Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
— Robbing kim?
— Alloh.
— Paygʻambaring kim?
— Muhammad sollallohu alayhi vasallam.
— Dining nima?
— Islom dini.
Ey Alloh! Bizni savol-javob paytida sobit qilgin!
*****
Oʻng tomonga qarab yotish toʻla orom olishga, yurak faoliyati yaxshilanishiga, tushda buzilish boʻlmasligiga, bomdodga oson turishga sabab boʻlar ekan. Eng asosiysi — Sunnatga amal qilingani uchun savob olinadi. Nabaviy koʻrsatmalar baxt-saodat omilidir.
*****
Sabr – hayotning “qulogʻi”ga: “Modomiki, Alloh men bilan birga ekan, hargiz yengilmayman” deb shivirlashingdir.
Xovatir roqiya jurnali”
*****
Ehtimol, zolim zulm bilan koʻp narsaga ega boʻlar. Lekin mazlumning duosi bilan hamma narsasidan ajraladi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Agar yolgʻiz turganimda nasihat qilsangiz, chindan nasihat qilgan boʻlasiz. Agar koʻpchilikning ichida nasihat qilsangiz, sharmanda qilgan boʻlasiz.
*****
Odam bolasiga ajablanaman:
Molning barchasini toʻplaydi. Keyin barchasini dunyoda qoldirib ketadi. Keyin oxiratda barchasi uchun hisobga tortiladi.
*****
Imom Shofeiy rahimahulloh shunday dedilar: «Tavozeʼ oliyjanob insonlarning xulqlaridandir. Takabburlik pastkashlarning illatlaridandir. Tavozeʼ muhabbatning paydo boʻlishiga sabab boʻladi.
Qanoat rohatning paydo boʻlishiga sabab boʻladi».
*****
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu qullari bilan birga ovqatlanardi. Tanimagan odam u kishini qullari orasidan ajrata olmasdi.
*****
Oqila ayol eriga aytadigan har bir gapiga shakar qoʻshib gapiradi.
Oqila ayol eriga aytadigan har bir gapidan tuzni olib tashlab gapiradi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Agar bir insonning xulqini bilmoqchi boʻlsang, rahbarlari bilan qanday muomala qilishiga emas, balki, oʻzidan quyiroqdagilar bilan qanday muomala qilishiga qara!
*****
Kim yaxshi koʻrganidan xabar olmoqchi boʻlsa, uning uchun masofalarning hech qanday ahamiyati yoʻq.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Uch narsa hayotga boʻlgan qarashingizning oʻzgarishiga sabab boʻladi:
- Bemorlik.
- Musofirlik.
- Aziz kishini yoʻqotish.
*****
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu dedilar: “Agar qalblarimiz pok boʻlganda, Robbimizning Kalomiga toʻymagan boʻlardik”.
*****
Odamlar haqida hukm qilishga shoshilma! Agar shoshilib hukm qilsang, aziz kishiga zulm qilib, arzon kimsaning qadrini koʻtarib qoʻyasan.
*****
Insonlarning barchasini rozi qilish yetib boʻlmas orzudir. Shunday ekan, bor gʻaming Robbingni rozi qilish boʻlsin!
*****
Bilasizmi…
Janubiy Afrikaning Keyptaun shahrida tabarruotlar (xayr-sadaqalar) bilan toʻla koʻcha bor. Har qanday muhtoj kishi qiynalmasdan olishi uchun odamlar kiyimlarini va poyabzallarini yoʻl chetiga osib qoʻyishadi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
— Dada, anavilar axlatchilarmi?
— Yoʻq, bolam. Axlatchilar bizmiz. Ular esa koʻchalarni biz tashlagan axlatlardan tozalovchilardir.
*****
«Ie, manavining burni puchuq ekan», «Boʻyni qara, naynov ekanmi», «Mana bu odam pakana ekan»…
Kimning ustidan kulyapsiz?! Maxluqning ustidanmi yoki Xoliqning ustidanmi?!
*****
Bilasizmi…
Agar siz burgutning koʻzidek koʻzga ega boʻlganingizda, oʻn qavatli binoning balandligidagi tomdan turib yerdagi chumolini koʻrishga qodir boʻlar edingiz.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Tananing kasalligi ogʻriqlar bilandir. Qalblarning kasalligi gunohlar bilandir. Tana kasal boʻlgan paytda taomning mazasini sezmaganidek, gunohlardan qoraygan qalb ibodat halovatini sezmaydi.
*****
«Kahf» surasidan olingan ibrat
- Agar kemani teshib qoʻyilmaganda, tortib olingan boʻlardi.
- Agar bola oʻldirilmaganda, ota-onasining badbaxt boʻlishiga sabab boʻlardi.
- Agar devor taʼmirlab, tiklab qoʻyilmaganda, ikki yetimning haqqi zoye boʻlardi.
Bas, yaxshilik, xayriyat Alloh taolo ixtiyor qilgan narsadadir!
*****
— Barcha tomonlari berk toʻrt devor orasida boʻlganimda, rizqim qayerdan kiradi?
— Oʻlim farishtasi kiradigan joydan!
Internet materiallaridan toʻplab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
https://saviya.uz/ijod/nasr/takabburlik-pastkashlarning-illatlaridandir/