YER KADASTRI, davlat yer kadastri — yagona davlat kadastrlari tizimining asosiy tarkibiy qismi, yer resursining tabiiy, xoʻjalik, huquqiy rejimi, toifalari, sifat xususiyatlari va qimmati, yer uchastkalari oʻrni, oʻlchamlari, chegarasi va maydoni, ularning yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar oʻrtasidagi taqsimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda xujjatlar majmui.
Yer kadastri «Davlat yer kadastri toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (1998-y. 28 avg.) va ushbu qonunga oid meʼyoriy hujjatlar, yoʻriqnoma va uslubiy koʻrsatmalar asosida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning kafolatlarini taʼminlash, yerlardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va muhofaza qilish uchun kadastr maʼlumotlaridan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilashga qaratilgan davlat tadbirlar tizimi hisoblanadi. Yer kadastriga doir axborotlarni bir tizimga solinishi ularni saqlash, tahlil qilish va yangilab turish ishlarini ham oʻz ichiga oladi. Yer kadastrini yuritish quyidagi tamoyillarga asoslaniladi: mamlakat yer fondinn toʻla qamrab olish, fazoviy koordinatalarning yagona tizimini qoʻllash, axborotlar ishlab chiqish metodining birligi va Yer kadastriga oid ax-borotlarning toʻgʻri boʻlishi. Yer kadastrini yuritish jarayoni quyidagilarni oʻz ichiga oladi: aerokosmik suratga olish, topografiya — geodeziya, xaritagrafiya, tuproqshunoslik, agrokimyo, geobotanika, gidrogeologiya ga oid va b. izlanishlar va tadqiqotlarni oʻtkazish, yerlarni mikdor va sifat jihatdan hisobga olish va baholash, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatiga olish; yerlarni taqsimlash, ulardan foydalanishni nazorat qiluvchi davlat xizmat organlarini faoliyatini muvofiqlashtirish; yerlarning holati, mavjudligi va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish; joriy (mavsumiy) tadqiqotlar, suratga olish, yer oʻlchash ishlarini hamda yer monitoringi maʼlumotlaridan foydalangan holda Yer kadastriga oid axborotlar bankini yaratish va uni tartibga solib turish.
Yer kadastri tumanda (shaharda) quyidagicha amalga oshiriladi: yer uchastkalariga boʻlgan huquqni va yer uchastkalariga doir bitimlarni davlat roʻyxatiga olish; Ye. k. maqsadlari uchun suratga olish; yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlaridan maʼlumotlar olish, ularni toʻgʻriligini tekshirish, Yer kadastriga oid hujjatlarga joriy oʻzgartirishlar kiritish. Yer kadastrini yuritish jarayonida har yilning 1-yanvariga yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobot tuziladi (yana q. Yer balansi).
Rivojlangan davlatlarda ham Yer kadastri yuritiladi. Uning maʼlumotlaridan yer egalariga soliq solish, yerdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan tijorat ishlarini tartibga solish, yer boʻyicha bitishuv va nizolarni hal etish, yerni garovga qoʻyish va b. da foydalaniladi. Oʻzbekiston Respublikasida yer uchastkalariga bulgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish va yerlarni miqdoriy va sifatini hisobga olish Yer resurslari davlat qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan nizomlar va meʼyoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Yer kadastrini yuritish OʻzR Yer resurslari davlat qoʻmitasining yer resurslari boʻyicha tuman xizmatlari tomonidan, shaxar va shaharchalarda esa OʻzR Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Geodeziya, xaritagrafiya va davlat kadastri bosh boshqarmasining koʻchmas mulk davlat kadastri tuman va shaxar xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Qosimjon Rahmonov.