“Musavvirning rangsiz tushlari…”

* * *

Kuz bilan xazonning olishuvin jim,

Bu daraxt koʻp uzoq kuzatdi.

“Siz menga suyaning, – dedi, – azizim…”

Qaqshagan qoʻlini uzatdi.

Daraxt chayir edi, yosh edi daraxt,

Kirlanmagan edi xayoli.

Qay kun koʻksi uzra toʻlgʻondi farah,

Qaysi bir dunyoning shamoli…

Badanini ezdi jununvor anduh,

Savollar yogʻildi samoga boshdan.

Soʻngra kuzga qarab chuqur tortdi “uh”

Sen juda qadimsan…

Men juda yoshman…

“Afsus, ishqsizlikka yetmaydi kuchim,

Jonim deb jonimda tutganim.

Kuzga ketar yoʻlni aytishi uchun,

Otlandi bahorni kutgani…”

Soʻng birdan, ehtimol gullab yuborgan,

Balki sagʻir vujud yashashdan xoli.

U shunday bahorda tuygʻusiz qolgan,

Kuzsizlikning tutgan uvoli…

21.2. 2020

 

* * *

Sen yurgan sohilda – yashaydi gʻussa,

Men yurgan sohilda – kun koʻrar gʻamlar.

Dunyoda ismsiz yolgʻizligimsan,

Buni tushunmaydi odamlar…

Odamlarga nima, gap-soʻz boʻlsa bas,

Bilishmas, koʻngilda qadim imorat.

Oʻrtamiz bepayoon dengizdan emas,

Bepoyon osmondan iborat…

 

Suratlar chizasan kipriging bilan,

Mungli kulgulari goʻzal musavvir.

Sen bor-yoʻgʻi toʻlgan ishqu tuygʻudan,

Men esa bor-yoʻgʻi ablahman, axir…

Ket, demayman aslo, kechirmasang ham,

Yuragimga qushday qoʻnmas endi “Qol!”

U sohil sen meni kutayotgan dam,

Bu sohil men oʻlib boʻldim, ehtimol…

 

Jimgina ketamiz, saqlagancha kek,

Oʻylaymiz: “U balki ortiga qaytar…”

Bir kun yana qayta uchrashadigandek,

Bizning vidomizni dengizlar aytar…

23.2. 2020

“YOLGʻIZ BOGʻ”

 

1

Yashillashgan tushlari ichra,

Badanlari beun qaqshadi.

Kuzning gʻamgin kulgichlarila,

U bahorni soʻkdi oʻxshatib.

Bahor sekin yoyaverdi sep,

Sukunat portlagan tomonda.

Bir daraxt yigʻladi kuzni deb,

Men tushsiz uygʻongan bir tongda…

 

2

Endi, bahor – oʻzga Vatandir,

Qiziqtirmas, sotqinlik kuzga.

Faqat, uni sogʻinganimcha,

Bir oʻyinni buzganim-buzgan.

Uzoqdasan, bordeksan faqat,

Bir kun goʻyo qaytadigandek.

Boʻronlardan qoʻrqqani – dahshat,

Tuproq uzra gullamagan Erk…

 

3

Uzilmagan bironta gul yoʻq,

Bogʻdan gʻamning anvoyi anqir.

Daraxt, koʻkka etmaydi qulluq,

Oʻz bogʻini topguncha sanqir.

Tark ayladi bor bahorin va

Kuzga ortdi dardu gʻamini.

Sezib qoldi kutilmaganda,

Oʻlimini izlaganini…

 

4

Gullayvergin, umid – joʻmarding,

Nigohlarni sayratib maʼyus.

Ogʻir kelar bahorga darding,

Unga arzir oʻttiz yillik Kuz.

Ming yillarki yashnamoq – xatar,

Qulab borar iztirobga tik.

Erk uningdir oʻlgani qadar,

Sogʻingani qadar yolgʻizlik…

 

5

Ichingda chirigan mavsumni,

Maqtab yurding ochiq kaftingda.

Kuzni senga keltirgan tunni,

Unutmading chogʻi aftidan.

Qulagancha osmon sari jim,

Taslim boʻlmoq mumkinmas axir.

Gullab-gullab topganlaringni,

Bir soʻlishda yoʻqotmoq ogʻir…

26.2. 2020

 

* * *

Bir osmon ostida yashaymiz – abgor,

bir zamin ustida rizqi gʻam – serob.

Simirib ichaman takror va takror,

koʻzlaring – koʻnglimga atalgan sharob…

 

Bu shahar osmoni toʻxtamaydi hech.

u dalli tomchilar olar hushingni.

Uloqtirib hijron libosin har kech,

boshimga tutasan yomgʻirpoʻshingni…

Havotir – oromga yuz burgan abas,

oʻylayman, qarogʻim bir baxtdan namdir.

Yomgʻirli kunlarda yomgʻirpoʻsh emas,

bizni bir muhabbat birlashtirgandir…

Tushun, charchamadim iztirob chekib,

garchi, ishq sukunli lahzalarda hal.

Ishqalar muzlagan kaftlarin sekin,

bahorni sogʻinib charchagan fevral…

 

Bu bahor kechikkan, kechikkan gullar,

nomiga aytilgan soʻngsiz faxrdan.

Bir boʻlsin yuraklar, nigohlar, qoʻllar,

tuygʻular, xayollar, yelka, bagʻir ham.

Birga azobu baxt chekaveraylik,

oʻtaylik umrning qishu yozidan.

Har qanday ajalga qarshidirman lek,

bir oʻlim jazomiz boʻlsa roziman!

27.2. 2020

 

* * *

Qaysi kun,

yomgʻirlar yogʻsa izillab,

tuproqqa faryodim kabi qorishsa,

yodimga tushasan, qoʻrqaman faqat,

men qoshingga nochor kulib borishdan…

 

Qaysi kun,

tomchilar haroratidan,

qadim ishqsoatning sinar aqrabi.

Diydori – koʻklamsan, libosi – navroʻz,

men esa qaqradim, qattiq qaqradim.

 

Nigohlar “oh”lagan davralar aro,

battol odamlardan koʻnglini asrab,

Toshkentday shaharda qidirib neni,

avtobusga chiqar ichikkan sogʻinch,

metroga shoshadi bir vujud hasrat,

sogʻinganday goʻyo yolgʻizligini…

 

Buzar dilning bori halovatlarin,

Soʻzsiz qarashlaring ishqdir bir yutum.

To yoʻqsan, toʻladi, yoʻq-yoʻq, baxt emas,

Yomgʻirli shaharda koʻksimga tutun…

Azizam, qolmas hech bizda haqqi dard,

xotirda koʻzingsiz kunlar sinigʻi.

Senga bagʻishlanar eng soʻnggi sheʼr ham,

boʻgʻzimga tiqilgan, ey achchiq yigʻi…

 

Qaysi kun,

olislik chegaralarin,

buzib, keladirsan, oʻynoqi nasim.

Tashqari-ku, mayli, faqat yurakka

yomgʻir yogʻadigan kunlar kelmasin…

26 fevral, 2020

 

Rahmat Bobojon

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x