Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining Mir Alisher Navoiy bobomizga doimo havas bilan qaragani va bu “koʻb va xoʻb” ijod qilgan daho shoirni oʻziga ustoz deb bilgani koʻpchilikka maʼlum. Shu bois ular sheʼriyatida oʻxshashliklar uchrashi tabiiy, lekin bunday yaqinlikni Boburning Navoiyga taqlidi deb talqin qilish ular sheʼriyatiga yuzaki, nojiddiy yondashuvdan boshqa narsa emas. Aslida esa, Bobur lirikasidagi Navoiyga tatabbular ikki shoirning ham oʻziga xos musobaqasi, ham daho shogird tomonidan daho ustoz asarini tasdiq usuli orqali muayyan maʼnodagi toʻldirilishidir.
Hazrat Navoiy ruboiylari shakl goʻzalligi mazmun goʻzalligi bilan kim oʻzarga bahslashadi. Bu ikki goʻzallik sheʼrxon koʻzi oʻngida xuddi quyosh bilan oy munosabatlari kabi tengsiz bir maqomda namoyon boʻladi. Masalan, quyidagi ruboiyga eʼtibor qilaylik:
Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmoq ondin ortiq boʻlmas,
Ondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.
Mazmuni: ey, hayoti, umri men uchun aziz boʻlgan yor, men seni tanimdagi jonimdan ham koʻproq sevaman, hattoki bu dunyoda (matematikada) qancha son eng koʻp miqdor hisoblansa, oʻshandan ham ortiqroq sevaman. Garchand, kishi nimani qay darajada koʻp sevmasin, u bunday sevgidan ortiq boʻlolmaydi, lekin men seni oʻshandan ham, son-sanoqlar qamrab ololmaydigan miqdordan‑da, ortiqroq sevaman. Koʻrib turibsizki, mazmun goʻzalligi ruboiydagi daho shoirga xos mubolagʻa usuli tufayli shunday yuksak darajaga koʻtarilganki, bu goʻzallik oldida har bir didi yuksak kitobxonning beixtiyor “voh!” deb yuborishi tabiiy hol.
Endi ruboiyning shakliga nazar tashlaylik. Asar yigirma yetti soʻzdan iborat va uning faqat toʻqqiztasigina lisoniy asos, qolganlari esa radif. Uchta bir hijoli soʻz qofiya: jon, son, on. Radif esa uch bor takrorlanadigan olti soʻzdan tashkil topgan. Shunday qilib, oʻn ikkita asosiy soʻz yigirma yetti soʻzdan iborat ruboiyni quyoshni koʻtargan osmondek yengil va tabiiy koʻtarib turibdi.
Bu ruboiyda hazrat Navoiy ritorik takrordan qanday miqyosli va samarali foydalanish mumkinligini kashfiyot darajasiga koʻtargan holda namoyon qiladi. Bunday yuksak mahorat kamdan-kam ijodkorga nasib etadi. Bobur hazratlari ham ana shunday noyob isteʼdod egalaridan edi. Uning quyidagi ruboiysi buni yaqqol isbotlab beradi:
Tuz oh, Zahiri dini Muhammad Bobur,
Yuz oh, Zahiri dini Muhammad Bobur,
Sarrishtai ayshdin koʻngulni zinhor
Uz oh, Zahiri dini Muhammad Bobur.
Endi ruboiyning mazmunini oʻzim tushungan shaklda taqdim etaman.
Ey Zahiri dini Muhammad Bobur, faryod koʻtar, ohingdan dasturxon tuz, u dasturxonga yuzta ohni qoʻy, shu bois, yana bir oh koʻtar‑da, aysh‑ishratga, oʻtkinchi quvonchlarga izn bermaslik uchun koʻnglingni aysh chilviridan uzib yasha! Nima uchun shunday?
Bu savolga javobni keyinroqqa qoʻyaylik‑da, hozir Bobur ruboiysining shakliy goʻzalligi xususida fikr yuritaylik. Bu asarda ham Navoiy ruboiysi kabi qofiyani bir boʻgʻinli soʻz tashkil etadi, hatto kelishik qoʻshimchasi yoʻq, faqat soʻzning oʻzi: “tuz”, “yuz”, “uz”. Shunday qilib, ruboiydagi yigirma ikkita soʻzdan yettitasi asosiy soʻzlar, oʻn beshtasi radif.
Navoiy olti oʻzak soʻz va bir kelishik qoʻshimchasidan ruboiy yaratgan boʻlsa, Bobur yetti oʻzak soʻzdan iborat xuddi shunday goʻzal ruboiyni bizga taqdim etadi.
Bunday qaraganda, Bobur ruboiysida Navoiyga taqlid bordek koʻrinadi. Biroq bu aldamchi taassurot. Jiddiy eʼtibor qilinsa, har ikki ruboiy faqat shaklan oʻxshashlikka egaligini, lekin mazmunda keskin farq borligini ilgʻab olish mumkin; pirovard natijada ular bizga ikki qutbdagi holat tasvirlari sifatida namoyon boʻladi. Navoiyning ruboiysi Vatanda emin-erkin yashagan, saltanatda va raiyatda juda katta obroʻga ega, umrini asosan oʻzi tanlagan yagona yoʻlga – ijodga bagʻishlagan baxtli ijodkor insonning oʻz koʻngil mahbubasiga dil izhori, oshiqona satrlar. Boburning ruboiysi esa, oʻzi sevgan ijod yoʻlini yagona maqsad darajasiga koʻtara olmagan, taqdir ikkiga ajratgan bir umr bilan goh ijod yoʻlidan, goh saltanat yoʻlidan yurishga majbur boʻlgan, bir qoʻli qilichdan boʻshamagan, asarlarini goho jangovar ot ustida oʻylagan va yodaki yozgan “tolei yoʻq” ijodkorning faryodi.
Endi yuqorida asosiy tahlilimiz sababchisi boʻlgan Bobur ruboiysining soʻnggi ikki satriga eʼtibor qiling:
Sarrishtai ayshdin koʻngulni zinhor
Uz, oh, Zahiri dini Muhammad Bobur.
Vatan sogʻinchi, huzur-halovat nimaligini bilmagan, umri jahongir-jahongashtalik, jangu jadal, sarson-sargardonlikda oʻtayotgan shoirning hayotiy xulosasi bu!
Boburning yana bir shunga oʻxshash ruboiysi bor. Undagi Navoiyga shakliy tatabbu shoh va shoirning hayotidagi aynan ana shu reallikka urgʻu berishi bilan bu asar bizning Navoiy ruboiysiga taqlid emas, butunlay original ijod mahsuli sifatida qarashimizni taʼminlaydi. Gap hazrat Navoiyning quyidagi mashhur ruboiysi haqida. Navoiy yozadi:
oʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa
Bulbulgʻa tikandek oshiyon boʻlmas emish.
Bobur yozadi:
Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi,
Shod etmas emish koʻngulni mehnatda kishi.
Koʻnglum bu gʻariblikda shod oʻlmadi, oh,
oʻurbatda sevinmas emish albatta kishi.
Ruboiyda Navoiyga oʻxshashlik bormi? – Bor. Lekin Bobur hayotini bilgan odam “oʻurbatda sevinmas emish albatta kishi” degan satrga eʼtibor qaratadi va u, Boburning tatabbusi oddiy taqlidni emas, balki “albatta” soʻzi orqali ifodalangan tasdiqni anglatishini ilgʻab oladi. Zero, Navoiyning mazkur ruboiysi juda ommalashib ketgani, oʻsha paytdagi turkiy adabiyotning shoh asarlaridan hisoblanib, hamma uni yod olgani shubhasiz. Buni Bobur juda yaxshi bilgan. Shu bois bu oʻrinda oddiy taqlid haqida gap boʻlishi mumkin emas. Masala shundaki, mazkur ruboiy, taʼkidlaganimdek, Navoiy ruboiysining lirik tasdigʻi sifatida vujudga kelgan. Boshqacharoq aytganda, Bobur uchun Navoiy ruboiysi mavzu vazifasini oʻtagan. Yaʼni Bobur bu ruboiyni, reallikda, mening hayotiy tajribamda ustoz Navoiy soʻzlari oʻzining hikmat sifatidagi tasdigʻini topdi, degan maqsadda yozilgan va undagi birgina “albatta” soʻzi bu ruboiyni taqlid hududidan olib chiqib ketgan.
Shunday qilib, tahlilga olganimiz – ikki dahoning toʻrt ruboiysidagi shakliy oʻxshashliklar ularning mazmunan ikki xil dunyo, ikki ruhiy olamdan iborat ikki xil asar sifatida idrok etilishiga aslo xalal bermaydi; ular oʻzbek mumtoz sheʼriyatining goʻzal va original shoh asarlari sifatida bizni oʻziga maftun etib, abadiy yashayveradi.
Abdulla SHEP
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ikki-daho-va-tort-ruboiy/