YER YADROSI — Yerning markaziy eng chuqur geosferasi. Yer yadrosining yuqori chegarasi 2900 km chuqurliqda, radiusi qariyb 3500 km. Yerning markazida t-ra 5000°, zichlik qariyb 12,5 ming t/m3, bosim 361 GPa gacha. Yer yadrosining yuqori chegarasida boʻylama toʻlqinlarning tarqalish tezligi keskin sakrab 13,7 dan 8,1 km/sek gacha kamayadi va aksincha Yerning markazi atrofida 11,2 km/ sek gacha koʻpayib boradi. Yer yadrosining tuzilishi, fizik xossalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar geofizika tadqiqot metodlaridan foydalanib olingan. Yer yadrosi tashki va ichki yadro (subʼyadro)dan iborat. Subʼyadroning radiusi 1300 km chamasida. Tashqi yadroda koʻndalang seysmik toʻlqinlar tarqalmaydi. Shuning uchun ham tashqi yadro suyuq boʻlsa kerak deb taxmin qilinadi. Tashqi yadrodan ichkisiga oʻtishda boʻylama toʻlqinlar koʻndalang toʻlqinlarni qoʻzgʻatib yuboradi. Shu bois ichki yadro qattiq boʻlsa kerak deb faraz qilinadi. Yer yadrosining tarkibi toʻgʻrisida yagona fikr yoʻq. Baʼzi olimlar Yer yadrosi temir va nikeldan iborat deyishsa, boshqalari metallashgan silikatlardan, uchinchi guruh olimlar esa temir oksidlaridan tashkil topgan deb hisoblaydilar. Geofizik maʼlumotlar va eng kuchli bosim sharoitida bajarilgan tajribalardan olingan maʼlumotlar asosida Yer yadrosi ehtimol nikel va oltingugurt aralashmali temirdan tashkil topgan deb faraz qilinadi. Yer magnit maydonining paydo boʻlishini tashqi yadrodagi mexanik-elektromagnit jarayonlari b-n bogʻlaydilar.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые