yoki oxiratga zaxira ajr boʻladi.
*****
Allohning zikri bilan tili nam boʻlgan banda, dili band boʻlgan banda zinhor va zinhor yomonlikka qoʻl urmaydi!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
*****
Odam bolasi talaffuz qilishi mumkin boʻlgan eng yaxshi soʻz “La ilaha illalloh” kalimasidir. Banda shuni doim aytib yurishi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
*****
Tavbaning shartlari:
- Gunohdan toʻxtash.
- Nadomat qilish.
- Gunohga aslo qaytmaslik.
- Haqlarni egalariga qaytarish.
- Umrining oxirigacha boshqalarni ham gunohdan qaytarish.
*****
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni koʻproq yaxshi koʻrishimiz uchun u zotni koʻproq tanishimiz shartdir! Buning uchun siyrat kitoblarini oʻqib, hayotlarini oʻrganaylik!
*****
Namozdagi xushuʼning kaliti namozdan tashqarida zikrni koʻpaytirishdir!
*****
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu momaqaldiroqning ovozini eshitdilar va qattiq yigʻladilar. Hamrohlaridan biri: “Sizni nima yigʻlatdi, ey Umar?” deb soʻradi. Shunda u zot: “Bu rahmatining ovozi. Azobining ovozi qanday ekan?!” deb javob berdilar.
*****
Insonlardan ayblaringga bardosh berishlarini talab qilganingdan koʻra oʻsha ayblaringni isloh qilishing yaxshidir.
Ibrohim Akkos
*****
Bola onasidan: “Ichi toʻla puli bor sumkangizni xodimingiz yonida qoldirasizmi?” deb soʻradi.
Ona: “Aslo uni xodimimga ishonib qoldirmayman” dedi.
Shunda bola: “Unda qanday qilib meni oʻsha xodimingiz yonida qoldirasiz?” dedi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Qayerda boʻlsang ham, agar yuzingni Robbing tarafga burmasang (namoz oʻqimasang), haqiqiy xotirjamlik va chinakam saodatni hargiz topa olmaysan. Bas, shunday ekan, Allohga yaqinlash, baxtli boʻlasan.
*****
Kimning gunohlari koʻp boʻlsa, odamlarga suv ulashsin. Alloh taolo chanqagan bir itga suv bergan bandasining gunohlarini kechirgan. Endi moʻmin odamga suv bergan kishi haqida nima deb oʻylaysan?!
https://saviya.uz/ijod/nasr/duo-hech-qachon-quruq-ketmaydi/