Denovdagi Said otaliq madrasasining bugungi ahvoli chindan ham, ayanchli. Obidaning ustidan muttasil ravishda suv oʻtgani yetmagandek, devorlari yemirilib, kundan-kunga choʻkib boryapti. Vaziyatdan xabardor boʻlgan mutasaddilar pinagini buzmayotgani negadir ajablanarli.
Tutunning qorasi
Yaqinda surxon elining oldi tumanlaridan hisoblangan Denovda boʻlib qaytdim. Aynan shu manzilda Shayx Alouddin Attor hazratlari hamda bu tabarruk zotning oʻgʻli va nabiralari saʼy-harakati bilan qariyb oʻttiz yilga yaqin muddatda bunyod etilgan Said otaliq nomi bilan ataluvchi ulkan madrasa savlat toʻkib turibdi. Madrasa tepasiga tikilibroq qaragan kishining boshidan doʻppisi tushib ketishi hech gap emas.
Maʼlumotlarga qaraganda, madrasa XVI asrda bunyod etilgan. Koʻhna va betakror obidaning qarshisida ham bir mahallar xuddi shunday keladigan imorat boʻlgan ekan. Afsuski, uning taqdiri ayanchli intiho topgan. Shoʻrolar zamonida u imi-jimida buzib yuborilgan. Imoratning qadimiy gʻishtlari temir yoʻl vokzalidan boshlab to hozirgi hokimiyat binosiga qadar choʻzilgan yoʻlga toʻshab chiqilganiga nima deysiz? Ana sizga qadimiy yodgorlikka boʻlgan munosabat.
Biroq oʻsha paytda omon qolgan madrasaning ham ahvoli maqtagulik emas edi. Ayrimlar hujralarda ovqat pishirib, obida devorlarini qora tutunga toʻldirardi. Oʻsha tutun izlari haligacha “esdalik” boʻlib turibdi.
Ochigʻini aytsam, madrasaga juda ham achinib ketdim. Buni qarang, uning shundoqqina ustidan suv oʻtib, chakki tomib yotibdi. Devorlari esa kundan-kunga yemirilib, choʻkib boryapti.
Ora yoʻlda qolgan qurilish
Toʻgʻri, bundan yigirma yillar muqaddam Samarqand va Buxorodan kelgan ustalar bu obidada taʼmirlash ishlarini boshlashgan. Buni obida peshtoqidagi qurilishdan darak berib turgan temir havozalar ham isbotlaydi. Ammo negadir ish chala holida qolib ketgan. To hanuzgacha havozalar oʻz joyidan bir qadam boʻlsa-da siljimay zanglab yotibdi.
Madrasa tomi ham taʼmirlanmasdan qolib kelayapti. Oqibatda qor-yomgʻir obida ichiga uzluksiz ravishda tushib, uni vayrona holga keltiryapti. Bir vaqtlar bobolarimiz savod chiqargan ziyo maskani, bugun odamlardan najot kutib dod-faryod chekayotgandek. Xullas, yurtimizga kelgan sayyohlarga mana, deb koʻrsatishga arziydigan tarixiy boyligimizning bugungi ahvoli juda ayanchli.
Vayron etilgan qoʻrgʻon
Bir vaqtlar Denov bekligining eng koʻzga koʻringan, savlat toʻkib turgan qoʻrgʻoni loqaydlik, eʼtiborsizlik tufayli vayrona holatga tushgan. Aslida uch halqali qoʻrgʻonning bugun bir halqasining yarimi ham qolmagan. Buning ustiga, qoʻrgʻonning ichiga chiqindi tashlash hali-hanuzgacha davom etmoqda. Bir mahallar ushbu qoʻrgʻonni qoʻlga kiritishga astoydil uringan gʻanimlar alal-oqibatda eliga quruq qoʻl bilan qaytgan, millatning asl oʻgʻlonlari mustabidlar tomonidan aynan shu joyda shahid etilgan. Afsuski, shunday tabarruk manzil bugun xor boʻlib yotgani hozircha tuman yoki viloyat mutasaddilarini bezovta qilayotgani yoʻq.
P.S. Ushbu obidaning ayanchli holati toʻgʻrisida “Xalq soʻzi” onlayn nashrida (xs.uz) oʻtgan yilning iyul oyida tanqidiy maqola chop etilgan edi. Afsuski, ahvol oʻsha-oʻshaligicha qolmoqda.
Ulugʻbek JUMAYEV,
“Oila davrasida” muxbiri
https://saviya.uz/hayot/nigoh/obidaning-achchiq-qismati/