Bu kun oʻzbek adabiyotiga yana yangi bir toʻn kiygizildi: Choʻlponning “Buloqlar” otliq yangi bir sheʼrlar toʻplami bosilib chiqdi.
Choʻlpon oʻzbekning yangi shoiridir. Shuning uchun oʻzbek elining bu kungi ruhi, holi, sezgisi “Buloqlar”da qaynaydir. Oʻzbek tili, oʻzbek ohangi “Buloqlar”da sayraydir, oʻquydir. Oʻzbekning ruhiy toʻlqunlari bunda koʻpuradir, koʻklar tomon uchadir, koʻtariladir.
“Buloqlar”da oʻzbek sezgisi ingraydir, sizlaydir, titraydir. Shuning uchun bu toʻn shunday bir toʻndirki, oʻzbek ruhidan, jonidan bitgandir, uning badanini asramoq, qoʻrumoq uchun oʻz bagʻriga bosqondir.
Oʻzbek yangi shoirlarining ohangsiz boʻlishini uyalmayin soʻylayturgʻan ogʻizlarga “Buloqlar” tufuradur. Oʻzbek adabiyotiga til tegdirmakchi boʻlgʻan mashhur “nodonlar”gʻa bu “Buloqlar” kuladir.
Shoir “Amalning oʻlumi” degan parchasida: – sheʼriy misra emas
Koʻnglimda yigʻlagʻan malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda egilgan bu jonlar kimlar,
Qullar oʻlkasining insonlarimi? –
deb, shu qisqagina parchaning oʻzidagini qancha sheʼriyat, qancha ohang uydirgʻandir, shu bilan birga yurtining dardini, qullarining inglagan jonlar boʻlishini, koʻnglida yigʻlagʻan malaklarning sharqning onalari, juvonlaridan iborat ekanini qancha ochiq, muassir va eʼjoz bilan tasvir etadilar.
Mana ikkinchi bandida elining umidlarini eskartib:
Keng xayollar uchdimi koʻkka,
Butun umidlarin yovlarmi koʻmdi, –
deb, sharq xalqlarining abadiy asirlikka kirganligiga ishonmagʻini koʻrsatib, oʻzining “Xayolida porlagʻan” shamʼining oʻchishigʻa shubhalik soʻrogʻ bilan aytadir:
Mangu tutqinliqqa kirdimi oʻlka?
Xayolda porlagʻan shamʼlarmi soʻndi?
Yana boshqa bir sahifasini ochdim. Hali oʻz adabiyotining borliq-yoʻqligʻi shubhalik boʻlgʻanlarning “nazariyai adabiya”lariga, uzoqlardan misollarni anglamay olgʻanlargʻa “oliy hislar” uchun hali koʻb yillar misol boʻlishgʻa arziydirgʻan:
Och axir, ochgʻilkim, koʻksingni:
Bir nafas oʻzimni unitay,
Unitmoq butunlay “oʻzlik”ni,
Oh, shundan najotni men topay,
degan, shu parcha koʻzimga tushdi va koʻr vijdonlarga laʼnatlar oʻqidim.
60 sahifaga molik boʻlgʻan bu asar “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yoʻllar”, “Qor qoʻynida” unvonlari ostida boʻlimlarga ayrilgʻan 26 parchadan iboratdir.
Asar chiroylik va nafis bosilgʻan. Oʻzbek shoirini bu muvaffaqiyati bilan tabrik etamiz va adabiyot suyguvchilariga taqdim qilamiz.
V. M. (Vadud Mahmud)
“Turkiston” gazetasi, 1923 yil 10 dekabr.
“Ijod olami”, 2018–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/cholponning-buloqlar-i/