Daniyalik yozuvchi Xans Kristian Andersen (1805-1875) hayoti davomida koʻplab adabiy asarlar yaratgan boʻlsa-da, mashhur ertaknavis sifatida shuhrat qozondi. Uning ertaklari asosida ishlangan badiiy, animatsion, multfilm va diafilmlar dunyo bolalarining sevimli tomoshasiga aylangan.
Eʼtiborlisi, Andersen vafotidan 43 yil oʻtib, Qashqadaryoning Kitob shahrida boʻlajak sehrli ertaklar sohibi Abdugʻofir Shukurov dunyoga keladi. Bu yil uning tavalludiga 100 yil toʻldi.
Abdugʻofirning ona tomondan momosi Tansiq Rahmatulla qizi juda koʻp ertaklar, afsona va xalq qoʻshiqlarini bilgan, xalq ogʻzaki ijodining ajoyib durdonalarini aytib yurgan. Uning ardoqli farzandi – Abdugʻofirning onasi Saodat Ibrohim qizi ham usta ertakchi boʻlgan. Abdugʻofir momosi va onasidan qiziqarli ertaklar eshitib katta boʻldi.
23 yoshga qadam qoʻyganida, Ikkinchi jahon urushi boshlanib, frontga joʻnadi. Penza, Tambov, Vodojyansk, Michurinsk shaharlarida jang qildi. Voronej shahrini dushmandan tozalashda uch joyidan yaralanib, Qozogʻistondagi harbiy gospitallardan biriga keltirildi. Gospitalda uch oy yotib davolandi va jang qilishga yaroqsiz boʻlib qolganligi uchun tugʻilgan yurtiga qaytarildi. Bu davrda front orqasida ham oʻziga yarasha qiyinchiliklar mavjud edi. Ishchi kuchi yetishmas, barcha ishlar asosan ayolu qizlar, bolalaru qariyalarga qolgandi. Ana shunday ogʻir sharoitlarda Abdugʻofir urush nogironi boʻlishiga qaramay, qoʻl qovushtirib oʻtirmadi, nogironlar arteliga ishga kirdi, keyin “Iqtisod” arteliga ishga oʻtdi.
Urush tugagach, Abdugʻofir 1945 yilda shu guzarlik Xursanoy Toʻrayevaga uylanadi, bir yildan soʻng oilada birinchi farzand Aliqul tugʻiladi. Turmush oʻrtogʻining padari buzrukvori Toʻrabobo ham ertakchi boʻlib, qizi undan koʻp ertaklar eshitib bolalikning shirin, begʻubor damlarini boshidan kechirgan. Abdugʻofir va Xursanoy ham bu anʼanalarni davom ettirib, toʻrt oʻgʻil va toʻrt qizni sehrli ertaklar aytib tarbiyalashdi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng yurtimiz shahar va qishloqlari boʻylab turli ekspeditsiyalar tashkil etilib, xalq ogʻzaki ijodi namunalari – doston, terma, maqol, topishmoq, qoʻshiq, ertak, afsonaviy rivoyatlarni yozib olib, nashr qilish uchun folklorshunoslar yuboriladi. Kitob shahriga yosh folklorshunoslar – Zubayda Husainova va Fathulla Abdullayev kelishadi. Ular mahallama-mahalla, koʻchama-koʻcha yurishib, odamlardan soʻrab, ertakchilarni izlashadi. Ular koʻproq yoshi oʻtgan odamlarni, asosiy kasb-koridan tashqari, Xudo bergan isteʼdodi bilan ajralib turuvchi kishilarni yaxshi bilgan insonlarga murojaat qilishadi. Tasodifni qarangki, toshkentlik bu ikki folklorshunos Maddohguzarda yurishganida, Abdugʻofirga duch kelishib, unga maqsadlarini aytishadi. Abdugʻofir sizlar izlayotgan odam Qori Rahim bobo deydi. Ular Qori Rahim bobo bilan uchrashganlarida “Abdugʻofir kamtarlik qilibdi. Toʻgʻri, men ham ancha-muncha ertaklarni bilaman, ammo Kitobda ertak aytishda Abdugʻofirga teng keladigan yoʻq”, degan javobni olishadi. Folklorshunoslar Abdugʻofirning oldiga qaytib kelishib, undan ertakchilik faoliyati haqida gapirib berishni iltimos qilishadi. Abdugʻofir Shukurovning aytishicha, u oʻzi yaxshi bilgan va sevib aytib yurgan 50 dan ortiq ertakni asosan momosi va onasidan oʻrgangan. Bu ikki ayol bilgan ertaklar behad koʻp boʻlib, Abdugʻofir ana shu beqiyos xazinaning bir qisminigina yodda saqlab qolgan, xolos. 1957 yildagi birinchi uchrashuvda Zubayda Husainova undan “Gʻulombachcha” va “Shamshirboz”, Fathulla Abdullayev “Rustamzod va Sherzod”, “Doro va Iskandarbek” ertaklarini yozib olishadi. Zubayda Husainova kelasi yili yana Abdugʻofir Shukurov xonadoniga kelib, uning oʻz ogʻzidan “Dunyoda yoʻq hunar” va “Ramuzchi bobo” ertaklarini yozib oladi. Zubayda Husainova Abdugʻofir Shukurov xonadonida yana uch marta boʻlib, yozib olingan ertaklar sonini oʻntaga yetkazadi.
Shuningdek, Abdugʻofir Shukurovdan taniqli folklorshunos olima Muzayyana Alaviya, Muhammadnodir Saidov, Shonazar Shoabdurahmonov ham ertaklar yozib olishib, ularning asl nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining folklor arxivida saqlanmoqda. Shunga qaramay, ertakchining repertuari toʻliq yozib olinmay qoldi.
Abdugʻofir Shukurovdan yozib olingan ertaklar faqat 1983 yilga kelib nashrga tayyorlanib, oʻsha yili Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida 30 ming nusxada chop etildi. Kitob 1960 yilda Muhammadnodir Saidov tomonidan yozib olingan ertak – “Kulsa – gul, yigʻlasa – dur” nomi ostida chiqdi. Ertaklar toʻplamiga soʻzboshi yozgan filologiya fanlari nomzodlari – Zubayda Husainova va Bahodir Sarimsoqovning taʼkidlashicha, “Abdugʻofir Shukurov repertuari oʻziga xos xususiyatga ega. Bu oʻziga xoslik esa, eng avvalo, uning repertuari faqat sehrli ertaklardan tashkil topganligi bilan belgilanadi. Bu bejiz emas, albatta.
Maʼlumki, sehrli ertaklar xalq fantaziyasining buyuk qudratini, uning orzulari naqadar yuksak parvoz qilishini namoyish etish jihati bilan ertakning boshqa turlaridan ajralib turadi. Shu boisdan boʻlsa kerak, kishi ogʻir damlarda ertaklarning xayol qanotida parvoz qilib, porloq istiqlol haqida orzu qiladi. Balki Abdugʻofir ana shuning uchun ham faqat sehrli ertaklar aytgan. Darhaqiqat, oʻzi eʼtirof etishicha, agar ertak kishi charchogʻini quvib, dilini yozib, ruhini tetiklashtirsa, qorongʻi qalbning qatlarini charogʻon qilmasa, kimga ham kerak boʻladi. Uning bu fikri ertak janrining eng muhim ijtimoiy-estetik vazifasini, hayotiy mohiyatini toʻla ochib beradi”.
Abdugʻofir Shukurov ertaklarga ajdodlarimizning noyob maʼnaviy xazinasi sifatida qarab, ularni zoʻr ehtiros, bitmas-tuganmas zavq-shavq bilan aytgan. Ularni yozib olgan folklorshunoslar ertak aytish paytida Abdugʻofir akaning koʻzlari xiyol qisilib, adadsiz xayol pardasi bilan qoplanganining guvohi boʻlishgan. Unda har bir ertakni juda bosiq, vazmin, salmoq bilan boshlab, keyinroq borib ertak voqealari bilan bogʻliq holda joʻshib aytish odati boʻlgan. Soʻzga chechan va zukko boʻlgani uchun ham keng tarmoqli mazmundagi ertaklarni xotirasida mukammal saqlash va qiziqarli aytib berish isteʼdodiga ega boʻlgan.
Uch yuz betdan ortiq toʻplamga ertakchi repertuaridagi barcha ertaklar emas, balki folklorshunoslar tomonidan yozib olingan 17 ta ertak kiritilgan. Bu esa har bir ertakning hajm jihatidan salmoqli ekanligidan dalolat beradi. Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Abdugʻofir Shukurov asosan sehrli ertaklar ijro etganki, ular sehr-jodu, tilsim, fantastik uydirmalar asosiga qurilgan boʻladi. Toʻplamga kirgan ertaklarda yovuz kuchlardagi adolatsizlik va zulmga qarshi kurash, ertak qahramonlarining bu sohadagi qatʼiyati, gʻayritabiiy jasorat bayon etiladi, pahlavonlik va qahramonlik madh etiladi. Ana shunday sehrli ertaklardan biri “Kulsa – gul, yigʻlasa – dur” nomli ertakdir.
Unda farzandsiz chol-kampirning Xizr himmati bilan qiz koʻrganligi, qizning kulsa gul, yigʻlasa dur toʻkilishi, yursa oyogʻidan tilla sochilishi kabi noyob xislatga ega boʻlganligi, buni eshitgan podsho uni oʻgʻliga kelin qilish niyatida elchi qilib yuborgan ayol va uning qizi niyati buzilib, boʻlgʻusi kelinning ikki koʻzini oʻyib olib, oʻzini quduqqa tashlagani, bir chol uni qutqarib, uyiga olib kelib ota-bola tutingani, shum niyatlilar yasagan soxta kelinning kirdikorlari fosh qilinib, oxiri shahzoda qizga uylangani hikoya qilinadi. Shum kampir va uning qizi otning dumiga bogʻlanib, qirq chaqirim uzoqlikdagi changalzorga yuboriladi.
2017 yilda Toshkentdagi “Yurist-media markazi” nashriyoti “Podsho bilan vazir” nomida oʻzbek xalq ertaklarini chop etdi. Unga eng sara, oʻqishli ertaklar qatorida Abdugʻofir Shukurov aytgan “Kulsa – gul, yigʻlasa – dur” ertagi ham kiritilgan.
Abdugʻofir bobo nafaqat mahallada, balki Kitobda ham diniy bilimlarni chuqur egallagan, hayoti ezgulik bilan yoʻgʻrilgan nuroniy insonlardan edi. U tinib-tinchimasdi, bolalarni ertaklar bilan siylardi, maʼnaviyat va maʼrifat tarqatishda faol qatnashardi. Hayoti ezgulik va yaxshilik bilan bogʻlangan Abdugʻofir bobo 90 yil umr koʻrib, 2008 yil 4 oktyabrda vafot etdi.
Abdugʻofir boboning kenja oʻgʻli Habibulla bilan mashhur ertakchining hayot yoʻli, faoliyati haqida uzoq suhbatlashdik. U bizga otasidan eshitgan “Yarimta noʻxat” ertagini juda taʼsirli qilib aytib berdi. Unda ikki aka-ukaning bir-biriga mehribonligi, hamjihatligi, akasining tadbirkorligi, uzoqni koʻzlab ish yuritgani tufayli qanday qilib yovuz dev changalidan qutulib qolgani bayon qilinadi.
Nomi Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi va oʻzi aytgan ertaklar toʻplamlarida muhrlangan kitoblik taniqli ertakchi Abdugʻofir Shukurov haqida yozar ekanman, menda baʼzi fikr-mulohazalarni bildirish istagi ham tugʻildi. Viloyatimizda qator nashriyotlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ulardan biri tashabbus koʻrsatib, bundan oʻttiz besh yil oldin nashr etilgan Abdugʻofir Shukurov aytgan ertaklar toʻplamini qayta nashr qilsalar, bundan vohamiz ertaksevarlari bahramand boʻlishardi. Shu asosda maktabgacha taʼlim muassasalarida ham bolalarga ertak aytib berishni yoʻlga qoʻyish faoliyatning ajralmas qismiga aylanishi zarur. Zero, folklorshunos olimlarning fikricha, bolalikning xayolot olami ertaklardan boshlanadi. Uzoq ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan, avloddan avlodga oʻtib kelgan ertaklarning boqiyligi ularda insonparvarlik gʻoyalari mujassamlashganidadir. Bu gʻoyalar kishilarni, ayniqsa, yosh avlodni maʼnaviy kamol toptirishda muhim oʻrin tutadi.
Moʻmin AZIZOV,
tarixchi-jurnalist
https://saviya.uz/ijod/xalq-ogzaki-ijodi/xans-kristian-andersenning-kitoblik-izdoshi/