Post Views:
805
Qohiradagi «Al-Azhar» universiteti shayxi Muhammad Sayyid Tantoviy janoblari mamlakatimizga safari davomida 1999 yil 3 dekabr juma kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.
Bu aziz mehmon juma namozini «Shayx Zayniddii» jome’ masjidida ado etdi. Zamonamizning yirik olimlaridan biri bo‘lmish Shayx hazratlari u yerda juma xutbasini o‘qib, masjid ahliga qarata sermazmun nutq so‘zlab, jumladan shunday dedi: “Allohga hamdu sano, payg‘ambarimiz Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) salavotu salomlar bo‘lsin. Biz O‘zbekiston davlatini ziyorat qilar ekanmiz, bu davlatni mustaqillikka erishtirgan Allohga hamdu sanolar aytamiz. O‘zbekiston davlati asli musulmonlar diyori bo‘lib, bu yerdan ko‘plab ulamolar yetishib chiqqan va ular yer yuzini ilm bilan to‘ldirganlar. Shular qatorida eng ulug‘lari bo‘lmish Imomi Buxoriy, Imomi Termiziylarni eslab o‘tishning o‘zi kifoyadir. Bu ikki ulug‘ zot yozib qoldirgan shoh asarlar «Sahihi Buxoriy» va «Sunani Termiziy» Islom olamida juda ham mo‘’tabar kitoblardir. Bundan tashqari ushbu diyordan ijtimoiy hayotning boshqa sohalariga tegishli bo‘lgan ilmlarni tarqatgan ulamolar ko‘plab yetishib chiqqan. Siz jamoatning nurli yuzlaringizga qarab turib, o‘shanday ulug‘ zotlarning bu yerdan yana yetishib chiqishini Allohdan so‘rayman”.
So‘ngra Imom ul-Akbar shayx Tantoviy janoblari O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshidagi kutubxonani ziyorat qildi. U yerda ko‘rgazmaga qo‘yilgan qo‘lyozmalar, Islom va arab davlatlaridan kelgan ba’zi martabali ziyoratchilar hadya etgan qimmatbaho kitoblar bilan tanishdi. Mushafi Usmonni ziyorat qildi. Diniy idoraning marhum rahbarlaridan Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon faoliyatlari haqidagi tarixiy fotolavhalar bilan yaqindan tanishdi. Kutubxonaning esdalik kitobiga ziyoratdan olgan taassurotlari haqida qisqacha yozib, dastxatini qoldirdi. O‘sha yerning o‘zida O‘zbekiston televideniyasi «Axborot» ko‘rsatuviga so‘z aytib, jumladan shunday dedi: “Men qardosh O‘zbekiston jumhuriyatini ziyorat qilayotganimdan bag‘oyat mamnunman. Biz ramazoni sharif oyi arafasida turgan ekanmiz, Allohdan so‘raymanki, Alloh taolo bu davlatning rahbariga, hukumatiga, xalqiga qut-baraka bersin”.
Kutubxonada shayx Tantoviyga Otaqul Mavlonqul hamrohlik qilib, u yerdagi kitoblarning va Mushafi Usmoniyning tarixi bilan tanishtirdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasida martabali mehmonni idora raisining noibi Rixsiboy Yunusov janoblari qutlab, O‘zbekiston musulmonlarining bu tashrifdan g‘oyat mamnun ekanliklarini izhor etdi.
Safar chog‘ida mehmonga O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi Abulaziz Mansurov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Fozil qori Sobirov va boshqalar hamrohlik qilishdi.
Uchrashuv so‘ngida Rixsiboy Yunusov shayx Tantoviyga va u kishi bilan birga kelgan mehmonlarga Imomi Buxoriy hayotlari haqida yozilgan “Uzoq asrlar qa’ridan taralayotgan nur” nomli kitobni hadya qildi.
Hamid ESHMUHAMMADBEK
“Hidoyat” jurnali, 1999 yil, 2-son
www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi